MDHning barcha aʼzolari (alfavit boʻyicha) Armaniston
Belarus
Moldova
Ozarbayjon
Qirg’iziston
Qozog’iston
Rossiya
Tojikiston
Turkmaniston
O’zbekiston
Ukraina
Bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan jadal taraqqiy etib borayotgan rivojlanayotgan mamlakatlar qatoridan joy olmoqda. Bunga keyingi ikki yilda mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosati yanada o‘zgacha joziba va nufuz kasb etdi. Xalqaro miqyosdagi nufuzli ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlar ko‘lami va qamrovi xususida so‘z yuritib, bu buyuk istiqbol sari bosilgan odim qadam ekanligini e’tirof etishmoqda.
Respublikamizning iqtisodiy rivojlanishi xususida to‘xtalib, shuni ta’kidlash joizki, mazkur tizimning taraqqiy etishi mamlakat aholisi ijtimoiy hayotining yaxshilanishiga mustahkam poydevor bo‘lmoqda.
Statistik raqamlarga yuzlanib, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy jihatdan taraqqiy etish darajasiga baho bersak. O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanish darajasi va shart-sharoitlari nisbatan yaqin va rejali iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tgan sobiq ittifoq davlatlari bilan iqtisodiy ko‘rsatkichlarni solishtirish respublikamizning qay darajada dunyo hamjamiyatiga integratsiyalashayotganligini ko‘rish imkonini beradi.
XXI — asr boshlanishidan keyingi davrda MDH mamlakatlarining iqtisodiy o‘sish sur’atlari barcha davlatlar bo‘yicha barqaror ko‘rinishni kasb etmagan.
Nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari uglevodorod resurslariga boy mamlakatlarda kuzatildi. Neft va gaz resurslari bo‘yicha katta salohiyatga ega mamlakatlar — Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmaniston davlatlarining iqtisodiy o‘sish sur’atlari ayrim yillarda juda katta miqdorlarni, misol uchun, mos ravishda 126,4 foiz (2005y.), 113,5 foiz (2001y.) va 120,4 (2001y.) foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, 2000 yildan keyingi davrda mustaqil davlatlar hamdo‘stligidagi ayrim mamlakatlarning iqtisodiy o‘sish sur’atlari salbiy ko‘rinishni ham kasb etdi.
Tahlil etilayotgan davrda Rossiya, Ukraina, Moldova va Belorus mamlakatlarining iqtisodiy o‘sish sur’atlari 0.4 — 9.8 foizgacha kamaydi. Buning asosiy sababi, Rossiya mamlakatiga AQSh va Yevropa ittifoqi davlatlari tomonidan iqtisodiy embargoning joriy etilishidir. Qayd etilgan boshqa mamlakatlar iqtisodiy o‘sishida salbiy tendensiyaning kuzatilishi – mazkur davlatlarning Rossiya iqtisodiyoti bilan chuqur integratsiyalashganligidir.
Yuqorida ta’kidlangan mamlakatlardan farqli o‘laroq Ozarbayjonda ham iqtisodiy o‘sish sur’atlari 2016 yilda 3.1 foizga kamaygan. Biroq bu, jahon bozorida neft xom-ashyosi narxining pasayishi va uning ishlab chiqarish sur’atlariga aks ta’siri negizidadir.
2000 yildan keyingi davrda mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari ichida O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy o‘sish sur’atlari birmuncha muqim va barqaror ko‘rinish kasb etdi. 2004 yildan to 2016 yilgacha 7-9 foiz darajasidagi yuqori va barqaror o‘sish sur’atlari kuzatildi. Bu mamlakatimizda tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitining yaratilganligi, ichki va tashqi investitsiyalarni milliy iqtisodiyotga jalb etilayotganligi, sanoat ishlab chiqarishini texnik va texnologik jihatdan yangilash va qayta qurilayotganligi, boshqarishda xorijiy menejmentni joriy etilishi asosida — deb ta’kidlashimiz o‘rinlidir.
O‘zbekiston Respublikasining 2010-2016 yillarda YaIMning fizik hajm indeksi o‘zgarishi MDH mamlakatlari ichida Turkmaniston Respublikasidan (175 foiz) keyin 159 foizlik natija bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.
Oxirgi yetti yillik davrda Tojikiston YaIMning fizik hajm indeksi o‘zgarishi — 150 foiz, Qirg‘izston -132 foiz va Qozog‘iston — 127 foizni tashkil etdi.
Tahlil etilayotgan davrda Rossiya va Belarus Respublikasi YaIMning fizik hajm indeksi o‘zgarishi 103 foizga teng bo‘ldi. Bu MDH mamlakatlari umumiy YaIMning fizik hajm indeksi o‘zgarishi (110 foiz) natijasidan 7 foiz punktiga kamdir.
Aytish joizki, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyoti MDH mamlakatlari ichida juda ulkan salmoqqa ega. 2016 yil ma’lumotlari bo‘yicha mustaqil davlatlar hamdo‘stligidagi barcha mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti (valyutaning xarid pariteti bo‘yicha hisoblangan) hajmida Rossiya Federatsiyasining ulushi — 70.7 foizga teng.
