Auksionlar . Auksionlar ham axborotlardagi asimmetriyani yo‘qotadigan bozor
hisoblanadi. Noyob san’at namunasiga, tez buziladigan mahsulotlarga (sabzavot,
meva, baliq) narxlar sotish vaqtida o‘rnatiladi. Auksionlarning asosan ikki turi
mavjud: Ingliz va Golland Auksionlari.
Ingliz auksioni - bu auksionda stavka pastdan yuqoriga qarab oshib boradi va
bu oshish taklif qilingan maksimal narxda tovar sotilguncha davom etadi. Ushbu
auksionda asosan san’at namunalari, zebu-ziynatlar va hokazolar sotiladi.
Golland auksionida stavkalar yuqoridan pastga qarab, toki tovar minimal
mumkin bo‘lgan narxda sotilgunga qadar tushib boradi. Ushbu auksionda vaqt
muhim ahamiyatga ega, nima uchun deganda auksionda asosan tez buziladigan
tovarlar sotiladi: gullar, sabzavotlar, mevalar, baliq va hokazolar sotiladi.
Golland auksionida minimal mumkin bo‘lgan narx - birinchi e’lon qilingan
narxning 20 foizi hisoblanadi. Agar tovar ushbu narxda ham sotilmasa, u sotuvdan
olinadi.
Yopiq auksion - bu auksionda qatnashuvchilar bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan
holda tovar uchun stavkalar qo‘yadi va tovar kim ko‘p stavka qo‘ygan bo‘lsa, unga
beriladi.
Hozirgi vaqtda iste’molchi huquqini himoya qiluvchi qonunlar ishlab
chiqilgan. Bu qonunga ko‘ra iste’molchi sotib olingan tovardan foydalanishi
davomida ko‘rgan jismoniy hamda ma’naviy yo‘qotishlarini qoplashni sotuvchidan
talab qilishga haqi bor. Lekin, iste’molchi huquqini himoya qilishda ob’ektiv chegara
bo‘lishi lozim. Rivojlangan davlatlarda iste’molchining yo‘qotishini qoplash sotib
olingan tovar qiymatining uch barobaridan oshmasligi kerak.
Ma’lumki, iste’molchi huquqini himoya qilish sotiladigan tovar va
ko‘rsatiladigan xizmat to‘g‘risida to‘liq axborotga ega bo‘lishni taqozo qiladi. Lekin,
bunday axborotni olish mumkinmi, degan savol tug‘iladi. Bu yerda iste’molchilar
jamiyati va ommaviy axborot vositalari (gazeta, radio, televidenie), qonun
chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari muhim rol o‘ynaydi. Axborot
berishda firmalarning o‘zi ham katta rol o‘ynaydilar. Lekin, axborot uchun haq
to‘lash kerak.
Ma’lumki, axborotlarning juda katta qismi reklama shaklida keladi. Lekin,
reklamalar to‘g‘ri axborot beradimi yoki yo‘qmi uni aniqlash qiyin. Shuning uchun
ham bu yerda asosiy mezon mahsulot sifati bilan uning narxi o‘rtasidagi nisbatning
optimal bo‘lishidadir. Ma’lumki, mahsulot sifatining oshishi, uning narxini oshiradi.