Ushbu Qonunning 8-moddasida maktabgacha ta’lim va tarbiya haqida quyidagilar keltirilgan: Maktabgacha ta’lim va tarbiya bolalarni o‘qitish va tarbiyalashga, ularni intellektual,
ma’naviy-axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, shuningdek bolalarni umumiy
o‘rta ta’limga tayyorlashga qaratilgan ta’lim turidir.
Maktabgacha ta’lim va tarbiya olti yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarni
boshlang‘ich ta’limga bir yillik majburiy tayyorlashni ham nazarda tutadi.
Maktabgacha ta’lim va tarbiyani tashkil etish tartibi ushbu Qonun, shuningdek,
“Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi.
“Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida
maktabgacha ta’lim sohasiga oid asosiy tushunchalar quyidagicha keltirilgan:
Maktabgacha bo‘lgan yosh - bolalarning tug‘ilgan paytidan yetti yoshgacha, to ularga
umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ta’lim berish boshlangan paytga qadar bo‘lgan yoshi.
Maktabgacha ta’lim va tarbiya - bolalarga ta’lim va tarbiya berishga, ularni
intellektual, ma’naviy-axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, shuningdek
bolalarni umumiy o‘rta ta’limga tayyorlashga qaratilgan uzluksiz ta’lim turi.
Maktabgacha ta’lim va tarbiya davlat standarti - ta’lim-tarbiya jarayonining hajmiga,
mazmuniga va sifatiga, maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish va jihozlashga, shuningdek
maktabgacha yoshdagi bolalarning sog‘lom ovqatlanishini va xavfsizligini tashkil etishga doir
majburiy talablar majmui.
Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturi - bola tomonidan
o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan asosiy bilimlarning, mahorat va ko‘nikmalarning hajmini hamda
mazmunini belgilovchi, shuningdek ta’lim va tarbiya mazmunining o‘ziga xosligini, ta’lim-tarbiya
jarayonini tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi hujjat.