2014 yil 31 oktabr - Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VI S’ezdi bo‘lib o‘tdi. S’ezd kun tartibida partiyaning o‘tgan 5 yillik ish faoliyati sarhisobi va kelajakdagi rejalari, shuningdek, mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy voqea hisoblangan bo‘lajak saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi, muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Partiyaning S’ezdida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovida faol ishtirok etish masalalari muhokama qilindi, delegatlar tomonidan partiyaning Saylovoldi dasturi tasdiqlab olindi va O’zLiDePdan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatildi.
2014 yil 21 dekabr – O’zLiDeP O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Saylovlar natijasiga ko‘ra, O’zLiDeP parlament quyi palatasida eng ko‘p – 52 o‘ringa, xalq deputatlari viloyat Kengashlarida – 307 (38%), tuman (shahar) Kengashlarida esa – 1806 (35%) deputatlik o‘riniga ega bo‘lib, parlamentda o‘zining fraksiyasini, joylardagi vakillik organlarida esa – o‘z deputatlik guruhlarini shakllantirdi.
2015 yil 5 yanvar - O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O’zLiDePdan Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlardan iborat partiya fraksiyasini ta’sis etish masalasini muhokama etish kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi S.Turdiyev fraksiya rahbari etib saylandi.
2015 yil 15 yanvar - Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda joriy yilning 29 mart kuni bo‘lib o‘tadigan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O’zLiDePning ishtiroki bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi. Siyosiy Kengash Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Islom Abdug‘aniyevich Karimov nomzodini ko‘rsatish masalasini partiyaning VII S’ezdi muhokamasiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.