4-bob. JINOYAT IShINI YURITIShDA IShTIROK ETUVChI JAMOAT BIRLAShMALARI, JAMOALAR VA ULARNING VAKILLARI 40-modda. Jamoat birlashmalari va jamoalarning jinoyat protsessida ko‘rilishi lozim bo‘lgan ariza va iltimoslari Jamoat birlashmalari va jamoalar, ularning rahbar organlari hamda vakillari sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyat to‘g‘risidagi xabar bilan surishtiruv organiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga murojaat etishlari mumkin. Ular: ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida jamoat birlashmasi yoki jamoa kafilligiga berishni tanlash haqida; mahkumni muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish haqida; ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlarning jazoni o‘tash sharoitlarini o‘zgartirish haqida; sudlanganlikni olib tashlash haqida va boshqa masalalar bo‘yicha ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda hamda tartibda iltimos qilishga haqlidirlar.
41-modda. Jamoat birlashmalari va jamoalarni jinoyat haqida xabardor qilish Surishtiruvchi va tergovchi fuqaroning og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar to‘g‘risidagi ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingani haqida uning ish, o‘qish yoki yashash joyidagi jamoaga xabar beradi, sud esa ularga shu ish bo‘yicha sud muhokamasi qachon va qayerda o‘tkazilishi haqida xabar beradi.
42-modda. Jamoat ayblovchilari va jamoat himoyachilari Jamoat birlashmalari va jamoalar sud muhokamasida jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi tariqasida ishtirok etish uchun o‘z vakillarini yuborishlari mumkin.
Jamoat ayblovchilari va jamoat himoyachilarini jamoat birlashmasining yoki korxona, muassasa, tashkilot jamoasining yig‘ilishi ko‘rsatadi. Yig‘ilish qarori sudga taqdim etilishi lozim.
Jamoat birlashmasi, jamoa o‘zi yo‘llagan jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisini xohlagan vaqtda chaqirib olishga yoki uni boshqa vakil bilan almashtirishga haqlidir.
43-modda. Jamoat ayblovchisining huquq va majburiyatlari Sud muhokamasida ishtirok etayotgan jamoat ayblovchisi: ish materiallari bilan tanishishga; dalillar taqdim etishga va ularni tekshirishda ishtirok etishga; iltimosnoma berishga; taraflarning muzokaralarida so‘zga chiqib, ayblovning isbotlangani haqida sudga fikr bildirishga haqlidir. Jamoat ayblovchisi ayblovdan voz kechishga haqli.
Jamoat ayblovchisi: sud muhokamasida ishtirok etishi; jamoat birlashmasi yoki jamoaning fikrini sudda bayon qilishi va ish holatlarini aniqlashga ko‘maklashishi shart.