Ijodiy yondashuv qoidasi. Obyektivlik va tarixiylikni to‘ldiruvchi omillardan biridir. Fan bir joy da qotib qolmaydi, ya’ni yangi manbalar ochiladi, izlanishlar orqali yangi xulosalar ishlab chiqiladi. Ulardan tarixiy jarayonlarni, shaxslarni baholashda foydalanish obyektiv haqiqatni tiklashga yordam beradi.
Bundan tashqari, ijodiy yondashish har bir manbaning asl nusxa yoki soxta ekanligini qayta-qayta tekshirib ko‘rishni, qiyoslashni taqozo etadi. Shuningdek, o‘tmishda mafkuraviy va ba’zi bir siyosiy maqsadlarda shakllangan xulosalar vaqt va tarixiy sharoit o‘zgarishi bilan o‘zining ahamiyatini yo‘qotadi yoki tarix sinovidan o‘tmaganligi ma’lum bo‘ladi.
Masalan, sovetlar davrini o‘rganayotgan tadqiqotchi, albatta, partiya va sovet tashkilotlari hujjatlariga murojaat qilishi aniq. Lekin ularning ayni haqiqat deb qabul qilinishi mushkul. Haqiqatni aniqlash uchun esa mavjud hujjatlarga kommunistik mafkuraning ta’siri bo‘lganligi ham hisobga olinishi kerak.
Tarixiy hodisalarni ma’lum davr, vaqt o‘lchovlari asosida o‘rganadigan usullar ham mavjud. Ularga bir vaqtda, bir yo‘la, baravariga sodir bo‘lgan tarixiy voqealarning vaqtini ketma-ket hisobga olib borish, tarixiy tadrijiylik, davrlarga ajratish usullarini kiritish mumkin. Shulardan birinchisi - bir vaqtda, bir yo‘la sodir bo‘lgan bir nechta tarixiy voqealar o‘rtasida aloqadorlik borligini ochsa, ikkinchisi - tarixiy voqealarning kelib chiqishidagi genetik aloqalarning mohiyatini tushuntiradi, uchinchisi - ularning rivojida yangi sifat o‘zgarishlariga o‘tish imkoniyatlarining borligini ko‘rsatib beradi.
Yana shu guruhga kiruvchi usullar: tarixiy qiyoslash, tuzilish tartibi bo‘yicha yondashish usullari ham mavjud bo‘lib, ulardan birinchisi tarixda yuz bergan bir xil turdagi voqealarni qiyoslash (taqqoslash) orqali ularning taraqqiy etishidagi umumiy yo‘nalishlarni aniqlab bersa, ikkinchisi bo‘lib o‘tgan tarixiy hodisalarning ba’zi muhim tomonlarini qaytadan hosil qilib, ular o‘rtasidagi aloqalarning qonuniyatlarini aniqlab beradi, uchinchisi esa jamiyatni ko‘p qirrali murakkab tartibli jism deb bilgani holda, ularning “gorizontal”, ya’ni yon tomonlama aloqalarini tahlil qilib beradi. Tadqiqotchining o‘z oldiga qo‘ygan aniq maqsadlariga qarab uslub ham belgilanadi.
O‘zbekiston tarixi jahon xalqlari tarixidan alohida, yangi tarixiy fan bo‘lmay, balki jahon tarixi fanining tarkibiy qismi, uning qonuniy davomi bo‘lgan, o‘zining yutuqlari bilan jahon tarixi fanini boyitadigan va ularning yutuqlaridan o‘zbek xalqini bahramand qiladigan fandir. Bu fanni jahon xalqlari tarixi faniga qarama-qarshi qo‘yish, ulardan ajratish yoki ular bilan aynanlashtirish mumkin emas.
O‘zbekiston tarixi boshqa ijtimoiy fanlar - falsafa, siyosatshunoslik, madaniyatshunoslik, iqtisodiyot, huquqshunoslik fanlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Masalan, falsafa fanining qonun va kategoriyalari O‘zbekiston tarixi uchun uslubiy asos bo‘lib xizmat qilsa, siyosatshunoslik esa bevosita siyosiy tarix fanining davomi sifatida uning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi. Iqtisodiy fanlar esa tarixda yuz bergan siyosiy munosabatlar qaysi iqtisodiy bazisning in’ikosi ekanligini ko‘rsatib beradi. O‘zbekiston tarixi davlat va huquq tarixi fani bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ulardan birinchisi ko‘proq siyosiy munosabatlar tarixini o‘rgansa, ikkinchisi davlat va huquqning vujudga kelishi va rivojlanishi jarayonini to‘liq, xronologik (birin- ketin yuz berishi) tarzda o‘rganadi. Ular o‘rtasidagi chambarchas bog‘liqlik har ikkala fanning ham siyosiy munosabatlarni o‘rganishi va shu asosda huquqiy munosabatlar tarixini tahlil qilishi bilan tavsiflanadi.
Shunday qilib, O‘zbekiston tarixi fani oldida quyidagi vazifalar turibdi:
O‘zbekistonda ilk shaharsozlik madaniyatining shakllanishi va eng qadimgi davlatchilikning kelib chiqishida azaliy o‘troq aholining madaniyati hal qiluvchi omil bo‘lganini ko‘rsatib berish;
miloddan avvalgi IX-VIII va VII-VI asrlarda ilk davlatchiligimiz taraqqiyoti jarayonini chuqur va izchil tadqiq etish;
ahamoniylar bosqini, Iskandar Zulqarnayn va uning vorislari davridagi qadimiy davlatchiligimizni tiklash uchun kurashning mohiyatini ochib berish; Kushonlar sulolasi davri tarixini o‘zbek davlatchiligi tarixi asosida chuqur tadqiq qilish;
Buyuk Ipak yo‘lining paydo bo‘lishi va uning ichki, tashqi savdo, iqtisodiy hamda madaniy munosabatlarda tutgan o‘rnini yoritib berish;
ilk va rivojlangan o‘rta asrlarda o‘zbek davlatchiligining barcha bosqichlari tarixini yaxlit tizim sifatida o‘rganish va uning jahon sivilizatsiyasi rivojlanishiga qo‘shgan hissasini tadqiq etish;
XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrda markazlashgan o‘zbek davlatchiligi rivojlanishining o‘ziga xos qonuniyatlari va xususiyatlarini, Amir Temurning yirik davlat arbobi, madaniyat va fan xomiysi sifatida jahon tarixida tutgan o‘rnini chuqur yoritish;
XVI-XIX asrning birinchi yarmida o‘zbek davlatchiligining xususiyatlarini, siyosiy tarqoqlik sharoitida boshqarish usullaridagi nuqsonlarni, madaniyat, fan, san’at sohalaridagi tanazzul alomatlarini o‘rganish;
o‘zbek xalqining Chor Rossiyasi mustamlakachiligi va sho‘rolar istibdodi davridagi iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ma’naviy ahvoliga xolisona baho berish;
o‘zbek davlatchiligi tarixining istiqlol qo‘lga kiritilgandan keyingi eng yangi davrini har taraflama, keng yoritish.
O‘zbekiston tarixining asosiy manbalari
Tarixni o‘rganishda manbalarning ahamiyati o‘ta muhim. Manbalar shartli ravishda ikkiga bo‘linadi. Birinchisi - arxeologik izlanishlarning natijalari. Bunday manbalar ayniqsa, yozuv paydo bo‘lguncha o‘tgan davrni o‘rganishda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Olimlarning fikricha, yer yuzida insoniyat paydo bo‘lganiga million yildan ortiqroq vaqt o‘tgan. Yozuv esa atigi 6 ming yil ilgari yuzaga kelgan. O‘zbekistonning tarixi bilan bog‘liq, saqlanib qolgan ilk yozma manba “Avesto” taxminan 3 ming yil oldin yaratilgan deb hisoblanadi. Demak, undan oldingi tarixning qiyofasi hozircha asosan arxeologik izlanishlar orqaligina tiklanishi mumkin.
Arxeologiya mutaxassisligiga aloqador bo‘lmagan oliy o‘quv yurtlarining talabalari, jumladan IIV Akademiyasi tinglovchilari izlanishlarda bevosita ishtirok etmasalar-da, biroq matbuotda e’lon qilingan ma’lumotlardan to‘laroq bahramand bo‘lishlari mumkin.
Yozma yodgorliklar O‘zbekiston tarixining asosiy manbai hisoblanishi lozim. Lekin qadimdagi mahalliy: Xorazm, Baqtriya, So‘g‘d yozuvlaridan namunalar saqlanib qolmagan. Buning asosiy sabablari arab bosqinchilarining faoliyati bilan bog‘liq. O‘lkada e’tiqod qilinadigan zardo‘shtiylik va buddaviylikni tag-tomiri bilan yo‘q qilish uchun yozma manbalar gulxanda yondirildi, savodli bo‘lgan din targ‘ibotchilari jismonan yo‘q qilindi. Shuning uchun eng qadimgi tarixning tiklanishida yunon, rim (Gerodot, Strabon va h. k.), xitoy, arab, fors manbalaridan foydalanilgan. Keyingi davr - o‘rta asrlarga taalluqli bo‘lgan juda ko‘plab arab, fors, turkiy tillarda yozilgan manbalar bizgacha yetib kelgan. Bugungi kunda O‘zbekiston kutubxonalarining o‘zida tarix va ijtimoiy hayotning o‘zga sohalariga oid 20 mingdan ortiq nodir qo‘lyozmalar saqlanmoqda.
Respublika kutubxonalarida tarixning turli jabhalari yoritilgan minglab ilmiy, publitsistik, badiiy adabiyotlar, davriy matbuot materiallari borki, o‘quvchi bularni o‘rganish bilan O‘zbekiston tarixi haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi mumkin. Akademiya tinglovchilari O‘zbekiston tarixini o‘quv dasturi doirasida bilishlari shart. Buning uchun Vatanimiz tarixiga oid darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari yetarli.
Talabalar uchun asosiy manba sifatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oliy Majlisning umumiy va oliy ta’limga oid boshqa qonunlari, hukumat qarorlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishlari xizmat qiladi. Bu borada Prezident I. A. Karimovning asarlarini alohida ta’kidlab o‘tmoq lozim. Ularda o‘tmishni o‘rganishning mohiyati va metodologiyasi, yuksak ma’naviyatni shakllantirish, o‘zlikni anglashning ahamiyati, tarixiy, milliy qadriyatlar, diniy e’tiqodlarni tiklash va boshqa masalalar yoritilganki, ularni bilish va amal qilish voyaga yetayotgan yoshlarimiz uchun o‘ta muhimdir. Bundan tashqari, Prezident asarlari o‘tmishga va bugungi kunimizga taalluqli boy tarixiy ma’lumotlar keltirilgan yagona manba hisoblanadi.
Tarixni o‘rganuvchi har bir inson zamon bilan hamnafas bo‘lishi, ya’ni tinglovchi davriy matbuot bilan muntazam tanishib borishi, radioeshittirish va televideniye ko‘rsatuvlaridan boxabar bo‘lib, ularda ilgari surilayotgan g‘oyalarni o‘zlashtirib borishi kerak. Shundagina o‘quvchining fikri asoslangan, mukammal bo‘ladi, u mustaqil ravishda jamiyatda sodir bo‘layotgan jarayonlarning kelib chiqish sabablarini tushunib, ularga obyektiv baho bera olish darajasiga yetadi. Shu tariqa o‘quvchi O‘zbekiston davlatining yetuk fuqarosi bo‘lib shakllanadi.
2-ma’ruza
O‘ZBEK XALQINING ETNIK SHAKLLANISHI
O‘zbek xalqining etnogenezi: tarixiy xususiyati va mohiyati
O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishgani shu o‘lkada ming yillar mobaynida yashab kelgan ajdodlarimiz tarixini qaytadan o‘rganishni taqozo etadi, chunki yetmish uch yil hukmronlik qilgan kommunistik partiya tomonidan ota-bobolarimiz yozuvlarining tez-tez almashtirilib turilgani, ko‘pgina tarixiy adabiyotlarning mafkuramizga to‘g‘ri kelmaydi, deb yo‘q qilinishi, yuqori darajadagi ilmiy ahamiyatga molik bo‘lgan tarixiy asarlarning markazga tashib ketilgani, hujjatlarning o‘ta maxfiy saqlangani o‘lkamizda yashagan xalqlar, ayniqsa, o‘zbek xalqining kelib chiqishi va shakllanishi tarixini to‘lig‘icha xolisona, ilmiy dalillar asosida yoritishga imkon bermadi.
Mustaqillikka erishganimizdan key in xalqimizning o‘z yurti, tili, madaniyati, qadriyatlari tarixini bilishga, o‘zligini anglashga qiziqishi ortib bormoqda. Bu - tabiiy hol. Odamzod borki, avlod-ajdodi kimligini, nasl- nasabini, o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloq, shahar, xullas, Vatanining tarixini bilishni istaydi 1.
Bugungi kunda istiqlolimiz o‘zbek xalqining jahon xalqlari orasida teng bo‘lib yashashdek azaliy orzusini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratish bilan birga, “o‘zbek xalqining izzatini joyiga qo‘yishni” 2 oliy maqsad sifatida talab qilmoqda. Mazkur ma’ruzadan ko‘zda tutilgan maqsad, birinchidan, o‘zbek xalqining qachon kelib chiqqani, qaysi elat va qabilalarning ta’sirida shakllanganini yoritish, ikkinchidan, tarixiy adolatni tiklash, uchinchidan, tinglovchilarning milliy ongini shakllantirish asosida ularni ichki ishlar organlarining ona Vatanga sadoqatli, O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash uchun kuch-quvvatini va aql-zakovatini ayamaydigan xodimlari qilib yetishtirishdir.
Yer yuzida yashayotgan barcha xalqlar to‘satdan yoki tasodifan pay do bo‘lgan emas, ular turli nomlar bilan hayot so‘qmoqlarini bosib o‘tgan. Bir guruh xalqlar o‘zlarining etnik nomlarini asrlar osha saqlab kelgan, boshqalari esa o‘zga qavmlar tarkibida hayot kechirgan. Ba’zi elatlar iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy munosabatlar tufayli hamda ayrim etnik guruhlarning nufuzli ta’sirida boshqa qavmlarga singib ketganlar. Xuddi shuningdek, turkiy elatlar ham o‘z nomlariga ega bo‘lgunga qadar turli etnik nomlarga ega bo‘lib, boshqa elatlar bilan birga yashaganlar 3.
Xalqlarning kelib chiqish tarixini (etnogenezini) va shakllanish jarayonini o‘rganishda ijtimoiy fanda “etnos” (yunoncha «xalq») va “etnik birlik” iboralari qo‘llaniladi. «Etnos» atamasi juda keng va tor ma’nolarda ishlatiladi. Masalan, Amerika xalqi, Rossiya xalqi, O‘zbekiston xalqi, viloyat xalqi yoki boshqa kichik bir guruh kishilariga nisbatan ham “xalq” iborasi qo‘llanilgan. Shuning uchun ham ma’lum bir ijtimoiy tuzumda vujudga kelgan etnik uyushmaga “Etnik birlik” iborasi ishlatiladi. «Etnik birlik» ma’no jihatidan “xalq” atamasiga nisbatan aniq tushunchadir. Etnik birlik - aniq sharoitda, tabiiy-tarixiy taraqqiyot jarayonida vujudga kelgan ijtimoiy uyushma. Fanda etnik birlik bosqichining uch turi mavjud: qabila, elat va millat 1.
O‘zbek xalqining kelib chiqishi to‘g‘risida tarixchi va qadimshunos olimlar o‘rtasida hozirgi kunga qadar turli fikrlar mavjud. Ba’zi olimlar o‘zbek xalqi kelib chiqishining tarixini XVI asrda O‘rta Osiyoga Shayboniyxon boshchiligidagi ko‘chmanchi o‘zbeklarning bostirib kirishi bilan bog‘laydilar.
Ko‘chmanchi o‘zbeklar turkiy tilda so‘zlashuvchi aholi tarkibiga keyinroq kelib qo‘shilib, ularga o‘z nomlarini berganlar. Bundan o‘zbek degan nomning o‘zi ham XVI asrda paydo bo‘lgan ekan-da, degan fikr yuzaga kelishi mumkin. Albatta, yo‘q. «O‘zbek» so‘zi XIII-XIV asrlarda yashagan Juvayniy va Rashididdinlarning asarlaridan ham bizga ma’lum. Jumladan, Eron tarixchisi va geografi Hamidulloh Qazviniy “Tarixi Guzida” nomli tarixiy asarida 1335 yilda Ozarbayjonga yurish qilgan askarlarni “o‘zbeklar” degan etnik nom bilan ataydi. Oltin O‘rdaning sharqiy qismida yashagan va Oltin O‘rda xoni (1312-1342 yy.) O‘zbekxon qo‘shini tarkibiga kirgan ko‘chmanchi xalq ham «o‘zbek» etnik termini bilan atalgan.
Tarixchi Hamidulloh Qazviniy yuqoridagi tarixiy asarida Oltin O‘rdani “Mamlakati o‘zbekiy” deb ataydi. Nizomiddin Shomiy bilan Sharafiddin Ali Yazdiy ham Temurning Oltin O‘rdaga qilgan yurishini tasvirlaganlarida, o‘zbek atamasini shu ma’noda qo‘llaydilar .
Biz yuqorida keltirilgan manbalarga tayanib, “o‘zbek” degan atama XVI asrda emas, balki undan ham avval paydo bo‘lgan, deb ayta olamiz.
Birinchidan, bu masalalar yuzasidan mulohaza yuritayotganda xalqning kelib chiqishi bilan nomning kelib chiqishini ajrata bilishimiz kerak. Albatta, avval xalq kelib chiqadi, so‘ng o‘z nomiga ega bo‘ladi. Shuning uchun ham, biz, bu fikrlarni davom ettirib, O‘zbekiston hududida yashagan ajdodlarimiz kimlar bo‘lgan va qaysi qabilalarning ta’sirida o‘zbek xalqi shakllangan, degan savollarga javob berishga harakat qilamiz.
O‘zbek xalqining kelib chiqishi chuqur qadimiy tarixga ega bo‘lib, uning dastlabki ko‘rinishlari asosan ikki guruhda, birinchisi - Amudaryoning quyi oqimi havzasi, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Zarafshon va Sirdaryo havzalarida, ikkinchisi esa - Toshkent vohasining keng hududlarini o‘z ichiga qamrab olgan, Sirdaryoning qirg‘oqlaridan to Talas, Chu daryolari havzalarigacha, Farg‘ona vodiysidan O‘sh, O‘zgan, Sig‘noqqacha bo‘lgan viloyatlarda ko‘p asrlar mobaynida yuzaga kelgan.
O‘rta Osiyo xalqlari kabi o‘zbek xalqi ajdodlarining ham etnik guruhlari paydo bo‘lishi miloddan avvalgi uchinchi va ikkinchi ming yilliklarga to‘g‘ri keladi. Ibtidoiy jamoa tuzumi, ko‘chmanchi chorvadorlik bilan shug‘ullanuvchi aholi, Amudaryoning quyi oqimi havzalaridagi xorazm- kanguy va massaget qabilalari, So‘g‘diyonaning so‘g‘d va sak qabilalari aholisi, shu jumladan Surxondaryo, Qashqadaryo, Zarafshon havzalaridagi, Sirdaryoning o‘rta oqimi Chirchiq, Norin, Qoradaryo, Talas, Chu, Toshkent vohasi va Farg‘ona vodiylarida yashagan qang‘a, day va sak qabilalari o‘zbek xalqi etnik guruhlarining dastlabki namoyandalari hisoblanadi 2.
Turkiston tarixiga oid o‘nlab tadqiqotlari bilan jahon ilm-fanida e’tirof etilgan mashhur Ahmad Zaki Validiyning “Umumturk tarixiga kirish” (Istanbul, 1881, 3-nashr) kitobidan ayrim dalillar keltiramiz. Tarix ilmining asoschilaridan biri bo‘lgan mashhur Gerodot miloddan avvalgi VII asrda hozirgi O‘rta Osiyo deb ataladigan mintaqamizda “Arg‘ippay” nomi bilan qudratli bir davlat qurilganini ma’lum qiladi. Uni saqalar qurganlar. Saqa Ovrupoda “skif” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Hech kim bularga daxl qila olmaydi, chunki ular ilohiy sanaladilar, - deb yozadi arg‘ippaylar haqida Gerodot, - ular qurol taqmaydilar, lekin insonlar orasidagi ixtiloflarni hal qilib beradilar. Bularga sig‘ingan insonlarga hech kim tega olmaydi. Gerodot ularning raislari hamisha sochini oldirib yurishini, ko‘p tillarni bilishini, madaniyatda boshqalardan ilgarilab ketganini yozadi. “Arg‘ippay” yoki boshqa bir manbaga ko‘ra “Arg‘imbay” yangi zamon tarixchisi V. Tomachekning fikriga ko‘ra, “Arg‘inbay” so‘zidan olingan. Arg‘in esa bugungi kunda o‘zbek, qozoq, qirg‘iz millati tarkibiga singib ketgan “arg‘in” urug‘ining nomidir. Darhaqiqat bugungi Toshkent va Farg‘ona vodiysini aylansangiz yoxud Qarshi - Buxoro vohasiga o‘tsangiz, “Arg‘in” nomli jug‘rofiy atamalarga, mahalla-qishloq nomlariga duch kelishingizga shubha
yo‘q 1.
Ammo, yuqorida keltirilgan vohalarda va dashtlarda yashagan aholi haqida ilk ma’lumot bergan yunon tarixchilari (avvalo, Gerodot) bu xalqlarni kelib chiqishi jihatdan yunonlarga mansub bo‘lmasa-da, skiflar deb ataganlar.
Haqiqatan ham, o‘zbek xalqining ajdodlari bo‘lmish turkiy xalqlarning Oltoy davridan keyingi rivojlanish jarayoni aynan skiflar faoliyati bilan uzviy bog‘langan. Shuni aytib o‘tish joizki, skiflar murakkab qabilalar birikmasidan iborat bo‘lib, ularga oid ma’lumotlar yo‘q, faqat skiflar davlatiga asos solgan podshoh - Targ‘itoy nomigina saqlanib qolgan. Uning o‘g‘illari nomi, jumladan Yorg‘itoy ismi ma’no jihatidan turkiy atamalarga mos keladi 2.
Dashti Qipchoq, O‘rta Osiyo, Oltoy, Markaziy Osiyoda yashagan va bundan uch ming yil avval skif deb atalgan xalqlar - hunnlar nomi bilan mashhur bo‘lganlar. Skiflarning etnografik, antropologik xususiyatlari xunlarga yoki turkiy xalqlarga o‘xshashdir. Mahmud Qoshg‘ariyning ta’kidlashicha, Iskandar Zulqarnayn O‘rta Osiyoni bosib olayotganida turklar o‘q-yoyni old tomonga qanday otsa, orqa tarafga ham shunday mahorat bilan otganlar. Bu etnografik xususiyalar xunnlar yoki turkiy xalqlarning udumlari skiflarnikiga o‘xshash deb qarashga asos beradi.
Qadimgi yunon olimlari ham skiflarning yetakchi qabilalari nomi - gunnlar (xunnlar) ekanligini ta’kidlashgan. Hatto IX asr allomasi Muhammad al Xorazmiy arab muarrixlari turkiy xalqlarni yoki VII-IX asrlarda siyosiy hayot maydonida ko‘ringan turkiy qavm to‘qqiz o‘g‘izlarni skif so‘zi oldiga “i” tovushini qo‘shib “iskif” deyishini aytgan. Skiflar tarkibidagi xalqlarga yunonlar, xitoyliklar, eroniylar o‘z tillariga moslab nom qo‘yganlar. Shuning uchun ham yuqorida aytganimizdek, yunonlar miloddan avvalgi V asrdan milodning boshlariga qadar O‘rta Osiyoda yashagan xalqlarni umumiy etnik nom bilan skif deb atashgan. Eron Behistun, Nahshi Rustam va Persopol degan joylardagi Ahamoniy Eroniy podsholarning qabr toshlarida va yodgorlik lavhalarida, qoyatoshlarga o‘yib yozilgan zafarnomalarda O‘rta Osiyoda yashagan xalqlar sanab ko‘rsatiladi va shu bilan bir qatorda saklarning uchta qabila guruhi eslatiladi 3.
Bulardan:
“saka-xaumavorka” - tekshiruvchilar bu guruhni Gerodotning “Skif- amyurgiya”lari, Ktesiy Knidskiyning (Gerodotning kenja zamondoshi) “Shoh Omargning skiflari” va keyingi davr mualliflarining sakaravalari bilan aynan bir deb hisoblaydilar;
“saka-tigraxauda” - bu nom, odatda “tepasi uchli telpak kiygan saklar” deb tarjima qilinadi. Bu yunoncha matnlardagi “ortokoribantlar” degan terminga to‘g‘ri keladi;
“saka-tiay-tara-darayya” - “dengiz ortidagi” yoki “daryo ortidagi saklar”. Mualliflar yaqin vaqtlarga qadar ularni Yevropa skiflari bilan aynan bir deb hisoblab kelganlar. Ammo so‘nggi yillarda, ayniqsa, Behistun yozuvlarining V ustuni tadqiq etilishi munosabati bilan olimlar (xususan, akademik V. V. Struve) bu o‘rinda gap O‘rta Osiyolik «daryo ortidagi saklar» haqida bormoqda, degan fikrga kela boshladilar.
Yozuvning V ustunidagi matnga qaraganda, saka-tigra-xaudalar” “daryo ortidagi saklar” bilan qo‘shni bo‘lib yashaganlar. Ba’zi mualliflar saka- xaumovarkalar Murg‘obda, ba’zilar Pomirda (R. Gerrman, A. N. Bernshtam) yoki qisman Pomir va Farg‘onada (K. V. Trever) yashaganlar degan fikrni ilgari suradilar. Saka-xaumovarkalar Xorazm-massaget harbiy ittifoqining asosini tashkil etgan, degan nuqtai nazar ham bor. Bu ittifoq Qoraqumni, Xorazm vohasini va Sirdaryoning quyi oqimini egallagan (S. P. Tolstov, YA. G‘.G‘ulomov) Saka-tigra-xaudalar, saka-xaumovarkalarning sharq tomonida, ya’ni Toshkent viloyatida, Sirdaryoning o‘rta oqimida va janubiy Qozog‘istonda, “saka-tiay-tara-darayya”lar esa O‘rta Osiyoning janubida,
Amudaryoning o‘ng sohilidagi tog‘li va dasht viloyatlarda so‘g‘dlar bilan yonma-yon yashaganlar deb hisoblashadi1.
Keyingi davrlardagi yunon-rim mualliflarining (Polibiy, Pliniy, Ptolemey va boshqalar) asarlarida ayrim sak va massaget qabilalarining juda ko‘p nomlari berilgan. Ular yashagan joylarning aniq chegarasini belgilash masalasi o‘nlab yillar davomida munozaralarga sabab bo‘ldi. Ya’ni keng hududlarda, Toshkent vohasi va Farg‘ona vodiysida yashagan va uning tub aholisi bo‘lgan saklar, bizningcha, turkiy tilda so‘zlashuvchilar bo‘lib, faqat ma’lum qismigina eroniy - so‘g‘d tillarida so‘zlashuvchilar bo‘lgan. Antik mualliflar forsiy yozuvlar, eron xalqining kelib chiqishini sharhlab, saklar madaniyatini, urf-odatlarini, tilini va turmush tarzlarini tasvirlaganlar. O‘zbekistonning hozirgi hududida yashagan saklar o‘zbek xalqining dastlabki ajdodlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Biz bu ma’lumotlardan o‘zbek xalqining va O‘rta Osiyodagi boshqa xalqlarning shakllanishida madaniy o‘troq vohalar - Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent vohasida, shuningdek, Farg‘ona vodiysida yashagan mahalliy saklar muhim o‘rin tutganlar, degan xulosaga kelamiz. Yana shunday taxmin qilish mumkinki, cho‘ldagi ko‘chmanchi qabilalar massagetlar, daylar va boshqalar, hatto saklardan ham oldin paydo bo‘lganlar, ammo ularning kelib chiqishi bir bo‘lgan. Bu haqida qadimgi antik mualliflar xabar berib o‘tganlar.
So‘nggi yillarda yangi arxeologik materiallar topilganligi tufayli bu qabilalardan ko‘pchiligining yashagan hududi yetarli darajada aniqlandi. Bulardan yana biri massagetlar (mil. av. VII-V asrlar) qabilalarining yirik ittifoqi bo‘lib, uning tarkibiga bir necha asl sak qabilalari kirar edi.
Ularning ko‘pchiligi frako-kimmeriy qabilalariga mansub bo‘lgan. Ular nomining o‘ziyoq maza-geta, ya’ni “ulug‘ getlar” shundan guvohlik beradi. Getlar degan etnik nom frako-kimmeriy qabilalari yashagan viloyatning g‘arbida juda katta hududga tarqalgan edi. Boshqa bir gipotezaga ko‘ra, massagetlar so‘zi “mas-saka-ta”dan iborat bo‘lib, “katta saklar o‘rdasi” demakdir.
Zarafshon havzasida saklar tiliga yaqin turuvchi qadimgi so‘g‘d tilida gapirgan so‘g‘dlar ham yashar edilar. Ular shimoli-g‘arbiy tomondan saka- xaumavarkalar bilan g‘arbda dirbeklar bilan chegaradosh bo‘lganlar. So‘g‘d tilida so‘zlashuvchi qabilalar yashagan So‘g‘diyona bilan Baqtriya o‘rtasidagi chegara Hisor tizma tog‘lari bo‘ylab o‘tar edi. Shunday qilib, tarixiy rivojlanishning ilk bosqichida o‘zbek xalqi qadimgi ajdodlarining etnik-til munosabatlari shakllangan. Bu bosqich juda ko‘p asrlarni, jumladan, miloddan avvalgi minginchi yillarning boshidan, taxminan miloddan avvalgi
asrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oldi.
Ikki daryo oralig‘idagi xalqlarning yerlari doimo ajnabiy bosqinchilarning e’tiborini o‘ziga tortib kelgan. Qadimdan ona yurtimiz hududlariga bostirib kirgan xalqlar, albatta, o‘zbek xalqining shakllanishiga ta’sir o‘tkazmasdan qolmagan.
Miloddan avvalgi 550 yilda Ahamoniylar boshliq forslar midiyaliklar hukmronligiga chek qo‘yganlaridan so‘ng, hokimiyatni o‘z qo‘llariga oladilar, so‘ng O‘rta Osiyo yerlarini bo‘ysundirish uchun kurash olib boradilar.
Gerodot Kirning Midiya va Bobilni bo‘ysundirgandan keyin o‘z kuchlarini Kaspiy dengizining sharqiy tomonidagi massagetlar yashaydigan tekisliklar sari yo‘naltirgani to‘g‘risida xabar beradi1.
Ahamoniylarning O‘rta Osiyodagi bir qancha viloyatlar ustidan hukmronligi ikki yuz yildan ortiqroq davom etdi. Albatta, Ahamoniylarning O‘rta Osiyodagi hukmronligi, bu yerda yashovchi xalqlarning tiliga va tashqi ko‘rinishiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Tarix ilmi Turon yerida va Turon davlatlarida faqat turklar emas, balki hozirgi kunda tojik deb nomlangan xalqlarning ota-bobolari ham yashaganligini ko‘rsatadi.
Bundan bilishimiz mumkinki, Turon zamini qadimdan turkiylar va tojiklar yeri edi. O‘rta Osiyoda azaldan so‘g‘dlar, xorazmliklar hamda turkiy elatlar aralash bo‘lib yashab kelganliklari ma’lum. So‘g‘dlar o‘troq hayot kechirib, asosan, dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo bilan shug‘ullanishgan, turklar va so‘g‘dlarning sak qabilalari esa ko‘chmanchi hayot kechirib, asosan, chorvachilik va askarlik bilan shug‘ullanganlar. Tili har xil, lekin tarixda doimo bir davlat doirasida yashagan bu ikki elatni bir- birisiz tasavvur etish qiyin. Shuning uchun o‘zbek xalqining shakllanishida bu xalqning ham ta’siri bo‘lganligini aytmasdan ilojimiz yo‘q.
Uzoq davr mobaynida Iskandar Zulqarnayn yurishidan (miloddan avvalgi 329-327-yillar) VI asrning o‘rtalarigacha, ya’ni Yettisuv tuprog‘ida Garbiy turk xoqonligi yuzaga kelgan vaqtga qadar, hozirgi O‘zbekiston hududiga juda ko‘p istilochilar kelib ketdi. Ular bu yerda o‘zlarining chuqur siyosiy, madaniy va etnik izlarini qoldirdilar. Iskandar Zulqarnaynning yurishlari natijasida Yunon-Baqtriya podsholigi vujudga keldi, miloddan avvalgi III-II asrlarda mavjud bo‘lgan So‘g‘d o‘lkasi shu podsholik tarkibiga kirgan va u zamonlar mahalliy so‘g‘d madaniyati ellinizm elementlari bilan boyigan edi.
Biroq mahalliy aristokratik guruhlar bilan bog‘langan yunon- makedoniyaliklar Yunon-Baqtriya o‘lkasida kichik bir qatlamni tashkil etganliklaridan, dehqonchilik qiluvchi aholining etnik tarkibiga, xususan, so‘g‘dlar tiliga jiddiy o‘zgartirishlar kiritmadilar2.
