Oʻzbekiston Prezidenti xorijiy elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni boʻlib oʻtgan tantanali marosimda favqulodda va muxtor elchilar — Falastin Davlatidan Javad Avvad, Yaponiyadan Xatori Takashi, Qatar Davlatidan Hasan Hamza Hoshim, Slovakiya Respublikasidan Viktor Boretski va Pokiston Islom Respublikasidan Ahmad Farukning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizga yangi tayinlangan diplomatik missiyalar rahbarlarini samimiy qutlab, Oʻzbekistondagi faoliyatini boshlagani bilan tabrikladi.
Prezidentimiz oʻz nutqida ochiq va pragmatik tashqi siyosatni amalga oshirayotgan Yangi Oʻzbekiston xalqaro maydonda yangi marralarga erishayotgani, doʻstlar va ishonchli hamkorlar safini kengaytirayotganini taʼkidladi. Mamlakatimizda yangi elchixonalar ochilmoqda, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari geografiyasi ham kengaymoqda. Yaqinda yurtimizning Shvetsiya va Vengriyada elchixonalari ochildi, Toshkentda Qatar Davlatining diplomatik missiyasi oʻz ishini boshladi.
Mamlakatimizdagi yangilanishlar jarayoni toʻgʻrisida soʻz yuritar ekan, Oʻzbekiston yetakchisi keyingi yillarda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida huquqiy demokratik davlatni barpo etish, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va maqsadlariga alohida toʻxtaldi.
Bunday keng koʻlamli oʻzgarishlar mamlakatni tubdan isloh qilishni, kompleks siyosiy, iqtisodiy va maʼmuriy yangilanishlarni izchil olib borishni talab etadi. Konstitutsiyamizni Yangi Oʻzbekiston voqeligiga mos ravishda yangilash jarayoni bu yoʻldagi katta qadamdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev asosiy Qonunning yangi tahririni tayyorlash doirasida keng jamoatchilik muhokamasi oʻtkazilgani, tajribali mutaxassis va olimlar, xorijiy hamkorlar, ixtisoslashgan xalqaro institutlar va tahliliy markazlarning takliflari hisobga olinganini qayd etdi.
Oʻzbekiston yetakchisi ziddiyatlar va mojarolar keskinlashib borayotgan murakkab xalqaro vaziyat sharoitida barcha mamlakatlar bilan oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosatni amalga oshirishning ahamiyati tobora ortib borayotganini alohida taʼkidladi.
Qayd etilganidek, mamlakatimiz yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliyaviy institutlar bilan sheriklikni mustahkamlamoqda, Turkiy davlatlar tashkilotida samarali raislikni amalga oshirmoqda va joriy yilda ilk bor Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitini qabul qilmoqda. Oʻndan ziyod yirik xalqaro tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Xalqaro hamjamiyat uchun yanada ochiq va samimiy hamkor boʻlishga astoydil intilamiz. Buning uchun bizda siyosiy iroda, qatʼiyat, eng muhimi, imkoniyat va yetarli salohiyat bor, — dedi Prezident.
Marosim davomida davlatimiz rahbari yangi elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlariga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Falastin – Oʻzbekistonning Yaqin Sharqdagi anʼanaviy hamkorlaridan biri. Xalqlarimizni koʻp asrlik doʻstlik rishtalari, mushtarak diniy va madaniy qadriyatlar oʻzaro bogʻlab turadi.
Qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, farmatsevtika va toʻqimachilik sohalarida hamkorlik uchun katta salohiyat borligi taʼkidlandi.
Oʻzaro manfaatli almashinuvlarni rivojlantirish uchun Falastin davlat tashkilotlari va xususiy biznes vakillarining mamlakatimizga tashriflarini tashkil etish taklif qilindi.
Yaponiya elchisiga murojaat qilar ekan, davlatimiz rahbari Tokio Oʻzbekistonning vaqt bilan sinalgan strategik sherigi ekanini, ushbu mamlakat bilan munosabatlar oʻzaro ishonch ruhida rivojlanib borayotganini qayd etdi.
