194-modda. Shifokor yoki boshqa mutaxassis tomonidan namunalar olish tartibi Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tegishli shaxsni, shuningdek undan namuna olish to‘g‘risidagi qarorni yoki ajrimni shifokorga yoki boshqa mutaxassisga yuboradi. Shifokorni, boshqa mutaxassisni, xolislarni rad etish masalasini qaror yoki ajrim chiqargan surishtiruvchi, tergovchi yoki sud hal qiladi.
Shifokor yoki boshqa mutaxassis zarur harakatlarni bajaradi va ekspert tekshiruvi uchun namunalar oladi. Bunda og‘riq bermaydigan hamda inson hayoti va salomatligi uchun xavfli bo‘lmagan ilmiy-texnikaviy vositalardan foydalanilishi mumkin. Namunalar o‘ralib va muhrlanib, surishtiruvchi, tergovchi yoki sudga yuboriladi.
Tekshirish uchun hayvonlardan namunalar olish zarurati tug‘ilsa, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tegishli qarorni yoxud ajrimni veterinarga yoki boshqa mutaxassisga yuboradi.
195-modda. Ekspert tomonidan tajriba uchun namunalar olish Tekshiruv o‘tkazish jarayonida ekspert tomonidan ushbu Kodeks 188-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan tajriba namunalari tayyorlanishi mumkin.
Surishtiruvchi yoki tergovchi bunday namunalarni tayyorlash chog‘ida hozir bo‘lishga haqli bo‘lib, bu hol ular tomonidan tuziladigan bayonnomada aks ettiriladi.
Ekspert tekshiruv o‘tkazib bo‘lganidan keyin namunalarni muhrlangan holda o‘z xulosasiga qo‘shib qo‘yadi.
Surishtiruvchi yoki tergovchi, sud muhokamasida esa sud va taraflar ekspert taqdim qilgan tajriba namunalarini ko‘zdan kechiradilar, shundan so‘ng ular ashyoviy dalil sifatida jinoyat ishiga qo‘shib qo‘yiladi.
196-modda. Namunalar olishda shaxs huquqlarining himoya qilinishi Ekspert tekshiruvi uchun namunalar olishda qo‘llaniladigan usullar va ilmiy-texnikaviy vositalar inson hayoti va salomatligi uchun xavfsiz bo‘lishi lozim. Kuchli og‘riq beradigan murakkab tibbiy tadbirlar va usullarni qo‘llash namuna olinishi lozim bo‘lgan shaxsning roziligi bilan, basharti u voyaga yetmagan yoki ruhiy holati buzilgan bo‘lsa, uning qonuniy vakili, vasiylari yoki homiylarining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Namuna olish namuna olinuvchini yechintirib yalang‘ochlash bilan bog‘liq bo‘lsa, shifokor, boshqa mutaxassis, xolislar namuna olinuvchi shaxs bilan bir jinsda bo‘lishlari lozim.