O‘rta Osiyo xalqlari tarixida, jumladan o‘zbek xalqining shakllanishida Qang‘ davlatining ahamiyati juda katta bo‘lgan. Miloddan avvalgi III asrda bu davlat Sirdaryoning o‘rta oqimida yashovchi tub aholini va bir qancha ko‘chmanchi, yarim ko‘chmanchi qabilalarni hamda o‘lkalarni birlashtiradi. Ishlab chiqarish kuchlarining tobora o‘sib borishi bilan dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq va madaniyat taraqqiy etadi, yirik shaharlar va qishloqlar vujudga keladi. Qang‘ davlatining chegarasida qadimiy eron tilida so‘zlashuvchi xalqlar Markaziy Osiyo, Janubiy Sibir va Yettisuvning shimoliy tumanlarida yashovchi turkiy tilda so‘zlashuvchi qabilalar bilan
yaqinlashib, o‘zaro iqtisodiy va madaniy hamkorlikda bo‘lib keladilar. Ana shu aloqalar natijasida bu ikkala til guruhida xalqlar qisman aralashib boradilar va bularning qo‘shilishidan miloddan oldingi II-I asrlarda Sirdaryoning o‘rta oqimlarida turkiy tilda so‘zlashuvchi yangi etnos vujudga kela boshlaydi. Xuddi shu xildagi jarayon keyinroq Farg‘ona va Zarafshon vohasida ham yuz berdi. Milodiy I-II asrlarda yangi etnos son jihatdan birmuncha ko‘payadi va alohida elat bo‘lib shakllanadi. Shu asrlarga kelib Sirdaryoning o‘rta qismida yashovchi xalqning alohida elat bo‘lib shakllanishi uchun asosiy omillar mavjud edi: iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ma’naviy hayot birligi, umumiy hudud va etnik nom (qandar, qang‘ar) vujudga kelgan. Ammo bu elat antik bosqichda vujudga kelgan bo‘lib, o‘z davriga xos siyosiy va etnik birlik edi. Qang‘ davlati yemirilishi bilan (milodiy V asr o‘rtalarida) uning tarkibidagi elat va qabilalar tarqalib ketadi, yangi siyosiy uyushmalar va etnik birliklar vujudga keladi.
Qang‘ davlati inqirozga uchragandan so‘ng, uning tarkibidagi salmoqli bir qismi ilk o‘rta asrlarda Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimlarida yangi qabila ittifoqini tashkil etadi, bular qadimiy etnik nomlari bilan qang‘ar deb atala boshlaydi. Ammo bu yangi qabila ittifoqi ikki asr mobaynida saqlanib, keyin tarqalib ketadi1.
Qadimgi davrda o‘zbek xalqi rivojlanishining keyingi ikkinchi bosqichi massaget-kushonlar davriga to‘g‘ri keladi va bu bosqich milodning II asridan III asrlarigacha davom etadi. Bu davrda etnik til ko‘rinishlarining shakllanishi mahalliy o‘troq va ko‘chmanchi aholi o‘rtasida yanada rivojlanib, turkiy tilda so‘zlashuvchilarning etnik til tarkibi yanada kengayadi.
Biz yuqorida ta’kidlaganimizdek, turkiy xalqlarning shakllanishida juda katta o‘rin tutgan massaget-yuyechji-kushon qabilalari turkiy aholiga mansub edi. Bu haqida Xitoy yozma manbalari, shuningdek arxeologiya-numizmatik topilmalari ma’lumot beradi. Shuning uchun o‘zbek xalqi shakllanishining ikkinchi bosqichini tashkil qilgan kushonlar, ya’ni oq xunnlarning qay tarzda bizning xududimizga kirib kelganliklari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Miloddan avvalgi III asrda Oq xunnlar (kushonlar) xunnlarning bir tarmog‘i sifatida Markaziy Osiyoning Gansu viloyatida yashagan. Oq xunnlar Ulug‘ xunnlarning ittifoqchisi hisoblangan hamda ularga qarindosh bo‘lgan.
Oq xunnlar bilan Xunn imperiyasining ittifoqchisi uysunlar (uysunlar, xunnlarning bir tarmog‘i) orasida nizo kelib chiqadi va bu kurashda yengilgan Oq xunnlar o‘z hukmdori - xonning xotini boshchiligida g‘arb tomonga ko‘chadilar. Dastlab Ko‘char o‘lkasiga, so‘ngra Ili vodiysiga joylashadilar, uysunlar miloddan 150 yil avval Ulug‘ xunn davlatidan yordam olib, Oq xunnlarni bu vodiydan ham siqib chiqaradilar.
Oq xunnlar avval Qashqar vodiysiga, so‘ngra Baqtriyaga ko‘chib keladilar, Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘iga (Surxondaryo va Qashqadaryo vohasiga) o‘rnashadilar, yunon-makedon (Ellin) davlatiga zarba beradilar va ular hukmronligini yemirib tashlaydilar. Ular miloddan avvalgi ikkinchi asrda Ulug‘ Kushon davlatini tuzadilar. Bichurinning bergan ma’lumotlariga qaraganda, ular bir yuz yigirma ming oiladan iborat, har qaysi oila bir harbiy kishi berishga qodir bo‘lgan, bu davlat aholisi tarkibini kushonlar tashkil etib, ma’lum qismi juan-juanlar (mo‘g‘ullar) edi.
Shuningdek, kushonlar, qang‘a (qang‘alilar), qanlar, usunlar, tyukyu kabi xalqlar bir-biriga yaqin lahjada so‘zlashgan hamda qonunlari (tuzuklari), udumlari bir-biriga o‘xshash bo‘lgan. Bunga misol qilib, shuni ayta olamizki, kushonlar va eftalitlar davriga oid ellin-baqtriya xatida beshinchi asrda turkiy tilda bitilgan jumlalar saqlanib qolgan: «Kuysan (Kushon) tilintin to‘g‘ri tilincha yaratmish, anatkak (sanskrit) tilintin to‘xri tilincha yaratmish»1. Bu misol O‘rta Osiyo xududiga kirib kelgan kushon va eftalitlar ham turkiy xalqlar avlodi ekanligini, ular qatori xunnlar ham qadimgi turkiy qavmlar bilan qarindoshligini ko‘rsatadi.
O‘zbek xalqi ajdodlari shakllanishining eng asosiy uchinchi va to‘rtinchi bosqichlari esa Eftalitlar davlati va Garbiy turk xoqonligining vujudga kelishi davriga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, bu paytga kelib turkiy tilda so‘zlashuvchi o‘zbek xalqi ajdodlarining bir-birlari bilan qo‘shilishi va shakllanishi uchun qulay sharoit yetiladi.
Eftalitlar davlati va g‘arbiy turkiy xalqlar hukmronligi davrida turkiy tilda so‘zlashuvchi mahalliy aholi va eroniy aholi, shu jumladan so‘g‘diy aholining hozirgi O‘zbekiston tuprog‘ida, Toshkent vohasi, Farg‘ona vodiysi va Qozog‘iston viloyatlari, Qirg‘iziston va Yettisuvdagi qardosh turkiy qabilalar bilan aralashuvi, qo‘shilishi yuz bergan. Bunday qiyin jarayon tufayli mahalliy qabilalarning etnik til tarkibi kengaydi va natijada turkiy xalqlarning monolit etnik til birikmalari paydo bo‘ldi, ular Eftalitlar davlati va Garbiy Turk hoqonligining asosiy tayanchi bo‘lib qoldilar.
Eftalitlar haqidagi ma’lumotlar milodning IV asriga taalluqlidir. Xitoy manbalarida eftalitlar Jujonlar tarkibiga kiritilib, “yeda” nomi bilan atalgan. Keyinchalik Vizantiya manbalarida eftalitlarni oq xunnlar deb nomlaganlar.
XII asrlarda fors va arab tilida yozilgan Sharqiy Osiyo manbalarida eftalitlar tilga olinib, ular “xaytal” yoki “xeptal” deb atalgan. Ular o‘troq hayot kechirishga o‘tib, dehqonchilik va hunarmandchilik, ko‘chmanchilar esa chorvachilik bilan shug‘ullanganlar.
Sobiq sovet olimlaridan S. P. Tolstov va A. YU. Yakubovskiylarning shahodat berishlaricha, eftalitlarning hokimiyatga kelishlari massaget qabilasi boshliqlari tomonidan amalga oshirilgan to‘ntarish oqibatida ro‘y bergan. Eftalitlar davlati IV asrda paydo bo‘lgan, uning gullab-yashnagan davri V asrga to‘g‘ri keladi va Kushon davlatining davomi hisoblanadi.
Turkiy xalqlar asrlar osha Osiyo qit’asining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hayotida yetakchi guruhlardan biri hisoblanib kelgan. O‘rta Osiyo hayotida yuqorida aytib o‘tilgan Turk xoqonligi juda katta o‘rin tutgan, u milodning 552 yilida katta ko‘chmanchi davlatga aylangan. Xoqonlikning markazi Yettisuv bo‘lgan g‘arbiy qismi o‘z davrining birinchi o‘n yilidayoq mustaqil davlatga aylangan.
Bu davlat tarixda Garbiy Turk xoqonligi nomi bilan mashhurdir. Eftalitlar tor-mor etilgach (563-567 yillar orasida), turklar asta-sekin O‘rta Osiyo viloyatlariga kira boshlaydilar. Shunisi e’tiborliki, VI asrning 70-yillarida turklar Amudaryoga yaqinlashadilar. Biroq ular harbiy otradlar bo‘lib, bu yerda vaqtincha turar edilar va shuning uchun ular o‘zlaridan keyin mahalliy aholi tarkibida ahamiyatliroq bir iz qoldirmaganlar.
Yana bir qiziqarli ma’lumot, mashhur Sosoniy hukmdori Xisrav Anushirvon (531-579 y.) turk malikasiga uylangan bo‘lib, Anushirvonning o‘g‘illaridan bo‘lgan Xo‘rmuzning onasi shu malika edi. Shunday bo‘lsa-da, o‘sha VI asrning ikkinchi yarmida g‘arbiy turk hoqonligida turklarning ma’lum qismi Zarafshonning quyi oqimi taraflariga borishiga va Buxoro hududida joylashib qolishlariga sababchi bo‘lgan voqelar ro‘y beradi2.
Makvart va S. Tolstovning aniqlashlaricha, Hoqon Mug‘an bilan kanizakdan tug‘ilgan turk shahzodasi Abo (forsiycha transkripsiyada Abro‘y) farosatsizroq bo‘lib, VI asrning 80-yillarida qo‘zg‘olon ko‘taradi va ko‘pchiligi kambag‘allashgan aholidan tashkil topgan bir talay turklar bilan Buxoroga jo‘nab ketadi, bu yerda dehqonchilik qiluvchi aholining mulksiz qismi bilan birlashib, mahalliy aristokratiyani haydab yuboradi, Poykent shahrini qo‘lga olib, unda davlat ta’sis etadi. Bu orada Buxoro tumanlariga bir talay turklar kirib keladilar. Keyinchalik, turklarning yangidan-yangi guruhlari shimoldan kelib Sirdaryo va Amudaryo oralig‘idagi yerlarga asta- sekin o‘rnasha boshladilar. Demak, bu fikrlardan shu narsa yaqqol bo‘ladiki, bu yerda yashovchi so‘g‘diylar bilan turkiylarning aralashuvi keyinchalik ham davom etagan.
Turk hoqonligida so‘g‘dlar qishloq xo‘jalik mahsulotlari, hunarmandchilik uchun mas’ul bo‘lsalar, turklar chorva mahsulotlari va davlat mudofaasi - urush vazifasi uchun mas’ul bo‘lganlar. Na Xitoy, na Eron va na Arab manbalarida so‘g‘d-turk nizosi haqida biror gap yo‘q. Bu manbalarning barchasida “turk” so‘zi yonida “so‘g‘d” kalimasi ishlatilmagan o‘rinlarni topish mushkul. Bu tarixiy-ijtimoiy yaxlitlik xatto hozirgi zamon tilshunoslik, tarix fanlarida ham o‘z aksini topgan1.
Afsuski, VI-VII asrlarda, ya’ni arab istilosidan avvalgi davrlarda turkiy elatlarning Vatanimiz hududiga kelib o‘rnashishlari qanchalik va qaysi tartibda sodir bo‘lganligi haqida yetarli ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Arab bosqinchilari O‘rta Osiyo hududiga bostirib kirganlaridan so‘ng, turk tilida bitilgan yozuvlarni, madaniy va moddiy yodgorliklarning hammasini yo‘q qildilar. Manbalarning yo‘qligi tufayli ham bu davrni o‘rganish ancha qiyin kechadi.
Arab istilosiga qarshi kurashda ham turk-so‘g‘d lashkarlari birgalikda mudofaa uyushtirganlar. Mahmud Koshg‘ariyning “Devon ul lug‘atit-turk” asarida ham Turon shaharlarida so‘g‘diy til bilan birga turkiy tillar ko‘p qo‘llangani qayd qilingan. Demak, arab istilosigacha hozirgi O‘zbekiston aholisi ikki asosiy etnik qatlam so‘g‘d va turkiylardan iborat bo‘lgan. Arab
istilosidan keyin, xususan, Somoniylar davriga kelib so‘g‘d qatlamining o‘z tilini yo‘qotish jarayoni kuchaygan.
Tabiiyki, bu ikki qatlam - so‘g‘d va turkiy qatlamdan so‘g‘d tilining yo‘qolib borishi turkiy tilning to‘liq hukmronligiga olib kelishi kerak edi. Biroq bunday bo‘lmadi. Aholining, jumladan so‘g‘dlar bir qismining tili turkiy bo‘lib qoladi. So‘g‘dlarning mana shu qismida miloddan ham avval boshlangan jarayon - turkiylashtirish jarayoni poyoniga yeta boshladi. Natijada turkiy va so‘g‘diylarning bir necha asrlik aralashish jarayoni hosilasi - hozir o‘zbek deb nom olgan turkiy xalqqa asos solinadi1.
So‘g‘dlar va turklarning aralashuvidan vujudga kelgan yana bir etnosning tili turkiy ham, so‘g‘diy ham bo‘lmadi. Ularning tili Erondagi hukmron til - fors tili bo‘lib qoldi. Bu chigal muammoni soddaroq bayon qilishga urinib ko‘ramiz.
Arab istilosi davrida, arablar bilan birga forslarning ham Turonga bostirib kirgani ayon. Arab lashkarlarining taxminan ikkidan bir qismi forslar bo‘lgan. Tub aholisi islom dinini qabul qilishi qiyin kechganligi bois, arab sarkardalari mahalliy aholining (asosan, shahar va unga yaqin qishloqlarning) xonadonlariga musulmonchilik odatlariga rioya etilishini nazorat qiluvchilarni joylashtirganlar. Forslar Turonning xususiyatlarini arablarga nisbatan yaxshi bilganliklari uchun mahalliy oilalarga arablar nomidan forslarning joylashtirilishi ma’qul hisoblangan. Hokim va g‘oliblar tiliga moslashish ruhi hukmron bo‘lganligi tufayli ko‘pgina shaharlarda so‘g‘d- turklar fors tilini uylaridagi qorovullardan o‘rgana boshlaganlar2.
Tarixdan ma’lumki, arablarning o‘zlari ham Eron madaniyati ta’siriga uchraganlar. Mahalliy aholi - so‘g‘d-turkiylar uchun bosqinchi arabmi, forsmi, baribir edi. Shuning uchun o‘sha paytgacha arablar uchun qo‘llanilgan atama “tazik” ularni umumlashtiruvchi nom bo‘lib qolgan (qiyos qiling: ruslar tatarlar bilan birga bostirib kelgan turkiylarni ham “tatar” deb nomlaganlar yoki hozir bizda odamlar ukrain, polyak, yahudiylarni ham o‘ris deyishadi)3.
Somoniylar sulolasi o‘rnatilgach, fors tili davlat tili darajasiga ko‘tarildi va bu davrga kelib fors tilida badiiy, ilmiy adabiyotlarning yaratilishi bu tilning O‘rta Osiyo mintaqasida keng tarqalishini tezlashtirdi. U davrda boshqaruv tizimida va adabiyotda fors tilini qo‘llash rag‘batlantirilgan. Keyinroq ularning o‘rniga kelgan turkiy sulolalar ham shu yo‘sinda ish tutadilar.
Turkiy tilni fors tili kabi keng ko‘lamda qo‘llashga ham ahamiyat berildi. Mahalliy aholi uzoq paytgacha, ba’zi joylarda hozirgacha bu tilni tojik tili deb nomlashga ko‘nikmadi, uning asli fors tili ekanligini ta’kidlab keldi. Masalan, Pomir aholisi hali ham tojik tilini “pors” tili deb ataydi. Ya’ni bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, so‘g‘dlar bir paytning o‘zida ham o‘zbeklarning, ham tojiklarning ajdodi hisoblanadi.
Somoniylar zamonida turkiylashish jarayoni Shosh viloyatida ildamroq bordi. X asrning ikkinchi yarmida yashagan arab geografi Ibn Xavqalning ko‘rsatishicha, islom dinini qabul qilgan minglarcha turkiy oilalar sharqdan Forob, Kandij va Shosh o‘rtasidagi tumanlarga, ya’ni Chimkentdan g‘arbga va janubi-g‘arbga ko‘chib borganlar. Bu ko‘chmanchilar, bundan avval Sirdaryoning sharq tomonida, keyinroq uning o‘ng qirg‘og‘iga yaqin joylarda yashagan o‘g‘izlar edilar.
X asr oxirida Movarounnahrni Qoraxoniylar istilo qila boshlaydilar. Ularning bu viloyatlarga kirish jarayoni tadrijiy, lekin davomli tayyorgarlik bilan boradi. Qoraxoniylarning istilochilik harakatlari Yettisuv va Sharqiy Turkistonning unga qo‘shni bo‘lgan viloyatlaridan boshlanadi, bu yerlarda esa X asrning ikkinchi yarmida harbiy jihatdan kuchli, dastlabki feodal tipida bo‘lgan yarim ko‘chmanchi, yarim o‘troq turkiy davlat vujudga kelgan edi 1.
Yettisuvdagi turkiylar birlashmasiga bir qancha qabila va xalqlar - arg‘u, tuxsi, qorliq, chigillar va yag‘molar kirgan edi. Shu sanalgan xalqlardan dastlabki to‘rttasi madaniy jihatdan yuqori bosqichda turar edi, ular o‘rtasida faqat ovchi, chorvadorlar emas, balki oz bo‘lsa ham dehqonlar bor edi. Shunisi e’tiborliki, xuddi shu vaqtlarda bu yerdagi hamma so‘g‘d mustamlakalarida va shahar aholisining so‘g‘dlar o‘rnashgan qismida turkiylashish jarayoni tezlik bilan boradi.
Turkiylashish hammadan burun turkiy tili va nutqning g‘alaba qozonishida ifodalanadi. Buni X asrning mashhur olimi Mahmud Qoshg‘ariy ham qayd etib o‘tadi. Ma’lumki, Movarounnahr viloyatlarining Qoraxoniylar tomonidan istilo qilinishi jadallik bilan o‘n yillar mobaynida amalga oshdi.
Hayotning hamma sohalarida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu o‘zgarishlar ijtimoiy munosabatlar va siyosiy tuzumda bo‘lganidek, dehqonchilik bilan tirikchilik qiluvchi tumanlardagi aholi tarkibida ham yuz berdi. Albatta, faqat so‘nggi masala hozir bizning diqqat markazimizda turadi. Agar Qoraxoniylardan avvalgi davrlarda, turkiylarning O‘zbekiston tuprog‘iga kirishlari mamlakatdagi ko‘chmanchilar ko‘chib yuradigan maydonlarni to‘ldirish hisobiga bo‘lsa, qoraxoniylar zamonida bu hodisa yanada boshqacharoq tus olganligini, ya’ni turkiylar dehqonchilik tumanlarida o‘troq hayotga, mehnatga asta-sekinlik bilan o‘ta boshlaganliklarini ham ko‘rsatadi.
Fikrimizcha, bu har ikki jarayon tezlik bilan borgan, mo‘g‘ullar hujumi davri, ya’ni XIII asrning 20 yillariga kelib, ko‘pgina qishloq joylarida so‘g‘d tili turkiy til bilan almashgan. Modomiki, butun hayot so‘g‘diylik asosiga qurilgan So‘g‘d o‘lkasida shunday hodisa yuz bergan ekan, Shosh bilan Farg‘ona to‘g‘risida nima deyish mumkin? Bu yerda turkiy aholining hukmron bo‘lganligi haqida shubha yo‘q. Bizdagi dalillarga ko‘ra, O‘rta Osiyoning ba’zi bir shaharlarida turkiy aholi mo‘g‘ullar zamonidayoq hukmronlik mavqeini qo‘lga olganlar.
Masalan, buni Urganch shahri misolida ham ko‘rishimiz mumkin. 1333 yilda bu yerda bo‘lgan arab sayyohi Ibn Batutaning ma’lumotiga ko‘ra, “Urganch katta, chiroyli va ahamiyatli turk shaharlaridan” biri edi 2.
asrning 20-yillarida O‘rta Osiyoda mo‘g‘ullar istilosi tugatilgan bir qancha joylarda, hozirgi O‘zbekiston aholisi tarkibiga mo‘g‘ullar hokim element sifatida kirgan vaqtlarda, ular hech qayerda tojik tili ta’siriga yo‘liqmaganlar, hamma yerda turkiy til va nutqqa duch kelganlar.
Ma’lumki, XIII asrda mo‘g‘ul Chig‘atoy ulusining qarorgohi Ili daryosing vodiysiga qurilgan edi. Yana o‘sha XIII asrda qarorgohning g‘arbga ko‘chganligi haqida ma’lumotlar bor, ammo chig‘atoylaming bir qismi Movarounnahr tuprog‘iga ketgan. Shunisi qiziqarliki, XIII asrning 60- yillarida chig‘atoy xoni Muborakshohning taxtga o‘tirish marosimi Ohangaronda o‘tkaziladi. Chig‘atoy urug‘laridan biri bo‘lgan jaloyirlar taxminan shu yillarda Ohangaronda turib qolgan, ikkinchi bir yirik chig‘atoy urug‘i - barloslar yana o‘sha vaqt yoki undan sal keyinroq Qashqadaryo vodiysiga, Kesh (Shahrisabz)ga borib joylashgan 1.
Yettisuvdagi chig‘atoylar til jihatidan turkiylashgan bir zamonda bu jarayon Ohangaron bilan Qashqadaryoda endigina tugagan edi. Bu har ikki joyda ham turkiy aholi asosiy ommani tashkil etganligi uchun, bu jarayon tezroq ro‘yobga chiqa oldi. XIV asrning ikkinchi yarmiga kelib, jaloyirlar bilan barloslarni sira mo‘g‘ul deb aytib bo‘lmas edi. Ular o‘zlarini turk deb tasavvur etib mo‘g‘ullarga yoki Yettisuv mo‘g‘ullariga qarshi edilar.
Jaloyir va barlos urug‘lari bilan mo‘g‘ullar bir-birlariga yomon ko‘z bilan qarardilar. Ular bir-birlarini yarim mas’hara, yarim haqoratli laqablar bilan chaqirishlari ham tasodif emas edi. Yettisuv mo‘g‘ullari chig‘atoylarni “karavnos”, ya’ni duragay, chig‘atoylar esa mo‘g‘ullarni “jate”, ya’ni ashaddiy qaroqchi deb ataganlar 2.
Barlos urug‘idan chiqqan Amir Temur (1336-1405) mo‘g‘ulchani bilmas, ikki til - ona tili bo‘lgan turkiy va shahar tili bo‘lgan tojik tillarida gaplashar edi 3.
Amir Temur o‘zini mo‘g‘ul deb tan olmaganidek, uning Movarounnahrdagi zamondoshlari ham uni mo‘g‘ul deb o‘ylamaydilar. Biz uning markazlashtirish maqsadida qo‘shni mamlakatlarga qilgan yurishlariga qanchalik salbiy nazar bilan qaramaylik, baribir, uning Movarounnahrni sevishini va mamlakatni markazlashtirish uchun jonini jabborga berganini, shahar hayotini va dehqonchilik ekinlarini rivojlantirishga intilganligini e’tirof qilishimiz zarur.
Uning tug‘ilgan yurti Kesh (Shahrisabz) va Qashqadaryo vodiysi edi, o‘z nasli-nasabini mahalliy turkiy aholiga qarshi qo‘ymasdi. Ba’zi kishilar “chig‘atoy” terminiga va chig‘atoylarning urug‘larga bo‘linishiga hanuzgacha rasmiyatchilik nazari bilan yondashadilar. Bu terminning kelib chiqishidan boshlab o‘tgan bir yarim asr mobaynida bu termin o‘z ma’nosini o‘zgartirdi, Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoy nomi bilan bog‘liq bu termin dastlab 4 Chingiz qo‘shinini tashkil etgan mo‘g‘ul qabilalariga nisbatan ishlatilgan edi .
asrning 30- va 40-yillarida ushbu qabilalar haqiqatan mo‘g‘ul edilar, biroq XIV asrning 60-70-yillarida jaloyirlar ham, barloslar ham mo‘g‘ullikdan chiqib qoladilar. Hatto Temurning chig‘atoylardan kelib chiqqan, turkiy aholi odatiga xilof ravishda kokil qo‘ygan eng imtiyozli askarlari ham endi faqat turkiy zabonda gapira boshlaydilar.
Agar XIV asrda chig‘atoylar deganda ularning faqat to‘rt urug‘i - barlos, jaloyir, kauchiy va orlotlarni tushungan bo‘lsalar, XV asrda bu termin yanada kengroq ma’noga ega bo‘ladi. Bu vaqtda Movarounnahrdagi barcha turkiy aholini «chig‘atoylar» deb atay boshlaydilar. Zarafshon vohasi va Farg‘onaning ba’zi bir shaharlarini hisobga olmaganda Movarounnahrning dehqon va ko‘chmanchi aholisi Temur davriga kelib asosan turkiylardan yoki turkiy tilda so‘zlashuvchilardan iborat bo‘lib qoladi.
Demak, XIV asrda yoki XIV asrning ikkinchi yarmida ahvol shunday ekan, XV asrga nisbatan nima deyish mumkin? Ajabo, temuriylar o‘zlarini mo‘g‘ul yoki loaqal turk-mo‘g‘ul deb e’tirof qilar edilarmi? Yo‘q, ular o‘zlarini turkiylar deb bilar edilar. XV asrda barlos va jaloyirlarga turkiy urug‘lar deb qarar edilar, vaholanki, bu turkiy urug‘larning xoh nomlari, xoh qisman ota-bobolari jihatidan mo‘g‘ullarga borib chatishishlari zamondoshlariga, ayniqsa, tarixchilarga yaxshi ma’lumdir, Biz “qisman” deb gapirayotirmiz, chunki XV asr “barloslari” faqat mo‘g‘ullarning avlodlarigina emas, balki Qashqadaryo vohasiga barloslar kelmasdan avval, bu yerda yashagan turkiy aholining ham avlodlaridandir1. XV asr oxiri XIV asr boshlarida ular Shayboniyxon boshchiligida Movarounnahrga bostirib kiradilar va hokimiyatni Temuriylar qo‘lidan tortib oladilar. 1500 yilda poytaxt Samarqandning so‘nggi hukmdori temuriy Sultonali ham o‘ldiriladi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan Toshkent, Buxoro va Farg‘ona shaharlari zabt etiladi. O‘rta Osiyoda hukmronlikni Temuriylardan tortib olgan Shayboniylar mamlakatni xarob qilib tashlamaydi, dehqonchilik, savdo va hunarmandchilikni rivojlantirishga harakat qilganlar. Temuriylar xonadoni va ularga yaqin bo‘lgan feodal aslzodalargagina zarar yetadi, ularning yer- suvlari va mol-mulklari musodara qilinadi, tirik namoyandalari o‘ldiriladi.
Ana shu vaqtdan boshlab, O‘rta Osiyoda o‘zbek xonlarining hokimlik davri boshlanadi. Ko‘chmanchi o‘zbeklar dehqonchilikning yuksak madaniyatini egallagan urug‘larga aralashib, ularning ko‘plari asta-sekin dehqonchilik mehnatiga o‘ta boradilar va shu zayilda O‘rta Osiyoning turkiy aholisiga yangi bir muhim qatlam bo‘lib qo‘shiladilar.
Ko‘chmanchi o‘zbeklar keyinchalik barcha turkiy aholiga o‘z nomlarini berdilar. Ularga qadar bu aholi O‘zbekiston tuprog‘ida yashagan turkiy aholidan juda katta farq qilar edilarmi, degan savol tug‘iladi. O‘zbeklar kelmasdan ilgari Movarounnahrda yashagan turkiy aholi, biz yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, Sirdaryo va Yettisuv tomonlaridan Movarounnahrga kelgan turklar bilan turkiy bo‘lmagan mahalliy aholining qo‘shilishidan vujudga kelgan edi.
Demak, Abulxayrxon bilan Shayboniyxon boshchiligidagi ko‘chmanchi o‘zbeklarga kelsak, bularning qabilaviy tarkibida Movarounnahrga Yettisuv
va Sirdaryo tomonlaridan kelib o‘rnashgan qabilalarga urug‘dosh bo‘lgan qabila va qavmlar ham oz emas edi.
Bu qavmlar 92 urug‘-qabiladan iborat bo‘lgan, deb aytiladi. Masalan, shayboniy hukmdorlaridan bo‘lmish Abdullaxon II (1583-98) Hindiston podshosi boburiy Jaloliddin Akbar (1556-1605)ga yuborgan maktubida: “Biz to‘qson ikki o‘zbek qavmi ustidan hukm yurgizib turibmiz”, - deb yozgan 1.
Yakka o‘zbek xalqi asosida davlat tuzish hech kimning xayoliga ham kelmagan. Bunday fikr birinchi marta 1920 yilda Lenin tomonidan ilgari suriladi. U Turkistonni O‘zbekiston (aslida Uzbekiya), Qirg‘iziston (Qozog‘iston nazarda tutilayapti) va Turkmanistonga bo‘lib yuborish masalasini ko‘rib chiqishga topshiriq beradi 2. Bu g‘oya 1924 yilda amalga oshirildi. Buxoro va Xorazm respublikalari bolsheviklar tomonidan majburiy ravishda yo‘q qilinib, uchta - O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston sovet sotsialistik respublikalari tuzildi. Sovet rahbariyatining maqsadi aniq - doimo birga yashagan qon-qardosh xalqlarni bo‘lib tashlab, ular o‘rtasida milliy nizo kelib chiqishi uchun sharoit yaratish edi. Ushbu tadbirning salbiy oqibatlari bugungi kunda ham o‘zini namoyon qilib turibdi.
O‘zbekiston SSRning tashkil qilinishi munosabati bilan bu yerda istiqomat qiladigan aholining turkiy tilda so‘zlashadigan asosiy qismi “o‘zbeklar” deb qonun bilan sun’iy ravishda mustahkamlandi. Gap amalga oshirilgan tadbirning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligida emas: tarixni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Xullas, “o‘zbek”, “o‘zbeklar” atamalari shunday murakkab tarixiy jarayonlarni boshidan kechirdi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng xalqning milliy rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishga sharoit yaratildi. Shu xususda Prezident I. A. Karimovning so‘zlarini eslatib o‘tmoqchimiz. U shunday degan edi: “Bizning oliy maqsadimiz - mustaqillik edi. Bunga erishdik. Mustaqillikning oliy maqsadi - o‘zbek xalqining izzatini joyiga qo‘yish” 3.
Masalani bunday qo‘yishning o‘z mantig‘i bor: respublika aholisining aksariyat qismi o‘zbeklardir. Shu bois, birinchi navbatda, mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikning kafolatchisi aynan shu xalqdir. Lekin bu fikr davlatimizda o‘zbeklarning manfaati bu yerdagi 100 dan ortiq millatlar manfaatlarining kamsitilishi hisobiga hal qilinishini bildirmaydi. Bunday bo‘lishi ham mumkin emas. Respublikada istiqomat qiladigan barcha xalqlarning teng huquqliligi qonun bilan mustahkamlangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”, - deb belgilab qo‘yilgan.
Quyida biz o‘zbek xalqining milliy ongini yuksaltirish, uning qadr- qimmati, milliy, tarixiy, diniy qadriyatlarini tiklash, urf-odatlarini hurmat qilish, erkin rivojlanishi uchun sharoit yaratilayotganligi xususida so‘z yuritar ekanmiz, ushbu tadbirlar respublikada yashaydigan barcha millat vakillariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadorligini doimo yodda tutamiz. Chunki, I. A. Karimovning so‘zlari bilan aytganda: “O‘zbekiston aholisining ko‘p millatliligi o‘zbek xalqining milliy o‘zligini anglashi va ma’naviy qayta tiklanishining o‘sishi bilan chambarchas bog‘liq holda jamiyatni yangilash, uni demokratlashtirishga undovchi zo‘r kuch bo‘lib xizmat qilmoqda” 1.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasida etnosiyosat masalalarining dolzarbligi
Respublika mustaqillikka erishgandan buyon o‘zbeklarning o‘zligini tanish jarayoni juda tezlashib ketdi. Bunga quyidagi sabablarni keltirish mumkin:
mustaqillik tufayli o‘zbeklarning o‘tmishi haqida holisona, adolatli fikr yuritish uchun imkoniyat tug‘ildi. Natijada milliy madaniyatimizning shakllanishiga ulkan hissa qo‘shgan va uni jahonga tanitgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Xoja Bahovuddin Naqshband, Xoja Ahmad Yassaviy, Amir Temur va boshqa ko‘plab buyuk ajdodlarimizning faoliyati va ijodiga alohida e’tibor qaratilishi, ular tavallud topgan kunlarning bayram qilinishi, maqbaralarining tiklanishi natijasida ular xalqimizning tom ma’nodagi milliy iftixori bo‘lib qoldilar;
o‘zbek tiliga qonuniy davlat tili maqomi berilishi o‘zbek xalqi ruhining tiklanishiga, millat ma’naviy-axloqiy ideallarining to‘la shakllanishiga keng imkoniyatlar yaratib berdi;
respublika ta’lim tizimi bir tomondan, milliy an’analarga moslashtirish, ikkinchi tomondan, jahon andazalari darajasiga ko‘tarish maqsadida tubdan isloh qilindi;
xalqning ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lidagi ishlarni muvofiqlashtirish va ilmiy asosda tashkil qilish maqsadida ma’rifiy-ma’naviy tarbiya, targ‘ibot bilan bog‘liq davlat va nodavlat tashkilotlarining Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi ta’sis etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri etib milliy qadriyatlarimiz va ulug‘ mutaffakkirlarimiz merosidan butun xalqimiz, jumladan yoshlarimizning ham bahramand bo‘lishiga, islom dinining insonparvarlik falsafasi, g‘oyalari yosh avlod qalbidan joy olishiga ko‘maklashish belgilandi2;
milliy ruhiyatni tarbiyalashning asosi bo‘lgan Vatanimizning haqqoniy tarixini yaratishga va uni barcha o‘quv maskanlarida o‘qitish masalalariga alohida e’tibor berildi va boshqa bir qancha chora-tadbirlar belgilandi. Endilikda ular o‘z natijasini bermoqda. Lekin respublikada yagona millatning birligini shakllantirish borasidagi muammolar oxirigacha hal bo‘lgani yo‘q.
