392-modda. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ boshlig‘ining va uning mansabdor shaxsining vakolatlari Ushbu Kodeksning 391-moddasida sanab o‘tilgan har bir organning rahbarlari tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning boshlig‘i sifatida harakat qila turib, tergovga qadar tekshiruvni boshlashga yoki o‘ziga bo‘ysunuvchi boshqa mansabdor shaxsga uni yuritishni topshirishga, jinoyat ishini qo‘zg‘atishga yoki ish qo‘zg‘atishni rad etishga yoxud arizani, xabarni tergovga tegishliligiga ko‘ra o‘tkazishga haqlidir.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxs zimmasiga tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishga doir vazifalarni yuklatish tartibi mazkur organ tomonidan belgilanadi.
Boshliqning topshirig‘iga binoan va uning rahbarligida ishlayotgan mansabdor shaxs jinoyatning oldini olish yoki uning sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, dalillarni to‘plash va saqlash, jinoyat sodir etishda gumon qilinganlarni ushlash va yashiringan gumon qilinuvchilarni qidirib topish hamda jinoyat tufayli yetkazilgan mulkiy zararning o‘rni qoplanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan, kechiktirib bo‘lmaydigan barcha harakatlarni amalga oshirishi shart.
Tergovga qadar tekshiruvni yoki tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi zimmasiga tergovchi, surishtiruvchi yuritayotgan ish bo‘yicha ayrim protsessual harakatlarni va tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi topshiriqlarini bajarish hamda tergovchiga, surishtiruvchiga protsessual harakatlarni bajarishida ko‘maklashish majburiyati ham yuklatiladi.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotganda, xuddi shuningdek tergovchining, surishtiruvchining topshirig‘ini bajarayotganda, ushbu Kodeksda belgilangan qoidalarga amal qilgan holda protsessual harakatlarni amalga oshiradi va qarorlar qabul qiladi.
Gumon qilinuvchidan, ayblanuvchidan yoki sudlanuvchidan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan arizalar, tushuntirishlar yoki ko‘rsatuvlar olish mazkur jinoyat ishi o‘z yurituvida bo‘lgan surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning yozma ruxsatiga asosan va faqat himoyachi ishtirokida amalga oshiriladi, bundan belgilangan tartibda himoyachidan voz kechilgan hollar mustasno.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining qarorlari mazkur organ boshlig‘i tomonidan tasdiqlanishi lozim. Boshliqning yozma ko‘rsatmalari ularni bajarishni to‘xtatmay turib, ushbu ko‘rsatmalar ustidan prokurorga shikoyat qilishga haqli bo‘lgan unga bo‘ysunuvchi mansabdor shaxs uchun majburiydir.
Prokurorning yozma ko‘rsatmalari tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ boshlig‘i va uning mansabdor shaxsi uchun majburiydir. Ular prokurorning ko‘rsatmalaridan norozi bo‘lgan taqdirda, ko‘rsatmalarni bajarishni to‘xtatmay turib, yuqori turuvchi prokurorga ularning ustidan shikoyat qilishga haqlidir.