Oʻzbekiston Respublikasidagi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy voqealarga doir maʼlumotlar


USHBU HAFTA “AXBOROT VA MURABBIYLIK SOATI” MASHGʻULOTLARINI OʻTKAZISH UCHUN TAYYORLANGAN YORDAMCHI MATERIALLAR



Yüklə 58,09 Kb.
səhifə5/5
tarix12.06.2023
ölçüsü58,09 Kb.
#128911
1   2   3   4   5
31-hafta

USHBU HAFTA “AXBOROT VA MURABBIYLIK SOATI” MASHGʻULOTLARINI OʻTKAZISH UCHUN TAYYORLANGAN YORDAMCHI MATERIALLAR


MAVZU: “DINIY EKSTREMIZM, TERRORIZM VA MISSIONERLIK XAVFSIZLIKKA TAHDID”


Oʻzbekiston terrorizm, ekstremizm va radikalizm mafkurasiga qarshi kurash borasida hamisha prinsipial pozitsiyaga ega boʻlib kelgan. Bunday xavf-xatarlarga qarshi faqat kuch ishlatish usullari bilan emas, balki, yoshlar oʻrtasida zoʻravonlikni keltirib chiqaradigan jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish lozim
Sh. Mirziyoyev


Ekstremizm, terrorizm, missionerlik kabi hodisalarning ildizlari uzoq tarixga borib taqalsa-da, ular hech qachon ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyot uchun bugungidek tahdid solmagan. Zero, hozirda bu uch illat global xarakterga ega boʻlib, dunyoning barcha mamlakatlari hamda mintaqalariga birdek xavf solmoqda. Shunday ekan, uning oldini olish va unga qarshi kurashish insoniyatning istiqboliga daxldor masalaga aylandi.
Ekstremizm (lotin: “aql bovar qilmas darajada”, “haddan oshish”) jamiyatda qabul qilingan qonun­qoidalarga zid radikal qarashlar va harakatlarni anglatadi. Ularga diniy tus berish esa, ekstremizmga olib keladi. 2018-yilda qabul qilingan “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida ekstremizm – ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga, hokimiyatni zo‘rlik ishlatib egallashga va uning vakolatlarini o‘zlashtirib olishga, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishga qaratilgan harakatlarning ashaddiy shakllari ifodasi deya ta’riflangan. Qonunda ekstremistik faoliyat (ekstremizm), ekstremistik guruh, ekstremistik material, ekstremistik tashkilot va ekstremizmni moliyalashtirish kabi tushunchalar qo‘llanib, ekstremizmga qarshi kurashishning prinsiplari va bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari mustahkamlab qo‘yilgan.
Diniy ekstremizm – jamiyat uchun anʼanaviy boʻlgan diniy qadriyatlar va aqidalarni rad etish, ularga zid gʻoyalarni aldov va zoʻrlik bilan targʻib qilishga asoslangan nazariya va amaliyotni anglatadi.
Ekstremistik qarashlarni buddizm, xristianlik, islom va boshqa dinlardagi turli oqimlarda uchratish mumkin. Masalan, mutaxassislar katolik cherkovining erkin fikr yurituvchi, hukmron feodal­katolik cherkovi aqidalarini rad etuvchi kishilar papa hokimiyati dushmanlarini taʼqib qilish uchun XIII asrda tuzilgan va minglab odamlarning qurbon boʻlishiga olib kelgan inkvizitsiya faoliyatini ham ekstremizmning oʻziga xos koʻrinishi sifatida baholaydilar. Ammo hozirda islom dini niqobi ostidagi diniy­siyosiy harakatlar aʼzolari tomonidan turli jinoyatlar sodir etilayotgani jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Diniy-ekstremistik oqimlarning jamiyatimiz barqarorligiga tahdidi respublikamizdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, dinlararo va millatlararo munosabatlarni keskinlashtirish, fuqarolarni, ayniqsa, yoshlarni qurolli to‘qnashuvlar ro‘y berayotgan hududlarda faoliyat yuritayotgan terroristik guruhlarga jalb qilish kabi harakatlarda, shuningdek, mamlakatimizda terrorchilik harakatlari sodir etish uchun suqilib kirishga urinishlarda namoyon bo‘lmoqda.
1983-yildan buyon AQSH Davlat departamenti analitik va statistik maqsadlardan kelib chiqib, terrorizmga quyidagicha taʼrif beradi: “Uyushgan, siyosiy ruh berilgan, biror-bir millat aʼzolaridan iborat guruh yoxud maxfiy agentlar vositasida, odatda koʻpchilikka taʼsir etishni maqsad qilgan holda tinch aholiga nisbatan sodir etilgan jinoyat”.