Mamlakatimizning mustaqillikka erishishi milliy va etnik muammolarni o‘z-o‘zidan hal qilmaydi, bunga davlatning ushbu masalada faqat turli manfaatlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan oqilona siyosatining oqibati sifatida qarash mumkin. Shuning uchun davlatning xalq ma’naviyatini yuksaltirishga, o‘zligini tanishga qaratilgan chora-tadbirlari nafaqat o‘zbeklarning ruhiyatiga, balki ba’zi bir etnik guruhlarga - mintaqaviy va urug‘-aymoqchilik birlashmalariga ta’sir qilishini hisobga olishi lozim. Bu muammolarning respublikada mavjudligi, ularning ba’zi mintaqalarda salbiy oqibatlarga olib kelayotganligi haqida I. A. Karimov Samarqand va Navoiy viloyatlari xalq deputatlari navbatdan tashqari kengashida batafsil gapirib o‘tdi. Mazkur viloyatlarda mahalliychilik, qarindosh-urug‘chilik shu darajaga yetdiki, birinchi rahbarlar “daromad” keltiradigan joylarga o‘z odamlarini qo‘ydilar, o‘zlarining va hamtovoqlarining hamyonini to‘ldirishga kirishdilar. Natijada mahalliychilik, oshna-og‘aynigarchilik ijtimoiy hayotga va taraqqiyotga tahdid soluvchi omilga aylanadi, chunki bunda talon-taroj uchun sharoit yaratiladi, jamiyatda adolat yo‘qoladi. I. A. Karimov bu salbiy hodisalarning oldini olish choralarini ham belgilab berdi. Bu:
“- eski asoratlardan xalos bo‘lgan, zamon talabiga javob beradigan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash;
ko‘ppartiyaviylik asosidagi jamoatchilik nazoratining kuchayishi, jamiyatda demokratik tamoyillarni mustahkamlash;
mulkchilik masalasini yechish;
sog‘lom kuchlarni birlashtirish va yangi harakat, siyosiy kuchlar faoliyatiga yo‘l ochib berish”1.
Belgilangan tadbirlar ikki narsani hal qiladi, ya’ni birinchidan, har qanday sharoitda xalqlarning barcha sohada tengligini ta’minlaydi, ikkinchidan, tenglik, adolatlilikning ta’minlanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi va ana shu vosita orqali xalqlarni birlashtiradi, yakqadam qiladi.
Mustaqillik tufayli xalqning ma’naviyatini shakllantirish borasida yangi- yangi talablar qo‘yilayapti. Ular I. A. Karimovning “Turkiston” gazetasi muxbiri savollariga bergan quyidagi javoblarida ham aniq belgilab berilgan: “Bu vazifa erkin fuqarolik jamiyatining ma’naviyatini shakllantirish, boshqacha aytganda, ozod, o‘z haq-huquqlarini yaxshi taniydigan, boqimandalikning har qanday ko‘rinishlarini o‘zi uchun or deb biladigan, o‘z kuchi va aqliga ishonib yashaydigan, ayni zamonda o‘z shaxsiy manfaatlarini xalq, Vatan manfaatlari bilan uyg‘un holda ko‘radigan komil insonlarni tarbiyalashdan iboratdir” 2. Albatta, bu vazifani amalga oshirish faqat o‘zbeklargagina emas, balki O‘zbekistonning barcha aholisiga taalluqlidir. Uni hayotga tatbiq qilish, agar xalq 130 yillik mustamlakachilik davrida tobelikni o‘z boshidan kechirgan bo‘lsa, osonlikcha kechmasa kerak. Yana shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, agar xalq o‘z qobig‘iga o‘ralib, jahon tajribasidan ajralib qolsa, bu jarayon yanada og‘irroq kechib, cho‘zilib ketadi.
Demak, har qanday xalq yuksak ma’naviyatga ega bo‘lishi uchun milliy o‘ziga xosligini, asrlar davomida sinovdan o‘tgan, iymon-e’tiqod bilan yashash kabi an’analarini saqlab qolish bilan birga, umuminsoniy qadriyatlarni ham o‘zlashtirib borishi lozim. Lekin biz uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan inson huquqlariga rioya etish, tadbirkorlik erkinligi, matbuot erkinligi, ijtimoiy va iqtisodiy raqobat, o‘zaro murosa, o‘zgalarning fikrlarini hurmat qilish, ular bilan hisoblashish kabi demokratik qadriyatlar biz uchun yangilik. Bu sohadagi ehtiyotsizlik kutilmagan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, ma’rifatdan yiroq bo‘lgan siyosiy raqobat ekstremizmga, ijtimoiy yo‘naltirilmagan bozor munosabatlari iqtisodiy tanglikka olib kelishi mumkin. Ana shunday noxush hodisalarning oldini olish maqsadida o‘z rivojlanish yo‘lini aniqlab olgan respublika rahbariyati o‘tish davrida davlat bosh islohotchi bo‘lishi lozimligi haqidagi qoidaga amal qilishni o‘zining muhim burchi deb hisoblab kelmoqda va unga to‘la-to‘kis amal qilmoqda. Mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy barqarorlik yuqoridagi qoidaga izchillik bilan amal qilinayotganligidan dalolat berib turibdi.
Mustaqillik sharoitida mamlakatdagi siyosiy barqarorlikni ta’minlash respublika aholisining farovonligini oshirish, moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini tobora to‘laroq qondirishdek murakkab vazifani so‘zsiz bajarishning kafolatidir. O‘z navbatida, barqarorlikning negizi O‘zbekiston aholisining milliy va etnik yakdilligini ta’minlashga bog‘liq. Buning uchun respublika rahbariyati mustaqillikning birinchi kunlaridanoq O‘zbekiston barcha xalqlari uchun “Umumiy uy” shiori asosida o‘z faoliyatini ko‘p elatli birlikni vujudga keltirishga qaratib kelmoqda. I. A. Karimovning ta’kidlashicha: “O‘zbek madaniyatining umuminsoniy mohiyati, ma’naviy- ruhiy qadriyatlarning va milliy o‘zlikni anglashning tiklanishi bu birlikning negizini tashkil etdi” .
Bizningcha, bu birlik murakkab jarayonning boshlanishidir. O‘zbekiston aholisini tashkil qilgan barcha millat vakillari “men rus, qozoq, tojik, qirg‘iz yoki turkmanman” deyish o‘rniga g‘urur bilan “men O‘zbekistonlikman”, desin. Kelajakda shunday bo‘ladi ham, chunki respublikada milliy masalada o‘rnatilgan tartib bo‘yicha hech qaysi millat vakili kamsitilmaydi. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Respublikaning eng yuqori organlaridan tortib viloyat, shahar, tuman, qishloqlar boshqaruvida istisnosiz barcha millat vakillari bab-baravar ishtirok etmoqdalar. U yoki bu millat vakillari uyushibroq yashagan hududlarda ular o‘z ona tillarida bilim olish imkoniyatiga egalar. Televideniyeda maxsus xalqaro telekanal tashkil qilingan. Shuningdek, radioda rus, qozoq, tojik va boshqa tillarda eshittirishlar olib boriladi. O‘z milliy ehtiyojlarini to‘laroq qondirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun turli milliy markazlar tashkil qilingan va h.k.
Shunday qilib, bu omillar hozirgi o‘zbek xalqining tarixi faqat XV-XVI asrlardan boshlanadi, deb o‘ylashimiz to‘g‘ri emasligini asoslaydi. O‘zbek xalqining tarkibiga “ko‘chmanchi o‘zbeklar” so‘nggi qo‘shilma sifatidagina kirdi.
O‘zbek xalqining asosini uzoq asrlar mobaynida murakkab etnogenez jarayoni orqali shakllangan barcha turkiy aholi tashkil etadi.
Vatanimiz O‘zbekistonning uzoq davom etib kelgan, uzluksiz taraqqiyot yo‘li, tarixi bor. Shuningdek, biz xalq tarixini uning nomi tarixi bilan aralashtirish mumkin emasligini ham ko‘rdik. Garchi, u «o‘zbek» nomini hayot kechirib kelgan zamonlardan ancha key in olgan bo‘lsa-da, lekin bu uning qadimgi tarixini sira yo‘qqa chiqara olmaydi.
Uzoq yillar davomida o‘zbek xalqi o‘zining eng buyuk qadriyatlarini asrab-avaylab saqlab qolish bilan birga, o‘zga xalqlarning ilg‘or madaniyatini ham o‘ziga singdirib, ma’naviyatini boyitib bordi. Shuningdek, o‘zbek xalqining yuksak madaniyatidan boshqa xalqlar ham bahramand bo‘ldilar.
Mustaqillik tufayli o‘zbek xalqining madaniyati va ma’naviyatining yuksalishi, turmush tarzining boyishi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Uning umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashgan ma’naviyatining hosilalari O‘zbekiston xalqining yakdilligi, tabiiy birligi va davlat miqyosida tili va etnosidan qat’i nazar yagona millat sifatida shakllanishiga asos bo‘lmoqda.
3-ma’ruza
MARKAZIY OSIYODAGI DASTLABKI DAVLAT TUZILMALARI, ULARDAGI IJTIMOIY HAYOTNING O‘ZIGA XOSLIGI
«Osiyocha ishlab chiqarish» usulining o‘ziga xos xususiyatlari
Mustaqillik tufayli o‘zbek davlatchiligi o‘zining yangi bosqichiga ko‘tarildi. So‘nggi yillarda olib borilayotgan tadqiqotlar natijasida Markaziy Osiyoda o‘ziga xos davlatchilik tizimining paydo bo‘lganligi ma’lum bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat qurish jarayonida o‘tmishning tarixiy tajribasi, o‘zbek xalqining qadimiy davlatchilik an’analari beqiyos ahamiyat kasb etishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning asarlarida o‘z aksini topdi.
Davlatlarning paydo bo‘lishi insoniyat tarixida muhim o‘rin egallaydi. Zero, har bir xalqning o‘z sivilizatsiya bosqichini o‘tgan yoki o‘tmaganligi uning o‘z davlatchilik tizimiga egaligi yoki ega emasligi bilan belgilanadi. Shunday ekan, xalqimizning o‘z davlatchilik tizimiga qachon ega bo‘lganligini bilish tarix fani oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Davlatlar kelib chiqishiga ko‘ra, birlamchi yoki ikkilamchi davlatlarga bo‘linadi. Birlamchi davlatlar deb, o‘zga davlatlarning ta’sirisiz, mustaqil tarzda yuzaga kelgan davlatlarga aytiladi. Ikkilamchi davlatlar o‘zga davlatlarning ta’siri ostida yuzaga kelgan davlatlar hisoblanadi.
Markaziy Osiyo hududida dastlabki davlatlarning paydo bo‘lishi masalasida tarixchi olimlarning qarashlari mavjud. Bir guruh olimlar bizning hududimizdagi ilk davlatlar er. av. I ming yillik boshlarida, Qadimgi Sharq davlatlari ta’sirida paydo bo‘lgan, degan fikrni bildiradilar (masalan, Masson). Ikkinchi guruh olimlar Markaziy Osiyo hududida ilk davlatlar mil. av. II ming yillikning birinchi asrlarida paydo bo‘lgan degan fikrdalar (masalan, Zeymal). Olimlar bu masalani yechishda tashqi omillarga berilib, Markaziy Osiyo xalqlarining asrlar davomida qo‘lga kiritgan an’ana va tajribalariga yetarli e’tibor bermadilar 1.
Fikrimizcha, Markaziy Osiyoning qulay jug‘rofiy o‘rni, tabiati, unumdor yerlari ushbu hududda ham davlatchilik juda erta paydo bo‘lganidan dalolat beradi.
Sobiq sovet davri tarix fanida davlatlarning kelib chiqishiga biryoqlama, tor sinfiy yondashuv mavjud edi. Shuningdek, davlatchilik rivoji bosqichlarini to‘g‘ri tushunmaslik, yozma manbalarning yo‘qligi ham bu masalada xato fikrlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Masalaning mohiyati shundaki, Qadimgi Sharq mamlakatlarida ilk davlatlar shahar-davlatlar ko‘rinishida paydo bo‘lgan. Bu jarayon sug‘orishga asoslangan barcha dehqonchilik hududlari - o‘rta va Yaqin Sharq, shu jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlarida yuz bergan. Dastlab, Markaziy Osiyodagi ilk davlatlar deyilganda, yaqin yillargacha miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda vujudga kelgan “Katta Xorazm” va “Qadimgi Baqtriya” podshohliklari tushunilib kelingan. Ular davlatchiligimiz rivojining ikkinchi bosqichiga tegishli davlatlardir. So‘nggi yillardagi arxeologik tadqiqotlar Markaziy Osiyo hududidagi ilk davlatlar shahar-davlatlar ko‘rinishida bo‘lib, ular miloddan avvalgi II ming yillikning ikkinchi yarmida paydo bo‘lganligidan guvohlik beradi 1.
Shu davrda Markaziy Osiyoning Qizilqum, Qoraqum cho‘llarining ichkarilari, Pomir va Oloy tog‘larining yuqori qismidagi yerlar ajdodlarimiz tomonidan o‘zlashtirilgan. Andronova, Tozabog‘yob, Zamonbobo, Qayroqqum madaniyatlari shundan dalolat beradi. Markaziy Osiyoning janubiy qismida aholi o‘troq holda, dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Bu yerda Nomozgoh, Sopolli, Dashtli kabi o‘troq dehqonchilik madaniy atlari qaror topgan. Markaziy Osiyoning janubida qadimda Baqtriya, Marg‘iyona, Parfiya, Areya va Girkaniya singari tarixiy-madaniy hududlar bo‘lgan. O‘troq dehqonchilik bilan shug‘ullangan aholi qadimda vodiylarda yashagan. Kezi kelganda shuni ta’kidlash lozimki, aholining bunday joylashishi suv manbalari birmuncha cheklangan o‘rta Yaqin Sharq mamlakatlariga xos xususiyatdir.
Vohalarda ishlab chiqaruvchi xo‘jalik, ayniqsa, sug‘orma dehqonchilikning yuksalishi jamiyatda ijtimoiy va mulkiy tabaqalanish jarayonini yuzaga keltiradi. Ushbu jarayon uzoq davom etib, uning natijasida davlatchilik tizimi shakllana boshlaydi.
Jamiyatda sodir bo‘lgan iqtisodiy siljishlar Markaziy Osiyoda miloddan avvalgi III-II ming yilliklardan boshlab ilk shaharlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Umuman olganda, shaharlarning paydo bo‘lishi jarayonini o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Zero, ko‘pchilik mutaxassislarning fikrlaricha, shaharlar va davlatlarning paydo bo‘lish jarayoni uzviy bog‘liq holda kechgan 2.
Bu davrlarga kelib dehqonchilik vohalarida aholining alohida-alohida joylashish tizimi shakllangan. Aynan shu narsa shahar tipidagi aholi manzilgohlarining shakllanishiga shart-sharoitlarni yaratib beradi. Tarixni o‘rganishda shaharlarni yuzaga keltirgan omillarni bilish ham muhim ahamiyatga egadir.
Birinchi omil - aholining nihoyatda zichligi, uning bu yerda to‘planishiga imkon yaratadigan oziq-ovqat olish yo‘li, ya’ni o‘troq dehqonchilikning paydo bo‘lishi. Aholi zichligi o‘troq dehqonchilik jamiyatlarida oldingi terimchilik, ovchilik bilan shug‘ullangan davrga nisbatan 100 barobar oshadi.
Masalan, janubiy Turkmanistonda IV-III ming yillik boshlarida 1000-2000 kishilik aholi manzilgohlari yuzaga kelgan3.
Ikkinchi omil - hunarmandchilikning dehqonchilikdan ajralib chiqishi. Buning natijasida ayrim aholi manzilgohlarida, asosan, maxsus ishlab chiqarish (hunarmandchilik) bilan shug‘ullanadigan aholi to‘plana boshlaydi. Umuman olganda, hunarmandchilikning ajralish jarayoni bilan shaharlarning paydo bo‘lish jarayoni bir vaqtda kechgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, dastlab shahar tipidagi manzilgohlarda aholi dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Shaharlarning asta-sekin rivojlanib borishi bilan hunarmandchilik shahar hayotida tobora muhim mavqeni egallagan. Hunarmandchilikning yangi tarmoqlari paydo bo‘lgan. Ayniqsa, uning temirchilik va kulolchilik kabi tarmoqlarining yuksalishi shaharlarning shakllanish jarayonini tezlashtirgan.
Shuningdek, jamiyatda ijtimoiy tabaqalanish hamda boshqaruv tizimining tobora murakkablashib borishi ham shaharlarning shakllanishini yuzaga keltirgan omillardan hisoblanadi. Chunki, aynan yirik aholi manzilgohlarida boshqaruv tizimlari vujudga kelgan.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, shaharlarning shakllanishida aloqa munosabatlari va savdo-sotiq rivoji ham muhim omillardan hisoblanadi. Masalan, Janubiy Turkmanistonda mil. av. IV-III ming yilliklardayoq loydan yasalgan dastlabki g‘ildiraklar paydo bo‘lgan. Miloddan avvalgi III ming yillik o‘rtalarida tuyaga, ba’zan ho‘kizga qo‘shiladigan to‘rt g‘ildirakli aravalar yasalgan 1. Transportning rivoji shaharlarga qishloq xo‘jaligi rayoni markazi, shuningdek, zaruriy hamda qo‘shimcha mahsulotni taqsimlovchi manzilgoh funksiyasini bajarish imkonini bergan.
Shaharlarning shakllanishiga diniy qarashlar ham sabab bo‘ladi. “Iloh”ga yoki “ilohlar”ga sig‘inishning paydo bo‘lishi natijasida shaharlar nafaqat iqtisodiy, shu bilan birga, diniy markaz vazifasini ham bajargan.
Nihoyat, o‘sha davrdagi harbiy siyosiy vaziyat ma’lum bir vohalarda shaharlar bo‘lishini taqozo etgan. Chunki, shaharlar o‘sha joy aholisini dushman hujumidan saqlaydigan joy vazifasini ham bajargan. Shahar va yaqin atrofdagi qishloqlar aholisini bosqinchilardan himoya qilish maqsadida shaharlarda mudofaa inshootlari qurilgani fikrimizning dalili bo‘la oladi.
Yuqoridagi shart-sharoit va omillar Markaziy Osiyoda miloddan avvalgi III-II ming yilliklarda shahar tipidagi aholi manzilgohlarining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Aynan shaharlarda jamiyat tomonidan olingan qo‘shimcha mahsulot monumental ibodatxonalar va boshqa qurilishlar ko‘rinishida o‘z aksini topadi. Shaharlardagi ko‘plab ustaxonalarda mohir hunarmandlar ishlaganlar. Shaharlardagi bozor maydonlarida oldi-sotdi munosabatlari olib borilgan. Ilk shaharlar aholi sonining birmuncha ko‘pligi, monumental inshootlar (saroy, ibodatxona), hunarmandchilik mahallalarining mavjudligi bilan qishloqlardan ajralib turgan. Shaharlarning devor bilan o‘rab olinishi ko‘proq keyingi, ya’ni podshohliklar va imperiyalar davriga xos bo‘lib, bu ilk shaharlarda doimo ham uchrayvermaydi 2.
Insoniyat tarixida shaharlarning yuzaga kelishi bosqinchilikdan sivilizatsiyaga, urug‘chilik tuzumidan davlatchilikka o‘tishning asosiy belgisidir. Ma’lumki, sivilizatsiya kishilik jamiyati rivojining ma’lum davrida paydo bo‘ladi. Sivilizatsiyaning yuzaga kelishida shaharlar yetakchi o‘rin tutadi. Sababi, aynan shaharlar sivilizatsiya paydo bo‘lishi va rivojlanishini ta’minlagan, markaz o‘rnini bajargan. Umuman, sivilizatsiya va ilk davlatlarning paydo bo‘lish jarayoni ilk shaharlar tashkil topishi va rivojlanish jarayoni bilan birga kechgan.
Markaziy Osiyo hududida ilk shaharlarning tashkil topishi bilan ushbu hududda eng qadimgi sivilizatsiya qaror topdi. Bu Qadimgi Sharq tipidagi mahalliy sivilizatsiya bo‘lib, miloddan avvalgi III-II ming yilliklarda rivojlanishning ilk bosqichlariga to‘g‘ri keladi. Bu sivilizatsiya Mesopotamiya hamda qadimgi Hindistonning Xarappi madaniyati bilan uzviy aloqada shakllangan va rivojlangan, chunki ilk davlatlarning shakllanishida savdo-sotiq muhim o‘rin tutgan.
Markaziy Osiyoda qazib olingan qimmatbaho Badaxshon lazuritiga bo‘lgan talab miloddan avvalgi III ming yillikda yurtimizning Qadimgi Mesopotamiya, Misr shaharlari bilan savdo munosabatlarining o‘rnatilishiga sabab bo‘ldi 3. Shuningdek, Qadimgi Mesopotamiya madaniyatiga xos silindrsimon muhrlarning Markaziy Osiyo hududidagi yodgorliklardan topilishi 1, Qadimgi Hindistondagi Xarappa sivilizatsiyasiga xos me’morchilik an’analarining ko‘hna yodgorliklarimizda qo‘llanilishi hamda Farg‘onadan topilgan Haq va Aflotun xazinalaridagi buyumlarning Eron madaniyatiga yaqinligi 2 o‘lkamiz xalqlarining qadimda Sharq xalqlari bilan savdo aloqalarini olib borganligidan dalolat beradi.
Savdo munosabatlarida pul vazifasini qimmatbaho toshlar (lazurit), fil suyaklari, metall, zargarlik buyumlari, chorva, don mahsulotlari va boshqalar o‘tagan 3. Demak, ikki muhim sivilizatsiya oralig‘ida joylashgan Markaziy Osiyo qadimgi Sharq xalqlarini yagona tizimga birlashtirgan. Bu sivilizatsiyani mutaxassislar “Turon sivilizatsiyasi” deb atamoqdalar.
Ilk shaharlar qishloqlardan iqtisodiy mavqei bilan emas, siyosiy mavqei bilan ajralib turgan va ular aksariyat hollarda aholi sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullangan vohalarda, ayrim hollarda esa savdo yo‘llari bo‘yida yoki ibodatxonalar atrofida paydo bo‘lgan. Miloddan avvalgi III ming yillikning oxiri - II ming yillikda Markaziy Osiyoda Oltintepa,
Namozgohtepa, Ulug‘tepa, Sopollitepa, Jarqo‘ton kabi shahar-davlatlar vujudga kelgan.
Bunday shaharlarda oziq-ovqat hamda qurol-yarog‘ omborlari ham joylashgan. Ularning atrofida markazga bo‘ysunuvchi bir nechta, ba’zan 10 tagacha qishloqlar joylashgan bo‘lib, ular birgalikda davlatchiligimizning ilk ko‘rinishi - shahar-davlatlarni tashkil qilgan 4.
Mintaqa rivojlanishining o‘ziga xosligi Osiyocha ishlab chiqarish bilan bog‘liq.
Yerga xususiy mulkchilikning bo‘lmaganligi O‘rta Osiyo sotsial-iqtisodiy tarixidagi asosiy omil edi. O‘rta Osiyo xalqlari yerga bo‘lgan xususiy mulkchilikka, hatto feodal mulkchiligiga yetib bormadilar.
Albatta, biz bu masalani hal qilayotganimizda quldorlik tuzumi va uning asosiy belgilari nimalardan iborat, umuman olganda, O‘rta Osiyodagi quldorlik tuzumi Gretsiya va Rimdagi quldorlik tuzumlaridan qaysi tomonlari bilan farq qilgan, degan masalalarni hal qilib olishimiz lozim.
Quyida quldorlik tuzumining asosiy belgilarini ko‘rishimiz mumkin:
metall pullarni, shu bilan birga, pul kapitali, protsent va sudxo‘rlikni joriy etish;
ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi vositachi sinf bo‘lgan savdogarlarning paydo bo‘lishi;
yerga xususiy mulkchilikning paydo bo‘lishi;
ishlab chiqarishning hukmron shakli bo‘lgan qo‘l mehnatining paydo bo‘lishi.
Keltirgan ushbu dalillarimiz asosan quldorlik davlatlari bo‘lmish qadimgi Gretsiya va Rim kabi davlatlarga xosdir. O‘rta Osiyo quldorlik ishlab chiqarish usulini chetlab o‘tgan. Bu yerda feodal munosabatlar qaror topguniga qadar, ya’ni milodning VII asrigacha bo‘lgan ishlab chiqarish usulining asosini: yerga davlat mulkchiligi, qishloq jamoasining hukmronligi, urug‘, qabila tuzumining saqlanganligi, ko‘chmanchi qabilalar bilan hamkorlik va o‘zaro munosabat hamda Buyuk Ipak yo‘lidagi qizg‘in savdo- sotiq tashkil etgan. Bu holatlar quldorlik munosabatlarining shakllanishiga xalaqit berdi va muqobil ishlab chiqarish usuli - «osiyocha ishlab chiqarish usuli»ning qaror topishiga yordam berdi.
Ushbu masalalarni biz yanada muayyanlashtiradigan bo‘lsak, birinchidan, O‘rta Osiyoda yer unumdorligini oshirish, asosan sun’iy va tabiiy sug‘orish kanallari orqaligina amalga oshirilar edi. Qazilgan kanallarni qum bosib ketmasligi va yaroqsiz holga kelib qolmasligi uchun ularni puxta hamda muttasil tozalab turish talab qilinardi. Kanallarni tozalash irrigatsiya inshootlarini ta’mirlash yoki yangi kanallar qazish ishlarida har yili minglab kishilar qatnashardi. Sug‘orish tizimlarining yaroqsiz holga kelib qolishi uchun vayronagarchilik keltirib chiqaruvchi birgina urush yoki beparvo podshohning xatosi kifoya edi. Shuning uchun sharqdagi barcha mustabid davlatlarda irrigatsiya tarmoqlarini kuzatib turish va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishga alohida ahamiyat berilardi.
Joylarda suv inshootlari butligini jamoalar kuzatib turardi. Irrigatsiya ishlariga, suvni taqsimlashga, kanallar va to‘g‘onlarni tartibli saqlashga har yili yuz minglab kishilarni safarbar etib turish faqat jamoaning qo‘lidan kelar edi.
Shu tufayli O‘rta Osiyoda shunday bir ijtimoiy-siyosiy sistema tarkib topdiki, bunda podsho yerning oliy darajadagi egasi hisoblanib, u yerni har qanday formatsiyada ham hech kim bilan baham ko‘rmasdi, jamoa esa yerga bo‘lgan huquqni an’ana yoki urf-odatlar, yo bo‘lmasa hukmdor farmoyishiga ko‘ra olardi.
Ikkinchidan, iqlim sharoitlari ham qul mehnatining kengayishiga muayyan to‘siq bo‘ldi. Yil bo‘yi issiq ob-havo sharoitida qul kiyim-kechak o‘rnida lungi bilan kifoyalanadigan o‘rta dengiz sohilidan farqli o‘laroq, qishi qattiq, bahor va kuzi sovuq keladigan O‘rta Osiyoda qulni kiyintirish, uy-joy bilan ta’minlash kerak bo‘lardiki, buni qul mehnati qoplay olmas edi. Aksincha, quldorlik jamiyatining klassik namunalarilari bo‘lgan Afina va Rimda yerga bo‘lgan xususiy mulkchilik urug‘chilik tuzumiga hal qiluvchi zarba berdi. Yer tovarga aylandi, odamni urug‘chilik bilan bog‘lab turgan barcha rishtalar uzildi. Haqiqatan ham, osiyocha ishlab chiqarish usuli hozirda ham bizning rivojlanish taraqqiyotimizda saqlanib qolganmi yoki yo‘qmi, degan tabiiy savol kelib chiqadi.
Prezidentimiz I. Karimov dastlab yangisini qurish, uni amalda sinab ko‘rish, so‘ngra eskini barbod qilmasdan, sinab ko‘rilganlarni yangicha qo‘llash lozimligini, bizda o‘zimizga yarasha “Osiyo madaniy dunyosining ishlab chiqarish tajribasi” borligini ta’kidlaydi 1. Haqiqatan ham, chuqur ildizi o‘tmishdagi an’anaviy jamoa turmush tarziga borib taqaladigan kollektivchilik asoslari O‘zbekiston xalqiga tarixan xosdir.
Bizning millatda, birinchidan, o‘z ajdodlari qadimdan yashab kelgan joylarga bog‘langanlik, ko‘chib yurishga moyillikning yo‘qligi; ikkinchidan, qishloq xo‘jaligining aksariyat sun’iy sug‘orishga va sug‘orma dehqonchilikka asoslangan bo‘lsa-da, suv imkoniyatlarini juda cheklanganligi xos bo‘lib, ular agrar siyosatimizda yerga egalik qilish, ya’ni xususiylashtirish masalalarida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Agar yer hammaga barobar taqsimlanadigan bo‘lsa, yetmaydi. Ayrim odamlarga yer xususiy mulk qilib berilsa, bo‘linmas fondga aylanib qolishi mumkin. Xo‘sh, bu vaziyatdan qanday qilib chiqish mumkin?
Bizda dehqonchilik ekin maydonlarining katta qismida texnika ekinlari yetishtiriladi va bu ekin maydonlari qudratli davlatimizning irrigatsiya tizimi xizmat ko‘rsatadigan sug‘oriladigan yerlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Respublikamiz aholisi zich yashaydi. Aholi zichligi va suv tanqisligi muammosi respublikamiz oldida turgan dolzarb masalalardan biridir. Kelajakda, aholi tez ko‘payib borayotgan sharoitda bu muammo, ayniqsa, keskinlashadi.
Yerni tovarga aylantirish aholining hayotiy tayanchiga putur yetkazadi, yer uchastkalari bilan chayqovchilik qilishni keltirib chiqaradi, dehqonni ertangi kunga ishonchidan mahrum qiladi. Xususiy mulk bo‘lgan yerga egalik qilish uchun asrlar mobaynida hukm surib kelgan ayovsiz kurash xalqqa behad qiyinchilik keltirgani yaxshi ma’lum. Hozirgi bosqichda yerga davlat egaligini saqlab qolish, uni talon-taroj qilishga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bu sug‘orish tizimiga ham taalluqlidir.
Xulosa qilib aytganda, yuqorida ta’kidlaganimizdek, hozirgi jamiyatimizda ham davlatning mavqei, uning o‘rni doimo saqlanib qoladi.
Miloddan avvalgi VIII-VII asrlardan to milodiy VII asrgacha o‘lkamizda davlatchilik taraqqiyotining xususiyatlari
Xorazm Markaziy Osiyodagi eng qadimgi davlatlardan biri hisoblanadi. Ko‘pchilik tarixchi olimlarning fikriga ko‘ra, Amudaryo quyi oqimida uzil- kesil tarkib topgan qadim Xorazm elatining shakllanishida asosan vohaning tub aholisi qatnashgan. Ba’zi bir manbalarda esa xorazmliklarni Janubiy Turkmaniston yoki Shimoliy Eron yerlaridan tarqalgan elatlar deb ko‘rsatiladi.
Xorazm sulolasini barpo etgan afsonaviy qahramon - qadimgi Eron dostonining qahramoni Siyovush janubdan kelgan degan fikrlar ham mavjud. Siyovush qadimgi fors tilida “qorabosh”, qadimiy turkiy tilda “qorasoch” “xorasmiy” degan ma’nolarni bildiradi, aftidan “xorazm” so‘zi ham shundan kelib chiqqan. Bu to‘g‘rida, albatta, boshqa taxminlar ham bor.
Gerodotning xorazmiylar to‘g‘risida bergan ma’lumotlariga ko‘ra, “Osiyoda bir tekislik bor. Uning atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan. Bir vaqtlar bu yerlar xorazmiylarga qarar edi, chunki u yer xorazmiylar, girkaniyaliklar, parfiyaliklar va boshqa xalqlar yerining chegarasidadir. Bu yerni o‘ragan tog‘lardan “Anes” nomli bir daryo oqib chiqadi. Dastlab bu daryo besh tarmoqqa ajralar edi, har qaysi tarmoq mazkur xalqlardan birining yerini sug‘orar edi,” 1 deb yozgan bo‘lsa, Strabon: “xorazmiylar sak va massagetlar tarkibiga kiruvchi xalq bo‘lgan” 2, degan fikrni ilgari surgan.
