Stol-bosma o‘yinlari bolalarning tevarak-atrof haqidagi tasavvurlarini aniqlash, bir
tizimga solish, tafakkurini (tahlil qilish, umumlashtirish, tavsiflash) o‘stirish imkonini beruvchi
o‘yin turidir. Bu o‘yin turiga
lotto, juft rasmlar, domino va labirint kiradi.
Og‘zaki so‘z o‘yinlari bolani eshita olish, zudlik bilan javob topa olish, o‘z fikrlarini tez
va aniq ifoda eta olishga o‘rgatadigan o‘yinlar sanaladi. Bu kabi o‘yinlar odatda katta maktabgacha
yoshdagi bolalar bilan o‘tkaziladi. Bunday o‘yinlar bolaning aqliy rivojlanishida katta ahamiyatga
ega. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan o‘yin turlarida didaktik maqsad va o‘yin materiallarining
mavjudligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Buyum va o‘yinchoqlar bilan o‘ynaladigan o‘yinlar bolaning ilk yoshidan boshlab, to
maktab yoshiga yetgunga qadar o‘ynaladigan o‘yin turi hisoblanadi. Bunda bolalarning
tasavvurlari, diqqatlari o‘yin asosini tashkil etadi. Ularda tevarak-atrofdagi narsa va buyumlar,
ularning sifati, foydali tomonlari to‘g‘risida umumiy tushuncha hosil bo‘ladi. O‘yinda
o‘ynaladigan har bir buyum yoki o‘yinchoq o‘zining tashqi ko‘rinishiga ega bo‘lishi, narsaning
asosiy belgisini ajrata bilish imkonini berishi lozim. Bunday o‘yinlar bolalarning narsalarning
shakli, hajmi, belgisi, sifati haqidagi bilimlarini kengaytiradi.
Demak, o‘yin kishilik faoliyatining muhim turi hamda ijtimoiy munosabatlar
mazmunining bolalar tomonidan immitatsiyalash (ko‘chirish, taqlid qilish) asosida o‘zlashtirish
shakli sanaladi. O‘yin maktabgacha yoshdagi bolalar faoliyatining asosiy shakli sanaladi. U orqali
bola shaxs sifatida shakllanadi. O‘yin bolaning kelajakdagi o‘quv, mehnat faoliyati, kishilarga
munosabatning qay darajada shakllanishini belgilab beradi. O‘yin bolalarning jismoniy
rivojlanishi, MTTning ta’lim-tarbiya ishida, bolalarni aqliy, axloqiy, mehnat va estetik jihatdan
tarbiyalashda katta o‘rin tutadi.