30-modda. Sudyalar va xalq maslahatchilari Jinoyat ishini ko‘rishda ushbu sud tarkibiga tayinlangan yoki saylangan sudyalar va xalq maslahatchilari qatnashadilar.
31-modda. Sudyaning vakolatlari Sudya yakka o‘zi yoki sud tarkibida ish tutib, ushbu Kodeksning 29-moddasida nazarda tutilgan vakolatlarni amalga oshiradi. Bundan tashqari, sudya ishni sud muhokamasiga tayyorlash bilan bog‘liq harakatlarni bajaradi, sud majlisida raislik qiladi va ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquq va majburiyatlarni amalga oshiradi.
32-modda. Sud majlisi kotibi Sud majlisida sud majlisi kotibi vazifalarini sudyaning yordamchisi (katta yordamchisi) bajaradi.
Sud majlisi kotibi jinoyat ishini sud majlisida ko‘rish uchun tayyorlaydi; sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida protsess ishtirokchilarini xabardor qiladi; sudga chaqirilgan protsess ishtirokchilarining kelgan-kelmaganligini tekshiradi, hozir bo‘lmagan shaxslarning kelmaganligi sababini aniqlab, bu haqda sudga ma’lum qiladi; sud majlislari bayonnomasini yuritadi; raislik qiluvchining sud muhokamasini tayyorlash va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa topshiriqlarini bajaradi.
Sud majlisi kotibi bayonnomada sudning harakatlari va qarorlarini, shuningdek sud majlisi barcha ishtirokchilarining harakatlari, arizalari, iltimosnomalari, ko‘rsatuvlarini to‘liq va to‘g‘ri bayon qilib borishi shart.
33-modda. Prokuror O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Prokuror surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida qonunning buzilishini, kim tomonidan sodir etilganligidan qat’i nazar, bartaraf etish uchun qonunda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ko‘rishi shart.
Prokuror o‘z vakolatlarini har qanday organ va mansabdor shaxsdan mustaqil ravishda, faqat qonunga bo‘ysunib va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori ko‘rsatmalariga tayangan holda amalga oshiradi.