Qadimgi Xorazmning mohir bilimdoni va tadqiqotchisi akademik S. P. Tolstov: “Xorazmiylarni alohida qabila bo‘lgan deb hisoblash unchalik to‘g‘ri emas. Ular har xil massaget qabilalari qo‘shiluvining, birinchi navbatda, sakarovakalarning, ya’ni Xorazm davlatchiligi tarkibiga kiruvchi sakarovakalarning hosilasi bo‘lsa kerak”, deb yozadi 3.
Xorazm so‘zining ma’nosiga kelsak, olimlar uzoq tortishuvlardan so‘ng bu so‘z “baliq yeyuvchilar mamlakati” ma’nosini bildiradi, degan xulosaga kelganlar. Haqiqatan ham, Markaziy Osiyoda qadim zamonlardan beri baliqchilik va baliqxo‘rlikda xorazmiylarga teng keladigan xalq bo‘lmagan. Lekin bu ma’lumotlar ham aniq emas. Ba’zi bir manbalarga qaraganda, massagetlar ittifoqi tarkibiga kirgan xorazmiylar mamlakatining nomi “Xvayrizem” bo‘lganligi to‘g‘risida ham Strabon ma’lumot beradi. “Xvayrizem” degan so‘z “quyoshli yer” yoki “quyosh mamlakati” degan ma’noni bildiradi (xvar - quyosh, zem - yer). Garchand qo‘limizda bulardan ortiqroq ma’lumotlar bo‘lmasa-da, biz mantiqan shuni aytishimiz mumkinki, Amudaryo va Sirdaryoning quyi oqimlarida, Kaspiy dengizining sharqidagi tekisliklarda, Janubiy Turkmaniston vohalarida yashovchi bir necha sak va massaget qabilalarini o‘zida birlashtirgan qadimgi qabilaviy Katta Xorazm davlati mavjud bo‘lgan.
Bu qabilaviy birlashmalardan iborat bo‘lgan davlat miloddan avvalgi VIII asrlarda, hali forslarning “Ahmoniylar” davlati maydonga kelmasdan burun Midiya davlatining tashkil topishiga yordam berganliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ham egamiz 1.
Xorazmiylar va barcha sak xalqlarining kiyimlari ham deyarli bir xil - yoqasiz jun chakmon bo‘lgan. Uning yumaloq etagi yuqorida va quyida ayrilib ketgan. Etakka nimadandir jiyak tikilgan (mo‘yna yoki hoshiya), uzun va tor ishtonlar. Xorazmiylar va sak-xaumvarkalarning boshida iyagi ostidan tang‘ib qo‘yilgan quloqchinga o‘xshagan ko‘loh bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda bellarida doimo uzun xanjarlar osib yurganlar . Xorazmliklarning diniga keladigan bo‘lsak, ularning dini, asosan, zardushtiylik bo‘lgan. Xorazmda, Jonbosqal’ada olib borilgan arxeologik qazilmalar natijasida olov ibodatxonalari topilgan.
Ilmiy adabiyotda Zardushtraning birinchi qadamlarini Xorazm bilan bog‘lovchi nazariyaning juda ko‘p tarafdorlari bor, chunki tarixiy an’analar Xorazm haqida zardushtiylikning muqaddas olovi azira-xo‘rra birinchi marta yoqilgan mamlakat, Axuramazda Zardushtraga namoyon bo‘lgan, shuning uchun ham hamma borib ko‘rishni orzu qilgan muqaddas mamlakat - «Eronvedj» (Avestoga muvofiq Ayriana-vaedja) sifatida gapiradi. Xorazmning geografik va iqlim sharoitlariga mos keluvchi Eronvedjning tasviri Avestoda berilgan. Katta Xorazm davlatining poytaxti qaysi shahar bo‘lgan, degan savolga javob berish juda mushkul. Chunki o‘sha davrlarda har qaysi qabila yoki qabilalarning birlashmasi o‘zlarini tashqi dushmandan himoya qilish uchun mayda yoki katta qal’alar qurganlar, bu qal’alar bir butun urug‘, qabilaning yashash joyi bo‘lgan. Shunday qal’alarga Eresqal’a, Angqal’a, Yonboshqal’a va boshqalarni kiritish mumkin. Ularning hammasi o‘z vaqtida, sharoit hamda vaziyatga qarab “Katta Xorazm” davlatining poytaxti vazifasini bajargan. Markaziy Osiyoning iqtisodiy va madaniy jihatdan eng yirik markazlaridan biri - Xorazm miloddan avvalgi IV asrda Ahamoniylardan ozod bo‘ldi.
Miloddan avvalgi IV asrga kelganda Amudaryoning quyi havzasidagi hududida Qadimgi Xorazm davlati tashkil topdi. Farasman ismli shaxs uning podshosi sifatida tilga olingan. Iskandar Zulqarnayn Hindiqush orqali Baqtriyaga, undan So‘g‘diyonaga qo‘shin tortib kelganida, Xorazm podshosi Farasman uning huzuriga sovg‘a-salomlar bilan kelgan va shimol tomonlarga yurish qilsa, o‘z qo‘shini bilan yordamga tayyor ekanligini bildirgan.
Umuman olganda, qadimgi Xorazm haqidagi ma’lumotlar bor-yo‘g‘i ana shu qisqa materiallardan iborat.
Baqtriya podsholigi mamlakatimizning janubida miloddan avvalgi VIII-
asrlarda vujudga kelgan eng qadimgi davlat tuzilmalaridan biri bo‘lib, joylashishiga qarab Baqtriya yoki yunonlarning aytishicha, Baxriana qadimgi fors tilida Baxtrish nomlari bilan atalgan, uning poytaxti hozirgi Mozori Sharif (Shimoliy Afg‘oniston) yaqinidagi Balx shahrida joylashgan edi.
Qadimgi Baqtriya podsholigining mavjud bo‘lganligi, eng avvalo, zardo‘shtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”da Baxdi viloyati nomi bilan qayd etilgan. Shuningdek, qadimgi yunon va rim tarixchilari, geograflari ham Baqtriyaning hududi butun Shimoliy Afg‘onistonni o‘z ichiga olgan bo‘lib, shimoldagi chegara Oks (Amudaryo) daryosigacha cho‘zilgan, undan shimoldagi yerlar esa So‘g‘diyonaga qarardi, deb yozib qoldirganlar.
O‘rta asrlarda yashagan taniqli avstriyalik olim V. Tomoshek o‘zining “Baqtra, Baqtriana, Baqtrish” nomli kitobida Baqtriya podsholigining shimoliy chegaralari Amudaryogacha emas, balki Hisor tog‘ tizmalarigacha tarqalganligini aytib, hozirgi Surxondaryo viloyati ham qadimgi Baqtriya podsholigi tarkibiga kirganligini ta’kidlaydi 1.
Bulardan tashqari, qadimgi Baqtriya davlatining mavjudligini yunon tarixchisi Ktesiyning Ossuriya podshosi Ninaning Baqtriyaga qilgan yurishi, Baqtriyaning nihoyatda ko‘p aholisi va shaharlari, mustahkam qal’alari bo‘lganligi, unda Oksiart ismli shoh bo‘lib, uning boyligi nihoyatda ko‘p bo‘lganligi to‘g‘risidagi hikoyalaridan anglash mumkin. Shuningdek, tarixchi Strabonning “Baqtriyaning bir qismi Ariyadan shimol tomonga, katta qismi esa sharq tomonga cho‘zilgan edi. Baqtriya keng o‘lka, bu yerda zaytun daraxti mevasidan boshqa hamma hosil yetishtiriladi” degan tarixiy ma’lumotlari ham yo‘q emas. Yana u - baqtriyaliklarning asosiy shahri Baqtra bo‘lib, u Zarkasnoy deb ham atalgan. Bu shahar orqali o‘tgan daryo Oksga borib qo‘shiladi, ikki daryoning quyilish joyida Adransa va boshqa ko‘pgina shaharlar bor edi”, degan nihoyatda qimmatli fikrlarni ham yozib qoldirgan. Arxeolog olimlarimiz A. Sa’dullayev, E. Rtveladze va Z. A. Hakimovning Surxondaryo viloyatidagi Bandixontepa va Qiziltepada olib borgan arxeologik qidiruv-qazish ishlaridan miloddan avvalgi VIII-VI asrlardagi Baqtriya podsholigi hayotiga oid yodgorliklari topildiki, bularning barchasi haqiqatan ham Shimoliy Afg‘oniston hozirgi O‘zbekistonning janubiy viloyatlari bilan Tojikiston hududining katta qismini o‘z ichiga olgan, poytaxti Balx shahri bo‘lgan qadimgi Baqtriya podsholigi o‘tganligini isbotlaydi.
Qadimgi Baqtriya podsholigining tabiiy boyliklari juda ko‘p bo‘lgan, ayniqsa, badaxshon yoqutining shuhrati Old Osiyo mamlakatlarigacha yetib borgan. Qadimgi Baqtriya aholisining tarkibi, asosan, boxtalardan iborat bo‘lgan. Hukumati va huquqiy tuzilishiga ko‘ra esa, haqiqiy davlat bo‘lish bo‘sag‘asida turgan qabilaviy birlashmani tashkil etgan.
Bu birlashmaning tepasida qabilalararo ittifoq kengashining ustidagi o‘zining ijtimoiy-siyosiy hokimiyatini o‘rnatib olgan harbiy lashkarboshi -
podsho turgan. Shuning uchun ham olimlarimiz bu davlatni qadimgi Baqtriya podsholigi deb atashgan1.
Qadimgi So‘g‘diyona o‘lkamizdagi eng qadimgi davlat tuzilmalaridan biri bo‘lib, u to‘g‘ridagi dastlabki ma’lumotlar “Avesto”da “daryo Marv, Xorayza, Gavalardan So‘g‘dga, undan Xorazmga qarab mavjlanib oqardi”, deb tilga olingan bo‘lsa, yunon tarixchisi Gerodot ular shimoli-sharq tomondan Baqtriyani So‘g‘ddan ajratib turuvchi Oks (Amudaryo), So‘g‘dni komadovlardan ajratib turuvchi Yaksar (Sirdaryo) daryolari oralig‘iga joylashgan So‘g‘diyonani ham egallab olishadi. Qadimgi So‘g‘diyona va baqtriyaliklarning turmush tarzi va ular odati komadovlarnikidan (ko‘chmanchilardan) farq qilmasligini yozgan edi. Qadimgi so‘g‘diyonaliklarning tarkibiga kelsak, Ptolemeyning ko‘rsatishicha, so‘g‘dlar bir necha qabilalardan, xususan, so‘g‘d tog‘larining orqasida joylashgan oksidranxlar, xorazmiylar bilan qo‘shni bo‘lgan oksianlar hamda aripan yoki ariaklardan tashkil topgan bo‘lib, nihoyatda jangovar (urushqoq) xalq bo‘lgan.
Umuman olganda, so‘g‘dlarning tog‘ va dashtlarda yashaganlari ko‘chmanchilarcha, sug‘oriladigan vohalarda yashaganlari esa o‘troq tarzda turmush kechirganlar.
So‘g‘dlar o‘z mamlakatini qadim zamonlarda So‘g‘d deb ataganlar va bu mamlakatning poytaxti hozirgi Samarqand shahri yaqinida joylashgan Marokanda shahri bo‘lgan.
Marokanda shahri miloddan avvalgi VII-VI asrlarda (taxminan 25002600 yillar oldin) Markaziy Osiyodagi eng muhim shaharlardan biri bo‘lib, bu yerda savdo-sotiq, hunarmandchilik, ayniqsa, mato to‘qish, shisha ishlab chiqarish, sopol idishlar yasash, qurolsozlik va boshqa ishlar taraqqiy etgan. Bu yerlik aholi esa bevosita Hindiston va Xitoy kabi mamlakatlar bilan savdo-sotiq ishlarini olib borganlar. Bu ma’lumotlar hozirgi kunda Samarqanddagi Afrosiyob xarobalarini tekshirayotgan olimlarimiz tomonidan o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Shunday qilib, biz haqli ravishda aytishimiz mumkinki, miloddan oldingi VIII asrning oxiri VII asrning boshlarida hozirgi Zarafshon va Qashqadaryo vohalarini o‘z ichiga olgan, poytaxti Marokanda bo‘lgan qadimgi qabilaviy davlat - So‘g‘diyona mavjud bo‘lgan. Xuddi shuningdek mamlakatimizning boshqa joylarida, masalan, Choch va Parkanada ham qabilaviy davlatlar vujudga kela boshlagan.
Umuman olganda, Baqtriya - So‘g‘d - Xorazm davlatlarining siyosiy va xo‘jalik hayotiga yakun yasab quyidagi xulosalarimizni beramiz: Markaziy Osiyoni Ahamoniylar saltanati bosib olgunga qadar (bu voqealar miloddan avvalgi VI-IV asrlarda sodir bo‘lgan edi) bu ona zaminda harbiy demokratiya prinsiplari asosida tarkib topgan davlatlar mavjud bo‘lgan. Ularning hududiy doirasi, ichki davlat tarkibi va ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy aloqalari haqida hali olimlar o‘rtasida ko‘p ilmiy munozaralar
bo‘ladi, chunki bu davr ham chuqur o‘rganilmagan, bular borasida ham ko‘plab maxsus ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishi lozim .
4-ma’ruza
BUYUK IPAK YO‘LI: SHAKLLANISHI VA RIV OJLANISHI
Buyuk Ipak yo‘li: vujudga kelishi va rivojlanishi
Insoniyat rivojlanishi tarixida davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi turli siyosiy, diniy va etnik an’analarga ega bo‘lgan, uzoq davom etgan o‘zaro manfaatli madaniy va iqtisodiy hamkorlik misollari ko‘p. Misol uchun, mashhur “varyagdan yunonkacha” yo‘l o‘tgan bo‘lib, uzoq vaqtgacha Rus davlati bilan Skandinaviya davlatlarini (Shvetsiya, Norvegiya, Daniya) bog‘lab turgan. Tarixda tuz yo‘li ma’lum bo‘lib, u Afrika qit’asi, asosan, Sahroi Kabir cho‘li orqali o‘tgan.
Lekin eng asosiy, dunyoga mashhur yo‘l Buyuk Ipak yo‘lidir. U Atlantika okeani qirg‘oqlaridan Tinch okeani qirg‘oqlarigacha cho‘zilib, butun Osiyo qit’asi bo‘ylab O‘rta yer dengizi davlatlarini Uzoq Sharq davlatlari bilan birlashtirgan. Bu oddiygina yo‘l yoki okeandan okeangacha bo‘lgan yo‘llar tizimi bo‘lib qolmay, balki tinchlik va hamkorlikka intilgan xalqlarni birlashtiruvchi, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi murakkab madaniy-iqtisodiy ko‘prik bo‘lgan.
Taraqqiyotning omili ishlab chiqarish deyiladi, lekin savdosiz, madaniyatlarning almashuvisiz taraqqiyot bo‘lmaydi? Savdo esa yo‘lsiz bo‘lmaydi. Prezidentimiz I. A. Karimov yo‘llar qurish, savdo-sotiq masalasida juda ko‘p ishlarni amalga oshirish kerakligiga e’tibor berib, shunday deganlar: “... qit’alararo magistrallarni vujudga keltirish va ularning texnikaviy holatini mustahkamlash nihoyasiga yetgach, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi iqtisodiy aloqalarini amalga oshirish uchun qulay imkoniyatlar yaratiladi... Bundan tashqari, amalda Buyuk Ipak yo‘lining yo‘nalishlariga mos bo‘lgan shunday kommunikatsiyalar orqali dunyoning ko‘pgina mamlakatlari bilan muntazam madaniy sayyohlik va amaliy aloqalarni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi”\
Buyuk Ipak yo‘lining paydo bo‘lishi miloddan avvalgi II asrga borib taqaladi. “Buyuk Ipak yo‘li” talqini esa tarix faniga XIX asrda nemis sayyohi va tarixchisi K. Rixtgofen tomonidan 1877 yilda, uning “Xitoy” kitobida Sharq davlatlaridan o‘tuvchi bu yo‘lni birinchi marta “Ipak yo‘li” deb nomlanganidan so‘ng kiritilgan.
Aytib o‘tish kerakki, Buyuk Ipak yo‘lining qaror topishidan ancha ilgari O‘rta Osiyo va Qadimgi Sharq hududida urush va tinchlik maqsadlariga xizmat qiluvchi yo‘llar mavjud bo‘lgan. Urush vaqtida ulardan katta armiyalar, kichik otradlar o‘tar, qonli janglar kuchayar, yo‘l yoqasida joylashgan shaharlar talanar edi. Tinchlik davrida esa bu yo‘llar siyosiy, savdo-sotiq va madaniy hayotni bog‘lovchi omil bo‘lgan. Ular turlicha atalgan.
Eng qadimiy “lazurit” yo‘li miloddan avvalgi III-II ming yilliklarda vujudga kelgan. U Pomir tog‘laridan boshlanib, Eron orqali Old Osiyogacha va Misrgacha o‘tgan. Bu nom yuqori Amudaryo tumanlarida va Pomirda qazib olinuvchi yarim qimmatbaho tosh lazuritni (lyapis-lazur), qadimgi sharq davlatlari, jumladan Shumer (ikki daryo oralig‘i) va Misr zargarlariga yetkazib berish bilan bog‘liq. Arxeologik qazilmalar davomida, qabrlardan badaxshon lazuriti topilgan.
Tarixdan ma’lumki, miloddan avvalgi VI-V asrlarda Eron ahamoniylari saltanati davrida uning hududi bo‘ylab “shoh yo‘li” o‘tgan. U O‘rta yer dengizi qirg‘oqlarida Efes va Sardog shaharlarini Eron poytaxtlaridan biri va Suzi shahri bilan bog‘lagan. Yana bir yo‘l Erondan Baqtriya, So‘g‘diyona, Toshkent vohasi va Qozog‘iston hududi orqali Oltoygacha olib borgan.
Miloddan avvalgi IV asrda Iskandar Zulqarnayn Ahamoniylarning so‘nggi podshosi Doroini yengib, 329 yilning bahorida O‘rta Osiyo chegarasiga yetib keladi. Kuchli qarshilikka duch kelishiga qaramay, u bu yerda o‘z hukmronligini o‘rnatdi. Marg‘iyona, Baqtriya, So‘g‘d davlatlarining yunon bosqinchilariga siyosiy bo‘ysunishi uzoqqa cho‘zilmagan bo‘lsa-da, yunon va O‘rta Osiyo madaniyatining qo‘shilishi ma’naviy va moddiy madaniyatning jadal ko‘tarilishiga sharoit yaratdi. Shu vaqt davomida O‘rta Osiyo, Hindiston va Sharqiy O‘rta yer dengizi madaniyatlari o‘rtasida aloqalar saqlanib qolgan.
Miloddan avvalgi III asrga kelib Xitoy bilan aloqalar o‘rnatila boshlagan. Ma’lumki, Xitoy imperatori Vu Di miloddan avvalgi 138 yilda o‘z elchisi Chjan Syanni ko‘chmanchi qabila xunnlarga qarshi kurashda ittifoqchi izlash uchun jo‘natadi. Sayohat qilib yurib, elchi xunnlar qo‘liga asir tushadi va 10 yil shu yerda qolib ketadi. U qochib, Markaziy Tyanshan tog‘laridan o‘tib, Issiqko‘lga chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Norin daryosi sohili bo‘ylab o‘tib, Farg‘ona vodiysiga yetadi. Vodiyda shaharlarning ko‘pligi, ular bitta davlatga birlashganligi uning uchun kutilmagan hol edi. U Farg‘ona vodiysi hukmdori bilan kelishishga harakat qilib ko‘radi, lekin hukmdor faqat savdo- sotiq munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga rozilik bildirgani uchun, Chjan Syan janub tomonga yo‘l oladi. Sayohatdan qaytayotib u yana xunnlar qo‘liga asir tushib qoladi, lekin bu safar ikki yil o‘tgach, qochib ketadi. Chjan Syan o‘zining O‘rta Osiyoda bo‘lgani haqida imperator nomiga batafsil yozilgan bayonnoma taqdim etib, unda savdo-sotiq uchun qulay yo‘llarni ko‘rsatadi, bu esa keyinchalik Buyuk Ipak yo‘liga asos soladi. Imperator unga “Buyuk sayohatchi” unvonini beradi.
Xitoy va O‘rta Osiyo o‘rtasidagi mol ayriboshlashlar haqidagi ma’lumotlar miloddan avvval I asrdan boshlab milodning VII-VIII asrlarigacha ko‘rsatiladi. Eng birinchi ko‘rsatmalar sovg‘a-salomlar keltirish haqida bo‘lib, ular xon saroyiga O‘rta Osiyo davlatlaridan olib borilgan. Xitoy ham biron-bir davlat hukmdorini o‘z tomoniga jalb qilmoqchi bo‘lsa, albatta sovg‘a-salom yuborgan. O‘rta Osiyo tortiqlaridan, ayniqsa, mashhur “Davani” otlari juda qadrlangan, chaqqon ayg‘ir bo‘lgani uchun xitoylar ularni “qanotli” deb ataganlar. Xitoy afsonasiga ko‘ra, imperator xudo darajasiga ko‘tarilishi, mangulikka erishishi uchun samoviy otlarda osmonga ko‘tarilishi kerak bo‘lgan. Shuning uchun ular qadrlangan. Xuddi o‘sha Chjan Syan Xitoyga “samoviy” otlarni olib ketgan. Bu tadbirkor sayohatchi O‘rta Osiyodan faqatgina otlarni emas, balki ular uchun yemish - suli urug‘ini ham olib chiqib ketgan. Qisqa vaqt ichida suli ekinlari butun Xitoy bo‘ylab yoyilib ketgan.
O‘rta Osiyo va Xitoy o‘rtasida aloqalar mustahkamlanib borgan. Har yili imperator saroyi G‘arbga bir necha yuz qo‘riqchilari bo‘lgan kamida beshta missiya yuborgan. Ular o‘zlari bilan ipak, metall buyumlar olib borib, u yerda otlar, nefrit va O‘rta Osiyoning boshqa tovarlariga ayirboshlashgan.
Xitoy buyumlari faqatgina O‘rta Osiyo uchun mo‘ljallanmagan. Ipak matolariga talab Eronda va undan g‘arbda joylashgan davlatlarda birmuncha katta bo‘lgan.
Yevropada ipak daraxtda o‘sadi, faqat xitoy liklargina bu o‘simlikning sirini biladilar, deb hisoblangan. Avgust hukmdorligi davrida Rim Xitoy ipaklariga jun mahsulotlari, ziravorlar va shisha buyumlarni almashgan. Ipak matolariga oid afsonalar xitoyliklarga juda qo‘l kelgan, shu orqali ular o‘zlariga monopoliya yaratib, qimmatbaho mato eksportini tashkil qilishga muvaffaq bo‘lganlar. Hududlari orqali qilingan savdo-sotiq ishi ma’lum miqdorda foyda keltirgan sababli parfiyaliklar ham, yerlaridan Ipak yo‘li o‘tgan keyingi avlodlar ham ipak tayyorlash sirlarini oshkor etishdan manfaatdor bo‘lmaganlar. Rimliklar bu matoni birinchi bor ko‘rganlarida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. Triumvirat a’zosi, konsul va Suriyaning Rimdagi elchisi Mark Mitsiniy Krass Iskandar Zulqarnayn izidan borishni, uning Sharqdagi g‘alabalarini takrorlashni orzu qilardi. Miloddan avvalgi 53 yilda, u parfiyaliklarga qarshi jangga otlanib, yettita legionni boshlab borgan. Biroq Rimni g‘alaba yoki mag‘lubiyat haqidagi xabar emas, balki tasodifiy hol - ipakning kashf etilishi lol qoldirgan. Bu esa legionlarning mag‘lubiyati bilan bog‘liq edi.
Parfiyaliklar jang vaqtida dushmanni aldash maqsadida chekinganlar va kutilmaganda orqaga qaytib, legionlar ustiga shiddat bilan o‘q yomg‘iri yog‘dirganlar, bu - mashhur parfiyancha o‘q otish edi. Bir vaqtning o‘zida ular quyoshda jilvalanib nur sochuvchi katta bayroqlarini yoyib, askarlarni shunchalik qo‘rqitib yuborganlarki, sarosimaga tushgan dushman yengilgan. Bu Rimning eng og‘ir mag‘lubiyatlaridan biri bo‘lgan. Oltinsimon jilvalanuvchi ip bilan tikilgan bayroqlar esa, rimliklar birinchi marta ko‘rgan ipak matolari edi. Bu mato keyingi yuz yilliklarda Rimni haqiqiy “Ipak tutqanog‘i”ga duchor qiladi. Bu bahavo, “bulutdek yengil” va “muz kabi musaffo” matoni rimliklar “xitoy nozigi” deb ataganlar.
Xitoy dan chiqqan karvonlar shimoliy Tyanshan tog‘laridan oshib o‘tib, O‘rta Osiyo hududini kesib o‘tgan, Xuroson orqali (Amudaryo g‘arbi) Mesopotamiya va O‘rta yer dengizi yerlariga yetib borgan.
Buyuk Ipak yo‘lining uzunligi 12 ming kilometrni tashkil qilgani sababli, savdogarlarning juda ozchiligi ipak yo‘lini to‘liq bosib o‘tgan. Ular asosan navbatma-navbat sayohat qilganlar, ba’zida tovarlarini yarim yo‘lda ayirboshlash bilan cheklanganlar.
Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab karvonlar o‘tuvchi shahar va qishloqlarda karvonsaroylar joylashgan. Ularda savdogarlar, karvon xizmatchilari uchun hujralar, tuyalar, yilqi, qoramol va eshaklar uchun xonalar, zarur oziq-ovqat va yem-xashak mavjud bo‘lgan.
Karvonsaroylarda savdogarlar o‘zlarini qiziqtirgan tovarlarni ko‘tarasiga sotishlari yoki sotib olishlari, so‘nggi tijorat yangiliklari, avvalo, narx- navolarni bilib olishlari mumkin bo‘lgan.
Xorazm, So‘g‘d va Farg‘ona savdo-sotiq markaziga aylana borgan. Ipak yo‘li O‘rta Osiyo tovarlari, otlar, don mahsulotlari, shuningdek uzum va paxtaga talabni kuchaytirgan. O‘rta Osiyo shaharlarida hunarmandlar yangi hunar turlarini - Sharqdan metall buyumlar, G‘arbdan shisha idishlar ishlab chiqarishni o‘rganganlar.
O‘rta Osiyo hududida miloddan avvalgi I asrda Kushon davlati yuzaga kelib, uning birinchi hukmdori Kudzulla Kadfiz bo‘lgan. Davlatning poytaxti Surxondaryo vohasidagi Dalvarzintepa o‘rnida joylashgan shahar bo‘lgan. Kudzulla Kadfiz hukmronligi davrida Kushon davlati tarkibiga O‘zbekiston va Tojikistonning janubiy tumanlari bilan birga, Qozog‘iston va Kashmir ham kirgan. Kanishka hukmronligi davrida ( 78-123) mamlakat tobora kengayib borgan. Kanishka istiloni kuchaytiradi: Hindistondagi yerlarini mustahkamlaydi, mamlakat poytaxti Baqtriyadan Peshovarga ko‘chiriladi. Kushon davlati esa Hindistondan Xo‘tangacha, hozirgi O‘zbekiston janubigacha cho‘zilib, Afg‘oniston hududini o‘z ichiga olgan juda katta imperiyaga aylanadi. Yangi shaharlar qurilib, hunarmandchilik rivojlanib boradi va Hindiston, Xitoy, Rim imperiyasi bilan savdo-sotiq aloqalari o‘rnatiladi, savdo-sotiqda, ayniqsa, Farg‘ona otlari yuqori baholangan.
Aynan Kushon davrida Buyuk ipak yo‘lini mustahkamlashga zamin yaratgan xalqaro savdo-sotiq keng yoyila borgan. Savdo aloqalari yo‘nalishi quyidagicha aniqlangan: Xitoyga O‘rta Osiyodan jun matolar, gilamlar, taqinchoqlar, lazurit va zotdor otlarni, Xitoydan esa ipak matolar, temir, nikel, choy, porox yetkazib berilgan; Janubda Hindistondan shirinliklar va atir-upa olib kelingan. Hindistonga olib boradigan yo‘l tor, katta balandliklarda, tog‘lar orasidan o‘tgani uchun “osilib turuvchi” deb nomlangan.
Bosh yo‘l Dunxuan, Xami, Turfan, Kashmir, O‘zgan, O‘sh, Quva, Andijon, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro va Marv orqali o‘tgan. Marvda (Turkmanistonning hozirgi Mari shahri) Buyuk Ipak yo‘li tarmoqlarga bo‘linib ketadi. Shoh yo‘llardan biri Xorazm orqali Volgaga, Sharqiy Yevropaga olib borgan. Shunday qilib, Xitoy, Hindiston, O‘rta Osiyo tovarlari Kiyev Russi, Novgorod, keyinchalik Moskvaga yetib borgan. Moskva bozorlarida asosan Sharq, hind savdogarlari savdo qiluvchi qatorlar mavjud bo‘lib, ular “hind qatorlari” deb nomlangan.
Boshqa bir shoh yo‘l Balx va hozirgi Afg‘oniston yerlari orqali Hindistonga olib borgan. Uchinchisi Bag‘dod tomonga, undan O‘rta yer dengiziga o‘tgan. Bu yerda tovarlar kemalarga ortilib, Misr, Vizantiya, Italiyaga olib ketilgan.
Qizig‘i shundaki, Buyuk Ipak yo‘lining asosiy yo‘llaridan tashqari, ularga tutashib ketuvchi kichik shahobchalari ham mavjud bo‘lgan. Hattoki, “oltin” yo‘li ham mavjud bo‘lgan. A. Sa’dullayev, V. Kostetskiy, N. Norqulovning fikricha, bu yo‘l Qurama va Oltoy tog‘larining hamda Zarafshon daryosining afsonaviy boyliklari sababli shunday deb atalgan va kon qazuvchilar, ko‘chmanchilar turar joylari tomon, Pop yo‘nalishida Zarkentga olib borgan.
Asqarovning fikricha, bu - Sibir yo‘li bo‘lib, undan Dovon (Farg‘ona) orqali Issiqko‘l qirg‘oqlari bo‘ylab shimoliy hududlarga oltin olib o‘tilgan. Bu yo‘llarning ikkalasi ham mavjud bo‘lganlik ehtimoldan xoli emas. Yana “kumush” yo‘li ham mavjud bo‘lib, undan Markaziy Osiyo kumushi ortilgan karvonlar shu metall yetishmaydigan davlatlar - Bolgariya, Kiyev Rusi va Yevropa mamlakatlariga olib o‘tilgan.
Rossiya, Germaniya va Boltiqbo‘yi davlatlari hududlaridagi kumush tangalar - dirhamlar topilmalariga qaraganda, ular ham pul, ham tovar sifatida olib ketilgan. Savdo-sotiq, asosan, ayirboshlashdan iborat bo‘lib, pul hisob birligi sifatida ishlatilgan. Savdogarlar o‘z tovarlarini ma’lum bir miqdorda baholab, xuddi shu miqdordagi boshqa bir tovarga almashtirganlar.
Buyuk Ipak yo‘li orqali janub tomonga karvon bilan birga savdogarlar, elchilar, boylik orttirish maqsadidagilar, sarguzasht izlovchilar, oddiy mehnatkashlar - hunarmandlar va dehqonlar hamda haj qiluvchilar o‘tganlar. Ayniqsa, karvon yo‘llaridan Budda diniga sig‘inuvchilar va Budda ruhoniylari ko‘plab yurganlar. Ular, asosan, dinni yoyish bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Asta-sekin buddizm Hindistondan Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan boshqa davlatlarga ham yoyila borgan. O‘rta Osiyoga buddizmning jadal kirib kelish vaqtini budda muqaddasgohi Ayritom (Shimoliy Baqtriya, mil. av. II asr) bildirib turadi.
Buddizmning markazi bo‘lgan joy - arxeologlar tomonidan Termiz yaqinida olib borilgan qazilmalarda, Dalvarzintepada topilgan. Bu yerda Buddaga bag‘ishlangan butun boshli ibodatxonalar, machitlar topilgan. Qazilmalarga qaraganda, u uzoq vaqtgacha O‘rta Osiyo janubidagi kuchli buddizm markazi bo‘lib kelgan, bu yerdan butun O‘rta Osiyoga tarqalib, Kushon imperiyasining davlat diniga aylangan.
Keyinchalik, karvon yo‘li orqali buddizm sekin-asta Xitoygacha yoyilgan, Yaponiyaga, Janubi-Sharqiy Osiyo va Hindixitoyga kirib borgan. Bugungi kunda biz ushbu davlatlarda, ayniqsa, Xitoy va Yaponiyada buddizmning qanchalik chuqur o‘rnashib qolganligini bilamiz. Shunday qilib, buddizmning keng tarqalishida Buyuk Ipak yo‘li muhim o‘rin tutgan.
G‘arbdan O‘rta Osiyo va Xitoy ga kirib kelgan din faqatgina buddizm bo‘lmagan. Zardo‘shtiylik bilan birga, bu yerda xristianlik va moniylik ham bo‘lgan.
Nasroniylar O‘rta Osiyo, Xitoy va Misrga, ularning xristiancha fikr- mulohazalari pravoslav cherkovi tomonidan kofirlik deb e’lon qilingach, quvg‘indan qochib o‘tganlar.
