34-modda. Prokurorning vakolatlari Prokuror surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida ushbu Kodeksning 243, 382 — 388, 558, 589-moddalarida nazarda tutilgan vakolatlarni amalga oshiradi.
Prokuror sud muhokamasida qatnashib, ushbu Kodeksning 409-moddasida nazarda tutilgan vakolatlarni amalga oshiradi.
35-modda. Tergovchi Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergovni prokuratura, ichki ishlar organlarining va davlat xavfsizlik xizmatining tergovchilari olib boradilar.
36-modda. Tergovchining vakolatlari Tergovchi: jinoyat ishini qo‘zg‘atishga va tugatishga, ishni qo‘zg‘atishni rad etishga; jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlash va so‘roq qilishga; ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tergov harakatlarini olib borishga; shaxsni ishda gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish to‘g‘risida qaror qabul qilishga; shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish to‘g‘risida va unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash haqida qaror qabul qilishga, bundan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i mustasno; o‘z yurituviga qabul qilgan ishlar bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlarini bajarish to‘g‘risida yozma topshiriqlar berishga; boshqa tergovchi va surishtiruvchilarga ayrim tergov harakatlarini yuritish to‘g‘risida topshiriq berishga; tergovga qadar tekshiruv yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga shaxslarni ushlab turish, majburiy keltirish, qidirish to‘g‘risidagi qarorlarning ijrosini topshirishga, ulardan ayrim tergov harakatlarini yuritishda ko‘maklashishni talab qilishga; qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiq (cheklov) belgilash to‘g‘risida iltimosnoma berishga, shuningdek ehtiyot chorasini ushbu Kodeksning 240 va 2431-moddalariga muvofiq bekor qilishga yoki o‘zgartirishga; pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida iltimosnoma berishga; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqida iltimosnomalar berishga, shuningdek mazkur protsessual majburlov choralarini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bekor qilishga; murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risida, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash haqida iltimosnomalar berishga, shuningdek mazkur choralarni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bekor qilishga; amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida yoki jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish to‘g‘risida prokurorga taqdimnoma kiritishga haqlidir.
Tergovchi tergovning yo‘nalishi va tergov harakatlarini yuritishga oid barcha qarorlarni, prokuror ruxsatini olish qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, mustaqil ravishda qabul qiladi.
Tergovchi prokurorning shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish haqidagi, jinoyatni tavsif qilish va ayblov hajmi haqidagi, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiq (cheklov) belgilash pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida yoki jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish to‘g‘risida prokurorga taqdimnoma kiritish haqidagi ishni sudga yuborish yoki ishni tugatish haqidagi, tugallangan ishni qo‘shimcha tergovga qaytarish haqidagi ko‘rsatmalariga rozi bo‘lmasa, o‘z e’tirozlarini yozma ravishda bayon qilgan holda ishni yuqori turuvchi prokurorga taqdim etishga haqlidir. Bunday hollarda quyi turuvchi prokurorning ko‘rsatmasini yuqori turuvchi prokuror o‘z qarori bilan yo bekor qiladi yoki ish bo‘yicha tergov yuritishni boshqa tergovchiga topshiradi.
Tergovchining o‘z yuritishidagi ish yuzasidan qonunga muvofiq bergan yozma topshiriqlari va chiqargan qarorlari barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.