MDH mamlakatlari ichida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining (YaIMning VXP bo‘yicha hisoblangan hajmi) salmog‘i (3.6 foiz) bo‘yicha Qozog‘iston (8.8 foiz) va Ukrainadan (6.7 foiz) keyin to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, 2016 yil ma’lumotlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi valyutaning xarid pariteti bo‘yicha yalpi ichki mahsuloti hajmi — Qirg‘iziston YaIMdan 8.9 marta, Tojikistondan 8.1, Armanistondan 7.4, Turkmanistondan 2.0, Ozarbayjon va Belarus Respublikasidan 1.1 marta ulkandir. Biroq, respublikamiz — aholi soni va mamlakat territoriyasi bo‘yicha mazkur davlatlardan ancha katta hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi MDH mamlakatlari ichida aholisi bo‘yicha Rossiya (146.7 mln. kishi) va Ukrainadan (42.6 mln. kishi) keyin uchinchi, territoriyasi bo‘yicha esa Rossiya (17125.2 ming km2), Qozog‘iston (2724.9 ming km2), Ukraina (577.5 ming km2) va Turkmanistondan (4912 ming km2), keyin beshinchi o‘rinni egallaydi.
2016 yilda O‘zbekiston Respublikasining aholi jon boshiga YaIM va valyutaning xarid pariteti bo‘yicha YaIM mos ravishda 2115 va 5952 AQSh dollarini tashkil etdi. Aytish joizki, mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha MDH davlatlari ichida mamlakatimiz natijalaridan baralla maqtana olmaymiz.
Shuning uchun, bizning nazarimizda, istiqbolda mamlakatimizning ijtimoiy – iqtisodiy taraqqiy ettirishning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilarga qaratilishi lozim:
iqtisodiy o‘sish sur’atlarini aholi soni o‘sishi va inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda oxirgi o‘n yillikning o‘rtacha darajasidan kam bo‘lmagan ko‘rsatkichga olib chiqish;
tashqi mehnat migratsiyasidagi mamlakatimiz aholisini (mehnat resurslarini) respublikamiz iqtisodiyotiga jalb etish orqali iqtisodiy samaraga erishish;
mamlakat maydonining cheklanganlgi, suv va yer resurslarining tanqisligini nazarda tutib, ulardan oqilona foydalanish;
qo‘shni respublikalar bilan ikki tomonlama manfaat topishga asoslangan shartnomalar asosida ish yuritish orqali o‘zaro integratsiyalashish;
yaqin kelajakda aholi jon boshiga YaIM — iqtisodiy indikatori bo‘yicha daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichga ega rivojlanayotgan mamlakatlar qatoridan joy egallash va hokazo.
O‘zbekistonning to‘qqizta banki «RIA Reyting» agentligi e’lon qilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining 200 ta yirik banki yillik reytingiga kirdi.
Reyting ochiq manbalar — oshkor moliyaviy hisob-kitoblarga asoslanadi. MDH davlatlarida mavjud 1100 ta bankdan 10 ta mamlakat:
O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Gruziya (2009 yili MDHdan chiqib ketdi), Qozog‘iston, Moldova, Rossiya, Turkmaniston va Ukrainaning 200 ta yirik banki ushbu ro‘yxatga kirdi.
O‘zbekiston banklari o‘rtasida reytingdagi birinchi o‘rinni Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (umumiy reytingdagi o‘rni — 43, 1 yanvar holatiga ko‘ra aktivlari — 5,3 mlrd dollar, ya’ni mamlakat bank tizimi kapitalining 22,8 foizi), ikkinchi o‘rinni O‘zsanoatqurilishbank (61, 3,23 mlrd dollar, 13,9 foiz), uchinchi o‘rinni «Asaka» banki (86, 2,17 mlrd, 9,3 foiz) egalladi.
To‘rtinchi o‘rinni «Qishloqqurilishbank» (122-o‘rin, 1,41 mlrd, 6,1 foiz), beshinchi o‘rinni «Ipoteka-bank» (126-o‘rin, 1,35 mlrd, 5,8 foiz), oltinchi o‘rinni Xalq banki (133-o‘rin, 1,23 mlrd, 5,3 foiz), yettinchi o‘rinni «Agrobank» (136-o‘rin, 1,18 mlrd, 5,1 foiz), sakkizinchi o‘rinni «KDB bank O‘zbekiston» (162-o‘rin, 870 mln, 3,8 foiz) va to‘qqizinchi o‘rinni «Hamkorbank» (191-o‘rin, 720 mln, 3,1 foiz) band etdi.
«RIA Reyting» ekspertlari bahosiga binoan, MDHdagi 200 ta yirik bankning jami aktivlari 1 yanvar holatiga ko‘ra 1,47 trln dollar bo‘ldi va bir yil oldingi TOP-200 aktivlaridan 355 mlrd dollar yoki 19,5 foiz kamdir.