Xitoyda xristianlikni “yorug‘likni o‘qitish” deb ataganlar, bu “olovni o‘qitish” deb nomlangan zardo‘shtiylikdan farq qilgan. Xitoyda zardo‘shtiylik o‘zga yerliklarning dini hisoblanib, keng tarqalmagan. Moniylik (“ikkita qarash haqida o‘qitish”) aksincha, katta yutuqqa erishgan. U o‘zida zardo‘shtiylik va xristianlik diniy tasavvurlari elementlarini mujassamlashtirgan.
asrda Eronda taqiqlangan moniylik So‘g‘dda mustahkam o‘rnashib oladi, VIII asrdan boshlab, O‘rta Osiyoda uyg‘urlar orasida uning ko‘p sonli tarafdorlarini topadi. Uning taraqqiy etish davri V asrgacha cho‘zilgan. X asrga kelib, moniylik Markaziy Osiyoning g‘arbida islom dini, sharqida esa buddizm tomonidan uzil-kesil siqib chiqarilgan. Lekin bu ko‘p davlatlarni birlashtiruvchi yo‘l din migratsiyasiga ta’sir ko‘rsatdi, u bilan bir yo‘nalishda, faol madaniy almashinuv, jumladan yozuv va musiqa almashinuvi borgan.
O‘rta Osiyo doimo musiqa san’atining o‘ziga xosligi bilan ajralib turgan. Buyuk Ipak yo‘lining shakllanishi davridagi qulay geografik joylashuvi musiqiy hayotning jonlanishiga imkoniyat yaratdi. O‘rta Osiyo faqatgina vositachi bo‘lib qolmay, balki xalqlarning musiqiy o‘zaro boyish jarayoni ishtirokchisi ham bo‘ldi. Siyosiy shart-sharoitlar natijasida O‘rta Osiyo, Sharqiy Turkiston va Shimoliy Hindistonning Kushon davlati tarkibiga (mil. av. I-IV asr), eftalitlar davlatining (mil. av. V asr o‘rtalari - VI asr), Turk hoqonligi tarkibiga kirishi, Sharq davlatlari bilan uzviy aloqalar o‘rnatilishiga ta’sir ko‘rsatdi. Bu davrga kelib ularning etnik va madaniy birligi, Xitoy bilan aloqalari kuchaydi.
Shefer “Samarqandning oltin shaftolilari” monografiyasida podsho saroyiga qilingan turli-tuman tortiqlar hamda keng miqyosdagi savdo-sotiqqa oid ma’lumotlar keltirilgan. Bu o‘rinda mashhur O‘rta Osiyo otlari va saroy ahli orasida talab katta bo‘lgan ovchi itlar xususida so‘z boradi. Xitoydan keltirilgan ovchi qirg‘iylar va qoplon ovdagi ko‘ngilxushliklar uchun zarur bo‘lgan. Xorazmdan mo‘ynali hayvonlar - olmaxon, tulki, quyon, qunduz hamda oshlangan qo‘zi terilari, turk davlatlaridan esa ot terisidan ishlangan aslahalar keltirilgan. Xitoyda o‘zga yer sharobi (vino) qadrlangan, VIII asrda bu yerda uni tayyorlash jarayoni o‘zlashtirilganiga qaramay, Chochdan (Toshkent vohasi) bu vaqtda eroncha usulda tayyorlangan sharob keltirilgan. Toharistondan dorivor o‘tlardan tayyorlangan, yaralarni tuzatishda foydalaniladigan, qon oqishini to‘xtatuvchi “chitragandxa” dorisi keltirilgan. Sharbati davolash xususiyatiga ega bo‘lgan yantoq hammaga ma’lum dorivor giyoh sifatida eslatib o‘tiladi.
Buyuk Ipak yo‘lining ahamiyati, savdo aloqalari va uning yon-atroflarida u yoki bu buyumlarning elchilar sovg‘a-salomlari sifatida o‘rnashib qolishi bilan yakunlanmaydi. Ipak yo‘li erishilgan texnologiya yutuqlarining tarqalishiga ta’sir ko‘rsatgan. Shunday qilib, uzoq yillar davomida Xitoy monopoliyasi hisoblangan ipakchilik va ipak to‘qish V-VI asrlarga kelib O‘rta Osiyo, Eron va Vizantiyaga tarqaldi. O‘rta Yer dengizi mamlakatlaridan keltiriluvchi shisha buyumlarni tayyorlash texnologiyasi Eron va O‘rta Osiyoga kirib kelgan, V asrda esa Xitoyda o‘zlashtirib olingan.
Ipak tayyorlash ilmining G‘arb dunyosida o‘zlashtirlishi haqida afsona mavjud. Bu hozirgi zamon tilida aytganda, sanoat ayg‘oqchiligi tufayli sodir bo‘lgan. 420 yoki 440 yilda, Xitoy malikasi Xo‘tan hukmdoriga turmushga chiqishi lozim bo‘lgan va vatanidan uzoqda ipakdan ajralishni istamagan. Shuning uchun sochlari orasiga ipak qurtini yashirib «kontrabanda» yo‘li bilan Xo‘tanga olib o‘tgan. Shu yo‘sinda, Xitoydan tashqarida kam hajmda bo‘lsa-da, ipak ishlab chiqarish boshlangan. O‘rta Osiyodan Vizantiyaga ipak qurti, u bilan birga ipak tayyorlash texnologiyasi nasroniy ruhoniysi tomonidan tayoqchaga yashirib olib o‘tilgan. Shunday qilib, ipak ishlab chiqarishning Xitoy monopoliyasi barham topgan.
Milodning VII asrida Arabiston yarim orolida yangi davlat - Arab xalifaligi tashkil topib, o‘zining bosqinchilik harakatlari tufayli milodning
asriga kelib, Atlantika sohillaridan O‘rta Osiyogacha bo‘lgan hududni egallagan. Budda ibodatxonalari O‘rta Osiyoda machitlarga aylantirilgan. Arab tili davlat va adabiy til deb belgilangan. Har bir musulmonning hayoti davomida muqaddas shahar - Makkaga haj qilish majburiyati piyodalar va savdo yo‘llarini rivojlantirishga imkon yaratgan. Avval Damashqda, keyinchalik Bag‘dodda joylashgan yangi imperiya, bir tomondan, Hindiston va Xitoy, boshqa tomondan esa Vizantiya va Yevropa, slavyan davlatlari bilan savdo munosabatlarining yuqori darajada rivojlanishiga erishgan. Musulmon savdogarlari karvon yo‘llarida faol harakat qilib, o‘z imperiyalaridan ancha yiroqda, savdo markazlarida joylashib olishga muvaffaq bo‘lganlar. Musulmon tijorat birlashmalarini Ispaniyadan Xitoygacha ko‘rish mumkin bo‘lgan, Xitoy va Mongoliya o‘rtasidagi savdo- sotiq esa to‘la-to‘kis ular qo‘lida bo‘lgan.
Arab xalifaligining O‘rta Osiyodagi hukmronligi to‘qqizinchi asrlarning nihoyasida tugallandi. IX-XII asrlar O‘rta Osiyoda siyosiy jihatdan bir necha markazlashgan davlatlar - Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar hukmronligi davri bo‘lgan.
Bu davrdagi osoyishtalik mintaqada iqtisodiy va madaniy rivojlanishga asos bo‘lgan. Sharq va G‘arb mamlakatlari bilan birga, Xorazm orqali Volga hududlarida ham jadal savdo-sotiq olib borilgan.
Samarqand O‘rta Osiyoning muhim shahriga aylangan. Bozorlar dunyoning turli chekkalaridan Eron, Hindiston, Xitoydan keltirilgan tovarlar bilan to‘lib-toshgan. Zarafshon vohasining ipak va paxtadan qilingan matolari juda katta talabga ega bo‘lgan. Misgarlar esa o‘zlarining mis chiroqlari va mis qozonlari bilan mashhur bo‘lganlar. Shu bilan birga, Samarqanddan ro‘mol, yong‘oq, kamar olib chiqib ketilgan. Ayniqsa, tayyorlanish jarayoni ilgari sir saqlanib, faqat Xitoydagina ma’lum bo‘lgan, qog‘oz tayyorlash usuli katta ahamiyat kasb etgan. Qog‘oz tayyorlash sirini xitoylik qog‘ozfurushlarning o‘zlari Talas jangida (751 y.) asir olinib, Samarqandga keltirilgach ochib berganlar. Samarqand qog‘ozfurush ustalari bu hunarni avloddan-avlodga o‘rgatib kelganlar. X asrning oxiriga kelib, qog‘oz tayyorlash Sharq mamlakatlarida, hatto G‘arb mamlakatlarida keng yoyilganda ham Samarqand qog‘oziga teng keladigani bo‘lmagan.
Buxoro zargarlik ustalari bilan mashhur bo‘lgan. Uning eksportida sezilarli o‘rinni gilamlar, paxta va jun matolar, charm, egar-jabduqlar, yog‘, oltingugurt, yong‘oq va albatta, mashhur Buxoro qovun-tarvuzlari egallagan.
Shosh viloyati o‘sha davrda charm buyumlari bilan mashhur bo‘lgan, bu esa cho‘lga yaqin joylashganligi, ko‘chmanchi aholiga yaqin bo‘lganligi bilan asoslanadi. Shoshdan ot terisidan tayyorlangan baland egarlar, o‘tovlar, bundan tashqari, kamzullar, joynamozlar, kamonlar, igna va qaychilar olib ketilgan.
XII asrlarda savdo aloqalarining faolligi ayniqsa Xorazm uchun qo‘l kelgan. Amudaryoning quyi oqimi, Orol dengizining janubrog‘idagi bu voha Volgabo‘yi ko‘chmanchilari o‘rtasidagi savdo munosabatlarida vositachilik vazifasini o‘tagan. Xorazmning yirik shahri bo‘lgan Urganchdan o‘tgan karvon yo‘li O‘trorgacha, undan Xitoyga, so‘ng Buxoro va janub tomonga olib borgan. Bu yo‘l shu yo‘nalishda Sharqqa, Xitoy yoki Hindikush orqali Hindiston tomonga cho‘zilib ketgan. Ma’lumki, Xorazmda bodomdan tayyorlangan qandolat mahsulotlari va ajoyib qovunlar serob bo‘lib, ularni chetga chiqarish uchun qor yoki muz parchalari bilan birga idishlarga joylashtirilgan.
Bundan tashqari, Xorazm vohasi kamonlari, qayiqlari, baliq yelimlari, baliq tishlari hamda Amudaryodan tutilib, dudlab tayyorlanadigan baliq mahsulotlari bilan qadrlangan.
asrda muayyan savdo operatsiyalarida chek ishlatilgan (“chek” - forscha so‘z bo‘lib, hujjat ma’nosini anglatgan). Savdogar o‘zi bilan ko‘p miqdorda pul olib yurishi shart bo‘lmagan, u biron shaharda tijorat ishlarida ishonch bildirilgan sarroflardan biriga pulini topshirib, undan tegishli hujjat - chekni olishi va boshqa shaharda uning keragicha qiymatini qaytib olishi mumkin bo‘lgan.
Aytib o‘tish kerakki, siyosiy nizolar vaqtida Buyuk Ipak yo‘li birmuncha noxush yana bir vazifani o‘tagan. Masalan, XIII asrda Chingizxon xuddi mana shu Buyuk Ipak yo‘lidan o‘z bosqinchilik maqsadida foydalangan.
Chingizxon O‘rta Osiyoni bosib olganida Xorazm ikki qismga bo‘lingan: shimoliy Xorazm poytaxti Urganch bilan Jo‘ji ulusiga (Chingizxonning katta o‘g‘li yerlari) kiritilgan va keyinchalik Oltin O‘rdaning bir qismiga aylangan. Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoy O‘rta Osiyo hududiga egalik qilgan.
Mo‘g‘ullar hukmronligi davrida Xitoy va O‘rta yer dengizi davlatlari o‘rtasida savdo-sotiq aloqalari vujudga kelgan. Lekin bu savdo-sotiqdan tushgan foyda ichki kelishmovchiliklar oqibatida O‘rta Osiyoga emas, balki Oltin O‘rdaga tushgan. Karvonlarning ko‘plari Movarounnahrni aylanib o‘tib, to‘g‘ri Volgaga, undan Qora dengizga chiqqanlar. Xorazm bu shimoliy yo‘lning bir bo‘lakchasi bo‘lib, u hududlararo va qit’atlararo savdo munosabatlarini bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajargan. Bozorlari to‘lib- toshgan, Urganch yirik savdo markaziga aylangan.
Movarounnahrni tashqi dunyo bilan bog‘lovchi karvon yo‘llarini asosan ikki guruhga ajratish mumkin bo‘lgan. Birinchisi - shimolga va ikkinchisi - janubga olib boruvchi yo‘llar XIV asrda Movarounnahrning shimol tomondagi yirik iqtisodiy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘shnisi Oltin O‘rda edi. U juda keng hududni Prut-Dnestr va Dnestr-Dnepr daryolari oralig‘i, Dnepr, Don va Volganing chap qirg‘oq havzalarini, Shimoliy Kavkaz, Volga-Ural daryolari oralig‘ini, Xorazmning katta qismi, Shimoliy va Janubiy Qozog‘iston, G‘arbiy Sibirdagi ko‘plab shahar hamda qishloqlarni birlashtirib turgan1. Movarounnahr markazlari muayyan davrlarda Oltin O‘rda tarkibiga kiruvchi yirik markazlar bilan mustahkam savdo-iqtisodiy aloqalari olib borgan. O‘sha markazlar tarkibiga, jumladan Saroy, Saroychik, Eski Qozon, Hoji Tarxon, Tyumen (Chingi ko‘ra), Sig‘noq, Sabron, Yassi, O‘tror va boshqalar kirganligini ta’kidlash lozim2.
1370 yilda Movarounnahr hukmdori bo‘lgan Amir Temur xalqaro savdo- sotiqqa alohida xayrixohlik bildirgan. U Buyuk Ipak yo‘lini saqlab qolish va Movarounnahr hududidan o‘tuvchi yo‘llarni tiklashga intilgan.
Xorazmning qo‘shilishi bilan savdo-sotiq yana qaytadan Urganch bozorlari orqali Amir Temur imperiyasining poytaxti - Samarqand orqali o‘tadigan bo‘ldi.
asrning 70-yillari oxiriga kelib, Amir Temur Xurosonga yurish qiladi. Xuroson orqali Movarounnahr, Xitoydan Hindiston yerlarini birlashtiruvchi magistral yo‘llar o‘tgan. Bu yo‘llar yoqasida boy bozorlar mavjud bo‘lib, ayniqsa, Hirotda O‘rta yer dengizi va Xuroson tovarlari: ipak va paxta matolarini, parcha va ro‘mollar, gilamlar, Nishopurdan ajoyib firuzalar, mushku-anbarlar, uzum, bodom, xandonpista hamda Xirotda tayyorlangan po‘lat, Xuroson tillasi va kumushi, Movarounnahr yoqutini uchratish mumkin bo‘lgan. Bu bozorlarda yilqi, qoramol, qo‘y va tuyalarni sotib olish mumkin bo‘lgan.
asrning 80-yillarida Xuroson va Hirot Amir Temur imperiyasi tarkibiga kirgan. 1389 yildan 1395 yilgacha esa, Temur Oltin O‘rda xoni To‘xtamishga qarshi uch bor yurish qilgan, buning natijasida Oltin O‘rda poytaxti - Saroy Berke (Volganing quyi qismidagi shahar) parchalangan, uning hududidan o‘tuvchi karvon yo‘llari esa faoliyatini to‘xtatgan. Saroy Berke tor-mor etilgach, qit’alararo shimoliy yo‘l e’tiborsiz tashlab qo‘yilgan. Saroy, Urganch va O‘tror orqali o‘tuvchi yo‘llar o‘rniga karvonlar yana Hirot, Balx va Samarqand orqali o‘tadigan bo‘lgan.
Amir Temurning Eron, Kavkaz, Hindiston va Turkiyaga qilgan keyingi barcha yurishlari Buyuk Ipak yo‘lining mo‘g‘ullar, ya’ni Chingizxon istilosigacha mavjud bo‘lgan savdo shoh yo‘llarini tiklashga qaratilgan.
Amir Temur hukmronligi yillarida Xirot bilan savdo aloqalari mustahkamlandi. O‘rta Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi karvon aloqalari yangi asosga ega bo‘ldi. “Min Shu Li” (Min imperatorlari hukmdorligi yillaridagi voqealar haqida yozilmalar”) manbalariga qaraganda, 1368-1398 yillar orasida Amir Temurdan Xitoyga to‘qqiz marta elchi borgan. Sovg‘a-salomlar sifatida Xitoyga otlar, tuyalar, duxoba, qilichlar, aslahalar jo‘natilgan. Xitoy imperatori, o‘z navbatida, qimmatbaho toshlarni sovg‘a qilib yuborgan.
Shuningdek, Amir Temur ham Xitoy imperatoriga yaxshi niyatlar bildirilgan maktub yo‘llab, “sovg‘a” sifatida 200 ta otni qo‘shib yuborgan.
1404-1405 yillarda Temur Xitoyga yurish qilishga uringanida ahvol birmuncha keskinlashgan. Biroq uning vorislari Shohrux va Ulug‘bek davridayoq diplomatik aloqalarning tiklanishi va rivojlanishi ko‘zda tutilgan. Hukmronlar bir-birlariga yo‘llagan maktublarida, do‘stona aloqalarni mustahkamlash, ikki tomonlama foyda keltiruvchi savdo aloqalarini rivojlantirish va savdo yo‘llari xavfsizligini ta’minlash zarurligini uqtirib o‘tganlar. 1403-1449 yillarda Xitoyga Samarqanddan 33 nafar va Xirotdan 14 nafar elchi kelgan.
Xitoyga kelgan turli davlatlarning elchilari boj to‘lovlaridan ozod qilinganlar. Bundan tashqari, ularga yotoqxonalar berilib, zarur xizmatlar ko‘rsatilgan, turli ko‘ngilxushliklar uchun imkon yaratib berilgan.
Dengiz yo‘llarining ochilishi natijasida Xitoy va Hindistondan tovarlar dengiz orqali olib kelinganida ham, Uzoq Sharq va Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo aloqalarida O‘rta Osiyo savdogarlarining ishtiroki davom etgan. O‘rta Osiyoga XVI-XIX asrlarda ham Xitoy ipaklari, ipak keyim- kechaklar va chinni buyumlari kelib turgan.
Ayrim olimlarning ma’lumotlariga qaraganda, o‘sha davrda Buyuk Ipak yo‘li orqali O‘rta Osiyodan eksport qilinuvchi tovarlardan biri - zandanachi matosi bo‘lib, u Buxoro yaqinida joylashgan Zanadana qishlog‘i ustaxonasining mahsuloti bo‘lgan. Ishlab chiqarilgan joyi nomini olgan bu mato Buxoro orqali bir qancha davlatlarga, jumladan Kavkazga va Rossiyaga yetkazib berilgan.
XVI asrda O‘rta Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi diplomatik aloqalar susayib borgan. Bunga sabab dengiz yo‘llarining ochilishi, feodallar urushining avj olishi, O‘rta Osiyoda Shayboniylar, Eronda Sefevedlar davlatlari o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarning keskinlashuvidir. O‘rta Osiyo shaharlarining boshqa davlatlar savdo markazlaridan ajralib qolishi karvon yo‘llari orqali amalga oshiriladigan savdo-sotiqning anchayin pasayib ketishiga sabab bo‘ldi.
asrda, butun Yevropaning e’tibori Turkistonga qaratilgan bir vaqtda, Buyuk Ipak yo‘li allaqachon afsonaga aylangan edi. Uning “qayta ochilishi” siyosiy sharoitlarning tasodifiy natijalari edi. Bu safar sirli yo‘llanma bilan Angliya qirolichasining topshirig‘iga binoan, Qoraqumning qorli tog‘lari orqali O‘rta Osiyoga hindistonlik Muhammadi Hamid yuborilgan. U Takla Makan vohalarini o‘rganishi kerak edi. Bu mustamlaka mamlakatlar bo‘yicha Rossiya va Angliya manfaatlari to‘qnashgan bir davr bo‘lib, ular Osiyoda mustahkamlanib olish va unga o‘zlarining ta’sirlarini kuchaytirishi borasida raqobatlashganlar. Birinchi masala joyni razvedka qilish va xarita tuzishdan iborat bo‘lgan. Inglizlarda hindistonlik fuqarolardan razvedka maqsadida foydalanish fikri tug‘ilgan: ular Turkistonga olib boruvchi yo‘llar orqali savdogar ko‘rinishida chegaralardan ortiqcha qiyinchiliksiz o‘tishlari mumkin bo‘lgan.
Shunday qilib, Muhammadi Hamid topshiriq olgach, Yorkentga yo‘l oladi va u yerda vazifasini nihoyasiga yetkaza olmaydi, chunki yo‘lda kasalga chalinib, vafot etadi. Lekin u ba’zi bir narsalar - afsonaga aylangan Takla Makan orqali o‘tuvchi yo‘nalish, Xo‘tan yaqinidagi cho‘llarda qum uyumlari bilan ko‘milgan shaharlar haqida yozib qoldirishga ulgurgan.
Bu ma’lumotlarga tuzukroq ahamiyat berilgunicha yana o‘ttiz yil o‘tishi kerak bo‘ldi. 1900 yildan boshlab Ipak yo‘lida arxeologik izlanishlar boshlanadi (Xo‘tandagi “Janubiy Ipak yo‘lida”). Unda ingliz, nemis, fransuz, rus va yapon olimlari ishtirok etgan. Ko‘pdan-ko‘p san’at durdonalari topilgan, bu qo‘lyozmalar o‘n yetti tilda va yigirma to‘rt harfli alifboda yozilgan bo‘lib, hozirda dunyoning mashhur muzeylarida saqlanmoqda. Birinchi jahon urushining boshlanishi to‘satdan bu tadqiqotlarni uzib qo‘ydi.
Insonparvarlikning qaror topishi va turli xalqlar madaniyatining uyg‘unlashuvida Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy ahamiyati
asrning oxiri jahonda sodir bo‘lgan ulkan siyosiy o‘zgarishlar bilan ajralib turadi. Butun dunyo bir butun va o‘zaro bog‘liq tizimga aylandi.
Ma’lumki, jamiyat taraqqiyotining zarur shartlaridan biri xalqlarning o‘zaro axborot almashinuvidir. Madaniyatda erishilgan yutuq va natijalar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar - savdo-sotiq, bosib olish va ko‘chib o‘tish orqali keng tarqaldi. Unumdor, sug‘oriladigan yerlarda butun bir madaniyat o‘choqlari vujudga keldi.
Tarixiy jarayonda karvon yo‘llari asosiy o‘rin tutgan, jumladan Buyuk Ipak yo‘li qadimgi va o‘rta asrlarda Xitoy, Hindiston, O‘rta Osiyo, O‘rta va Yaqin Sharq, O‘rta yer dengizini birlashtirgan.
Buyuk Ipak yo‘lining tiklanishi nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Buyuk Ipak yo‘lining insoniyat taraqqiyoti tarixidagi ahamiyatini hisobga olib, xalqaro YUNESKO tashkiloti 1987 yilda “Ipak Yo‘li” dasturini qabul qildi.
Dasturning asosiy g‘oyasi asrlar davomida urushlar bilan birga, xalqlar va davlatlar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning qanday kechganini ko‘rsatish edi. Bu jarayonning bosh ko‘rsatkichlari bo‘lib Buyuk Ipak yo‘li orqali amalga oshiriluvchi savdo-sotiq aloqalari va madaniy almashinuvlar xizmat qilgan. Turli mutaxassislardan tuzilgan xalqaro guruhlar uni amalga oshirishga kirishdilar. Madaniy yodgorliklarda ham mahalliy, ham o‘zga yerlar an’analari jipslashib ketgan Markaziy Osiyo respublikalariga bu dasturda alohida o‘rin ajratilgan.
“Buyuk Ipak yo‘li” dasturining yakuniy konferensiyasi 1997 yilda Parijda bo‘lib o‘tdi. O‘sha yerning o‘zida katta e’tiborga loyiq ko‘rgazma tashkil etilib, unda Osiyo xalqlarining asrlar davomida erishgan madaniy yutuqlari namoyish etildi.
Ikki yil o‘tgach, 1995 yilda, avval Shtutgart “Linden-Museum”da, keyinchalik Berlinda va Rotterdamda “Ipak yo‘lining vorisi - O‘zbekiston” nomli ko‘rgazma namoyish etilib, u O‘zbekistonning tarixi va urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
1998 yilning noyabrida Toshkentda YUNESKO ijroiya kengashi 155- sessiyasining yakunlovchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda respublikamiz Prezidenti I. A. Karimov so‘zga chiqib, tarixni tiklashda ko‘rsatgan yordamlari va ishtiroki uchun YUNESKO rahbariyatiga o‘zining minnatdorchiligini bildirdi.
Buyuk Ipak yo‘li Osiyo va Yevropa xalqlari iqtisodiy va siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. U xalqlarning ham savdo, ham madaniy sohada o‘zaro hamkorlik aloqalarini olib boruvchi, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tagan. U yana xalqlar o‘rtasidagi muloqotning eng yangi usuli - savdo-sotiq, madaniy va ilmiy aloqalar yo‘li bo‘lgani haqida dalolat beradi. Xuddi shuning uchun ham hozirgi davrda Buyuk Ipak yo‘li an’analarini tiklash dolzarb masalaga aylandi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, bu jarayonni amalga oshirishda bizning respublikamiz bir qancha ishlarni amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston BMTning “Tranzit tashish hamkorligini rivojlantirish orqali savdo-sotiqni kengaytirish dasturi”da ishtirok etmoqda. Bu dasturga asosan Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligida amalga oshirilib, ularning dengiz portlariga chiqishlariga imkon beruvchi va Buyuk Ipak yo‘lining tiklanishiga asos bo‘luvchi tranzit transport yo‘lagi yaratish sohasidagi o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari ishlab chiqilmoqda.
1993 yilning mayida Bryusselda Yevropa komissiyasi tomonidan Markaziy Osiyo, Kavkaz hamda Yevropa Ittifoqi davlatlari vakillarining uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvdan maqsad - jahon iqtisodiyotiga yangi mustaqil davlatlar, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarini jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish edi. Bu masala, avvalo, transport va kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan. Bryussel uchrashuvida TRASEKA Yevropa - Kavkaz - Osiyo transport yo‘lagini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu uchrashuv Buyuk Ipak yo‘lini tiklash sari qo‘yilgan birinchi qadam bo‘ldi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari va iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (EKO) davlatlarining hukumatlararo shartnomasi tuzildi. Shartnomaga asosan, Pekin bilan Istambulni birlashtiruvchi, Transosiyo magistralining asosiy qismi bo‘lgan Tadjan- Saraxs-Mashhad temir yo‘l tarmog‘i qurilishi amalga oshiriladi. 1996 yilda Saraxsda Markaziy Osiyo va Eron temir yo‘l magistralining birlashuvi bu maqsadda qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi. Qurilishni yakunlash rejalashtirilgan. Bu transport yo‘lagining ochilishi bilan O‘zbekiston Sharqda Osiyo, Tinch okeani, undan Yevropa bilan tashqi savdo aloqalarini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
1998 yil 8 sentabrda respublikamiz Prezidenti Islom Karimov Ozarbayjon poytaxtida o‘tkazilgan Buyuk Ipak yo‘lining tiklanishiga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Bu konferensiyada 32 mamlakat vakillari, BMT, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki vakillari qatnashdilar. Boku konferensiyasi ishtirokchilari TRASEKA loyihasini amalga oshirish komissiyasini tashkil etish, Boku shahrida rezidensiyasini joylashtirish va doimiy kotibiyatini ta’sis etish taklifini ma’qulladi.
O‘zbekiston temir yo‘l qurilishi bilan birga, Andijon-O‘sh-Irkashtom- Qashqar avtomobil yo‘llari qurilishi va rekonstruksiyasida ishtirok etadi. Bu yo‘llar Xitoy va Pokistonga hamda Buxoro-Saraxs-Mashhad-Tehron va Termiz-Hirot-Qandaxor-Karochi orqali Hind okeaniga chiqishga imkon beradi.
Ushbu transmintaqaviy magistrallarning faoliyat ko‘rsatishi O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi iqtisodiy aloqalarga, Osiyo- Tinch okeani hududi, Hindiston va Xitoy, Yaqin Sharq mamlakatlari, Turkiy a hamda Yevropadan tranzit tashishni kengaytirish imkoniyatlarini yaratadi.
Uchinchi ming yillik bo‘sag‘asida insoniyat hamkorlikning yangi yo‘llarini izlashga yoki davrlar o‘tishi bilan unutilgan karvon yo‘llarini tiklash zaruratiga duch keldi. Buyuk Ipak yo‘lining tiklanishi va har tomonlama o‘rganilishi bu zaruratga to‘la-to‘kis javob beradi.
Buyuk Ipak yo‘li bir necha asrlar davomida turli xalqlarni yaqinlashtirishga, fikrlar va bilimlar almashinuviga, tillarni va madaniyatlarni o‘zaro boyitishga xizmat qilib kelgan.
Buyuk Ipak yo‘li Sharq va G‘arb halqlari o‘rtasidagi keng madaniy aloqalar va o‘zaro hamkorliklar tarixidir. Bu esa tinchlik va insoniyat taraqqiyoti uchun madaniy hamkorlik qilishning nechog‘lik zarurligini tasdiqlaydi.
Asrlar mobaynida o‘zaro manfaatli aloqalar va farovon turmush darajasiga intilish siyosiy va diniy nizolar, kelishmovchiliklardan ustun kelgan. Kelajakda xalqlarning o‘zaro hamkorlik munosabatlari modelini tuzishda shu kabi ishonarli misollardan foydalanish zarur.
5-ma’ruza
MARKAZIY OSIYO XALQLARI HAYOTIDAGI UYG‘ONISH (RENESSANS) DAVRI. AJDODLARIMIZNING JAHON SIVILIZATSIYASIGA QO‘SHGAN HISSALARI (IX-XII, XIV-XV asrlar)
1. Markaziy Osiyo xalqlari hayotidagi buyuk Uyg‘onish davrining zaruriyati
Markaziy Osiyo insoniyat olamida juda qadimdan madaniy ati rivojlangan, tarixi boy mintaqalardan biri bo‘lgan. Sharq xalqlarining o‘rta asrlardagi ilg‘or madaniy ati, dunyoviy turmush tarzi va qadriyatlarining ravnaqi Markaziy Osiyoning Uyg‘onish davriga asos soldi. Bu davrda (IX-
asrlar) vujudga kelgan yangi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy vaziyat muhim ahamiyatga ega bo‘lib, Markaziy Osiyo xalqlari jahon sivilizatsiyasiga o‘zlarining ulkan hissalarini qo‘shdilar.
Arablar istilosi O‘rta Osiyoning shahar va qishloqlarini vayron etib, zulmni kuchaytirish bilangina cheklanmay, mahalliy xalqlarning avvalgi dinini yo‘qotdi va o‘rniga yangi - islom dinini majburan joriy etdi. Abu Rayhon Beruniy “Osuriya boqiya” asarida shunday yozadi: “Qutayba xorazm yozuvini, rivoyatlarini yaxshi bilgan, xorazmliklardagi mavjud ilmlarni o‘rgatuvchi kishilarni qiyratgan va ularga turli yo‘sinda azob bergan”. Beruniy yana yozadi: “Qutayba xorazm xattotlarini yo‘qotdi, ruhoniylarni qirdi, ularning kitoblarini va o‘rama xat yozuvlarini o‘tda kuydirdi” 1. Arablar istilosi 671 yildanoq boshlangan bo‘lib, Qutaybaning harbiy yurishlari (705715 yillar) arablar tomonidan Markaziy Osiyoning istilo qilinishida katta ahamiyat kasb etdi. U qariyb butun Movarounnahrni - Zarafshon vodiysi, Qashqadaryo, Xorazmni zabt etdi.
Bosib olish jarayonida har bir mintaqa (masalan, biz uchun Turkiston o‘lkasi) xalqlarining o‘ziga xos davlatchilik shakllari vujudga keldi. Bu davlatlar arab halifaligiga nomigagina qaram bo‘lib, aslida iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda mustaqil faoliyat olib bordilar. Shu bilan birga, yagona umumiy makonning vujudga kelganligi umumiy taraqqiyotni tezlashtirdi. Mahalliy davlatlar o‘z chegaralarida pul muomalasi, savdo-sotiq, madaniy, siyosiy va tashqi aloqa muammolarini hal qilib, xavfsizlik va moliyaviy ta’minot kafolatini yaratib, avvalo, o‘z davlatlari, qolaversa, butun arab musulmon dunyosining gullab-yashnashi, taraqqiy etishi uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni vujudga keltirdilar. Natijada VIII-XIII asrlarda butun Markaziy Osiyo o‘lkasida iqtisodiy va siyosiy, ijtimoiy-ma’naviy hayotning barcha yo‘nalishlarida keskin ko‘tarilish, jonlanish ro‘y berdi.
