Har bir bola maktabgacha ta’lim va tarbiya olish huquqiga ega. Davlat har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotiga o‘qishga kirishidan bir yil oldin
davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida umumiy o‘rta ta’limga majburiy bir yillik
tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini kafolatlaydi.
Bolaning maktabgacha ta’lim va tarbiya olishiga doir davlat kafolatlari davlat
maktabgacha ta’lim tashkilotlari negizida maktabgacha ta’lim va tarbiya xizmatlarini ko‘rsatish,
shuningdek ta’lim va tarbiya berishning muqobil shakllarini tashkil etish orqali ta’minlanadi.
Shungdek, ushbu Qonunga asosan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog
xodimlarining huquq va majburiyatlari quyidagicha belgilab ko‘rsatilgan:
kasbiy sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish;
ijodiy tashabbus ko‘rsatish, ta’lim va tarbiya uslubiyotlarini, o‘quv qo‘llanmalari hamda
ta’lim vositalarini erkin tanlash;
maktabgacha ta’lim tashkilotini boshqarishda ishtirok etish;
maktabgacha ta’lim tashkilotining ta’lim dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
pedagogik faoliyatidagi muvaffaqiyatlar uchun ma’naviy va moddiy rag‘batlantirilish;
maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi ilmiy, innovatsion, xalqaro faoliyatda ishtirok
etish huquqiga ega.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlari qonun hujjatlariga muvofiq
boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlarini o‘z kasbiy majburiyatlarini
bajarishi bilan bog‘liq bo‘lmagan ish turlariga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonun
hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlari:
bolalarga professional darajada ta’lim va tarbiya berishi;
pedagogik etikaga rioya etishi, bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi, bolalarni
zo‘ravonlik ko‘rinishlaridan himoya qilishi, ularni vatanparvarlik, mehnatga, qonuniy vakillariga
hurmat bilan va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashi;
maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturini bajarishi;
o‘z malakasini oshirishi;
o‘z kasbiy ko‘nikmalarini va pedagogik mahoratini takomillashtirishi shart.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlari zimmasida qonun hujjatlariga
muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Ta’lim-tarbiya jarayonidan siyosiy maqsadlarda yoki bolalarni qonun hujjatlariga zid
bo‘lgan harakatlarni sodir etishga undash uchun foydalanish taqiqlanadi.