157-modda. Da’vo muddati o‘tishining uzilishi Da’vo muddatining o‘tishi belgilangan tartibda da’vo qo‘zg‘atilishi bilan, shuningdek
majbur shaxs qarzni tan olganligini ko‘rsatuvchi harakatlarni qilishi bilan uziladi.
Uzilishdan keyin da’vo muddatining o‘tishi yangidan boshlanadi, uzilishgacha o‘tgan vaqt
esa — yangi muddatga qo‘shilmaydi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 131 , 145 — 148-moddalari , O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi II bo‘limining 2-kichik bo‘limi . LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Xo‘jalik sudi Plenumining 19.06.2015-yildagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan fuqarolik qonun hujjatlarining da’vo muddatiga oid normalarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 282-sonli qarorining 11.1 , 13 — 15-bandlari . LexUZ sharhi Qarang: sud amaliyoti. 158-modda. Da’vo ko‘rilmasdan qoldirilgan taqdirda da’vo muddatining o‘tishi Agar da’vo sud tomonidan ko‘rilmasdan qoldirilgan bo‘lsa, da’vo qo‘zg‘atilganga qadar o‘ta
boshlagan da’vo muddati umumiy tartibda davom etadi.
Agar jinoyat ishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan da’vo sud tomonidan ko‘rilmasdan qoldirilgan
bo‘lsa, da’vo qo‘zg‘atilgunga qadar o‘ta boshlagan da’vo muddati da’voni ko‘rmasdan qoldirgan
hukm qonuniy kuchga kirgunicha to‘xtatib turiladi, da’vo muddati to‘xtatib turilgan vaqt da’vo
muddatiga qo‘shilmaydi. Bunda muddatning qolgan qismi olti oydan kam bo‘lsa, u olti oygacha
uzaytiriladi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 131 , 145 — 148-moddalari , O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi 8-bobi. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Xo‘jalik sudi Plenumining 19.06.2015-yildagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan fuqarolik qonun hujjatlarining da’vo muddatiga oid normalarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 282-sonli qarorining 15, 15.1-bandlari .