Ma’lumki, qadimiy madaniyat o‘chog‘i bo‘lgan Markaziy Osiyoning qulay geografik joylashishi, tabiati, iqlimi mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning avvalroq boshlanishini ta’minladi, Sharq bilan G‘arb, Mesopotamiya, Eron, Misr, keyinchalik Yunoniston va Rimni Xitoy hamda
Hindiston bilan bog‘lovchi, turli xalqlar madaniyatining chatishuvini ta’minlovchi halqa vazifasini o‘tadi. Markaziy Osiyoga xos bo‘lgan ana shu xususiyat ayni vaqtda ko‘plab xalqlar diqqatini o‘ziga jalb qildi hamda qayta- qayta zabt etilishiga sabab bo‘ldi. Shu o‘rinda, arxeolog olim
Staviskiyning “Qadimgi yunon va O‘rta Osiyo xalqlari madaniyati o‘rtasidagi o‘xshashlikka O‘rta Osiyo xalqlari bilan ellinlarning uzoq ajdodlari birligi sabab bo‘lgan deb tushunish kerak”2 yoki sharqshunos olima
Sulaymonovaning “Markaziy Osiyo xalqlarida ham yunonlardagidek qora ot ilohiylashtiriladi, unga bag‘ishlangan marosimlar ham bir xil, har ikkala mintaqada marosimlar qishki va bahorgi quyosh turishi bilan bog‘liq, qishda
aza, yozda - bayram” degan fikrlariga qo‘shilish mumkin, shu asosda turli xalqlar madaniy ati chatishuvining yuz berishi Turkiston o‘lkasidagi taraqqiyotning asosi hamda sabablaridan biri ekanligiga dalildir.
Somoniylar hukmronligi davriga kelib Xuroson va Movarounnahrda madaniy hayotning yuksalishi kuzatildi. Marv, Buxoro, Samarqand va Urganch o‘z davrining madaniy markazi sifatida dong taratdi.
Arab istilosi davrida zo‘rlab islomlashtirish arab tilining joriy etilishiga olib keldi. Arab tili faqat musulmon aqoidlarida, rasmiy idoralar doirasidagina emas, balki fors, xorazm, so‘g‘d aslzodalari muhitida ham qo‘llanila boshladi. Barcha aqoid va shariat qoidalari (fikh) arab tilida yoziladigan bo‘ldi. Barcha rasmiy qog‘ozlar shu tilda yozildi. Arab tilini bilmagan odam amaldor bo‘la olmas edi. Barcha ilmiy asarlar arab tilida bitildi. X asr o‘rtalaridangina Movarounnahr aholisi fors-tojik tilida arab imlosi bilan yoza boshladiki, bunday yozuvlar bizning kunlargacha saqlanib qolgan.
IX-XI asrlarda Markaziy Osiyoda arab tilida nodir ilmiy asarlar yozgan olimlar yetishib chiqdilar. Masalan, buyuk matematiklar Abu Ja’far ibn Muso Al-Xorazmiy (763-850 yillar) va Ahmad Al-Farg‘oniy (861 yilda vafot etgan) shular jumlasidan bo‘lib, ular Xalifa Al-Ma’mun (813-833 yillar) rasadxonasida ilmiy ish olib borganlar. Aljabrga doir asarlarning lotin tiliga tarjima qilinishi bilan Al-Xorazmiy dunyo fani tarixida tong taratgan. Yevropada Al-Xorazmiy nomi “algoritm” va “algorifm” atamasi sifatida “Kitob ul-jabr val muqobala” nomli asaridan algebra fanining nomi bizning davrimizgacha saqlanib qolgan. Olimning “Kitob at-tarix” (Tarix kitobi) da Xuroson, Kichik Osiyo va Movarounnahrning VIII-IX asrlardagi tarixiga oid qisqa va aniq ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan.
Ahmad Farg‘oniy ilmiy kashfiyotlari bilan jahon fani, madaniyati taraqqiyotiga ulkan va munosib hissa qo‘shdi. Xususan, uning 812 yilda quyosh tutilishini oldindan bashorat qilishi, yerning dumaloq shaklda ekanligini aniqlaganligi e’tiborga molikdir. Farg‘oniy Misrda yashagan chog‘ida Nil daryosi suvini o‘lchaydigan asbob (tutash idishlar qoidasiga asoslangan) yasagan va u hozirgacha saqlanadi. Olimning “Al-Farg‘oniy jadvallari” (qo‘lyozma), “Usturlob bilan amal qilish haqidagi kitob” asarining qo‘lyozmalari Hindistonda, “Oy, yerning ustida va ostida bo‘lgan vaqtni aniqlash risolasi”ning qo‘lyozmasi Qohirada, “Yetti iqlim ilmi” asarining qo‘lyozmasi Olmoniyada, “Usturlob yasash haqida kitob” qo‘lyozmasining to‘rtta nusxasi Berlin va Parijda saqlanmoqda. Yevropada uni “Al-Farganus” deb ataganlar. Ilk uyg‘onish davri adabiyotining yirik vakili Aligyeri Dante o‘zining “Bazm” va “Ilohiy komediya” asarlarida falakning tuzilishi tartibini tasvirlaganda Ahmad Al-Farg‘oniyga suyanadi. 1998 yilda Ahmad Farg‘oniyning 1200 yillik yubileyi katta tantana bilan nishonlandi.
Sharq allomalarining yirik namoyandalaridan biri bo‘lgan Abu Nasr Forobiy (873-950 yillar) Forob (O‘tror) shahrida tavallud topgan. U fanning deyarli barcha sohalarini mukammal o‘rganib, 160 dan ortiq asarlar yozgan. Forobiy riyoziyot, falakiyot, tabobat, musiqa, falsafa, tilshunoslik va adabiyotga oid buyuk asarlar, risolalar yaratib, jahonga mashhur bo‘ldi. U yozgan “Aristotel” (Arastu)ning “Metafizika” asari maqsadlari haqida”, “Tirik mavjudot a’zolari haqida”, “Musiqa kitobi”, “Baxt-saodatga erishuv haqida”, “Siyosat al-Madaniya” (Shaharlar ustida siyosat yurgizish), “Fozil odamlar shahri”, “Masalalar mohiyati”, “Qonunlar haqida kitob”, “Falsafaning mohiyati haqida kitob” va boshqalar buyuk olimning ilmiy dunyoqarashining beqiyos darajada kengligi va chuqurligidan dalolat beradi.
Umuman, Forobiy ilmlarning beshta asosiy turkumini ko‘rsatadi ::
Til haqidagi ilm (grammatika, poetika, to‘g‘ri yozuv va boshqalar) jami yettita bo‘limdan iborat.
Mantiq, sakkiz bo‘limdan iborat.
Matematika, yetti mustaqil ilm: arifmetika, geometriya, optika, sayyoralar, musiqa, og‘irlik mexanikasi.
Ilm at-tarkibiy va ilm al-ilohiy - tabiiy va ilohiy ilmlar yoki metafizika.
Siyosat ilmi (ilm al-madaniy - shahar haqidagi ilm, shaharni boshqarish ilmi), fikh (yurisprudensiya) va kalom (musulmon teologiyasi).
Abu Ali ibn Sino, ayniqsa, tibbiyot ilmiga alohida mehr qo‘ygandi. Uning ilmiy qarashlari ikki yo‘nalishda: tibbiyot va falsafiy sohalarda rivojlandi. 17 yoshidayoq olim sifatida shakllandi, katta nufuzli shifokor bo‘lib yetishdi.
Ibn Sino Qoraxoniylarning Somoniylarga yetkazgan talofatlarining (992 yil va 999 yil) va Buxoroni ikki marta qarshiliksiz zabt etganligining shohidi bo‘ldi. Yangi sulola hokimiyatining birinchi yiliyoq boshlangan tartibsizliklar sababli, u 1002 yilda ko‘plab buyuk olimlar yig‘ilgan Urganchga, Xorazmshoh saroyiga ketdi. Agar xuddi shunday muhit davlatlarda va mamlakatlarda vujudga kelsa, albatta, shu yerda madaniy hayot inqirozga yuz tutgan. Xorazmni Mahmud G‘aznaviy egallagach, Ibn Sino Gurgon amirligiga, u yerdan Hamadonga - buvayxiylar hukmdori Shams ad-Davla (997-1021 yillar) huzuriga ketadi.
Buyuk qomusiy olimdan juda katta meros qolgan, umuman, turli fan sohalariga oid 450 dan ortiq ilmiy asarlari qayd etilgan. Biroq, bizgacha Ibn Sinoning faqat 242 ta asari yetib kelgan, xolos. Ularning 80 tasi falsafa, ilohiyot va tasavvufga, 43 tasi tabobatga, 19 tasi mantiqqa, 26 tasi ruhshunoslikka, 23 tasi tibbiyot ilmiga, 7 tasi falakiyotga, 1 tasi riyoziyotga, 1 tasi musiqaga, 2 tasi kimyoga, 9 tasi odob ilmiga, 4 tasi adabiyotga, 8 tasi boshqa olimlar bilan bo‘lgan yozishmalarga tegishlidir 1. Ulug‘ hakimning tabobatga oid shoh asari, albatta, “Kitob al-Qonun fi-t-tib” (“Tib qonunlari kitobi”) dir. Ibn Sino “Tib qonunlari”ni besh kitobga bo‘lgan, bu kitobning jahonshumul ahamiyati shundaki, u XVIII asrning oxirlariga qadar Yevropaning tibbiyot o‘quv yurtlarida asosiy o‘quv qo‘llanmasi bo‘lgan.
Ibn Sino Sharqda “Shayxur-rais”, G‘arbda esa “Avitsenna” nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Jahon ilm-fani taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan ilmiy markazlardan biri 1010-1017 yillarda faoliyat ko‘rsatgan Ma’mun Akademiyasi (Donishmandlar uyi) dir. Xorazm shohi Ma’mun II ilm-fan ravnaqi uchun kurashgan ma’rifatparvar, ilm-fanga qiziqqan komil inson bo‘lgan. Uning davrida Markaziy Osiyoning ilm-fan markazi Xorazm bo‘lib, Turkistonning ko‘zga ko‘ringan ilm ahli ana shu ilmiy markazga to‘plangan.
Xorazm shohi Ma’mun II Akademiyada Abu Rayqon Beruniy boshliq olimlarga hamma imkoniyatlarni yaratib beradi. Abu Rayhon Beruniy (9731048 yillar) Qiyot shahrida tavallud topdi. U qadimgi yunon fani bilimdonlarining merosini egalladi, til, falsafa, falakiyot, riyoziyotni o‘rgandi, botanika, minerologiya, geografiya, tarix kabi ko‘pgina fanlarga qiziqdi. Beruniy Abu Nasr Mansur ibn Iroq rahbarligida riyoziyot va falakiyotni yoshligidayoq o‘rganib, quyoshning choshgohdagi balandligini armila asbobi yordamida yarim darajagacha aniqlikda o‘lchagan. U 21 yoshida ekliptika tekisligining ekvatorga og‘ishi burchagining g‘oyat aniq o‘lchovini topadi. 22 yoshida Beruniy Markaziy Osiyoda birinchi bor yer globusini yaratadi 1. Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Minerologiya”, “Geodeziya” kabi yirik asarlari olimga jahonshumul shuhrat va obro‘ keltirdi.
Buyuk mutaffakkir o‘z asarlarida Xristofor Kolumbdan 460 yil avval Amerika qit’asi borligini bashorat qilgan. U bu haqida: “Bizning tekshirishimizcha, yerning shimoliy (ikki) choragidan biri quruqlik bo‘lganligidan, uning hamhurt (diametral qarama-qarshisidagi) chorak qismi ham bo‘lishini taxmin qilamiz” 2, - degan edi.
Beruniyning eng yirik shoh asari “Hindiston”dir. Bu kitob uning 13 yil davomida olib borgan ilmiy qidiruv ishlari natijasida yozilgan bo‘lib, u sakson bobdan iborat. Bu asar hindlarning tarixi, fani, urf-odati, ularning o‘sha davrdagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy ahvoliga bag‘ishlangan bebaho asardir. Nemis olimi Edvard Zaxaunning ta’kidlashicha, “Hindshunoslikda Beruniyga teng keladigan biror olimning undan oldin ham, keyin ham bo‘lganini bilmaymiz” 3. Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston” asari klassik namuna bo‘lib qolishi bilan birga, o‘z muallifining qadimgi hind madaniyati va faniga qilgan tortig‘idan iboratdir” 4.
Beruniyning yana bir qimmatbaho asari “Kitobul shamohir-fi ma’rifatil javohir” (“Qimmatbaho toshlarni bilish kitobi”) dir. Unda olim Markaziy Osiyodagi minerallar, ularning joylari haqida juda zarur ma’lumotlarni beradi.
Turkiy xalqlar tarixi, tili, madaniyati, urf-odatlarining bilimdoni, butun Markaziy Osiyoni kezib, xalqlar jonli tilidagi so‘z va iboralarni, maqollarni qunt bilan o‘rgangan olim Mahmud Koshg‘ariydir (XI asrda yashagan). Uning bizgacha yetib kelgan asari “Devonu lug‘otit-turk”dir, “Turk tilining lug‘ati” 1070-1083 yillarda yozilgan bu nodir asarning qo‘lyozmasi 1914 yilda Turkiyaning Diyolbakir shahrida topilgan va hozir Istambul shahrida saqlanadi. 1960-63 yillarda tilshunos olim S. Mutallibov bu asarni o‘zbek tiliga tarjima qildi. Asar 1928 yilda nemis tilida, 1941 yilda usmonli turk tilida nashr qilingan. Asarda dunyo xaritasi ham ilova qilinib, juda katta hududlarga tarqalib ketgan holda, unda turkiy xalqlarning qavm-urug‘lari - qipchoq, o‘g‘iz, yamak, boshqird, basmil, qay, yaboku, tatar, qirg‘iz, chigil, yag‘mo, tuxsi, ichroq, jaru, jamil, uyg‘ur, tangut, tabkochlardan tashqari, yana fors, arab, xitoy, rus xalqlari haqida ham ma’lumotlar bor.
Mahmud Qoshg‘ariyning asarida Turkistondagi ba’zi shaharlarning nomlari, sharh-izohlari ham berib o‘tilgan. Masalan, unda Toshkent “Tarken” tarzida ko‘rsatiladi va “Tarken” Shoshning ismi, asli Toshkent, Tosh shahri demakdir, deb izohlanadi. Samarqandning asli nomi “Samiz qand” - katta shahar deb ta’riflanadi.
asrda yashab, ijod etgan yana bir olim, adib Yusuf Xos Xojibdir (1019-1020 yillarda tug‘ilgan). U Bolasog‘unda (Qirg‘izistonning hozirga To‘qmoq shahri) ziyoli oilada tug‘ilgan bo‘lib, Qoshg‘arda o‘zining mashhur asari “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga boshlovchi bilim”) asarini yozgan. Kitobni Qoraxoniylar xoni Tavg‘och Bug‘roxonga tortiq qilishi evaziga xon o‘z saroyida xos hojiblik (saroyning xos noziri) lavozimini bergan va shundan so‘ng bu nom bilan mashhur bo‘lgan.
Yusuf mukammal bilim olgan, arab, fors, tojik tillarini o‘rgangan, falsafa, tarix, geografiya, mantiq, matematika va boshqa fanlarni egallagan. U davlat va idora ishlari bilan qiziqqan. Turkiy tilda yozilgan “Qutadg‘u bilig” asari 73 bobdan iborat bo‘lib, axloq-odob, ilm-ma’rifat, farzand tarbiyasi, jamoat joylarida o‘zni tuta bilish, so‘zning ahamiyati va qadri, mehmondorchilik qoidasi, turmush tarzi va inson ma’naviy olamining yana ko‘pgina qirralari qalamga olingan. U markazlashgan kuchli davlat barpo etish uchun kurashuvchi donishmand, adolatli hukmdor muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi. Xalq va davlat, davlat boshlig‘i va fuqaro, olim va hokim, qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy madaniy aloqalar, hukmron tabaqalarning hokimiyat, xalq oldidagi burchi haqida g‘oyatda zarur fikrlarni ilgari suradi.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari to‘rt tayanch unsur asosiga qurilgan:
Biri to‘g‘rilikka tayanch - Adolat,
Biri Davlat erur, u qutli g‘oyat.
Uchinchi - ulug‘lik Aql va Zako,
To‘rtinchi - Qanoat erur bebaho.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarini chinlilar (xitoyliklar) “Adabul muluk”, mochinlilar (turkistonliklar) “Zaynatul umaro”, eronliklar “Shohnomai turkiy”, turonlar “Qutadg‘u bilig”, ba’zilar “Pandomai muluk” 1 deb bejiz aytmaganlar. Dunyodagi juda ko‘p xalqlarning tillariga tarjima qilingan “Qutadg‘u bilig” dostoni xalqimiz ma’naviy boyligining eng muhim durdonalaridan hisoblanadi.
Turkiy adabiyotning yana bir yirik va zabardast vakili Ahmad Yugnakiydir (XII asrning ikkinchi yarmi XIII asrning boshi). Uning hayoti va ijodiy yo‘li to‘g‘risida hech qanday ma’lumot saqlanib qolmagan.
Adibning bizgacha yetib kelgan yagona merosi “Hibat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar armug‘oni”) dir. Ana shu asarning faqat bir joyida shoir o‘z nomini tilga olgan. Bu asar Alisher Navoiy ijodidan ham munosib o‘rin oldi. Doston dunyo xalqlarining bir necha tillariga tarjima qilingan bo‘lib, 1480 yilda ko‘chirilgan nusxasida uning 254 bayt va bir bobdan iborat ekanligi aytiladi. Doston turli boblarda payg‘ambar va to‘rt halifaga, sipohlarga bag‘ishlangan va ular xalqparvar, zakovatli va adolatli ulug‘lar deb hisoblangan.
Somoniylar hukmronligi davrida eng yirik madaniy shaharlardan biri Buxoro edi, zero, bu yerda saroy va davlatning markaziy idorasi joylashgan edi.
Buxoroda O‘sha davrda Rudakiy va Firdavsiylar yashab ajoyib she’rlar yaratishgan. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, Rudakiy Rudak qishlog‘ida (Samarqand hududida) tug‘ilgan. Boshqa bir ma’lumotlarga ko‘ra, Rudakiy nomi shoirning o‘zi mukammal egallagan musiqa asbobi - “rud” nomidan olingan. U musiqa asbobi chalishni va ashula aytishni juda erta o‘rgangan. Uning shuhrati Buxoro amiri Nasr ibn Ahmadga (914-943 yillar) yetib boradi va amir uni saroyiga taklif qiladi. Rudakiy tojik she’riyatining asoschisi hisoblanadi.
Eron va Markaziy Osiyoning arablar istilosigacha bo‘lgan tarixi aks etgan “Shohnoma” asarini buyuk Firdavsiy XI asr boshlarida Mahmud G‘aznaviy podsholik qilgan davrda (998-1030) yozib nihoyasiga yetkazdi. Abulqosim Firdavsiy 934 yilda tavallud topgan. “Shohnoma”ni xalq og‘zaki ijodidan mohirona foydalanib yozgan.
Firdavsiy umrining so‘nggi davrini Bog‘dod shahrida o‘tkazgan va u yerda “Yusuf va Zulayho” dostonini yozgan.
XI-XII asrlarda Markaziy Osiyoda fanning deyarli barcha sohalari, jumladan tarix ilmi sohasida ham ijod qilgan olimlar juda ko‘p bo‘lgan. Bu borada Abu Bakr Muhammad Narshaxiy alohida o‘rin tutadi. Uning hayoti va faoliyati to‘g‘risida deyarli hech qanday ma’lumot saqlanmagan. Faqat Somoniylar davriga oid “Kitob ul-Asab” asarida olimning to‘la nomi Abu Bakir Muhammad ibn Ja’far ibn Zakariyo ibn Hattob ibn Sharik ekanligi va u Buxoro ahlidan bo‘lib, 899-960 yillarda yashaganligi bayon qilingan. Narshaxiydan meros asar - “Buxoro tarixi” bizgacha yetib kelgan. Qariyb ming yil ilgari yozilgan Narshaxiyning ushbu asari so‘zsiz xalqimiz tarixchiligining nodir manbai sifatida g‘oyat qimmatlidir. Unda Movarounnahr va Xorazm yerlarining arablar tomonidan bosib olinishi, mahalliy xalq qo‘zg‘olonlari, xalqning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotiga oid voqealar to‘g‘risida ma’lumotlar beriladi.
XII asrlarda Markaziy Osiyoda islom madaniyati ham rivojlandi. Jamiyatda mahalliy dinlar zardushtiylik, buddizm va boshqalar surib chiqarildi. Islom ta’limoti Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar hukmdorlarining ichki va tashqi siyosatida bosh, yo‘naltiruvchi g‘oyaviy kuch bo‘lib xizmat qildi. Jamiyatda islom diniga, Qur’oni Karimga ehtiyoj kuchaydi. Ammo hamma ham Qur’oni Karimni o‘qiy olmas, uning mazmunini chaqa olmas edi. Bu esa Qur’onning mazmunini sharhlash va tafsiriga talabni oshirdi. Natijada o‘lkamizda Qur’oni Karimni sharhlovchi va uning tafsirini bayon qiluvchi asarlar yozgan ulug‘ islomshunos allomalar yetishib chiqdi. Imom Abu Mansur Moturidiy, Imom Abu Lays ibn Muhammad Samarqandiy, Imom Zamahshariy, shayx Najmiddin Kubro, Imom Nasafiylar ana shular jumlasidandir.
Islom madaniyatining Qur’oni Karimdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan nodir manbalaridan biri - Hadis, ya’ni Muhammad alayhissalomning diniy va axloqiy ko‘rsatmalari, hikmatli so‘zlaridir. Hadislar Rasulilloh hayotlik chog‘larida asosan, yodda saqlangan, uni kitob holida jamlab tuzishga ijozat bermaganlar.
Hadislar to‘g‘risida fikr yuritilganda, uch xil yo‘nalish nazarda tutilgan: bu “Musnad”, “Sahiyh”, “Sunan” yo‘nalishidagi hadislardir.
“Musnad” yo‘nalishida tasnif etilgan to‘plamlarda turli mavzulardagi hadislar bir joyga keltirilib, ular hadis rivoyat qiluvchi sahobalarning islom dinini qabul qilgan vaqtga ko‘ra yoki alifbe tartibida joylashtiriladi.
“Sahiyh” yo‘nalishidagi hadislar to‘plamiga buyuk muhaddis, vatandoshimiz Imom Buxoriy asos solgan. Bu yo‘nalishda ta’rif etilgan to‘plamlarga faqat to‘g‘ri, ishonarli, asosli hadislar kiritilgan.
“Sunan” yo‘nalishidagi to‘plamlarda barcha hadislar (“zaif” hadislar ham) keltirilgan.
Hadischilikning rivojlanishida IX asr oltin davr hisoblanadi. Chunki Islom dunyosida eng nufuzli deb tan olingan oltita ishonchli hadislar to‘plamining mualliflari ham xuddi shu asrda yashab ijod qilganlar va yana ularning hammasi Markaziy Osiyo tuprog‘ida yetishib chiqqanlar. Ular Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy, Imom Muslim ibn Al-Hajjoj, Abu Iso Muhammad At-Termiziy, Imom Abu Dovud Sulaymon, Imom Ahmad An- Nasoniy, Imom Abu Abdullo Muhammad ibn Yazit zotlardir.
Hadis ilmining Amir-al mo‘minini degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan muhaddis olim Ismoil Al-Buxoriy (810-871) hatto 12 yoshligidayoq Buxoro madrasalarida dars beruvchi mudarrislar bilan bahs-munozara olib borgan, ayrimlarining xatolarini topa boshlagan. 826 yilda onasi va akalari bilan haj safariga borib, hijozda olti yil yashab, hadis ilmini astoydil o‘rganadi. Islom olamining yirik markazlaridan biri bo‘lgan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bag‘dod kabi shaharlarni kezib chiqadi. Bu yerlarda u hadis ilmi bilan bir qatorda, fiqxdan ham ta’lim va saboqlar oladi, yirik olimlar davrasidagi bahs- munozaralarda qatnashadi, ilmi toliblarga ham dars beradi. Imom Buxoriyning ustozlari juda ko‘p, ba’zi ma’lumotlarga qaraganda to‘qson kishi atrofida bo‘lgan. Ayni vaqtda o‘zi ham minglab shogirdlar yetishtirgan
Muslim ibn Hajjoj, Iso At-Termiziy An-Nasoniy Abu Zur’a, Yusuf Al- Forobiy, Abu Bakr ibn Xuzayma kabi mashhur muhaddislar shular jumlasidandir.
Imom Buxoriy hazrat^ari jami 600 ming hadislarni to‘plaganlar. Shulardan 100 ming “sahiyh” hadislarni va 200 ming “g‘ayri sahiyh” hadislarni yoddan bilganlar. Hadislar ilmi bobida imom Buxoriyga teng keladigan biror kimsa musulmon olamida bo‘lmagan.
Imom Buxoriy hazratlaridan ulkan va boy meros qolgan. Bu haqida 1998 yilda o‘tkazilgan yubiley tantanalarida juda ko‘p ma’lumotlar keltiriladi. Al- Buxoriyning 1225 yillik yubileyi munosabati bilan Samarqand yaqinidagi Xartang (hozirgi Chelak tumani) qishlog‘ida juda katta ziyoratgoh majmui bunyod etildiki, bu O‘zbekiston davlatining buyuk vatandoshimizga va o‘tmish ma’naviyatiga, islom dini ta’limotiga bo‘lgan izzat-hurmati nishonasidir.
Olimning “Al adab al-mufrad”, “At-ta’rix as-sag‘ir”, “At-ta’rix al- kabiyr”, “Kitob al-ilal”, “Asomi us-sahoba”, “Kitob al-kuna” va boshqa asarlari orasida shoh asar hisoblanmish “Al-jomi’ as-sahiyh” (“Ishonarli to‘plam”) nomli hadislar kitobining tarixda birinchi marta to‘liq holdagi to‘rt jildi o‘zbek tilida bosilib chiqdi 1. Islom ta’limotida Qur’oni Karimdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan muqaddas kitob mana shu asar hisoblanadi.
Islom dunyosida nom qozongan buyuk muhaddis olimlardan biri Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso az-Zahhok Abu Iso as-Sillamiy az- zariyr al-Bug‘iy at-Termiziydir (824-894). U Termiz yaqinidagi Bug‘ (hozirgi Sherobod) qishlog‘ida tug‘ilib, yoshlikdan ilm-fanga intilgan, muhaddis olimlarning asarlarini zo‘r havas bilan o‘rganadi. At-Termiziyning kamolotida Al-Buxoriy hazratlarining o‘rni bebahodir.
Jahonga mashg‘ur Abulqosim Firdavsiy «Shohnoma» epik dostonida Eron va Markaziy Osiyo xalqlarining Iskandar Zulqarnayndan tortib, to arablar bostirib kelguncha (651 yil) bo‘lgan tarixini g‘oyat aniqlik bilan tasvirlagan. Firdavsiy 50-60 ming bayt, 100 mingdan ortiq misradan iborat ulkan epopeyasida 50 podsholik davrining jangu jadali haqida yozar ekan, urush qilmaslikka, barcha ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqiradi. Bu asarni yozish uchun juda ko‘p hujjat to‘plab, o‘ttiz besh yil mehnat qilganligi haqida shoirning o‘zi ham qayd etib, «Arab va pahlaviy tillarida juda ko‘p asarlar o‘qidim, juda ko‘p mehnat chekdim», - deydi 2.
Abulqosim Firdavsiy 940-941 yillar atrofida Xurosonda Tus shahri yaqinidagi Boj qishlog‘ida dunyoga keldi. Baxtga qarshi uning shaxsiy hayoti haqida juda oz ma’lumotga egamiz. Shoir umrining oxirida o‘z vataniga kelib, Tusda vafot etgan bo‘lsa ham, ruhoniylar uning jasadini musulmonlar mozoriga dafn ettirmaganlar, uning. jasadi otasidan qolgan bog‘ning bir chekkasiga ko‘milgan. Bu 1025 yil edi .
IX-XIII asrlarda Markaziy Osiyo davlatlarida tasavvuf-so‘fiylik ta’limoti rivoj topdi. So‘fiylik (tasavvuf) islomdagi falsafiy-diniy oqimdir.
Markaziy Osiyo diyori ma’naviy xazinamiz bo‘lmish tasavvuf ta’limoti ravnaq topgan va hamisha amalda bo‘lgan muqaddas zamindir. Tasavvuf g‘oyalarining ibtidosi Qur’oni Karim oyatlariga borib taqaladi. Islom ta’limoti, tasavvuf ma’rifatini falsafiy, nazariy va amaliy yo‘nalishda davom ettirgan vatandosh mutafakkirlarimizning faoliyatlari bilan chambarchas bog‘liq.
Istiqlol asl ma’naviy xazinalarimizni o‘rganishga keng yo‘l ochdi. Tasavvuf ta’limotini o‘rganish sohasidagi dastlabki samara sifatida professor N. Komilovning “Tasavvuf” kitobi maydonga keldi 1.
Xorazmlik allomalar Qur’oni Karim tafsiri bo‘yicha muhim asarlar yozganlar. Qomusiy olim az-Zamahshariyning shoh asari bo‘lgan va musulmon dunyosida keng tanilgan “Al-Kashshof” asari Quroni Karimga yozilgan mashhur tafsirdir. Asarning to‘liq nomi “Al-Kashshof an haqoiq it- tanziyl va uyun il-ahoviyl fi vujuya it-ta’viyl” (“Qur’ondagi berk haqiqatlarni va uni sharhlash orqali rivoyatlar ko‘zlarini ochish”) dir. Az-Zamahshariy bu asarni yozishda mashhur tafsir, hadis, fiqx, ilm al-horiat, nahvu sarf, adab va boshqa shariat ilmlariga oid ko‘plab manbalardan keng foydalangan.
Abulqosim Mahmud ibn Umar ibn Ahmad Jorulloh Zamahshariy (10751144) dan juda ko‘p ilmiy meros qolgan. Uning “Al-mufassal” - arab grammatikasiga oid, “Asos al-balog‘a” («Notiqlik asoslari») arab tilining izohli lug‘ati asarlari mashhur. “Muqaddimat al-adab” («Adabiyotga kirish») asari esa arab tilining so‘z boyligiga bag‘ishlanadi va butun islom dunyosida qo‘llanilgan arab tilining ravnaqiga ulkan hissa qo‘shdi. Az-Zamahshariy tafsir, hadis, ilm al-qiroat, tilshunoslik, adabiyot, jug‘rofiyaga oid 50 dan ortiq asarlar yozgan. Shu bilan birga, fiqhga taalluqli “Ruus al-masoiya fi-l- fikh” (“Fiqh turli masalalarning muhimi (boshi)”), “Ar-Roiz fi-i’lm il-faroiz” (“Meros huquqi ilmi bo‘yicha mashq”) nomli asarlar yozganligi uchun ham az-Zamahshariy Xorazm fiqh maktabining asoschisidir, deb aytishga haqli asoslar bor 2.
Musulmon dunyosida mashhur bo‘lgan faqih - fiqhshunos olim Burhoniddin Marg‘inoniy haqida Abdulhay al-Lankaviy shunday deb yozgan: “U imom, qonunshunos bo‘lgan, hadisshunoslik bilan shug‘ullangan, Qur’onni yoddan tushirgan va tafsir qilgan, huquqiy bilimlarni to‘plab ularni yaxlit fan tartibiga keltirgan, o‘tkir tadqiqotchi, pok xudojo‘y inson, fan va adabiyotda tengi yo‘q, yuksak mahoratli huquqshunos, yozuvchi, shoir bo‘lgan”\ Demak, Markaziy Osiyolik fiqxshunoslar butun islom huquqi - shariat ilmlari taraqqiyotiga munosib va salmoqli hissa qo‘shganlar.
Tasavvuf ilmining buyuk namoyandasi Ahmad Yassaviy (1166-67 yillarda vafot etgan) ning ota-bobolari silsilasi Muhammad Xanafiyga borib taqaladi. Buxoroda ilmu saboq olgan Ahmad Yassaviy o‘z shogirdlari orqali o‘zi asos solgan “Yassaviya” tariqatini Turkiston va Shosh (Toshkent) atrofidagi viloyatlarga tarqata boshlagan.
Movarounnahrda XII asrdan so‘ng “Yassaviya” tariqatidan ikki yirik tariqat paydo bo‘lgan. Birinchisi - “Naqshbandiya”, ikkinchisi - “Bektoshiya”, “Iqoniya” deb atalgan, uchinchi tariqat ham bo‘lgan, ammo u Toshkent viloyati atrofidan nariga o‘tmagan.
Ahmad Yassaviyning juda chuqur va boy mazmunga ega “Devoni hikmat”ida mutafakkirning so‘fiylik falsafiy dunyoqarashi aks etgan. Asarda ulug‘vor insoniy fazilatlar: oddiylik, mehr-muhabbat, sadoqat, haqiqat, adolat, hur fikrlilik, insonni insondan ayirmaslik kabi masalalar falsafiy nuqtai nazardan bayon qilinadi. Va aksincha, yomonlik, nodonlik, johillik, adolatsizlik, haqsizlik, saxovatsizlik, molparastlik kabi illatlar tanqid qilinadi. Bunday nuqsonli shaxslar insof va diyonatga chaqiriladi.
Markaziy Osiyoda tasavvuf falsafasining rivojlanishida xorazmlik buyuk alloma, sarkarda, dinshunos olim, shoir Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Abdul Janob Najmiddin Kubro Al-Xivakiy (1145-1221 yillar) munosib o‘rin tutadi.
Uning nomidagi “Najmiddin” so‘zi dinning yulduzi, “Kubro” esa ulug‘ degan ma’noni anglatib, unga turli mamlakatlarda berilgan ilmiy darajani ifodalaydi. Najmiddin Kubro asos solgan kubroviya tariqati “oltin tariqat” deb atalgani ham bejiz emas. Kubroviya tariqatida diniylik bilan dunyoviylik chambarchas bog‘lanib ketgan. Unda kishilarning diniy e’tiqodi, xudoga bo‘lgan ishonchi, halollik, odamiylik, molu dunyoga hirs qo‘ymaslik, o‘z nojo‘ya ishlaridan tavba qilish, shahvoniy hirsu havolardan saqlanish lozimligi singari axloqiy g‘oyaviy talablar bir-biri bilan bog‘lanib ketgan.
