1879-modda. Qo‘shimcha yoki qayta taftish Qo‘shimcha taftish taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomada mavjud bo‘lgan kamchiliklarni to‘ldirish va ish bo‘yicha yangidan aniqlangan holatlarni aniqlashtirish uchun tayinlanadi.
Qayta taftish quyidagi hollarda tayinlanadi:
taftish xulosalari va natijalariga rozi emaslik to‘g‘risida tekshirilgan subyekt, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tomonidan taqdim etilgan e’tirozlar asosli deb topilganda;
taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomada taftish materiallari va jinoyat ishining boshqa materiallari bilan qarama-qarshiliklar mavjud bo‘lganda, shuningdek taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomadagi xulosalarga asos bo‘lgan hujjatlar, axborot va materiallar noto‘g‘ri deb topilganda;
taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomada ko‘rsatilgan xulosalar asossiz bo‘lganda yoki ularning to‘g‘riligi shubha tug‘dirganda.
Dastlabki taftishni o‘tkazgan shaxslar qayta taftish o‘tkazish uchun tayinlanishi mumkin emas.
Qo‘shimcha taftish yoki qayta taftish ushbu bobda belgilangan tartibda va muddatlarda o‘tkaziladi.
18710-modda. Tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxslarining yoki vakillarining huquqlari va majburiyatlari Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxslari yoki vakillari quyidagilarga haqli:
tekshiruvchi shaxslardan taftish o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlarni talab qilish, xizmat guvohnomasi, shuningdek taftishga ruxsat berish to‘g‘risidagi maxsus guvohnoma bilan tanishish;
o‘z faoliyati taftishdan o‘tkazilishi to‘g‘risida tegishli axborotga ega bo‘lish, taftish o‘tkazuvchi shaxslar tomonidan tadbirlar o‘tkazilishi chog‘ida tushuntirishlar berish va ularda hozir bo‘lish;
taftish o‘tkazuvchi shaxslarning o‘z vakolatiga kirmaydigan masalalarga doir talablarini bajarmaslik va ushbu shaxslarni taftish mavzuiga taalluqli bo‘lmagan hujjatlar, axborot va materiallar bilan tanishtirmaslik;
xizmat guvohnomasini, taftishga ruxsat berish to‘g‘risidagi maxsus guvohnomani, taftishni tayinlash haqidagi qarorning yoki ajrimning, vakolatli organning taftish o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘ining ko‘chirma nusxalarini taqdim etmagan shaxslarni taftish o‘tkazish uchun hududga va binolarga kiritmaslik, shuningdek taftish muddatlari boshlanmagan yoki o‘tib ketgan yoxud taftish o‘tkazuvchi shaxs tekshiruvlarni ro‘yxatdan o‘tkazish kitobini to‘ldirishni rad etgan taqdirda, hududga va binolarga kiritmaslik;
taftish tugallangan kunda taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning bir nusxasini taftish o‘tkazuvchi shaxslardan olish;
qonunchilikda belgilangan tartibda taftish natijalari ustidan shikoyat qilish, shu jumladan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga qo‘shimcha yoki qayta taftish tayinlash to‘g‘risida iltimosnoma kiritish yo‘li bilan shikoyat qilish.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxslari yoki vakillari:
taftish o‘tkazuvchi shaxslarni taftish o‘tkazish uchun hududga va binolarga kiritishi;
taftish o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, axborotni va materiallarni taftish o‘tkazuvchi shaxslarning qonuniy talabiga ko‘ra taqdim etishi;
taftish o‘tkazuvchi shaxslarning o‘z majburiyatlarini bajarishida ularga ko‘maklashishi shart.