Yaponiya yurtimiz iqtisodiyoti, sanoati va infratuzilmasini texnologik modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.
2019-yil dekabr oyida oʻtgan va uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratgan Oʻzbekiston-Yaponiya sammiti tarixiy voqea boʻlgani qayd etildi.
Oliy darajadagi va vazirliklar oʻrtasidagi muntazam muloqotlar tomonlarning amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligi yuqori ekanini koʻrsatmoqda. Rejalashtirilgan koʻp tomonlama tadbirlar, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqoti ikki mamlakat oʻrtasidagi sheriklikni izchil davom ettirishda muhim ahamiyatga ega.
Qatar davlati biz uchun yaqin doʻst, nafaqat arab-musulmon olamida, balki butun dunyoda katta nufuz va taʼsirga ega mamlakat.
Prezidentimiz Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Taniy rahbarligida erishayotgan katta muvaffaqiyatlarni yuksak baholadi, futbol boʻyicha jahon chempionati va Dohada BMTning eng kam rivojlangan mamlakatlar boʻyicha konferensiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi.
Hamkorlik istiqbollarini baholar ekan, davlatimiz rahbari bu borada katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
Boʻlajak Oʻzbekiston-Qatar sammiti ikki mamlakat munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish sari tarixiy qadam boʻlishiga ishonch bildirildi.
Taʼkidlanganidek, energetika, qazib chiqarish, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, qurilish, ekologik turizm va farmatsevtika sohalaridagi yirik qoʻshma loyihalar savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Slovakiyani Yevropa Ittifoqida salmoqli iqtisodiy salohiyatga ega istiqbolli hamkorlaridan biri sifatida qabul qiladi.
Prezidentimiz doʻstlik va oʻzaro hurmat tamoyillariga asoslangan Oʻzbekiston-Slovakiya munosabatlari yangi loyihalar va aniq dasturlar bilan boyib, izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Keyingi yillarda oʻzaro savdo hajmi va qoʻshma korxonalar soni 2 baravar koʻpaygani bundan dalolat beradi.
Oʻzbekiston investitsiya sohasida, shu jumladan tibbiyot, farmatsevtika va kimyo tarmoqlarining yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda aniq loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor.
Siyosiy, iqtisodiy va harbiy salohiyati muttasil oshib borayotgan Pokiston bilan munosabatlar ikki mamlakat yetakchilarining muntazam muloqotlari tufayli strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.
Transport, qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Oʻzaro savdo hajmini yaqin istiqbolda 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha yoʻl xaritasi qabul qilingan.
Afgʻonistonda iqtisodiy tiklanishga koʻmaklashish borasidagi qoʻshma
saʼy-harakatlar, shu jumladan Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini tezda boshlash Janubiy va Markaziy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari Pokiston tomoniga BMT shafeligida Afgʻoniston boʻyicha xalqaro muzokara guruhini tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Soʻzining yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yangi tayinlangan xorijiy diplomatik missiyalar rahbarlariga masʼuliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir doirasida har bir elchi bilan qisqa suhbat boʻlib oʻtdi. Chet ellik diplomatlar ular vakillik qilayotgan mamlakatlar yetakchilarining Oʻzbekiston rahbari va xalqiga samimiy salomi va ehtiromini yetkazdi. Yurtimizda ularning diplomatik faoliyatiga yaratilgan sharoitlar hamda bugungi tadbirda koʻrsatilgan iliq qabul va alohida eʼtibor uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Elchilar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan aniq taklif va tashabbuslar oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishda ulkan amaliy ahamiyatga ega ekanini hamda Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli hamkorlik va samarali sheriklikni yanada rivojlantirishga bor kuch-gʻayrati va tajribasini ishga solishga tayyorligini taʼkidladi.