Ma’lumki, O‘zbekiston qator mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan shartnomalarni bajarishda faol qatnashib kelmoqda. Terrorizmga qarshi kurash, uni bartaraf etish masalalariga oid siyosiy-huquqiy hujjatlar BMT, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doiralarida imzolangan.
Terrorizm tushunchasi va uning asosiy belgilari. Terrorizm (lotin: “qoʻrqitish”, “vahimaga solish”) – aholining keng qatlamlarida vahima va qoʻrquv uygʻotish, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali davlat hokimiyatini egallash maqsadiga qaratilgan jinoiy faoliyatdir.
Xalqaro terrorizm tushunchasi davlatlar, xalqaro tashkilotlar, siyosiy partiya va harakatlarni beqarorlashtirishga qaratilgan siyosiy qoʻporuvchilik faoliyatini ifodalaydi. U ogʻir jinoyatlardan boʻlib, uzoq davom etgan jarayonlarning hosilasi hisoblanadi.
Bugungi kunda terrorchilik uslublari ancha kengayganini taʼkidlash zarur. 1970­yillarda biror shaxs yoki siyosiy arbobga qarshi uyushtirilgan terror amaliyoti koʻproq uchragan boʻlsa, hozirda jamoat joylarida, samolyot, avtobus va poyezdlarda portlashlarni sodir etish orqali koʻplab tasodifiy kishilarning qurbon boʻlishiga olib keladigan qoʻporuvchilikni amalga oshirishga eʼtibor berilmoqda. Ekspertlarning fikricha, bunday harakatlar birinchi navbatda jabrlanganlardan koʻra, uning guvohlariga qaratilgan boʻladi.
Hozirda O‘zbekiston BMTning terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashga qaratilgan asosiy 13 ta hujjatini ratifikatsiya qilgan. 2004-yildan beri Toshkentda ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston AQSh, Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo davlatlari kabi qator mamlakatlar bilan xalqaro terrorizmga qarshi kurashda samarali hamkorlik qilib kelmoqda. O‘z navbatida, jamiyatimizda diniy ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishini oldini olishda profilaktik tushuntirish ishlarining saviyasi va ta’sirchanligini tizimli ravishda kuchaytirib borish bugungi kunning hayotiy muhim masalasiga aylandi.
Missionerlik – bir dinga eʼtiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targʻib qilish. Globallashuv sharoitida mafkura poligonlarida inson qalbi va ongini zabt etishga bo‘lgan harakatlar tobora kuchaymoqda. Zero, global miqyosda mafkuraviy tahdid sifatida namoyon bo‘layotgan missionerlikning kuchayishi dunyo jamoatchiligi ongi, ruhiyati va ma’naviyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda. Zero, bugungi kunda missionerlik zamirida taraqqiyot sari intilayotgan mamlakatlarning davlat suvereniteti, konstitutsion tuzumga qilinayotgan tajovuzlarni mafkuraviy qo‘llab quvvatlash, mafkura poligonlarida olib borilayotgan kurash uchun juda katta sarmoyalarni safarbar etishayotganligini kuzatish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunida missionerlikka quyidagicha ta’rif berilgan: missionarlik – aniq maqsadga qaratilgan mafkuraviy ta’sir o‘tkazish orqali shaxsni (bir guruh shaxslarni) o‘z diniga kiritish maqsadida unga (ularga) diniy qarashlarni majburan singdirishga va diniy ta’limotni tarqatishga doir faoliyatdir.
Ushbu Qonunda davlat konfessiyalarning tinch-totuv yashashiga kafil ekanligi hamda missionerlikni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilangan.
Missionerlik va prozelitizm din bilan bogʻliq holda shakllangan va mutaassiblikka asoslangan hodisalar hisoblanadi. Missionerlik soʻzi lotin tilidagi “missio” feʼlidan olingan boʻlib, “yuborish”, “vazifa topshirish”, missioner esa “vazifani bajaruvchi” degan maʼnolarni anglatadi. Missionerlikning maqsadi hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaydiganlar yoki boshqa dinlarga mansub shaxslarni muayyan dinga kirishga daʼvat etishdir. Aslida esa koʻpgina missionerlar muayyan ijtimoiy guruhning siyosiy maqsadlarini amalga oshirishni oʻz oldilariga vazifa sifatida qoʻyadilar.
