33-modda. Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari
boʻlgan yuridik shaxslar. Oʻzbekiston Respublikasining
norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar
(1-q.)
Quyidagi yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlaridir:
1) Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;
2) Oʻzbekiston Respublikasining soliq solish masalalari boʻyicha xalqaro shartnomalariga
muvofiq ushbu xalqaro shartnomalarni qoʻllash maqsadlari uchun Oʻzbekiston Respublikasining
soliq rezidentlari deb eʼtirof etilgan chet el yuridik shaxslari;
3) haqiqatdagi boshqaruv joyi Oʻzbekiston Respublikasi boʻlgan chet el yuridik shaxslari,
agar Oʻzbekiston Respublikasining soliq masalalari boʻyicha xalqaro shartnomasida boshqacha
qoida nazarda tutilmagan boʻlsa.
(2-q.)
Ushbu moddaning birinchi qismi 3-bandining maqsadlari uchun chet el yuridik shaxsi
haqiqatda boshqariladigan joy ushbu Kodeksning 34-moddasi qoidalariga muvofiq belgilanadi.
(3-q.)
Investitsiya fondining (pay fondining yoki jamoaviy investitsiyalarni amalga oshirish
boshqa shaklining) boshqaruvchi kompaniyasini Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb
eʼtirof etish ushbu investitsiya fondini (pay fondini yoki jamoaviy investitsiyalarni amalga
oshirishning boshqa shaklini) Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etish uchun
asos boʻlmaydi. Mazkur fondlar (jamoaviy investitsiyalarni amalga oshirishning boshqa shakllari)
boshqaruvchi sheriklar yoki boshqa shaxslar tomonidan boshqarilgan taqdirda ham shunday
qoidalar qoʻllaniladi.
(4-q.)
Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari boʻlmagan yuridik shaxslar
Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari deb eʼtirof etiladi.
34-modda. Chet el yuridik shaxsi haqiqatda
boshqariladigan joy
(1-q.)
Quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasiga rioya qilingan taqdirda, Oʻzbekiston
Respublikasi chet el yuridik shaxsi haqiqatda boshqariladigan joy deb eʼtirof etiladi:
1) uning ijro etuvchi organi (ijro etuvchi organlari) oʻz faoliyatini ushbu yuridik shaxsga
nisbatan muntazam ravishda Oʻzbekiston Respublikasidan turib amalga oshiradi. Bunda
Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatning boshqa davlatdagiga (davlatlardagiga) nisbatan
sezilarli darajada kam hajmda amalga oshirilishi faoliyatni muntazam ravishda amalga oshirish
deb eʼtirof etilmaydi;
2) uning asosiy (rahbar) mansabdor shaxslari (faoliyatni rejalashtirish va nazorat qilishga,
korxona faoliyatini boshqarishga va buning uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishga vakolatli
boʻlgan shaxslari) ushbu yuridik shaxsni rahbarlik asosida boshqarishni asosan Oʻzbekiston
Respublikasida amalga oshiradi. Bunda rahbarlik asosida boshqarish jumlasiga, xususan, ushbu
chet el yuridik shaxsining joriy faoliyatiga doir boʻlgan, boshqaruvning ijro organlari vakolatlariga
kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish va boshqa harakatlarni amalga oshirish kiradi.
(2-q.)
Oʻzbekiston Respublikasida quyidagi faoliyatni amalga oshirish Oʻzbekiston
Respublikasining chet el yuridik shaxsini haqiqatda boshqarish joyi sifatida eʼtirof etishga sabab
boʻlmaydi:
1) aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishining vakolatiga kiradigan masalalar
boʻyicha qarorlar tayyorlash va (yoki) qabul qilish;
2) direktorlar kengashining majlisini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish;
3) chet el yuridik shaxsining faoliyatini rejalashtirish va nazorat qilish doirasida alohida
funksiyalarni amalga oshirish.
(3-q.)
Alohida funksiyalarni amalga oshirishga, xususan, strategik rejalashtirish,
budjetlashtirish, konsolidatsiyalashgan moliyaviy hamda boshqaruv hisobotini tayyorlash va
tuzish, ushbu chet el yuridik shaxsining faoliyatini tahlil qilish, ichki audit hamda ichki nazorat,
shuningdek standartlar, uslubiyatlar va (yoki) siyosatlarni qabul qilish (maʼqullash) kiradi.
(4-q.)
Chet el yuridik shaxsining faoliyatiga nisbatan quyidagi shartlarga bir vaqtning oʻzida
rioya etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi ushbu yuridik shaxs haqiqatda boshqariladigan
joy deb eʼtirof etilmaydi:
1) faoliyat oʻzi doimiy joylashgan yerdagi davlatda (uning hududida) oʻzining malakali
xodimlari va aktivlaridan foydalangan holda amalga oshirilganda;
2) faoliyat Oʻzbekiston Respublikasi bilan soliq solish masalalariga doir amaldagi xalqaro
shartnomaga ega boʻlgan chet davlat hududida amalga oshirilganda.
(5-q.)
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shartlarning bajarilganligi hujjatlar
bilan tasdiqlanishi kerak.
(6-q.)
Agar ushbu moddaning birinchi qismi 1-bandida va (yoki) 2-bandida belgilangan
shartlar bir vaqtning oʻzida ham Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan, ham biror-bir chet davlatga
nisbatan bajarilayotganligi hujjatlar bilan tasdiqlansa, agar chet el yuridik shaxsiga nisbatan
quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasi bajarilayotgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi
chet el yuridik shaxsi haqiqatda boshqarilayotgan joy deb eʼtirof etiladi:
1) .buxgalteriya yoki boshqaruv hisobini yuritish (bundan konsolidatsiyalashgan moliyaviy
hamda boshqaruv hisobotlarini tayyorlash va tuzishga, shuningdek uning faoliyatini tahlil qilishga
doir harakatlar mustasno) Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan boʻlsa;
2) ish yuritish Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan boʻlsa;
3) xodimlarni operativ boshqarish Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan
boʻlsa.
|