III. Mehnat jarohatlari tufayli qilingan qo‘shimcha xarajatlarni jabrlanuvchiga to‘lash 22. Yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lgan ish beruvchi jabrlanuvchiga, o‘rtacha oylik ish haqi (daromadi)dan tashqari, mehnat jarohati tufayli qilingan qo‘shimcha xarajatlarni ham to‘lashga majburdir. To‘lanadigan bunday xarajatlarga davolash, protezlash, qo‘shimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, sanatoriya-kurortda davolanish, shu jumladan jabrlanuvchining davolanadigan joyga borish va kelish yo‘l xarajatlari, zarur hollarda esa shuningdek o‘zganing parvarishiga muhtoj bo‘lganda, kuzatib boruvchi shaxsning ham yo‘l xarajatlari, maxsus transport vositalarini sotib olish va boshqa turli yordam xarajatlari, agar u TIEK tomonidan yordamning ushbu turlariga muhtoj deb topilgan bo‘lsa va ularni tegishli tashkilotlardan bepul olish huquqi bo‘lmasa, shuningdek jabrlanuvchi bilan ish beruvchi o‘rtasida zararni to‘lash bo‘yicha bahs paydo bo‘lganda hamda bahs jabrlanuvchi foydasiga hal bo‘lgan hollarda advokat yollash uchun qilingan xarajatlar kiradi.
Dori-darmonlar sotib olish uchun qilingan xarajatlar davolovchi shifokor tomonidan yozib berilgan belgilangan shakldagi retsept hamda pul to‘langanligi to‘g‘risidagi chek taqdim etilganda ish beruvchi tomonidan jabrlanuvchiga to‘lanadi.
I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun TIEKning uy sharoitida parvarishga muhtojlik haqidagi xulosasi talab qilinmaydi (ular maxsus tibbiy parvarishga muhtoj bo‘lgan hollar bundan mustasno).
Mazkur bandda ko‘rsatilgan yordamning bir nechta turlariga muhtoj bo‘lgan jabrlanuvchiga yordamning har bir turini olish bilan bog‘liq xarajatlar to‘lanadi.
23. Maxsus tibbiy parvarishga muhtoj bo‘lgan jabrlanuvchilar uchun qo‘shimcha xarajatlar har oyda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining ikki baravari miqdorida belgilanadi.
Uy sharoitida parvarish qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar har oyda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining ellik foizi miqdorida belgilanadi.
Ham maxsus tibbiy parvarishga, ham uy sharoitidagi parvarishga muhtoj bo‘lgan jabrlanuvchiga uy sharoitidagi parvarish bilan bog‘liq xarajatlar maxsus tibbiy parvarish xarajatlariga qo‘shimcha ravishda to‘lanadi.
Jabrlanuvchini parvarish qilish uchun qo‘shimcha xarajatlar, ularning kim tomonidan amalga oshirilishidan qat’i nazar, to‘lanadi.
Maxsus transport vositalarini sotib olish xarajatlari ularning qiymati doirasida to‘lanadi.
Boshqa qo‘shimcha xarajatlar miqdori tegishli tashkilotlarning schotlari va boshqa hujjatlar asosida yoxud jabrlanuvchi tomonidan ushbu xarajatlar qilingan vaqtdagi narxlarga muvofiq aniqlanadi.
24. Jabrlanuvchining sanatoriy-kurortda davolanishga muhtojligi haqida TIEK xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirda, unga har yilgi mehnat ta’tilidan tashqari davolanish uchun qo‘shimcha ta’til beriladi. Davolanish uchun berilgan ta’til vaqti uchun to‘lov har yilgi ta’til to‘lovi uchun belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi. Davolanish davridagi zararni to‘lash umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
Mehnat jarohati olgan xodim boshqa ishga o‘tganda, davolanish uchun berilgan qo‘shimcha ta’til uchun to‘lov zarar yetkazilgani uchun mas’ul bo‘lgan ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Jabrlanuvchi, shuningdek uni kuzatib boruvchi shaxsning yo‘l kira xarajatlarini to‘lash miqdori xizmat safari to‘g‘risidagi normativ hujjatlarga muvofiq aniqlanadi.
25. Yo‘qotilgan ish haqi (daromadi)ni to‘lashdan zararni to‘lashning boshqa turlaridan tashqari, ish beruvchi jabrlanuvchiga bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘laydi.
Xodim sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar bilan bog‘liq holda ish beruvchi tomonidan to‘lanadigan bir yo‘la beriladigan nafaqa miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa — ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakolatli organi o‘rtasidagi bitim bo‘yicha aniqlanadi. Bir yo‘la beriladigan nafaqa miqdori jabrlanuvchining bir yillik ish haqidan kam bo‘lmasligi kerak.