O‘qish fanidan o‘quv dasturi Uqtirish xati
Sinfda, sinfdan tashqari o‘qish va nutq o‘stirish Dasturning bu bo‘limi “Savod o‘rgatish”ning davomi hisoblanadi. “Alifbe” ona tilidan beriladigan bilim o‘quvchilarning o‘quv-biluv ko‘nikma va malakalari qat’iy hisobga olgan holda tuziladi.
1-sinfda savod o‘rgatish yakunlangach, o‘qish darslari boshlanadi va 2 – 4-sinflarda izchil davom ettiriladi.
Sinfda va sinfdan tashqari o‘qish dasturining mazmuni kichik yoshdagi o‘quvchilarda ona – vatanga muhabbat uyg‘otish maqsadlariga xizmat qiladi. O‘qish bolalarning nutq boyligini o‘stirish, adabiy-estetik tafakkurini kamol toptirish, mustaqil fikrlashga o‘rgatishning muhim omilidir. Shuning uchun ham boshlang‘ich ta’lim tizimida muhim o‘quv predmeti ta’lim berish, kamol toptirish va tarbiyalash vositasi hisoblanadi.
O‘qishga o‘rgatishning muhim vazifalari quyidagilardan iborat:
boshlang‘ich o‘qish malakalarini (to‘g‘ri va ifodali o‘qishni) takomillashtirish;
bolalarni o‘qigan asarlarining adabiy- estetik xususiyatlarini chuqur idrok etish, ularda tasvirlangan voqea-hodisalarning mohiyatini anglash va undan muayyan xulosalar chiqarishga tayyorlash;
bolalarda yuksak axloqiy qarashlar va nafosat tuyg‘usini tarbiyalash;
o‘quvchilarni matn ustida ishlashga o‘rgatish;
o‘quvchilarning atrof-muhit haqidagi bilimlarini boyitish.
Bu vazifalar dasturda berilgan badiiy, adabiy asarlar, jumladan, xalq og‘zaki ijodi namunalari asosida amalga oshiriladi. Har bir sinf o‘qish dasturi quyidagi bilimlarni o‘z ichiga oladi:
o‘qish mavzulari va yod olish uchun asarlar
o‘qish ko‘nikmasi va malakalari
matn va bog‘lanishli og‘zaki nutq ustida ishlash
sinfdan tashqari o‘qish
O‘qish mavzulari. O‘qish dasturini tuzishda g‘oyaviy- estetik, mavsumiy, tadrijiy asoslar hisobga olinadi. Shunday qilib, o‘quv materiallari bolalarga ta’lim berish, ularni tarbiyalashda muhim bo‘lgan borliq haqidagi bilimlar va insoniy munosabatlarni o‘z ichiga oladi. O‘quvchilarni badiiy, adabiy asarlar bilan tanishtirish orqali kitobxonlik madaniyatini tarkib toptirish o‘qish dasturlarining tub mohiyatini tashkil etadi.
O‘tmishda xalqimiz boshidan kechirgan muhim voqea-hodisalar aks ettirilgan asarlarni o‘qish orqali o‘quvchilarda tarixiy bilimlar shakllana boradi.
Ona yurt daxlsizligi yo‘lida ajdodlarimiz olib borgan mardonavor kurashlar tarixi haqida hikoya qilingan asarlar bolalarda vatanga muhabbat tuyg‘ularini tarbiyalaydi.
Boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturidan o‘rin olgan vatan mavzusidagi asarlar o‘quvchilarni mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy madaniy - ma’rifiy hayoti va xalqimizning bunyodkorlik yo‘lidagi olib borayotgan ishlari bilan tanishtirishga yordam beradi. Dasturning vatanga, inson e’tiqodi va ma’naviyatiga bag‘ishlangan mavzularini o‘rganish o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tuyg‘ularni tarbiyalashda alohida o‘rin tutadi.
Istiqlol tufayli erishgan yutuqlarimiz haqidagi asarlar milliy g‘urur tuyg‘ularini tarbiyalashga xizmat qiladi.
1-sinfning o‘quv yili oxirida bolalar vatan va uning tabiati, insoniy qadriyatlari haqida kichik-kichik asarlarni o‘qiydilar.
2-sinfda shakl va mazmun jihatdan uncha murakkab bo‘lmagan vatan, ona tabiat, istiqlol, kishilarning hayoti va mehnati, axloqiy munosabatlar haqidagi asarlar bilan tanishadilar.
3 va 4-sinflar o‘qish dasturida mavzular ko‘lami ancha kengaydi. Bu sinflarda o‘qish darslarining kattagina qismi asarni o‘qish va matn ustida ishlashga qaratiladi. Suhbatlar, hikoya qilishlar, dastlabki o‘qishlar o‘qilgan matnlar mazmuni bilan uzviy bog‘langan bo‘lishi, mavzuga qiziqish uyg‘otishi, o‘quvchilarni his-hayajon bilan o‘qishga tayyorlashi va asarni to‘g‘ri tushunishga yordam berishi zarur.
Darsda o‘quvchilarning faolligini oshiradigan, tasavvurlarini boyitadigan usullardan foydalanish, asarlarni janr mazmunidan kelib chiqib, rollarga bo‘lib o‘qitish, qahramonlar nomidan qayta hikoya qilish, qahramonning taqdiri haqidagi hikoyani davom ettirish, qiziqarli mavzularda og‘zaki hikoya tuzdirish kabi ijobiy topshiriqlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
O‘qish darslari oldiga qo‘yilgan tarbiyaviy vazifaning muvaffaqiyatli hal etilishi darsda badiiy asar matni ustida ishlash bilangina bog‘liq bo‘lib qolmay, balki bolalarni qurshab olgan hayot, tabiatdagi turfa o‘zgarishlar, ekologik vaziyat, ijtimoiy foydali mehnat bilan ham o‘zaro bog‘liq bo‘lishi lozim.
Bolalarni o‘qishga o‘rgatishda hayot tajribalariga tayanib ish ko‘riladi. Buning uchun o‘quvchi madaniy-maishiy va boshqa sohadagi turli korxonalarga sayohatlar uyushtiradi, tabiat hodisalari yuzasidan kuzatishlarni tashkil etadi.
O‘qish darslarini bolalarda go‘zallikka muhabbat uyg‘otadigan, poklik tuyg‘ulariga ozuqa beradigan, hissiyotni o‘tkirlashtiradigan, aqlni, fahm-farosatni charxlaydigan, tasavvurlarni boyitadigan, estetik didni o‘stiradigan musiqa va tasviriy san’at fanlari bilan uzviy bog‘langan bo‘lishi kerak. O‘qish, musiqa va tasviriy san’at darslarini o‘zaro bog‘lab uyushtirish bolalarda san’at asarlarini to‘g‘ri tushunish va qadrlash ko‘nikmalarini o‘stiradi, o‘quvchilarning shaxs sifatida ma’naviy qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi.