166-modda. Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining boshqa shaxslarga yuborgan yoxud boshqa shaxslarning gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yuborgan pochta-telegraf jo‘natmalarida sodir etilgan jinoyatga doir ma’lumotlar yoki ish uchun ahamiyatga molik hujjatlar, buyumlar bor deb gumon qilish uchun yetarlicha asoslar mavjud bo‘lganda, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi mazkur shaxslarning barcha pochta-telegraf jo‘natmalarini yoki ularning ayrimlarini xatlash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida mazkur tergov harakatini o‘tkazish asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi.
Xatlab qo‘yilishi mumkin bo‘lgan pochta-telegraf jo‘natmalari jumlasiga barcha turdagi xatlar, telegrammalar, radiogrammalar, banderollar, posilkalar, pochta konteynerlari kiradi.
Prokurorning, tergovchining yoki surishtiruvchining pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorida: xat-xabarlari ushlab turilishi lozim bo‘lgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi; bu shaxsning doimiy yashash joyi manzili; xatlanayotgan pochta-telegraf jo‘natmalarining turlari; xatlash chorasining muddati; jo‘natmalarni ushlab turish va bu haqda prokurorga, tergovchiga yoki surishtiruvchiga ma’lum qilish majburiyati yuklatilgan aloqa muassasasining nomi ko‘rsatiladi. Qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.
Tergovchining yoki surishtiruvchining pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi.
Prokuror pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi bo‘lgan taqdirda, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining boshqa shaxslarga yoki boshqa shaxslarning gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yuborgan pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi masala ushbu bobda belgilangan tartibda, sudlanuvchining boshqa shaxslarga yoki boshqa shaxslarning sudlanuvchiga yuborgan pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash esa ushbu Kodeksning 423, 438-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan hal etiladi.