Bunday diniy daʼvatlar oʻzga mamlakatlar hududida amalga oshirilsa “tashqi” missionerlik deb, davlatning oʻz hududida dinsiz (ateist) va boshqa dinga mansub shaxslar orasida amalga oshirilsa “ichki” missionerlik deb yuritiladi.
Missionerlikning oʻta faol koʻrinishi prozelitizmdir. Prozelitizm biron bir dinga mansub insonlarni ruhiy va turli xil taʼsir usullari orqali oʻz dinidan voz kechtirish va oʻzga dinni qabul qilishga erishishdan iborat.
Missionerlik harakati, agar oldi olinmasa, nafaqat insonlarning eʼtiqodiga, balki turli din, millat va elatlarning hamjihatligiga ham raxna solishi mumkin. Keyingi vaqtlarda missionerlik harakati dunyo miqyosida diniy aqidaparastlik, fundamentalizm, ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik kabi global muammolardan biriga aylanib bormoqda. Bu illatga qarshi kurashish hozirgi vaqtda koʻplab mamlakatlarda dolzarb masalalardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Hozirgi kunda dunyoda missionerlar oʻz tashkiliy asoslarini yaratishda koʻpincha nashriyotlar, xayriya va nodavlat notijorat tashkilotlar maqomidan foydalanishga urinishmoqda. Bundan tashqari baʼzi tashkilotlar tibbiy uyushmalar niqobi ostida ham faoliyat olib borishmoqda.
Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim xalqaro tashkilotlar oʻz hukumatlari tomonidan moliyalashtirilgan dasturlarga binoan MDH davlatlaridan talaba va oʻquvchilarni u yoki bu mamlakatga yuborib, ularni dindor fuqarolarning oilalariga joylashtirish va shu yoʻl bilan bir yil davomida ularni boshqa dinlarga eʼtiqod qiluvchilarga aylantirishdek maqsadlarni koʻzlab faoliyat olib borganlari kuzatilgan. Mazkur misol missionerlik bilan shugʻullanadigan tashkilotlar eʼtiqodiy oʻzgartishlar obyekti qilib tanlangan davlatlarga oʻz hukumatlari qoʻllab-quvvatlashiga tayanib kirib borishga harakat qilayotganliklarini ham koʻrsatadi. Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan “strategik tadqiqotlar” natijasiga ko‘ra, missionerlik ta’siri ostida har qanday xalq va millatning madaniy ildiziga tahdid solish orqali o‘ta radikal millatchilik harakatlarini vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada, mazkur harakatlar oqibatida dunyoda global miqyosda etnik va millatlararo mojarolarning tobora avj olishi har qanday xalq va millatning mentalitetiga raxna solish orqali ma’naviy tubanlik girdobiga yetaklamoqda. Shu tariqa, missionerlik oqibatida “ayrim” siyosiy kuchlar o‘zining gegemonligini o‘rnatish maqsadida g‘oyaviy-mafkuraviy, geosiyosiy, madaniy jihatdan ustunlikka erishish kuzatilmoqda.
Qarshi kurash strategiyasi. Diniy ekstremizm, terrorizm va missionerlikga qarshi kurash davlatlarning doimiy eʼtiborini, uning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan koʻp qirrali siyosatni amalga oshirishda sabrlilik va sobitlikni talab etadi. Shakllanib, keng tarmoq otgan terrorizmga qarshi kurashda kuch ishlatmagan davlatlar zaiflashib, oʻz xalqi va mamlakati osoyishtaligi va barqaror rivojlanishini xavf ostida qoldiradi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz taraqqiyotining oʻziga xos jihatlarini, haligacha diniy ekstremizm, terrorizm, missionerlik, narkobiznes, noqonuniy qurol­yarogʻ savdosi kabi qator tahdidlar mavjud boʻlgan Markaziy Osiyodagi kuchlar nisbatini hisobga olib, ishlab chiqqan ichki va tashqi siyosati alohida ahamiyatga molikdir.
Bu illatlarga qarshi kurashning ushbu strategiyasida mamlakatimizning xalqaro hamkorlik dasturlarida, davlatlarning terrorizmga qarshi kurashdagi saʼy­harakatlarini birlashtirishda faol ishtirok etishini taʼminlash maqsadlari oʻz ifodasini topgan.
Bu sohada davlatimiz tashqi siyosatining negizini oʻz kuchlarini hozirgi davrning asosiy tahdidi bilan qarshi kurashga yoʻnaltirishga tayyor barcha davlatlar bilan faol hamkorlik qilish tashkil etadi. Shu oʻrinda, Oʻzbekiston amalda mintaqada va butun dunyoda xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan barcha xalqaro dastur va ikki tomonlama hamkorlik aloqalarida faol ishtirok etayotganini taʼkidlash zarur.