IX-XII, XIV-XV asrlardagi fan, madaniyat va tasavvuf ilmining yuqori darajaga erishganligi va uning jahonshumul ahamiyati
Markaziy Osiyo tarixida Temuriylar davrini ba’zan Temuriylar Renessansi deb ham atashadi 2.
Amir Temur buyuk davlat asoschisi sifatida biz uchun qadrlidir. Amir Temurning “Davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim”, degan so‘zlari davlatni aql-zakovat va huquqiy asos bilan idora etganligidan dalolatdir. Amir Temur faoliyatidagi ibratli jihatlardan yana biri shuki, uning qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro savdo munosabatlarini yaxshi yo‘lga qo‘yish orqali xalqlar, mamlakatlar o‘rtasida yagona makon barpo etishda yuksak yutuqlarga erishganligidadir.
1996 yilning 18 oktabrida xalqaro YUNESKO tashkilotining bevosita homiyligida dunyo ilmiy jamoatchiligining Amir Temur shaxsiga bo‘lgan yuksak e’tiborini hisobga olib, Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi. Bugungi kunda dunyoning qariyb 50 mamlakatida temurshunos olimlar faoliyat ko‘rsatayotganligi, Temur va Temuriylar davri haqida ko‘plab kitoblar nashr etilayotganligi, o‘tgan olti asr mobaynida Amir Temurga bag‘ishlab yaratilgan asarlar soni Yevropa tillarida 500 dan ziyod, Sharq tillarida esa 900 ga yaqinligi 1 kabi ma’lumotlarning o‘zi ham Amir Temur shaxsining naqadar ulug‘vorligini ko‘rsatadi.
Prezident I. A. Karimov Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyada (1996 yil 24 oktabr) qilgan ma’ruzalarida shunday degan edi: “Jahon madaniy va ma’naviy jamoatchiligi o‘rta asrlarda Amir Temur tuzgan davlat va uning butun dunyo e’tiborini o‘ziga jalb qilgan olamshumul faoliyati, umumbashariyat xazinasiga qo‘shgan hissasi bilan tanishar ekan, uni o‘stirgan yurtga va mana shu hududda undan ko‘p asr oldin o‘tgan buyuk allomalarning ijodiy merosini, ularning tabarruk nomlarini ham yana bir bor kashf etish va keng miqyosda o‘rganishga zamin va sharoit tug‘ildi.
Shu ma’noda IX asrdayoq yevropaliklar keyinchalik “Algebra” deb atagan fanga asos solgan buyuk vatandoshimiz Al-Xorazmiyning; Xristofor Kolumbdan qariyb besh asr oldin okean ortida quruqlik, ya’ni keyinchalik Amerika deb nom olgan qit’a borligini bashorat qilib, ilmiy asoslab bergan qomusiy bilim sohibi Abu Rayhon Beruniyning; “Tib qonunlari” nomli mashhur asarining nashr etilib, o‘rta asrlarda butun dunyo, shu jumladan Yevropa tibbiyot institutlarida qo‘llanma sifatida o‘qitilgan ulug‘ ajdodimiz Ibn Sino kabi ko‘plab allomalarning nomlari va ilmiy ishlari bilan dunyo ahli aynan Amir Temur zamonida qaytadan va chuqurroq tanishgan...” 1.
Mirzo Ulug‘bekning umumbashariy qadriyatlarga qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lib, u bugungi kunda ham hayotimizda ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Mirzo Ulug‘bek, avvalo, sof amaliy uslubda ijod qilib, minglab yulduzlarni jamlagan mukammal xarita va bugungi eng zamonaviy hisoblardan deyarli farq qilmaydigan mukammal astronomik jadvalni yaratgan. Uning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari o‘rta asrlarda lotin tiliga tarjima qilinib, Yevropa olimlari o‘rtasida keng tarqaldi.
Taqdir bu ulug‘ zotning zimmasiga behad ulkan va mashaqqatli vazifalar yukladi. Cheksiz aql-idroki, azmu qat’iyati, odilona siyosati bilan buyuk
Amir Temur bobosining vorisi sifatida Mirzo Ulug‘bek qariyb qirq yil mobaynida Movarounnahr diyorining azaliy orzusi - tinchlik, totuvlik, har tomonlama taraqqiyotni qaror toptirishda jasorat ko‘rsatdi.
“Biz bu voqealarni dunyo xalqlarining Mirzo Ulug‘bek va uni voyaga yetkazgan yurtga, xalqqa va uning tarixiga samimiy hurmati deb bilamiz” . O‘rta Osiyo zaminida yashagan shoirlar, muarrixlar, tasavvuf yo‘nalishidagi mualliflarning ijodida insonparvarlik g‘oyalari yaqqol namoyon bo‘lgan.
Alisher Navoiy (1441-1501) o‘zbek xalqining ulug‘ shoiri va mutafakkiri, olim va davlat arbobi, jahon adabiyotining Nizomiy Ganjaviy, Amir Hisrav Dehlaviy, Firdavsiy, Abdurahmon Jomiy singari ulug‘ siymolaridan biridir.
Alisher Navoiyning buyuk xizmatlaridan biri o‘zbek adabiy tilini taraqqiy ettirish, uning katta imkoniyatlarini ko‘z-ko‘z qilish, turkiy xalqlar birligini mustahkamlash g‘oyalarini ilgari surganidir. Ayni vaqtda Navoiy fors-tojik tilini ham o‘z ona tilidek sevadi, bu tilda ham g‘oyat go‘zal ijod namunalarini yaratadi. 1476 yilda mashhur “Tuhfatul-afkor” nomli fors tilidagi asarini yozadi.
Alisher Navoiy ijodining o‘sishi va kamolotida fors-tojik adabiyotining buyuk vakili, shoir va olim Abdurahmon Jomiy (1414-1492) ning xizmati kattadir. Har ikki ulug‘ zot bir-birlari bilan do‘st, hamfikr, ustoz va shogird bo‘lganlar. Bu yaqinlik, birodarlik va do‘stlik o‘zbek va tojik xalqlarining qadim-qadimdan birodarligi, qon-qardoshligi va do‘stligining yorqin namunasidir.
Alisher Navoiy o‘zining shoh asari “Xamsa”ni 1483-1485 yillarda yozib tugalladi. “Xamsa” “Hayratul-abror” (Yaxshi kishilarning hayratlanishi), “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor” (Yetti sayyora), “Saddi Iskandariy” (Iskandar devori) kabi besh dostonni o‘z ichiga olgan.
Temur va Temuriylar davrida hadis, kitob va xattotlik, musiqa, tasviriy san’at turlari ham gurkirab o‘sdi. O‘z zamonasining mohir rassomi Kamoliddin Behzod (1455-1533/37) o‘zining hayratomuz san’ati bilan “Moniyi soniy” (ikkinchi Moniy-afsonaviy Xitoy rassomi) Hirot maktabiga asos soldi va ustoz san’atkor sifatida Turkiston o‘lkasida, Eron, Ozor yurti va boshqa o‘lkalarda tasviriy san’atning rivojiga katta hissa qo‘shdi.
Alisher Navoiy “Majolisun-nafois” asarida o‘zidan avval o‘tgan va zamondosh shoirlar to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar beradi, o‘sha davrning madaniy muhitini tasvirlaydi. Shaharlik buyuk hunarmand shoirlardan, samarqandlik ijodkorlarning (Mavlono Javhariy - sovungarlik korxonasining egasi, Mavlono Davoriy - tikuvchi, Mavlono Mir Qarshining esa bozorda askiyachilar to‘planadigan sahhoflik do‘koni bo‘lgan, hirotliklardan Mavlono Zayn - hamyon tikuvchi, Mavlono Mir Arg‘un - chodir tikuvchi, Mavlono Baqoiy - mohir kamonsoz, Mavlono Mushriqiy - shoh qushxonasining nazoratchisi, Mir Hoshim - tillaga o‘yma naqsh soluvchi, Mavlono Tohiriy - etikdo‘z bo‘lgan) ijodidan namunalar beradi.
O‘z sohasida kamolotga intilish Temuriylar davri hunarmandchiligining asosiy xususiyatiga aylandi. Bu, ayniqsa, me’morchilikda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Temur huzuriga kelgan ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixoning “Kundalik”larida Samarqand qiyofasi yaqqol aks etadi. O‘sha davrning bu noyob hujjatida Yevropa Renessansi vakilining sinchkov ko‘zi bilan atrof borliqqa, shu jumladan musulmon Sharqiga nisbatan keng ko‘lamdagi qiziqish bilan qarash namoyon bo‘ladi.
Umuman, Temur va Temuriylar davlatida me’morchilik avvalgi davrdan ko‘p narsa olgani holda, o‘z taraqkiyotining yangi bosqichiga ko‘tarildi. Bunga yordam bergan omillar esa yangi, goho mahobatli binolarni bunyod etish, ulkan hududning turli chekkalaridan keltirilgan me’morlarning ijodiy kuchlarini yagona davlat doirasida birlashtirish va nihoyat, “davr ruhi” - bir qator tadqiqotchilarni “Temuriylar Renessansi” to‘g‘risida so‘z yuritishga undagan o‘ziga xos jihatlardan iborat bo‘ldi. Bu ibora bahsli, albatta, Yevropadagi Uyg‘onish davrining mafkuraviy nuqtai nazarlari O‘rta Sharqdagidan farq qiladi. Lekin madaniy taraqqiy etib kelayotgan insonparvarlik ikki xususiyatga ega. Musulmon Sharqida shariat belgilab qo‘ygan turmush qonun-qoidalari qattiq ekanligidan insonparvarlik yaratuvchilik mehnati bilan band kishilarning ijodiy erkinligida namoyon bo‘ldi. Uni mashhur shoirning satrlarida, kulolning kosaga chizgan zangori gullarida, qandakor idishlarga o‘ygan bezaklarda yoki me’mor bunyod etgan ulug‘vor masjid, nafis shiypon va boshqa inshootlarda ko‘rish mumkin.
Ulug‘bek zamonida uning safdoshlari va shogirdlari tomonidan qurilgan Samarqand rasadxonasi mashhur “Ziji Ko‘ragoniy” (Ko‘ragonning yangi astronomik jadvali) jahon faniga qo‘shilgan bebaho hissadir. Vaqt o‘tishi bilan, Ulug‘bek “Ziji” butun dunyoda tan olinib, avvalo, Sharq, so‘ng G‘arb davlatlarida XVII asrning o‘rtalaridan boshlab keng tarqaldi. “Ulug‘bekning Ziji” Ptolemey, Tixo Brage va boshqalarning jadvallari bilan birga, Angliyadagi Grinvich observatoriyasining birinchi direktori D. Fleystidning 1725 yilda nashr qilingan “Osmon tarixi” kitobiga kiritildi1.
YUNESKO tomonida Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligi, Toshkentning 2000 yilligi nishonlanishi “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi tarixi” nomli yirik xalqaro tadqiqotning olib borilishi, hazrati sohibqiron Amir Temur, buyuk ajdodlarimiz Al-Buxoriy, At-Termiziy, Al-Farg‘oniy va Mirzo Ulug‘bek yubileylarining nishonlanishi jahon hamjamiyatining o‘zbek milliy madaniyati va san’ati tarixini, uning ma’naviyat-ma’rifat va axloqiy- huquqiy hayotdagi haqiqiy o‘rnini e’tirof etishi demakdir.
Sharq xalqlarining o‘rta asrlardagi ilg‘or madaniyati, dunyoviy turmush tarzi va qadriyatlarining ravnaqi Markaziy Osiyoning uyg‘onish davriga asos soldi. Aynan ma’lum bir jug‘rofiy makonda, ya’ni Markaziy Osiyoda ma’naviy uyg‘onish sodir bo‘lgani qiziqarli hol. Buning birinchi sababi - mintaqa bo‘ylab odamlar bemalol harakat qilishi mumkin bo‘lgan muhitning vujudga kelganligi. Ushbu mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasida IX-XVI asrlarda bojxona ittifoqi tarkib topgan bo‘lib, ayniqsa, Amir Temur davrida Buyuk Ipak yo‘liga katta e’tibor berilganligini (savdo yo‘lidagi o‘g‘ri- qaroqchilarning yo‘q qilinganligi, yangi-yangi karvonsaroylar, sardobalar va ko‘priklarning qurilganligi va boshq.), Samarqand bozorlarida dunyoning turli joylaridan kelgan, turli tillarda gaplashuvchi, har xil dinlarga e’tiqod qiluvchi savdogarlar va xaridorlarni ko‘rish mumkin bo‘lgan. Ikkinchi sabab
odamlarda ilmga bo‘lgan hurmatning yuqoriligi hamda bilim olishga ishtiyoqning zo‘rligi muhitining mavjudligi. Uchinchi sabab - hukmdorlarning o‘zidan yaxshi nom qoldirish, adolatli podshoh nomini olishga intilgani. Ular o‘z saroylarida ilm-fan, san’at va adabiyotni rivojlantirishga shart-sharoit yaratib berganlar.
Markaziy Osiyoning uyg‘onish davrida vujudga kelgan yangi ijtimoiy - siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy vaziyat yagona ilmiy, diniy va ijtimoiy muomala tili vazifasini o‘tagan arab tili va yozuvi mavqeining ortishi hamda qaror topishi bilan ham bog‘liq. Mintaqa xalqlari arab xalifaligi qaramligidan mustaqil bo‘la borganlaridan boshlab o‘lkada iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda nisbatan tezroq rivojlanishga imkoniyat tug‘ildi. Umumiy bozor, yaxlitlashgan xalq xo‘jaligi, yuqori ishlab chiqarish munosabatlari va yirik ilmiy, diniy markazlar vujudga keldi. Natijada IX-XVI asrlarda butun Turkiston o‘lkasida iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy hayotning barcha sohalarida jonlanish, ko‘tarilish va umumiy rivojlanish ro‘y berdi. Bularning hammasi, albatta, mug‘ullarning bosqini oqibatida ro‘y bergan vaqtinchalik inqirozni istisno etganda, Sharqning o‘rta asrlarda ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy jabhalarda, ayniqsa, madaniyatda G‘arbga nisbatan ustunligini yuzaga keltirdi.
Buyuk Ipak yo‘li orqali savdo-sotiqning kengayishi, ko‘p tarmoqli hunarmandchilikning rivojlanishi shahar madaniyatining har tomonlama gullab-yashnashiga olib keldi. IX asr davomida dastlab Tohiriylar, so‘ngra markazlashgan Somoniylar davlatining tashkil topishi Markaziy Osiyo xalqlari hayotida siyosiy barqarorlikni ta’minladi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy va madaniy yuksalishga, mahalliy xalqlar turmush tarzining yaxshilanishiga yo‘l ochdi. Sivilizatsiyaning asosiy mezoni hisoblangan shaharlar tez sur’atlar bilan rivojlana bordi. Masalan, Farg‘ona vodiysining poytaxti Axsikentda X asrning oxirida buyuk muhandislik inshooti bo‘lgan yer osti suv o‘tkazish tizimi qurilgan bo‘lib, u shahar aholisiga 200 yildan ziyod xizmat qilgan1.
Yevropada, ayniqsa, Fransiyada o‘rta asrlar Sharqi, xususan, tariximiz, madaniyatimiz, tilimiz, buyuk ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosi katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Markaziy Osiyo ma’rifatparvarligini tadqiq qilishda fransuz sharqshunoslik maktabi jahon ijtimoiy fanida peshqadam o‘rinni egallab kelmoqda. Toshkentda ochilgan Fransiya Respublikasining Markaziy Osiyoni tadqiq qilish instituti buning yaqqol dalilidir .
Respublikamiz qo‘lyozma xazinalarida madaniyatimiz tarixiga tegishli 60 mingdan ortiq muhim va noyob asarlar saqlanmoqda. Bu manbalarning taxminan 40 foizini bevosita islom ilmi, islom tarixi, tasavvufga bag‘ishlangan risolalar tashkil etadi. Ularni o‘rganish xalqning madaniyati va musulmon olami uchun muhim ahamiyatga egaligini hisobga olib,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1999 yil 7 aprelda Toshkent shahrida Islom universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Bu esa o‘tmish tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, umumbashariy ahamiyatga ega bo‘lgan qadriyatlarimizni zamon talablari darajasida o‘qib-o‘rganishga juda katta imkoniyatlar ochib berdi.
Tariximizni va jahon sivilizatsiyasini rivojlantirishga bebaho hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning merosi bugungi istiqlolimizning oltin poydevoridir. Insonni ma’naviy yetuklikka chorlovchi ilmiy, axloqiy, diniy va huquqiy qadriyatlar xalqimizning turmush tarzida, madaniyatida muhim o‘rin tutadi.
6-ma’ruza
AMIR TEMUR DAVLATI. TEMUR TUZUKLARI VA HOZIRGI
ZAMON
Temur davlatining vujudga kelishidagi tarixiy shart-sharoitlar
asrning 60-yillariga kelib mo‘g‘ullar imperiyasi yemirila boshladi va uning o‘rnida Eronda, Oltin O‘rdada va Movarounnahrda uchta mustaqil davlat vujudga keldi. Bu davrda islom dini taraqqiyotida ham rivojlanish ro‘y berdi, hatto mo‘g‘ul hukmdorlari ham islom dinini qabul qila boshladilar. Tarixdan ma’lumki, Chig‘atoyning nabirasi Muborakshoh (1264 y.) mo‘g‘ul hukmdorlari ichida birinchilardan bo‘lib islom diniga e’tiqod qilishni boshlagan. XIV asrning boshlariga kelib barcha mo‘g‘ul hukmdorlari bu dinni qabul qilganlar. Shuningdek, musulmon an’analari va urf-odatlari keng quloch yoyib, rasmiy odat sifatida keng tarqaldi. Ana shu asosda markazlashgan islom davlatini vujudga keltirish uchun siyosiy kuch yetildi.
Shu bilan birga, feodal davlatlar, hududlar o‘rtasida nizolar, kelishmovchiliklar ham tobora kuchayib bordi. O‘zaro tinimsiz kurashlar, janjallar odat tusiga kira bordiki, bular tufayli feodal davlatlarning ahvoli tobora og‘irlasha bordi. Chingiziylarning so‘nggi avlodi bo‘lgan Qozonxon Kebekxonning siyosatini, islohotlarini davom ettirdi. Bu esa uning ko‘chmanchi oqsuyaklar bilan ziddiyatlarini keskinlashtirib yubordi. Natijada o‘zaro urushlarda Qozonxon o‘ldirilgach, Movarounnahrda amir Qozog‘on hukmronlik qila boshladi. Akademik V. V. Bartoldning ta’kidlashicha, amir Qozog‘on davrida yigirma yil mobaynida urushlar, chig‘atoylar bilan mo‘g‘ullar o‘rtasida janjallar bo‘lmadi\ U 1358 yilda mo‘g‘ul xoni Tug‘luq Temurning bir no‘yoni tomonidan o‘ldirildi. Shundan so‘ng hokimiyat uning o‘g‘li Abdullaning qo‘liga o‘tdi. U Samarqandda yashar edi, bunga boshqa amirlar qarshi turdi va bu kurashda u o‘ldirildi. Qozog‘on o‘limidan so‘ng Movarounnahrda kuchli bir hokimiyat bo‘lmadi va o‘zaro feodal nizolar tobora kuchaya bordi.
Akademik I. Mo‘minovning fikricha, “Bu davrda Movarounnahrda chet el qaramligidan, mo‘g‘ul xonligidan ajralib, mustaqil, kuchli hokimiyat tuzishdan manfaatdor bo‘lgan feodal aslzodalar orasidan ayrim guruhlar yetishib chiqa boshladi.
Bular masalaning bir tomoni. Masalaning ikkinchi eng muhim tomoni shundaki, keng xalq ommasi ko‘p mashaqqatlar bilan uzoq vaqt ichida irrigatsiya tarmoqlarini - ariq, zovur, suv omborlari, to‘g‘onlarni tikladi. Dehqonchilik, hunarmandchilikni yo‘lga qo‘ydi, ayni vaqtda o‘zaro urushlarga, mayda feodal hokimlarning o‘zboshimchaligiga, mo‘g‘ul xoni va Oltin O‘rdaning turli noiblari bosqinchiligiga qarshi kurash olib bordi” 1.
Xalq ommasi yanada ko‘proq azob chekdi, xo‘rlandi, talandi. Bu davrda chig‘atoy xonlari va ular bilan mahalliy aholi, zodagonlar o‘rtasida ziddiyat tobora keskinlashib bordi. Ana shu kurashlar natijasida o‘sha asrning 40- yillarida Chig‘atoy ulusi ikki qismga - Sharqiy Turkiston va Yettisuvni o‘z ichiga olgan Mo‘g‘uliston va Movarounnahrga bo‘linib ketdi. Bo‘lingan davlatlar o‘rtasida o‘zaro kurash avjiga chiqib, Mo‘g‘uliston amirlari Movarounnahrga tez-tez hujum qilib turdilar.
Mamlakatning iqtisodiy ahvoli ham toboro murakkablashib bormoqda edi. Bundan tashqari, Movarounnahr bir necha feodal davlatlarga bo‘linib, Kesh (Shahrisabz), Buxoro, Termez, Badaxshon, Xo‘jand, Shosh (Toshkent) va boshqa viloyatlarning hokimlari o‘rtasida tinimsiz urush-janjallar avj oldi. Davlat ishlari tamoman izdan chiqdi. Og‘ir soliqlar, qaroqchilarning talonchiliklari dastidan aholi qashshoqlashib, juda og‘ir ahvolga tushib qoldi. Buning ustiga, 1360 yili mo‘g‘ul xoni Tug‘luq Temur Movarounnahrga o‘z harbiy qo‘shinlari bilan osonlikcha bostirib kirdi. Movarounnahr tarqoq holdagi feodal davlatlardan iborat bo‘lgani uchun ham Tug‘luq Temur qo‘shinlariga qarshi hamjihatlik bilan kurash olib boradigan kuch yo‘q edi. Uning qo‘shinlari hatto hech qanday qarshiliksiz Qashqadaryo tomon harakat qila boshladi. Qashqadaryo hokimi Hoji Barlos aholining tinchligini, osoyishtaligini ham o‘ylamay, dushmanga qarshi kurashni tashkil qilish o‘rniga, mo‘g‘ul istilochilaridan hayiqib, o‘z qo‘shinlarini olib Amudaryo sohilining narigi tomoni - Xurosonga qarab yo‘l oldi. Natijada Qashqadaryo vohasining mehnatkash aholisi boshliqsiz, najotsiz qoldi. Mana shuning o‘zi ham feodal aristokratiyasi va oddiy mehnatkash xalq orasidan kuchli shaxslar yetishib chiqishini hayot taqozo etayotganini ko‘rsatar edi.
I. Mo‘minovning uqtirishicha, “Chig‘atoy ulusining zulmi, mayda feodal beklarning vahshiyona ezishi, mo‘g‘ul xonlari, Oltin O‘rda beklarining Movarounnahrdagi to‘xtovsiz bosqinchilik yurishlaridan azoblangan, xonavayron bo‘lgan, 150 yil davomida chet el hukmronligidan tinkasi qurigan mamlakatning, xalqning mustaqillikka erishish talabi edi. Bu tarixiy zaruriyat Temurda, uning lashkarboshilarida ravshan ko‘rindi...” 1.
Amir Temur 1336 yili Kesh (Shahrisabz) yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida, uncha badavlat bo‘lmagan, biroq ancha nufuzli barlos beklaridan biri bo‘lgan Tarag‘ay oilasida tavallud topdi.
An’analarga muvofiq, Tarag‘ay o‘z o‘g‘liga otda yurishni, ov qilishni, xat-savodni, islom dinining tartib-qoidalarini o‘rgatgan. Jumladan, Sohibqiron bilim olishni yetti yoshidan boshlagani haqida o‘zining “Tarjimai holi”da shunday yozadi: “Yetti yoshga to‘lganimda meni madrasaga olib borishdi va qo‘limga so‘zlar jadvalini berishdi. Men o‘qiy boshladim va erishgan muvaffaqiyatlarimdan behad xursand bo‘ldim 2.
Akademik Bartoldning e’tirof etishicha, 1360-1370 yillarda Amir Temur harbiy ish bilan tinmay shug‘ullangan.
Amir Temur tarqoq feodal davlatlar o‘rtasida bo‘lib turadigan urush- janjallar tufayli o‘z Vatani mehnatkash ommasining azob chekayotganini, buning ustiga mo‘g‘ul bosqinchilarining ko‘rsatayotgan kulfatlarini ko‘rib, bunga befarq qaray olmadi.
Amir Temur mo‘g‘ul hoqoni Tug‘luq Temurga qarshi chiqish, kurash olib borish foydasiz ekanligiga to‘la ishonch hosil qilib, uning xizmatiga kiradi va o‘zining to‘g‘ri maslahatlari bilan uning ishonchini qozonadi. Tug‘luq Temur 25 yoshli Sohibqironga ishonch bildirib, uni Hoji Barlos o‘rniga Shahrisabz tumaniga hokim qilib tayinlaydi. Bartoldning ta’kidlashicha, “Amir Temur Tug‘luq Temurning yordami bilan Shahrisabz va Qarshi begi bo‘ldi\
Sohibqiron o‘z hukmronligini shu tariqa boshladi. U o‘zi hukmdor bo‘lgan mamlakatning mavqeini mustahkamlash chora-tadbirlarini ko‘rishga kirishdi. 1361 yildan boshlab Qozog‘onning nevarasi, Xuroson va Eronning hukmdori amir Husayn bilan yaxshi munosabat o‘rnatdi.
Amir Temur saksoninchi yillargacha Movarounnahrda tarqoq xonliklar o‘rniga mustaqil, kuchli markazlashgan davlat tuzish yo‘lida astoydil kurashdi. Bu mamlakatni birlashtirishdan manfaatdor turk va tojik zodagonlari bilan birga, o‘zboshimcha feodallarga, ya’ni markazlashish va birlashishga zid harakatlarga, mamlakatni tarqoq saqlashga intiluvchilarga, o‘zaro urush va janjalga undovchilarga qarshi kurash olib bordi.
Buni shu narsa ham tasdiqlaydiki, 1361-1365 yillarda ikki amir o‘rtasidagi aloqa yanada mustahkamlandi. Shu tariqa, ular Movarounnahrda muhim kuchga aylandilar. Ular bunda o‘z manfaatlari nuqtai nazaridan harakat qilganlar, albatta. Tug‘luq Temur vafot etganidan so‘ng, Movarounnahrdan haydalgan uning o‘g‘li Ilyosxo‘ja 1365 yilda katta qo‘shin to‘plab Movarounnahrga yurish boshlaydi. Buni payqagan Husayn va Temur Ilyosxo‘jaga qarshi qo‘shin to‘playdi. Chinoz bilan Toshkent oralig‘ida katta jang bo‘ladi. Shiddatli jang ketayotgan davrda kuchli jala yoqqani uchun ham tarixda bu “loy jangi” yoki “jangi loy” deb ataladi.
Bu jangda Temur qo‘shini jiddiy muvaffaqiyatga erishgan bir paytda, amir Husayn jangchilari qat’iyatsizlik ko‘rsatib, Ilyosxo‘ja qo‘shinlarining g‘olib chiqishiga sabab bo‘ldi (Amir Husaynga bo‘ysungan Temur unga dadilroq harakat qilish zarurligini aytadi. Urushda Ilyosxo‘ja qo‘shinlarining qo‘li baland kelib, ayniqsa, amir Husayn juda katta zarar ko‘radi. U Temur bilan o‘z qo‘shinlarining qolganini olib chiqib, chekinishga majbur bo‘ladi). Amir Temur va Amir Husayn avval Samarqandga chekinib, so‘ng Amudaryo sohillariga yashirinadilar. Bu esa Ilyosxo‘ja boshliq mo‘g‘ul qo‘shinlarining Samarqand tomon harbiy yurishini yanada davom ettirishga imkoniyat tug‘dirardi.
Dushmandan qutulish uchun Samarqandda devor ham, qal’a ham yo‘q edi. Amir Husayn bu yerda harbiy qism ham, harbiy boshliqlar ham qoldirmagandi. Shahar aholisi Ilyosxo‘janing bosqinchilik harakatini bartaraf etishga kirishdi. Shahar aholisini mo‘g‘ul bosqinchilaridan saqlab qolish,
shaharni himoya qilishga kuch topildi. Bu kuch sarbadorlarning‘ kattagina bir guruhi edi. Ular shahar aholisini mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashga chaqirdilar. Xalq ommasining mo‘g‘ul istilochilariga, mahalliy yer egalarining haddan ortiq jabru-zulmlariga qarshi kuchli noroziligi tarixda “sarbadorlar” deb nom olgan qudratli ozodlik harakatining boshlanishiga sabab bo‘ldi.
Bu harakat XIV asrning 30-yillarida butun Xurosonda boshlanib, O‘rta Osiyoga yoyilgan edi. Ular mo‘g‘ullarga bo‘ysunib yashagandan ko‘ra, dorda osilib o‘lgan afzal derdilar. Ularning rahbarlari Samarqand madrasalarining birida tahsil ko‘ruvchi Mavlonzoda va sobiq paxta savalovchi Abu Bakr Kalaviy edilar. Mavlonzoda Jome masjidiga to‘plangan 10 mingga yaqin aholiga murojaat qilib, islom va xalqni mo‘g‘ullardan saqlab qolish, himoya qilishga da’vat etdi. Sarbadorlarni shahar aholisi, madrasalar talabalari, yoshlar, hunarmandlar, shahardan tashqarida yashaydigan dehqonlar va o‘rta yer egalari qo‘llab-quvvatladilar. Ular Samarqand mudofaasini muvaffaqiyatli himoya qilib, mo‘g‘ullarning bosqinchilik harakatlarini bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldilar. Ilyosxo‘ja ikki ming nafar jangchisidan ajralib, avval Samarqandni, so‘ngra Movarounnahrni tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldi\
Mo‘g‘ullar ustidan erishilgan g‘alaba agar xalqqa jasur, qobiliyatli, ishonchli, o‘z so‘zi ustidan chiqish uchun astoydil harakat qiladigan rahbar bo‘lsa, juda ko‘p ishlar qilish mumkinligini ko‘rsatdi. Shunday qilib, sarbadorlar harakati tarixda yorqin sahifalarga ega bo‘lib, uning ildizi xalq hayotiga, XIV asrning ikkinchi yarmida Movarounnahr ijtimoiy-siyosiy hayotiga bevosita bog‘liqdir.
Temur qishni Keshda (Shahrisabz), amir Husayn Amudaryo sohillarida o‘tkazayotganlarida sarbadorlarning mo‘g‘ul istilochilari ustidan erishgan g‘alabalarini eshitib, Samarqandga yo‘l oladilar. Samarqand yaqinidagi Konigil degan joyda to‘xtaydilar va sarbadorlarning erishgan g‘alabalarini go‘yo ma’qullab, bu harakatning faollarini yig‘ib, ziyofat beradilar va ertasiga ularni qirib tashlaydilar. Temurning himoyasida Mavlonzoda omon qoldi.
Shunday qilib, Amir Husayn bilan Temur Samarqandni yana qo‘lga kiritdilar. Bu voqea 1366 yil bahorining oxirida yuz berdi. Shu bilan birga, ikki amir o‘rtasidagi ixtiloflar tobora kuchaya bordi. Bu ixtilof o‘lja masalasida ham edi. Ta’kidlash o‘rinliki, “jangi loy”da katta talofat ko‘rgan Amir Husayn amaldorlardan to‘lashi lozim bo‘lgan o‘lponlarni qat’iy talab qilganda, ularga Temur yordamga keldi. Bu Temurning harbiy boshliqlar o‘rtasidagi obro‘sini oshirib yubordi.
60-yillar oxirida Husayn o‘ziga qarashli Balx shahrini mustahkamlab, istehkomlar qurishga kirishdi. Shaharning devorlarini tiklatdi va qurol- yarog‘ni ko‘paytira boshladi. Temur bu harakatlarning o‘ziga qarshi qaratilganini yaxshi anglagandi. Shuning uchun Temur oldinroq harakat qilib, 1370 yilda unga hujum qildi va Balx shahrini egalladi. Balxni qamal qilish vaqtida Temur Amir Husaynni Huttalon hokimi Kayxusrav qo‘li bilan bartaraf etdi.
Mana shu paytdan boshlab Amir Temur Movarounnahrning yakka hukmdori sifatida faoliyat boshladi. Bu esa uning 35 yillik hukmronligiga va jahongirona harbiy yurishlari uchun qulay shart-sharoit davrini vujudga keltirdi.
Qo‘shin sarkadaralarining qurultoyi Temurni Movarounnahrning yagona hukmdori deb e’lon qildi. Asosiy vazifa Movarounnahrni birlashtirishdan iborat deb tushungan Temurning yaqin kishilaridan biri amir Dovudni devonbegi etib tayinladi. Yana uch vazirni tayin qildi va ular turli qabilalarga mansub bo‘lib, ularga davlatning asosiy hal qiluvchi ishlarini bajarish vazifalari yuklandi. Amir Temur Movarounnahrda yakka hukmronligini o‘rnatganidan so‘ng, o‘z davlatiga poytaxt qilib, diyorining mashhur shaharlaridan biri bo‘lgan Samarqandni tanladi. 1370 yili Temur bu yerga ko‘chib o‘tdi. Amir Temur asosiy diqqatini davlat ichki ishlarini yo‘lga qo‘yishga qaratib, butun vujudi bilan davlatni mustahkamlash, rivojlantirishga harakat qildi. Bular markazlashgan davlatni vujudga keltirish borasidagi qilingan dastlabki ishlar edi, xolos.
