206-modda. Ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirish Boshqa shaxslardan topilgan, olib qo‘yilgan yoki qabul qilib olingan narsalar ushbu Kodeksning 135 — 137, 139 va 140-moddalarida ko‘rsatilgan qoidalarga asosan darhol ko‘zdan kechiriladi.
Ko‘zdan kechirishda narsaning ishga taalluqliligi haqida xulosa chiqarishga asos bo‘ladigan, shuningdek uni boshqa narsalardan farqlovchi belgilar aniqlanishi lozim.
Ko‘zdan kechirish jarayoni va uning natijalari narsa olingan paytda o‘tkazilayotgan tergov harakati bayonnomasida yoki sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
207-modda. Narsani ashyoviy dalil deb e’tirof etish va uni jinoyat ishiga qo‘shib qo‘yish Narsani ashyoviy dalil deb e’tirof etish va uni jinoyat ishiga qo‘shib qo‘yish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Ushbu qaror yoki ajrimda ashyoviy dalilni ishda qoldirish yoki uni saqlash uchun topshirish masalasi ham hal qilinishi lozim.
208-modda. Ashyoviy dalillarni saqlash va boshqa joyga yuborish Ashyoviy dalillarni saqlash, shuningdek ularni ekspertiza o‘tkazish uchun yuborishda yoki jinoyat ishi boshqa surishtiruv, dastlabki tergov organiga, prokurorga yoxud sudga o‘tkazilishi munosabati bilan yuborish chog‘ida ashyoviy dalillarning yo‘qotilishi, shikastlanishi, buzilishi, bir-biriga qo‘shilib yoki aralashib ketishining oldini olish choralari ko‘rilishi lozim.
Ishni o‘tkazishda u bilan birga yo‘llanadigan ashyoviy dalillar ilova xatda yoki unga ilova qilinadigan ro‘yxatda birma-bir sanab o‘tiladi. Bundan tashqari, ayblov xulosasiga yoki ayblov dalolatnomasiga ilova qilingan ma’lumotnomada ishga doir barcha ashyoviy dalillar, har birining qayerda ekanligi ko‘rsatilib, birma-bir sanab o‘tilishi lozim.
Ashyoviy dalillar pochta yoki chopar orqali yetkazib berilganda surishtiruvchi, tergovchi yoki sudya xolislar ishtirokida, zarur bo‘lganda esa, shuningdek ekspert yoxud mutaxassislar ishtirokida olingan dalillarni ko‘zdan kechiradi va ularni ilova xati yoki ro‘yxati bilan solishtiradi. Ko‘zdan kechirish jarayoni va natijasi haqida bayonnoma tuziladi.
Ashyoviy dalillar, ular haqidagi masala sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi bilan yoxud surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ishni tugatish to‘g‘risidagi qarori bilan hal qilinmagunga qadar saqlab turiladi. Ushbu Kodeksning 210-moddasida nazarda tutilgan hollarda ashyoviy dalillarga oid qaror ish yuritish tamom bo‘lgunga qadar qabul qilinishi mumkin.
Ashyoviy dalil sifatida ishga qo‘shib qo‘yilgan narsaga egalik qilish huquqi borasidagi nizo fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida hal qilinishi lozim bo‘lganda, bu narsa fuqaroviy ish bo‘yicha sud chiqargan hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgunga qadar saqlanishi lozim.