197-modda. Namunalar olish bayonnomasi Ekspert tekshiruvi uchun namunalar olinganligi to‘g‘risida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq surishtiruvchi yoki tergovchi bayonnoma tuzadi, sud esa, o‘ziga kelgan namunalarni sud majlisi bayonnomasida aks ettiradi.
24-bob. NARSALAR VA HUJJATLARNI TAQDIM QILISh 198-modda. Narsalarni ularning egasi bo‘lmish shaxslar tashabbusi bilan surishtiruvchi, tergovchi yoki sudga taqdim qilish Fuqarolar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari o‘z fikrlariga ko‘ra ish uchun ahamiyatga molik bo‘lgan narsalarni surishtiruvchi, tergovchi yoki sudga taqdim qilishga haqlidir.
Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud taqdim qilingan narsani ushbu Kodeksning 136, 137, 139 va 140-moddalarida bayon qilingan qoidalarga asosan ko‘zdan kechirishi, agar taqdim qilingan narsani ish uchun ahamiyatli deb topsa yoki kelgusida ahamiyati bo‘lishi mumkin deb hisoblasa, uni qabul qilishi shart. Shuningdek ushbu ish uchun ahamiyatli bo‘lmagan, lekin muomaladan chiqarilgan narsalar (qurollar, giyovandlik vositalari, pornografiya nashrlari va boshqalar) ham qabul qilib olinishi lozim.
Ish uchun ahamiyatli bo‘lmagan va muomaladan chiqarilmagan narsalar taqdim qilingan hollarda, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ularni ko‘zdan kechirib bo‘lganidan keyin egalariga darhol qaytarib beradi.
199-modda. Surishtiruvchi, tergovchi yoki sudning talabiga ko‘ra narsalarni taqdim qilish Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tintuv yoki olib qo‘yish o‘tkazmasdan turib, korxona, muassasa, tashkilot rahbaridan, shuningdek fuqarodan tergov va sud harakatlarini yuritish chog‘ida vaqtincha foydalanish uchun zarur bo‘lgan narsalarni taqdim etishlarini talab qilishga haqlidir. Bunday narsalar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) eksperiment o‘tkazishda tekshirilayotgan hodisaning holatini va sharoitini qayta tiklash uchun foydalaniladigan o‘xshash narsalar yoki maketlar;
2) tanib olish uchun ko‘rsatilayotgan narsa bilan turdosh bo‘lgan narsalar;
3) tergov yoki sud harakatlarini yuritish yoxud ekspert tekshiruvini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan moslamalar, asbob-uskunalar, anjomlar, materiallar, agar bunday narsalar surishtiruvchi, tergovchi yoki sudda yoxud ularning topshirig‘i bo‘yicha harakat qilayotgan mutaxassis, ekspert yoki ekspertiza muassasasida bo‘lmasa. Zarurat qolmagach, bu narsalar egasiga qaytarilishi lozim.