Shu tariqa, 150 yillik siyosiy qaramlik, boshboshdoqlik, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotdagi qoloqlik davriga chek qo‘yiladi. Amir Temur Movarounnahrda feodal tarqoqlik va o‘zaro nizolarga zarba berib, mamlakat siyosiy birligi va yaxlitligini amalda ta’minladi. Movarounnahr xalqlari yagona davlat tasarrufiga birlashtirildi.
Amir Temur Movarounnahrda o‘z hukmronligini o‘rnatganidan key in, mo‘g‘ullarning udumlari asosida davlatni tumanlarga bo‘lib, ularga hokimlar tayinladi, yangi lavozimlar joriy etdi. Temur bu borada mo‘g‘ul hukmdorlari, ayniqsa, Kebekxonning an’analariga, islohotlariga, orttirgan tajribalariga tayandi va ulardan tegishli xulosalar chiqarib oldi. Shu bilan birga, ularni takomillashtirib bordi.
Amir Temur Movarounnahrda markazlashgan davlat barpo etish bilan birga, yurtga jiddiy xavf solib turgan mamlakatlarga qarshi harbiy yurishlar olib bordi. Yana shuni ta’kidlash joizki, Amudaryo va Sirdaryo orasidagi yerlarni, Farg‘ona va Shosh (Toshkent) viloyatlarini o‘z davlatiga qo‘shib olish, birlashtirish unchalik qiyinchilik tug‘dirmadi. Bu hududlarda Temurga qarshi turadigan hokimiyatning, kuchning o‘zi deyarli yo‘q edi.
Movarounnahrga katta xavf tug‘dirib turgan davlat Oltin O‘rda hisoblanardi. Bu davlat Temur davlatiga nisbatan har jihatdan kuchli edi. Shu bois, uning Movarounnahrga qarshi hujum qilish xavfi ham yo‘q emasdi.
Buni Sohibqiron juda yaxshi anglab yetardi. U bu masalada juda ehtiyotkorlik, sinchkovlik, hushyorlik bilan ish tutdi. Oltin O‘rdadagi vaziyatni atroflicha tahlil qilib, shart-sharoit, qulay vaziyatni kutdi. Xorazm ularning tasarrufida edi. Shu tufayli Xorazmni Movarounnahrga birlashtirish ko‘pgina sabablarga ko‘ra, ancha murakkabroq edi. Bu masalaga Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixi” deb atalgan 2 jilddan iborat kitobida yaxshi ta’rif berilgan.
Xorazm 1359 yilda Berdibekxonning vafotidan so‘ng Oltin O‘rdada boshlangan g‘alayonlardan foydalanib, mustaqil bo‘lib oldi va uni qo‘ng‘irot qabilasidan So‘fiylar sulolasi boshqara boshladi. Husayn So‘fiy Xorazmning ikki tomonini birlashtirishga harakat qilib, Qiyot qal’asi va Xivani kuch bilan qo‘lga kiritdi. Chig‘atoy ulusining barcha hududiga da’vogar bo‘lgan Amir Temur Husayn So‘fiydan Janubiy Xorazm viloyati va uning shaharlarini qaytarishni talab qildi. Rad javob olganidan so‘ng, 1372 yili harbiy yurish qilib, hududni qaytarib oldi. Shu yili Husayn So‘fiy vafot etganidan keyin uning o‘rniga taxtga chiqqan ukasi Yusuf So‘fiy Qiyotni yana bosib oldi. 1373-1374 yillari Temur janubdan yana yurish qildi. Ana shu ikki yurish natijasida Janubiy Xorazm Temur davlati tarkibiga kirdi. Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinliki, Oltin O‘rda xoni To‘xtamishning Xorazmga da’vosi tufayli Amir Temur Xorazmga yana uch bor yurish qildi.
Oltin O‘rda va Oq O‘rda kuchli mamlakatlar bo‘lganligi bois, Movarounnahr davlatiga juda katta xavf tug‘dirib turgandi. Shu tufayli Temur bu ikki davlatdagi voqealarni sinchkovlik bilan kuzatib borib, qulay vaziyatni kutdi. Sharqshunos A. YU. Yakubovskiyning hisobicha, 1360
yillar mobaynida Oltin O‘rda amiri Mamayni hisobga olmaganda, 25 ta xon almashgan1.
Amir Temur To‘xtamishga qarshi 1389, 1391 va 1394-1395 yillarda uch marta katta yurishlar qiladi. To‘xtamishga qarshi so‘nggi ikki yurish alohida diqqatga sazovordir. 1391 yil 18 iyunda hozirgi Samara shahri bilan Chistopol o‘rtasidagi Qunduz degan joy da Amir Temur bilan To‘xtamish qo‘shinlari o‘rtasida qattiq jang bo‘ladi.
Mironshoh va Xo‘ja Sayfiddin sohibqiron rejasi asosida Kura daryosining so‘l qirg‘og‘ida mo‘g‘ul bosqinchilarining orqa tomonidan o‘z qo‘shinlari bilan hujumga o‘tdi. Bu jangda Temur takomillashgan va kuchli qo‘shinga ega edi. Sharafiddin Ali Yazdiyning hikoya qilishicha, Temur o‘z qo‘shinini yetti qo‘lga bo‘lib, hujumga, har doim bo‘lganidek, otliqlarni emas, piyodalarni tashladi. Hamma qanotlarga jiddiy e’tibor berilib, ularga g‘oyat ishonchli kishilar birkitildi. Hal qiluvchi hududlarga Mirza Sulaymonshoh, Mirza Muhammad Sulton, Mirzo Mironshoh, Mirzo Umar Shayx, Xoji Sayfiddin singarilarni rahbar qilib tayinladi.
Jangning dastlabki ikki kunida To‘xtamish bosqinchilari ustun bo‘ldi. Uchinchi kuni sohibqiron qo‘shinlarining qo‘li baland keladi. Amir Temur qo‘shinlari g‘alabaga erishib, Oltin O‘rdadan To‘xtamish lashkarini Volga sohiligacha quvib boradi.
Mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, To‘xtamish Amir Temur saltanatini bartaraf etishdek g‘arazli niyatidan qaytmagan edi. To‘xtamish Temur saltanatiga 1395 yil aprelida yana bostirib kiradi. Amir Temur va To‘xtamish o‘rtasidagi jang 1395 yil 14 aprelda Shimoliy Kavkazda, Terek daryosi bo‘yida sodir bo‘ladi. Amir Temur qo‘shinlariga murakkab bir vaziyatda tadbirkor Eduhudning rejasi qo‘l keladi. Uning ukasi Isobek To‘xtamish qo‘shinida janjal chiqarib Oqtoy, Yerlik O‘g‘lon va Toshtemir O‘g‘lonlar besh tumani bilan jang maydonini tark etdi. ta’minladi. Natijada To‘xtamish qo‘shinlari zaiflashib, orqaga chekina boshlaydi va to‘liq mag‘lubiyatga uchraydi. To‘xtamishning o‘zi Litvaga qochib, buyuk knaz Vitovt poytaxtidan panoh topadi. Shunday qilib, Terek daryosi sohilidagi jang tufayli To‘xtamish davlati batamom tor-mor etiladi. Sohibqiron Oltin O‘rda taxtiga amir Qutlug‘ Temurni o‘tkazib, amirlashkar qilib Eduhudni tayinlaydi. Erishilgan bu g‘alaba O‘rta Osiyoni birlashtirishda, sohibqironning davlati uchun xavf-xatarni keskin kamaytirishda, Temur saltanatini va u boshqargan davlatning shon-shuhratini jahonga yoyishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlash o‘rinliki, Amir Temurning Xorazm, Movarounnahr yerlariga, Oltin O‘rdaga yurishlari O‘rta Osiyoda markazlashgan davlatni qaror toptirish, shu asosda feodal tarqoqlikka barham berish, o‘zi hukmronlik qilgan mamlakatning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lsa, uning Kavkaz, Eron, Hindiston, Kichik va Old Osiyo yerlariga harbiy yurishlari o‘zining jahon miqyosidagi mavqeini ko‘tarish, savdo va boshqa aloqalarini kengaytirish, eng muhimi, Buyuk Ipak yo‘lini tiklash va boshqalarga qaratilgan ediki, buni quyidagilardan ham yaqqol bilish mumkin.
asrning ikkinchi yarmida Eron alohida davlat emas edi. Uning bir tomonida Jaloyirlar davlati (1336-1411) bo‘lib, ikkinchi tomonida Sarbadorlar (1336-1381) davlati bor edi.
yili mustaqil Sarbadorlar davlatiga barham berildi. 80-yillar o‘rtasida Seyiston va Xuroson ham Temur davlati tarkibiga qo‘shib olindi. So‘ngra butun Eron Sohibqiron qo‘shinlari tomonidan zabt etildi.
Amir Temur Armaniston va Gurjistonni 1392 yilda bo‘ysundirdi va katta kuch bilan Ozayrbayjonga bostirib bordi. 1397 yilda uni istilo qilishga muvaffaq bo‘ldi. 1398-1399 yillarda Amir Temur Hindiston sari harbiy yurish uyushtirdi. Hindistonni va uning poytaxti Dehlini ishg‘ol qildi. Xullas, Dehlini qo‘lga kiritib, juda katta o‘lja bilan qaytdi.
1400 yildan boshlab Amir Temur Turk sultoni Yildirim Boyazid va Misr sultoni Farajga qarshi kurash boshladi. Temur qo‘shinlari tomonidan Kichik Osiyo va Suriyaning ko‘pgina shaharlari ishg‘ol qilindi. 1401 yili Suriya to‘laligicha sohibqiron qo‘liga o‘tdi. Amir Temur Yevropa va Afrikadagi ko‘pgina mamlakatlarga va hatto Temurning markazlashgan davlatiga juda katta xavf tug‘dirib turgan Turk sultoni Yildirim Boyazidning hukmronligini bartaraf etishni ham maqsad qilib qo‘ygandi. Shu maqsadda sohibqiron 1402 yili Anqara yaqinidagi Oyqor degan mavzeda turk sultoni Boyazid bilan hal qiluvchi jang boshladi. Bu haqida A. YU. Yakubovskiyning yozishicha, 1400 yilda Temur askarlari O‘rta Osiyodan uzoqda - G‘arbda turk sultoni Boyazid I va Misr sultoni Farajga qarshi urush olib bordi. O‘sha vaqtda Temur ko‘p xalqlarni, masalan, Kichik Osiyodagi Sivasni, Suriyadagi Xalab (Aleppo)ni o‘ziga qaratib olgan edi. 1402 yilda Anqara yonida Temur ikkinchi marta Boyazid bilan jang qildi. Bu jang davrlarining eng katta janglaridan bo‘lgan edi. Bunda har ikki tomondan 200 mingdan ortiq lashkar qatnashadi. Anqara yaqinida bo‘lgan bu jangda Usmonli turk sultoni Boyazid qo‘shinlari batamom tor-mor etildi va Boyazid asir olindi. Bu g‘alaba faqat Osiyo tarixi uchungina ahamiyatli bo‘lib qolmadi. Temur o‘zining bu g‘alabasi bilan Yevropa xalqlariga ikkinchi marta xizmat qildi. Anqara yonidagi bu g‘alaba va Boyazidning asir tushishi Konstantinopolning usmonli turklar tomonidan bosib olinishini qariyb 50 yil orqaga surib yubordi.
Shunday qilib, bu g‘alaba Amir Temur qo‘shinlarining juda katta va buyuk g‘alabalaridan biri, Amir Temur harbiy nazariyasi va taktikasining beqiyos tantanasi bo‘ldi. Bu g‘alaba Temurning G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida mashhur bo‘lishiga olib keldi. Samarqand va Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi diplomatik va savdo aloqalarining kuchayishi ana shu davrdan boshlandi. Jahongir Amir Temur o‘z faoliyatida ko‘p janglar qildi. Bu janglar xususiyati jihatidan har xil. Ulardan “uch yillik yurish”, “besh yillik yurish” va “yetti yillik yurish”lari tarixda ayniqsa mashhurdir. Soxibqiron bu yurishlar natijasida muvaqqat bo‘lsa ham Qora, Egey va O‘rta yer dengizlaridan to Hindistonning sharqi, Mo‘g‘uliston, Xitoygacha, Hind dengizidan Ural tog‘lari, Moskva ostonalari va Dnepr bo‘ylarigacha bo‘lgan hududni zabt etib, buyuk bir saltanat barpo etdi. Shu tariqa markazlashgan buyuk davlatni vujudga keltirib, feodal tarqoqliklarga, tinimsiz bo‘lib turgan o‘zaro urush va janjallarga barham berdi, nihoyat, o‘zining butun jahonga mashhur bo‘lgan markazlashgan davlatida osoyishtalik o‘rnatdi.
Amir Temurning ko‘p yillik yurishlari natijasida jahondagi eng yirik imperiya tashkil topdi. Yirik markazlashgan davlatning tashkil topishi iqtisod, savdo-sotiq, fan va madaniyatning rivoji uchun shart-sharoit yaratdi.
2. Amir Temur - tarixiy shaxs
Sohibqiron Amir Temur zukko siyosatchi va buyuk davlat arbobi sifatida tarqoq, bo‘linib ketgan feodal davlatlar o‘rnida yirik markazlashgan kuchli davlat bunyod etdi. Sohibqiron tomonidan tuzilgan davlatning boshqarish usuli, tutgan udumi, tartib-intizomi g‘oyat ibratli bo‘lib, uning ko‘pgina sohalarda orttirgan tajribalari mustaqillikni qo‘lga kiritib, bu yo‘lda qadam tashlayotgan O‘zbekiston uchun hozirgi davrda katta ahamiyat kasb etadi. Eng avvalo, shuni ta’kidlash o‘rinliki, u o‘zidan avvalgi davlatlar qurilishlarida orttirilgan ijobiy tajribalarni atroflicha o‘rgandi va ularga ijodiy yondashdi.
Amir Temurning davlatni muvaffaqiyatli boshqarishida pirlari Zayniddin Abu Bakr Toybodiy, Shayx Sayyid Baraka va boshqalarning ta’siri katta bo‘lgan. Jumladan, birinchi piri sohibqironga saltanat ishlarida to‘rt narsaga
kengash, mashvaratu maslahat, qat’iy qaror, tadbirkorlik va hushyorlik, ehtiyotkorlikka amal qilishni o‘zining Hirotdan yozgan xatida maslahat bergan edi. “Temur tuzuklari” asarida ularning shunday nasihatlarini o‘qiymiz: “saltanatni boshqarishda mashvaratu maslahat va tadbirkorlik bilan ish yurgizgin, toki oqibatda nadomat chekib, pushaymon bo‘lmagaysan. Xullas, bajarilishi shart bo‘lgan tadbirlarning ta’rifidan va zikridan so‘ng (shuni ta’kidlash lozimki) qat’iylik, sabr, chidamlilik, sog‘lig‘u-sergaklik, ehtiyotkorlik va shijoat bilan barcha ishlar amalga oshirilur. Vassalom” .
Amir Temurning piri Shayx Sayyid Baraka 1370 yilda Balx qal’asi qo‘lga kiritilishi arafasida Amir Temurga do‘mbira, hokimiyat va hukmronlik ramzi hisoblangan bayroq berib, unga “Sizning istiqbolingiz buyuk ishlardan darak beradi” deb bashorat qilgandi. Bu makkalik shayx Sayyid Baraka keyinchalik Amir Temur harakatlarida bashoratchilik qildi va uning bir umrga piri bo‘lib qoldi. Bu xususda Ibn Arabshohning guvohlik berishicha, “Temur doimo: - Saltanatda erishgan jamiki narsam va mustahkam makonlarni fath qilishim - bular hammasi shayx Shamsuddin al-Faxuriyning duosi, shayx Zayniddin al- Xavofiyning (Abu-Bakr Toybodiy) immati tufayli va barcha topgan barakatlarim esa Sayyid Baraka yordamida bo‘lgan”, - der ekan.
Amir Temur pirlarining ko‘rsatmalariga sodiqlik bilan amal qilgan holda, davlatni boshqarishning barcha sohalariga jiddiy e’tibor berdi va har doim bu ko‘rsatmalar uning diqqat markazida bo‘ldi. Natijada markazlashgan davlatni vujudga keltirish, uni mustahkamlash, qudratli qilishda muvaffaqiyatlarga erishib, o‘ziga qaram bo‘lgan mamlakatlarning tinchligini ta’minladi. U eng avvalo, o‘z davlatini boshqarishda kengashga e’tibor berdi. Kengash o‘tkazish, unda qatnashuvchilarning darajasi bo‘yicha joylashishi hozirgi davrda ham diqqatni tortadi. Bu xususda “Tuzuklar”da qiziqarli misollar keltirilgan.
Temur o‘z «Tuzuklari»da davlat tizimini yuqoridan quyigacha qanday boshqarish haqidagi siyosiy-huquqiy qarashlarini umumlashtirdi. Sohibqiron davlatni idora qilishda o‘n ikki qoidaga qat’iy asoslanganligini batafsil yozadi. “Temur tuzuklari”da shunday so‘zlar bitilgan: “...Endi mening nomdor farzandlarim va mamlakatni zabt etuvchi iqtidorli nabiralarimga yo‘l-yo‘rig‘im shuki, men o‘n ikki narsani o‘zimga shior qilib olib, saltanat martabasiga erishdim. Shu o‘n ikki narsa yordamida mamlakatni zabt etib, saltanatimni boshqardim va saltanat taxtiga zebu-ziynat berdim...”3. Bu ijtimoiy-siyosiy qatlamlar quyidagilar edi:
sayyidlar (payg‘ambar avlodlari), ulamo, mashoyix, fozil kishilar, ya’ni ziyolilar;
ishning ko‘zini bilgan donishmand kishilar;
xudojo‘y, darvesh, qalandarlar;
no‘yonlar (xonzodalar), amirlar, sarkardalar, sipohsolalar;
sipoh va raiyat, ya’ni askarlar va avom un-nos;
saltanat ishlarini aytib, kengash qilishga loyiq, ishonchli kishilar;
vazirlar, sarkotib, devon munshiylar, muhandislar, roviylar;
hakimlar va tabiblar;
tafsir va hadis olimlari;
ahli sanoat (hunarmandlar, kosiblar);
so‘fiylar;
tujjor (savdogar) va sayyohlar.
Amir Temur Movarounnahrdan boshqa mamlatlarni o‘z farzandlariga, qarindoshlariga, harbiy sarkardalarga “suyurg‘ol” qildi. Suyurg‘ol deganda, o‘sha vaqtda muayyan bir o‘lkani idora qilish ishlarini meros tariqasida boshqa birovga topshirib, o‘sha yer, hudud, qishloq va shahar aholisidan davlat soliqlari va o‘lponlarini suyurg‘ol egasi foydasiga to‘liq yoki qisman undirib olish huquqi tushuniladi.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Amir Temur bu yerda turk-mo‘g‘ul xalqining qadimgi yo‘siniga amal qildi va Movarounnahrni hech kimga bermay o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Uluslar markaziy hokimiyatga bo‘ysungani bilan ma’lum darajada o‘zlarining mustaqilliklarini saqlashgan. Ulus boshliqlarining ham o‘z davlat tarmoqlari, xazinasi, qo‘shini bo‘lgan. Ularning markaziy hokimiyatga qaramligi xirojning muayyan qismini markaziy xazinaga jo‘natib turishi va xabar kelishi bilan o‘z qo‘shinini olib yetib borishida o‘z ifodasini topgan. Lekin shunday bo‘lsa-da, markazlashgan davlatning o‘sha suyurg‘ol qilingan hududlari sohibqironning diqqat markazidan chetda bo‘lmagan. U hukmronlik qilgan yillari davlatni boshqarish ishlari bilan qattiq shug‘ullangan. “Saltanat to‘nini kiygach, - deyiladi “Tuzuklar”da, - tinchligu sog‘lig‘im ketdi, o‘z to‘shagimda rohatda uxlash, huzur-halovatdan voz kechdim”1.
Sohibqiron o‘z davlatining markazini 1370 yili Samarqandga ko‘chirib kelgandan so‘ng, davlat qurilishiga jiddiy e’tibor berib, davlat idoralarini uddaburon, qobiliyatli rahbarlar bilan mustahkamlash tadbirlarini ko‘rdi va o‘zi ham “Tuzuklar”da ta’kidlaganidek, “do‘stu-dushman bilan (muomalada) bir tekis yo‘l tutdi”2. Jumladan, vazirlarni tanlashda sohibqiron to‘rt sifatga qattiq e’tibor bergan. Bular “Tuzuklar”da ko‘rsatilganidek, birinchisi - asllik, toza nasllik; ikkinchisi - aql-farosatlilik; uchinchisi - sipohi-raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalada bo‘lish; to‘rtinchisi - sabr- chidamlilik va tinchliksevarlik.
Amir Temur vazirlarni tanlashda ularning shu sifatlarga ega bo‘lishini inobatga olish bilan birga, ularning har bir masalada har doim odil bo‘lishlari, aql-zakovat bilan ishlashlari uchun sharoit yaratgan. Buni “Temur tuzuklari” ham to‘la tasdiqlaydi. Amir Temur Movarounnahrda o‘zining yakka hukmronligini o‘rnatgandan so‘ng, to‘rtta vazir tayinladi va ularga mamlakatda eng muhim ishlarni bajarish vazifasini yuklatdi. Yana eng e’tiborlisi shundaki, tayinlangan vazirlar mamlakatdagi qabilalardan tanlab olingan edi. Bu xususda Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixi” kitobida shunday tavsiflangan: “Ular (vazirlar) mamlakatning (ko‘zga ko‘ringan) a’yonlari hisoblanib, boshqa har bir kimsa ular fikrlariga ihtizo etardi. Arablarda qancha bo‘lsa turklarda ham qariyb shunchalik qabila va guruhlar bordir. O‘sha vazirlardan har qaysisi bir qabilaga mansub bo‘lib, o‘z fikr chirog‘i bilan u qabila uylarini yorituvchi bir uzun pilik misoli edi. Ulardan birining qabilasi flot, ikkinchisiniki jaloyir, uchinchisiniki qovchin, to‘rtinchisiniki barlos deb atalardi. Temur to‘rtinchi qabila o‘g‘loni edi”1.
Vazirlarning barchasi har kuni devonxonada bo‘lishi shart qilib qo‘yilgan. Ularga yuklatilgan vazifalar aniq belgilangan edi. Chunonchi, birinchisi mamlakat va raiyat (soliq) vaziri bo‘lib, bu mamlakatdagi muhim ishlarni, kundalik muammolarni, raiyat ahvolini, viloyatlardan olingan hosil, soliq- o‘lponlar, ularni taqsimlash, kirim-chiqimlarni, obodonlashtirish, mehnatkash omma farovonligi bilan shug‘ullanardi. Ikkinchisi sipoh vaziri bo‘lib, unga sipohlarning maoshlari, ularning tarqoq holga tushib qolmasliklari uchun doimo sipoh ahvolidan xabar olib turish vazifasi yuklatilgandi. Vazirlardan uchinchisi - egasiz qolgan, o‘lib ketgan va qochganlarga tegishli mollarni, savdogarlar mol-mulkidan olinayotgan zakot va bojlarni, mamlakat chorvalarini, ularga taalluqli bo‘lgan o‘tloq va yaylovlarni boshqarib, bularning hammasidan yig‘ilgan daromadlarni omonat saqlash majburiyatini bajarardi. Shuningdek, bu vazir bedarak yo‘qolganlar va o‘lganlarning mol- mulki bo‘lsa, ularni merosxo‘rlariga topshirgan. Nihoyat to‘rtinchisi, saltanat ishlarini yuritish, u hamma saltanat idoralarining kirim-chiqimlari, xazinadan sarf qilinadigan xarajatlar ustidan ogoh bo‘lgan.
Sohibqiron fath etilgan mamlakatlarga oid masalalar, birinchi navbatda, moliyaviy ishlar bo‘yicha davlat hay’atini tuzdi. Yetti vazirning hammasi devonbegiga bo‘ysundirilib, bu bilan Temur davlatiga qarashli haq- huquqlarda moliyaviy ishlarda hamjihatlik, inoqlik bilan odilona boshqarish uchun imkoniyat hozirladi.
Yana bir holat e’tiborni jalb qiladi.. Amir Temur o‘zining davlat apparatida arzbegi lavozimini joriy etgan. Arzbegi sipoh, raiyat va arz-dod qilib sohibqiron huzuriga keluvchilarning ahvoli, mamlakatning obod- xarobligi, muhim ishlardan qaysi biri bitmaganligi xususida axborot berib turgan.
Shuningdek, bularga vaqf yerlari va boshqa vaqf mulkining hisob-kitobini olib boruvchi mansabdor - sadrlar, sadri-sayyidlar va boshqa arboblarga suyurg‘ol sifatida berilgan yerlar va vaqflarning ahvoli, ularga doir vazifalarning qay tarzda bajarilayotganligi xususida sohibqironning o‘ziga doimo axborot berib turilgan.
Amir Temur o‘z davlatining tashqi va ichki siyosatiga aloqador masalalarni kengashda hal qilish bilan birga bu majlisga kotiblar (majlisnavinos) tayinlangan, ular devon majlisida navbatma-navbat hozir bo‘lib, muhokama qilingan masalalar va ayrim ishlar tafsilotini yozib olishlari, saqlashlari lozim bo‘lgan.
Shuningdek, mingboshi, yuzboshi, ellikboshi, o‘nboshi, oqsoqol lavozimlari ham o‘sha davrda joriy qilingan. Bularning bir-biri bilan bog‘liqligi, bir-biriga bo‘ysunishi, ularga yuklatilgan vazifalar bajarilishining shartligi, ularga to‘lanadigan maosh, bu lavozimlarga rahbarlar tayinlash borasida “Temur tuzuklari”da maroqli, hozirgi davr uchun ham ibratli fikrlar yozib qoldirilgan.
Amir Temur tasarrufidagi hududlarning iqtisodiy otini amaldorlar tomonidan rivojlantirishga, mehnatkash omma ahvolidan xabar olib turishga, zulmning kuchayib ketmasligiga jiddiy e’tibor berdi. Davlat qurilishining asosiy tarmoqlarida, hunarmandchilik, to‘qimachilikning hamma sohalarini rivojlantirishga e’tibor berildi. Buni shundan ham yaxshi bilish mumkinki, Herman Vamberining e’tirof etishicha, “Temurning paxta yigiruvchi korxonalari, Anqaraning movut korxonalari, Turkiya hamda Gurjistonning zargarlari, xullas, sanoatda qancha mohir ishchilar bor bo‘lsa, hammasi Samarqandga ko‘chdilar”\
Uning yerga, dehqonlarga bo‘lgan munosabati, soliq olish siyosati ham o‘zidan avvalgi, o‘sha va so‘nggi davr uchun xosdir. D. N. Logofetning “Buxoro tog‘lari va tekisliklarida” nomli asarida ta’kidlanganidek, “...Uning (Amir Temurning) hokimiyatida fuqarolarga adolat bilan munosabatda bo‘lingan. Hatto moliyaviy masalalarda ham qat’iy tartib o‘rnatilgan. O‘zingiz tasavvur qiling, biz hozir zo‘r berib intilayotgan daromad solig‘i degan narsa uning hokimiyatida o‘shandayoq mavjud edi. Temur amaldorlaridan ish yuritayotganda qonun va adolatga bo‘ysunishni talab qilgan. Qamchi va tayoq ishlatish qat’iy taqiqlangan, buni bajarmaganlar o‘limga hukm qilingan”1. Bu xususda gapirilar ekan, akademik V. V. Bartoldning asarlarida qiziqarli va juda foydali fikrlar bildirilganligini aytmoq zarur. Uning e’tirof etishicha, Amir Temur davrida o‘simlik o‘sadigan barcha yerlardan unumli foydalanilgan. Samarqand aholisi uch yil soliqdan ozod qilingan.
Yana zikr etilgan masalalar xususida akademik I. Mo‘minovning “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli” nomli risolasida ham qimmatli mulohazalar bildirilganki, ularni ham keltirish joizdir. Temur yozadi: “Soliq yig‘ishda xalqni og‘ir ahvolga solishdan yoki o‘lkani qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lish zarur. Negaki xalqni xonavayron qilish davlat xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi, xazinaning bequvvatligi harbiy kuchlarning tarqoqlanishiga, bu esa o‘z navbatida, hokimiyatning kuchsizlanishiga sabab bo‘ladi . Shuningdek, hamma sohalar bo‘yicha qat’iy qoida asosida taftish va nazorat o‘tkazilgan. Mamlakatda savdo-sotiq rivojlangan. Ispaniya elchisi Klavixo o‘sha vaqtda Samarqand bozorlarida dunyoning turli burchaklaridan kelgan turli tilda so‘zlashgan savdogarlarni uchratish mumkin bo‘lganligini yozadi. Uning guvohlik berishicha, Samarqand butun Osiyo savdosida mol ombori o‘rnini olganligini fahmlash qiyin emas. Xususan, bunda ichki va tashqi savdo taraqqiy etgan. Bu davrda, ayniqsa, Buyuk Ipak yo‘lining yanada taraqqiy etishiga e’tibor berilib, uning xavfsizligi ta’minlangan. Shu bois, Hindistondan juda ko‘p attorlik va bo‘yoq tijorati karvonlari tez-tez kelib turgan. Xitoy bu yerga ipak gazlamalar, har xil chinni buyumlar, qimmatbaho toshlar yuborardi. Shimoldan noyob po‘stinlar keltirilardi. Xullas, turli iqlimdan keltirilgan mollar Samarqand bozorlarida toy-toy bog‘lanib, Osiyoning eng katta markazlariga va Buyuk Ipak yo‘li orqali G‘arbiy Yevropaga jo‘natilar edi. Savdogarlar bir yo‘l bilan Xorazm,
Astrobod, Nijniy Novgorod, Moskva orqali Ganza shaharlari (shimoli- g‘arbiy Yevropa) ga borardi. Ikkinchisi Xitoy-Kazvin-Tabriz-Trapezund yo‘li bilan genuyaliklarning, venetsiyaliklarning savdo kemalariga tushib Yevropaga yetardi. Nihoyatda mudhish va serurush zamonlar bo‘lishiga qaramay, Amir Temur hokimiyatining soyasi tushgan yerlarning barchasida savdo nihoyatda jonli va batamom xavfsiz edi.
Amir Temur davlati mustahkam huquqiy tizimga ega bo‘lib, qonuniylik turli choralar bilan qo‘riqlangan. Amir Temur o‘zining davlatni idora qilish siyosatida va devonida qat’iy tamoyillar va adolatli qonunlarga amal qilgan. Adolat kuchda emas, kuch adolatdadir, degan shior Amir Temur saltanatining barcha hududlarida birday amal qilib, axloqiy-ma’naviy mezonga aylangan.
Shuningdek, Amir Temur davlatida tartib-intizom, mehnatkash ommani himoya qilish, ularga g‘amxo‘rlik, adolat uchun kurash, islom dinini taraqqiy ettirish, boshqa mamlakatlar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatish singari borasida ham ibratli, hatto hozirgi davr uchun ham saboq bo‘ladigan ishlar qilingan.
Sohibqiron Amir Temur dunyo xalqlari tarixida munosib iz qoldirgan davlat arbobi bo‘lishi bilan birga, tabiat in’om etgan takrorlanmas, zo‘r harbiy qobiliyatga ega sarkarda hamdir. Uning ana shu sarkardalik qobiliyati tufayli kuchli armiyasi vujudga kelgan ediki, bu armiya feodal tarqoqlikka barham berib, qudratli markazlashgan davlat - Temur imperiyasini vujudga keltirishda va uni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Akademik I.Mo‘minovning e’tirof etishicha, “Harbiy tarix Temurni o‘rta asrning eng yirik lashkarboshilaridan deb hisoblaydi”1.
Sohibqironning harbiy mahorati ikki yo‘nalishda namoyon bo‘lgan. U o‘z lashkarlarini tashkil etishda mashhur, takrorlanmas lashkarboshi sifatida nom chiqargan. U ishlab chiqqan harbiy siyosatning asrlar osha o‘rganilib kelinayotganligi buni to‘la isbotlaydi. Uning qo‘shinlari tashkiliy tuzilishi jihatidan Chingizxon an’analariga asoslangan. Birinchidan, sohibqiron qo‘shini ko‘ngillilardan iborat edi, ikkinchidan, u o‘nlik tizim asosida qurilgan, ya’ni tumanlarga, mingliklarga, yuzliklarga, o‘nliklarga bo‘lingan. Buning farqi shundan iborat ediki, Chingizxon davrida asosiy qo‘shin ko‘chmanchilaridan iborat bo‘lar va zabt qilingan mamlakatlarning shaharga majburan tortilgan o‘troq aholisi harbiy ishlarda ancha kam ishtirok etardi. Temur davlatida esa, o‘troq aholi garchi harbiy kuchning asosiy qismini tashkil qilsa-da, har holda ko‘chmanchilar bilan qariyb barobar ahamiyatga ega bo‘lardi. O‘troq aholi yashaydigan viloyatlar piyoda askarlarni, shuningdek o‘sha zamonning artilleriya bo‘linmalarini - tosh otuvchi, devor buzuvchi, o‘q otuvchi mashinalarni, o‘ziotar qurollarni va aslahalarni ishlata oladigan jangchilar yetkazib berardi. Sohibqironning otliq yoki piyoda askarlarning muayyan qismini yig‘ish zarur bo‘lib qolsa, u o‘z davlatining birorta hududidan ma’lum miqdorda tumanlar yig‘ib kelishni buyurib, u yerga tabachilarni (hukmdorning maxsus topshiriqlarini bajaradigan shaxslar) jo‘natardi. Shu bilan birga, tabachilar qo‘liga ma’lum hududdan
Dostları ilə paylaş: |