Sinfdan tashqari o‘qish va nutq o‘stirish (17 soat) Sinfdan tashqari o‘qish o‘quv dasturi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, unda ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda yaqindan yordam beradi. Buning uchun o‘quvchilarda kitobxonlik madaniyatini tarbiyalash, ularni oddiy kitobxondan ijodkor kitobxon darajasiga ko‘tarish talab etiladi. O‘quvchilarda kitobga havas uyg‘otishda har bir bolaga yakka tartibda yondoshish, shaxsiy qiziqishlarini hisobga olish zarur. Bolalarda kitob ustida ishlash malakasini shakllantirish ularda kitobxonlik madaniyatini tarbiyalashning muhim omilidir.
Sinfdan tashqari o‘qish mashg‘ulotlari ikki haftada bir marta o‘tkaziladi va o‘qish uchun ajratilgan soatlardan foydalaniladi. Badiiy – adabiy asarlar mustaqil ravishda va izchil o‘qib borilsa, o‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytirishga, shakllantirishga xizmat qiladi.
Sinfdan tashqari o‘qish, tanish bo‘lmagan muallifning kitoblari ham muqovasi, titul varag‘i, kirish so‘zi, mundarijasi va suratlariga qarab asarning taqvimiy mazmunini aniqlash vazifasini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Bolalarga ezgulikka muhabbat, yovuzlikka nafrat uyg‘otish, bog‘lanishli nutqini o‘stirish, adabiy– estetik tafakkurini yuksaltirish o‘qish darslarining tub mohiyatini tashkil etadi.
Boshlang‘ich maktabda matematika ta’limi o‘quvchilarning mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini shakllantirish va rivojlantirishga, o‘z fikrlarini mustaqil bayon qila olish, egallagan bilimlarini ijtimoiy faoliyatlarida qo‘llash hamda ta’limning ikkinchi bosqichida o‘qishni davom ettirish uchun matematik tayyorgarlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Matematika bo‘yicha standart ko‘rsatkichlari o‘quvchilardaa 1 000 000 gacha bo‘lgan sonlar qatori va nol soni to‘g‘risida tasavvurni shakllantirish, puxta hisoblash ko‘nikmalarini hosil qilish, amaliy masalalarni yechishda natural sonlar va ular ustida arifmetik amallarni qo‘llay olishga o‘rgatish, eng sodda geometrik shakllar, ularni tekislikda tasvirlash xususiyatlari haqida tasavvurga ega bo‘lish hamda og‘zaki hisoblash va matematik munosabatlar belgilaridan foydalana olish malakasini hosil qilish nuqtai nazaridan izohlanadi.