212-modda. Ashyoviy dalillarni shikastlaganlik yoki yo‘qotganlik uchun javobgarlik Ekspertiza o‘tkazish yoki boshqa qonuniy harakatlar natijasida shikastlangan yoki yo‘qolgan ashyoning qiymati sud chiqimlariga qo‘shiladi.
Ayblov hukmi chiqarilganda, agar bu ashyo mahkumga yoki fuqaroviy javobgarga tegishli bo‘lsa, uning qiymati to‘lanmaydi; agar ashyo boshqa biror shaxsga tegishli bo‘lsa, uning qiymati bu shaxsga sud tomonidan to‘lanishi va ayni vaqtda bu summa mahkum yoki fuqaroviy javobgar hisobidan davlat foydasiga undirilishi lozim.
Oqlov hukmi chiqarilganda hamda ish tugatilgan hollarda ekspertiza o‘tkazish yoki boshqa qonuniy harakatlar natijasida shikastlangan yoki yo‘qolgan ashyoning qiymati qonuniy egasiga yoki mulkdoriga, shuningdek protsessual mavqeyidan qat’i nazar, ularning huquq vorislari va merosxo‘rlariga to‘lanadi.
Ashyoviy dalillar shikastlangan yoki yo‘qolgan boshqa barcha hollarda ularning qiymati zarar keltirish natijasida kelib chiqadigan majburiyatlarga doir fuqaroviy qonunchilik qoidalariga muvofiq to‘lattirilishi lozim.
[OKOZ: 1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.12.00.00 Jinoyat-protsessual qonunchiligi / 16.12.04.00 Protsessual majburlov (ushlab turish, ehtiyot choralari, lavozimidan chetlatish, majburiy keltirish va boshqalar)]
TO‘RTINChI BO‘LIM
PROTSESSUAL MAJBURLOV 26-bob. JINOYAT PROTSESSIDA ShAXS HUQUQLARINI ChEKLASh ASOSLARI VA ChEGARALARI 213-modda. Protsessual majburlov choralarini qo‘llash uchun asoslar Jinoyat protsessi ishtirokchisi tergov yoki sud harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgan bo‘lsa, shuningdek gumon qilinuvchi, ayblanuvchining kelgusi jinoiy faoliyatining oldini olish va hukm ijrosini ta’minlash uchun zarur bo‘lsa, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud ushbu Kodeksda belgilangan hollarda hamda tartibda majburlov choralarini qo‘llashga haqlidir.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi ushlab turish tarzidagi protsessual majburlov chorasini ushbu Kodeksning 221 va 224-moddalarida belgilangan hollarda va tartibda qo‘llashga haqlidir.