1-tajriba. Kislotali oksidlar olish. 100 ml hajmli konussimon kolba olib, unga 25 ml suv quying. Metall qoshiqchaga kattaligi no‘hatday oltingugurt solib, uni gaz gorelkasida yona boshlaguncha qizdiring. Yona boshlagan oltingugurtni yarmigacha suv solingan kolbaga ehtiyotlik bilan tushiring va kolba og‘zini paxta yoki karton bilan berkiting. Oltingugurt yonib bo‘lgandan so‘ng qoshiqchani chiqarib oling va kolba og‘zini probka bilan berkiting. Undagi suvni yaxshilab chayqating. Hosil bo‘lgan eritmaga 3 tomchi lakmus tomizing va eritma rangini o‘zgarishiga e’tibor bering. Oltingugurt yonishidan hosil bo‘lgan oksid qanday ahamiyatga ega? Eritmada hosil bo‘lgan modda tarkibi qanday? Reaksiya tenglamasini yozing.