O‘zbekiston tarixi



Yüklə 1,22 Mb.
səhifə3/18
tarix19.09.2023
ölçüsü1,22 Mb.
#145327
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
Ўзбекистон тарихи-2005 академия

Obyektivlik qoidasi. Tarixiy voqealarni o‘rganishning ushbu asosiy qoidasi butun borliqning, har bir tarixiy hodisaning inson xohish-irodasiga bog‘liq emasligini ta’kidlab, ular qanday bo‘lsa shundayligicha, holisona, hech qanday o‘zgartirishlarsiz, aniq hujjatlar, ishonchli dalillar asosida, ularning barcha ko‘p qirrali, qarama-qarshi salbiy va ijobiy tomonlarini bir butun yaxlit holda, o‘rganish demakdir. Obyektivlik tarixiy hodisalar va shaxslarni siyosiy va mafkuraviy qarashlardan mustasno tahlil qilishni taqozo etadi. Bu qoidaning buzilishi ijtimoiy hayotni boshqarish konsepsiyalarini ishlab chiqishda noto‘g‘ri, noilmiy, xato xulosalarga olib kelishi mumkin. Masalan, bolshevik siyosatdonlarning real vaziyatni hisobga olmasdan taraqqiyotdan bir oz orqada qolgan xalqlarning taraqqiy etgan mamlakat yordamida ijtimoiy hayotning muayyan bosqichlaridan sakrab o‘tishlari mumkinligi haqidagi xulosalarini ana shunday xato sifatida misol qilib keltirish mumkin. Natijada ijtimoiy hayotning rivojlanishi buzilganligi sababli O‘zbekiston buhronlar girdobiga duchor bo‘ldi, millionlab begunoq insonlar qurbon bo‘ldi, uzoq vaqtga qadar iqtisodiy rivojlanish izdan chiqdi, mahalliy turmush darajasi pasayib ketdi, madaniyat va ma’naviyatga putur yetkazildi. Ularning ba’zi bir salbiy oqibatlari shu bugungi kungacha sezilib turibdi. Va aksincha, mustaqillikka erishgan Respublikamiz rahbariyatining tashabbusi bilan o‘tmishni va bugungi kundagi ijtimoiy jarayonlarning obyektiv, holisona tahlil qilinishi orqali mamlakatimiz o‘zining ilmiy va mantiqiy asoslangan taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi va shu yo‘ldan og‘ishmay bormoqda. Mustaqillikka erishilganidan keyingi davrda amalga oshirilgan islohotlarning natijalari tanlangan yo‘lning qanchalik to‘g‘riligidan dalolat berib turibdi.
Tarixiylik qoidasi. Tarixiy voqealarni o‘rganishning bu asosiy qoidasi har bir yuz bergan hodisani aniq bir tarixiy vaqt ichida birin-ketin paydo bo‘lgan tarixiy jarayon deb qarashni taqozo etadi va ularning bir zaruriy bosqichdan ikkinchi zaruriy bosqichga o‘tishining tarixiy izchilligini ochib beruvchi kalit hisoblanadi. Bu qoida har bir hodisani, eng avvalo, uning kelib chiqishidagi tarixiy shart-sharoitlarni o‘rganishni, so‘ngra jahondagi boshqa voqealar rivojiga qanday ta’sir o‘tkazganligini, ular bilan aloqasini tahlil etib, ilmiy xulosalar chiqarish zarurligini e’tirof etadi. Boshqacharoq aytganda, tarixiy hodisalarni, shaxslar faoliyatini tahlil qilishda har bir davrning o‘z mantig‘idan kelib chiqish lozim. Aks holda, bu noto‘g‘ri xulosalarga olib kelishi muqarrar. Fikrimizning isboti uchun Amir Temurning faoliyati bilan bog‘liq bir misol keltiramiz. Ma’lumki, yadro qurollari mavjud bo‘lgan hozirgi sharoitda har qanday urush axloqiy, mantiqiy nuqtai nazardan inkor qilinishi tabiiy. Lekin bu mantiqni Amir Temur faoliyatiga qo‘llash mumkinmikin? Bizningcha, yo‘q. Ana shu qoidani buzib sobiq sovet tarixchilari Temurni qonxo‘r va vahshiylar qatoriga qo‘shish bilan siyosiy maqsadda haqiqatni buzdilar va uning asosiy xizmatlarini ko‘rsatmasdan, o‘z xalqi, Vatani uchun xizmat qilgan qahramonni xalqning ongidan sug‘urib tashlamoqchi bo‘ldilar.
Milliy va mahalliy xususiyatlarni hisobga olish. Tarixiy jarayonlarni o‘rganishning bu asosiy qoidasi har bir millat teng huquqli bo‘lib, o‘z taqdirini o‘zi hal qilishi kerak, har bir tarixiy voqea va hodisani o‘rganishda milliy hamda mahalliy xususiyatlarni, ya’ni har bir millat va elatning tilini, dinini, yashash hududini, ishlab chiqarishni tashkil qilish usulini, ruhiyatini, urf-odatlarini, rasm-rusmlarini, an’analarini, marosimlarini to‘lig‘icha, har tomonlama hisobga olgan holda o‘rganishi kerak, degan fikrga asoslanadi.
Ushbu qoidaga rioya qilish ilgaridagidek ba’zi bir qabih niyatlarda mustamlakachilik siyosatining ijobiyligi haqidagi haqiqatga mutlaqo zid xayoliy xulosalar chiqarishga imkon bermaydi.
Chor Rossiyasining siyosatini faqat O‘rta Osiyoda mustamlakachilik siyosatining mahsuli sifatida qurilgan temir yo‘l, telegraf, ba’zi korxonalarga qarab baholashimiz to‘g‘ri bo‘larmikan? Siyosatga, uning oqibatiga baho berishda mahalliy xalqning (ular 1917 yilgacha O‘rta Osiyoda umumiy aholining 95 foizdan ortiqrog‘ini tashkil qilar edi) turmush darajasi qanday o‘zgarganligi, siyosiy, iqtisodiy huquqlari qanday amalga oshirilganligi, mahalliy va ma’naviy ehtiyojlari qay darajada qondirilganligi, turmush tarzi, e’tiqodining ixtiyoriy yoki majburlab o‘zgartirilganiga qarab baholanishi shart. Muayyan xalqning taraqqiyot darajasi “past” bo‘lsa - bu uning hayoti, ichki ishi. Uni har qanday “olijanob” maqsadda hech kimning tashqaridan kelib o‘zgartirishga haqqi yo‘q.

Yüklə 1,22 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin