107-modda. So‘roqning davom etish vaqti So‘roqning umumiy davom etish vaqti bir kunda sakkiz soatdan oshmasligi lozim. Dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan bir soat tanaffus bu hisobga kirmaydi.
108-modda. Qo‘shimcha so‘roq Qo‘shimcha so‘roq quyidagi hollarda o‘tkaziladi:
1) so‘roq qilinuvchi ishning o‘ziga ma’lum bo‘lgan barcha holatlari to‘g‘risida ko‘rsatuv bera olishi uchun ushbu Kodeksning 107-moddasida nazarda tutilgan so‘roqning umumiy davom etish vaqti yetarli bo‘lmasa;
2) so‘roq qilingan shaxs ilgari bergan ko‘rsatuvlarini to‘ldirish yoki o‘zgartirish istagini bildirsa;
3) ayblanuvchiga yangi yoki o‘zgartirilgan yoxud qo‘shimcha ayblov e’lon qilinsa;
4) surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan ilgari so‘roq qilingan shaxsning ko‘rsatuvlari to‘g‘ri yozilganligini prokuror qo‘shimcha so‘roq qilish yo‘li bilan tekshirib ko‘rishni lozim topsa;
5) boshqa surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan ilgari so‘roq qilingan shaxsning ko‘rsatuvlari to‘g‘ri yozilganligini ishni yuritish uchun qabul qilgan surishtiruvchi yoki tergovchi qo‘shimcha so‘roq qilish yo‘li bilan tekshirib ko‘rishni lozim topsa;
6) ilgari so‘roq qilingan shaxsga berilishi kerak bo‘lgan ish uchun muhim yangi savollar tug‘ilsa;
7) shaxs so‘roq qilinganidan keyin ishga kirishgan zaxiradagi xalq maslahatchisi ushbu shaxsni yangitdan so‘roq qilishni talab qilsa.
11-bob. GUMON QILINUVChINI VA AYBLANUVChINI SO‘ROQ QILISh 109-modda. Gumon qilinuvchini va ayblanuvchini so‘roq qilish tartibi Gumon qilinuvchini va ayblanuvchini so‘roq qilish ushbu Kodeksning 96 — 108-moddalarida nazarda tutilgan umumiy qoidalarga, shuningdek, ushbu bobning quyidagi moddalariga rioya qilgan holda olib boriladi.
110-modda. So‘roq qilish muddatlari Surishtiruv va dastlabki tergov o‘tkazish jarayonida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi ushlangan, so‘roq qilish uchun chaqirilgan, qamoqqa olingan yoki majburiy keltirilgandan keyin darhol yoki yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay, so‘roq qilinishi kerak.
Sud tergovi ketayotganda sudlanuvchiga istagan vaqtida ko‘rsatuv berish huquqi sudya tomonidan ta’minlanishi shart. Agar sudlanuvchi biror sud harakati o‘tkazilayotgan paytda ko‘rsatuv berish to‘g‘risida istak bildirsa, sud unga shu harakatlar tugashi bilanoq ko‘rsatuv berish uchun imkoniyat yaratadi.