37-modda. Tergov boshqarmasi, bo‘limi, bo‘linmasi, guruhi boshlig‘ining va uning o‘rinbosarining vakolatlari Tergov boshqarmasi, bo‘limi, bo‘linmasi, guruhining boshlig‘i va uning o‘rinbosari o‘z vakolatlari doirasida jinoyatlarni ochish va ularning oldini olish yuzasidan tergovchilarning o‘z vaqtida harakat qilishini nazorat etadilar, jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergovni to‘la, har tomonlama va xolisona olib borish choralarini ko‘radilar.
Tergov boshqarmasi, bo‘limi, bo‘linmasi, guruhining boshlig‘i va uning o‘rinbosari ishlarni tekshirib ko‘rishga, shuningdek dastlabki tergov o‘tkazish, shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish, jinoyatni tavsif qilish va ayblovning hajmi, ishning yo‘nalishini belgilash, ayrim tergov harakatlarini o‘tkazish haqida tergovchiga ko‘rsatmalar berishga, ishni bir tergovchidan ikkinchi tergovchiga olib berishga, ishni tergov qilishni bir necha tergovchiga topshirishga, shuningdek tergovchi vakolatlaridan foydalanib, dastlabki tergov olib borishda qatnashishga va dastlabki tergovni shaxsan o‘zi olib borishga haqlidir.
Tergov boshqarmasi, bo‘limi, bo‘linmasi, guruhi boshlig‘ining va uning o‘rinbosarining ish yuzasidan ko‘rsatmalari tergovchiga yozma tarzda beriladi va ularning ijro etilishi majburiydir.
Olingan ko‘rsatmalar ustidan prokurorga shikoyat qilinishi, ushbu Kodeks 36-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, ularning ijro etilishini to‘xtatib qo‘ymaydi.
38-modda. Surishtiruv Jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv:
1) ichki ishlar organlarining;
2) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining va uning joylardagi bo‘linmalarining;
3) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining va uning joylardagi bo‘linmalarining;
4) O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining va uning joylardagi bo‘linmalarining;
5) O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining va uning joylardagi bo‘linmalarining surishtiruvchilari tomonidan amalga oshiriladi.