Shuningdek, Oʻzbekiston davlatining barqaror taraqqiyot va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan ichki siyosati ham ekstremizmning paydo boʻlishi va rivojlanishi hamda ekstremizmdan terrorizmning kelib chiqishini bartaraf etishga qaratilgan faol strategiyadir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021–2026-yillarga moʻljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 1-iyuldagi PF–6255-sonli Farmoni qabul qilindi. Strategiyaning asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, milliy xavfsizlik, shuningdek, fuqarolarning ushbu sohadagi huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga imkon beradigan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha samarali va bir vaqtning oʻzida muvofiqlashtirilgan davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlashdir. Shuningdek, unda quyidagi asosiy vazifalar belgilandi:
- ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi davlat organlari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash;
- sohadagi normativ-huquqiy va uslubiy-amaliy bazani takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
- davlat organlari, keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyatning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan harakatlarini birlashtirish;
- jamiyatda konfessiyalararo va millatlararo totuvlikni taʼminlash;
- davlatning aholi, ayniqsa, yoshlarning ekstremistik va terrorchilik faoliyatiga jalb etilishidan himoyalashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish;
- ekstremizm va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini joriy etish;
- ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish yoʻnalishida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni takomillashtirish.
Bugungi kunda davlat tomonidan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bu kurash strategiyasining asosiy mazmunini tashkil etadi.
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan fuqarolik jamiyatini qurish, iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, xususan, oʻrta maxsus taʼlim tizimi, sogʻliqni saqlash, sport va boshqa sohalardagi keng koʻlamli ijobiy oʻzgarishlar bu strategiyaning tarkibiy qismi, Markaziy Osiyo mintaqasidagi ahvolni belgilab beradigan, mamlakatdagi barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiladigan chora­tadbirlar tizimi hisoblanadi. Kuchli iqtisodiyotga ega Oʻzbekistonning barqarorligi butun mintaqaning barqarorligini bildiradi.
Bu, sogʻlom muvozanatga asoslangan, serqirra va har xil darajali strategiyada maʼnaviyat va mafkuraviy tarbiya alohida oʻrin tutadi.
Mutaxassislar diniy ekstremizm, terrorizm va missionerlikning paydo boʻlishi va rivojlanishiga sabab boʻlgan omillar ichida mafkuraviy boʻshliqning taʼsiri va qadriyatlar moʻljallaridagi beqarorlikda namoyon boʻlgan nomutanosiblikni alohida ajratib koʻrsatadilar. Mafkuraviy boʻshliq koʻpincha kishilarda jamiyatdagi mavjud holatni, ijtimoiy muhitni notoʻgʻri idrok etishga, uning irodasini boshqa kishiga boʻysundirish va dunyoqarashida agressivlikni shakllantirishga xizmat qiladigan nosogʻlom gʻoyalar bilan toʻldirilishiga zamin yaratadi.
Shuning uchun ham, Oʻzbekiston diniy ekstremizm, terrorizm va missionerlikga qarshi kurashda, uning paydo boʻlishi va rivojlanishini bartaraf etish ishlarida gʻoyaviy tarbiya, xususan, mamlakat yoshlarida yuksak maʼnaviyatni shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor bermoqda. Zero, bunday yondashuvda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga, milliy oʻzlikni tiklash va mustaqillikni mazmunan boyitishga asoslangan milliy gʻoya, maʼnaviyat va maʼrifat, toʻgʻri shakllantirilgan ong jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlashning eng muhim tizimi sifatida yuzaga chiqadi.


Yüklə 58,09 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin