464-modda. Soliq bazasi (1-q.)
Ushbu Kodeksning 463-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan jami daromad soliq
bazasi deb eʼtirof etiladi, bundan quyidagilar mustasno:
1) Oʻzbekiston Respublikasining davlat obligatsiyalari va boshqa davlat qimmatli qogʻozlari
boʻyicha daromadlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik
shaxslarning xalqaro obligatsiyalari boʻyicha daromadlar;
2) soliq agentida soliq solinishi lozim boʻlgan dividendlar;
3) qaytariladigan koʻp marta aylanadigan tara qiymati, agar uning qiymati ilgari tovarlarni
(xizmatlarni) sotishdan olinadigan daromadga kiritilgan boʻlsa;
4) amortizatsiya qilinadigan aktivlarni tugatishda ularni qoʻshimcha baholashda olingan,
oldingi narxni tushirishlardagi summadan ortiqcha summa hisobidan olingan daromadlar;
5) hisobot yilida aniqlangan oʻtgan yillardagi daromadlar. Mazkur daromadlarga ular
shakllangan davrdagi qonunchilikka muvofiq soliqlar boʻyicha qayta hisob-kitob oʻtkazilganligi
inobatga olingan holda soliq solinadi;
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi
band)
6) tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar.
(OʻzR
30.12.2022-y. OʻRQ-812-son Qonuni tahriridagi band) (Oldingi tahririga qarang)
6-bandning qoidalari OʻzR 30.12.2022-y. OʻRQ-812-son Qonuniga muvofiq 2022-yil 1-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tadbiq etiladi (2-q.)
Soliq solinadigan baza ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan
chegirmalardan tashqari quyidagilar uchun kamaytiriladi:
1) brokerlik tashkilotlari uchun - bitim summasidan birjaga oʻtkaziladigan vositachilik
yigʻimi summasiga;
2) komissiya shartnomasi boʻyicha vositachilik xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar
uchun - tovarlarni import qilishda toʻlangan bojxona toʻlovlari summasiga realizatsiya qilingan
tovar ulushida;
3) turizm faoliyati subyektlari uchun - turistik xizmatlarni onlayn bronlashtirish va sotish
uchun yaratilgan dasturiy mahsulotlarni hamda axborot tizimlarini joriy etishga yoʻnaltirilgan
mablagʻlar summasiga;
4) tadbirkorlik subyektlari uchun - tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan
daromadlarining 0,5 foizidan oshmagan miqdorda oʻz xodimlariga va ularning yaqin
qarindoshlariga ommaviy-madaniy hamda konsert-tomosha tadbirlariga borishi uchun chiptalar
xarid qilishga doir xarajatlar summasiga.
(OʻzR 26.07.2022-y. OʻRQ-785-son Qonuniga muvofiq
kiritilgan band)