Mikroprotsessorli xotira (MPX) — unchalik katta bo’lmagan, lekin o’ta tezkor xotiradir (MPX ga murojaat qilish vaqti, ya’ni bu xotiradan ma’lumotlarni o’qish, qidirish yoki yozish vaqti nanosekundlar — mikrosekundning mingdan bir ulushlari bilan o’lchanadi).
U mashina ishlashining yaqin taktlarida hisoblashlarda qatnashadigan ma’lumotlarni qisqa vaqt saqlash, yozish yoki berish uchun mo’ljallangan; MPX mashinaning yuqori tezkorliligini ta’minlash uchun ishlatiladi, negaki asosiy xotira (AX) tez harakat qiladigan mikroprotsessorni samarali ishlashi uchun kerak bo’lgan ma’lumotlarni qidirish, o’qish va yozish tezligini har doim ham ta’minlay olmaydi.
Mikroprotsessorli xotira razryadliligi mashina so’zidan kam bo’lmagan tez harakat qiladigan registrlardan tashkil topgan. Registrlarni soni va razryadliligi turli mikroprotsessorlarda turlicha: 8086 MP da 14 ta ikki baytli registrlardan to Pentium MP dagi turli uzunlikdagi bir nechta o’nlab registrlargachadir.
Mikroprotsessor registrlari umumiy vazifali va maxsus registrlarga bo’linadi.
Maxsus registrlar turli adreslarni (xotira segmentlarining adreslari — Asegm, xotira yacheykalarining segmentlar ichida siljish adreslari — Abaza, Aqayd, Asil buyruqlar va b. ), amallarni bajarilish natijalari va SHK ning ish rejimlari belgilarini (masalan, bayroqchalar registri) va b. saqlash uchun ishlatiladi.
Umumiy vazifali registrlar universal hisoblanadi va istalgan ma’lumotlarni saqlash uchun ishlatilishi mumkin, lekin ularning ba’zilari bir qator jarayonlarni bajarishda albatga ishlatilgan bo’lishlari shart.
MPX registrlarining tarkibi va vazifalari to’g’risidagi batafsilroq ma’lumotlarni [4] ishda ko’rib chiqish mumkin.
Asosiy xotira
Asosiy xotiraning fizik strukturasi Asosiy xotira ( AX ) o’z ichiga tezkor (RAM — Random Access Memory) va doimiy (ROM — Read Only Memory) eslab qolish qurilmalarini oladi.