23-bob. EKSPERTIZA TEKShIRUVI UChUN NAMUNALAR OLISh 188-modda. Namunalarning turlari va ularni olish usullari Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tirik odamning, murdaning, hayvonning, o‘simlikning, buyumning, materialning yoki moddaning xususiyatlarini o‘zida aks ettiruvchi namunalar olishga, basharti ularning ekspert tekshiruvi ekspert oldiga qo‘yilgan savollarni hal qilish uchun zarur bo‘lsa, haqlidir.
Tirik odamdan o‘zida uning xususiyatlarini aks ettiruvchi: biologik — qon, soch, so‘lak, inson organizmidan ajralib chiqadigan moddalar; psixofizik — dastxat; anatomik — teri naqshining chiziqlari, tish qoliplari; shuningdek ovozning xususiyatlari, kasb malakasini aks ettiruvchi namunalar olinishi mumkin. Murdani ko‘zdan kechirishda ham tekshiruv o‘tkazish uchun kerakli moddiy namunalar olinishi mumkin.
Namuna tariqasida xomashyo, mahsulot va boshqa materiallardan moddaning turga oid yoki o‘ziga xos fizik yoxud kimyoviy xossalarini aks ettiruvchi namunalar olinishi mumkin.
Tekshiruv o‘tkazish jarayonida ekspert gilza, o‘q, buzish asboblari va boshqa obyektlarning tajriba namunalarini tayyorlashga va ularning eksperimental izlariga qarab, o‘xshashlik yoki farqlanish masalasini hal etishga haqlidir.
189-modda. Namuna olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar va organlar Ekspert tekshiruvi namunalar olinadigan shaxsni yechintirib yalang‘ochlash bilan bog‘liq bo‘lmasa va alohida kasb mahoratini talab qilmasa, surishtiruvchi, tergovchi yoki sudning o‘zi, zarurat bo‘lganda esa shifokor, boshqa mutaxassis, ekspert ishtirokida ekspert tekshiruvi uchun namunalar olishga haqlidir.
Ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish yalang‘och bo‘lishni taqozo etsa yoki alohida kasb mahoratini talab qilsa, surishtiruvchi, tergovchi yoki sudning topshirig‘iga binoan tekshiruv uchun namunalarni shifokor yoki boshqa tibbiy mutaxassis oladi.
190-modda. Namuna olinishi mumkin bo‘lgan shaxslar Ekspert tekshiruvi uchun namunalar gumon qilinuvchidan, ayblanuvchidan, sudlanuvchidan, jabrlanuvchidan, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha ustidan ish yuritilayotgan shaxsdan olinishi mumkin.
Hodisa sodir bo‘lgan joyda yoki ashyoviy dalillarda boshqa shaxslar tomonidan ham iz qoldirilgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida yetarlicha asoslar bo‘lgan taqdirda shu shaxslardan ham ekspert tekshiruvi uchun namuna olinishi mumkin.