245-modda. Qamoqda va uy qamog‘ida saqlab turish muddati Jinoyatlar tergov qilinayotganda qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddati ko‘pi bilan uch oyni tashkil etadi.
Qamoqda saqlab turishning yoki uy qamog‘ining qonun normalarida belgilangan uch oylik muddatini:
besh oygacha uzaytirish imkoni — Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori yoki viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning iltimosnomasiga binoan;
yetti oygacha uzaytirish imkoni — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlarining iltimosnomasiga binoan sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Muddatni yanada uzaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan iltimosnomalarni ko‘rib chiqishda sud taqdim etilgan materiallarning asosliligini, shuningdek protsessual normalar va talablarga rioya etilganligini inobatga oladi.
Qamoqda saqlab turish muddatiga ushbu Kodeksning 599-moddasiga muvofiq shaxsni O‘zbekiston Respublikasiga ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovga ko‘ra uning xorijiy davlat hududida qamoqda saqlangan vaqti qo‘shib hisoblanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy davlat tomonidan ushlab berilgan shaxsni ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida belgilangan qamoqda saqlab turishning oxirgi muddati tugagan bo‘lsa va ishning holatlariga ko‘ra qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini o‘zgartirish mumkin bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlarining iltimosnomasiga binoan sud ushbu Kodeksning 247-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etgan holda, qamoqda saqlab turishning qo‘shimcha muddatini belgilashga haqli, ammo ushbu muddat shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha saqlash hibsxonasiga yoxud tergov hibsxonasiga joylashtirilgan paytdan e’tiboran uch oydan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Tergovi tamomlangan jinoyat ishining materiallari ayblanuvchiga va uning himoyachisiga tanishib chiqish uchun ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida yoxud ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan qamoqda saqlab turishning oxirgi muddati tugashidan kamida bir oy oldin taqdim etilgan bo‘lishi lozim.
Ayblanuvchi va uning himoyachisi ishning materiallari bilan tanishib chiqishi uchun ketgan vaqt ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini hisoblab chiqishda inobatga olinmaydi.