3. 1996 yilda Shanxayda, 1997 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlat rahbarlarining sammitlarida harbiy sohada hamda chegara hududlarida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, qurolli kuchlarni qisqartirish to‘g‘risida shartnomalar imzolangan edi. Shu tariqa, «Shanxay forumi» yoki «Shanxay beshligi» tashkiloti tuzilgan edi. 2001 yil 14-15 iyun kunlari Xitoyda navbatdagi Shanxay sammiti bo‘lib o‘tdi. Uning ishida O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov qatnashdi va O‘zbekistonning “Shanxay forumi”ga to‘la huquqli a’zo bo‘lishi to‘g‘risida bayonot imzolandi. O‘zbekistonning “Shanxay forumi”ga kirishi munosabati bilan uning nomi Shanxay hamkorlik tashkiloti – ShHT, deb o‘zgartirildi.
«Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilganidan buyon o‘tgan davr mobaynida haqli ravishda nufuzli xalqaro tashkilotlar qatoridan munosib joy oldi, barqaror taraqqiyot, tinchlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish, mintaqaviy va global darajada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning ta’sirchan omiliga aylandi».
O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida so‘zlagan nutqidan, 2016 yil, iyun. Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining uchrashuvlari nafaqat mintaqa, balki umumjahon miqyosida ham borgan sari muhim ahamiyatga ega bo‘lgan voqea sifatida talqin etilmoqda. Bu, shubhasiz, mazkur tuzilmaning salohiyati hamda obro‘-e’tibori tobora oshib borayotganidan dalolat beradi. Tez o‘zgaruvchan umumbashariy vaziyatda, yangi tahdid va xavf-xatarlar yuzaga kelayotgan bir sharoitda oliy darajadagi muntazam muloqot xavfsizlikning o‘ta muhim muammolari hamda xalqaro rivojlanish bo‘yicha ShHT mamlakatlarining nuqtai nazarlarini muvofiqlashtirishga ko‘maklashayapti.
ShHTning 2025 yilgacha rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2016 — 2020 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasi tashkilotning siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va xavfsizlik sohalaridagi hamkorligini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga zamin hozirladi. Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasi huzuridagi Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘rganish markazi direktori o‘rinbosari Syan Syaoyunning e’tiroficha, 2015-2016 yillarda ham O‘zbekiston ShHT rivojlanishini ilgari surish maqsadida keng ko‘lamli ishlarni hayotga tatbiq etdi.
ShHT faoliyati unga a’zo davlatlarning birgalikda gullab-yashnashi uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda, — dedi S. Syaoyun. — Darhaqiqat, tashkilotning mas’uliyat hududi resurslarga o‘ta boy hamda ulkan bozorga ega bo‘lgan Yevropa va Osiyo qit’asini qamrab olgan. Shu boisdan uning savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish salohiyati nihoyatda kattadir. O‘zbekistonning ShHTga raisligi davridagi sa’y-harakatlari tuzilma rivojlanishiga juda katta turtki berdi.
Berlindagi Kaspiy mintaqasini o‘rganish markazi katta ilmiy xodimi Matias Dornfeldning aytishicha, O‘zbekistonning ShHT doirasida ko‘p qirrali aloqalarni mustahkamlashga bo‘lgan intilishi uning raisligidagi ustuvorliklarda hamda mamlakat rahbariyatining tegishli tashqi siyosiy tashabbuslarida o‘z ifodasini topdi.
2018 yilning iyun oyida Xitoyning Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining 18-sammiti bo‘lib o‘tdi. Ekspertlar uni tarixiy va qator muhim tashabbuslar qo‘llab-quvvatlangani bois, hatto tashkilotning keyingi davrini belgilab berdi, deya ta’riflamoqdalar. Ana shu sammitda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norovni ShHT Bosh kotibi lavozimiga tasdiqladilar. U 2019 yil 1 yanvardan o‘z lavozimiga rasman kirishdi.
O‘z navbatida, qayd etish joizki, tashkilot o‘z ishida ochiqlik va uchinchi tomonga qarshi yo‘nalmaslik tamoyillariga tayanmoqda. Ishonch, tenglik, o‘zaro manfaat va maslahatlashuvlar, madaniyatlar xilma-xilligini hurmat qilish, hamkorlikda rivojlanishga intilishga asoslangan “Shanxay ruhi”ga sodiqlik qo‘shni va uzoq mintaqalar mamlakatlari, xalqaro va hududiy tashkilotlarning ShHT bilan hamkorlik qilishga qiziqishini oshirdi. XXRning raislik qilgan davrida o‘tkazilgan 160 dan ziyod tadbirlarning ijobiy samarasi o‘laroq hamjihatlik va yakdillik poydevori yanada mustahkamlandi.
Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi, ShHTga a’zo mamlakatlarning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan narkotiklarga qarshi strategiyasi, Narkotik vositalar va psixotrop moddalarni suiiste’mol qilishning oldini olish bo‘yicha ShHT Konsepsiyasi kabilardir. ShHTga a’zo davlatlar yetakchilarining Yoshlarga qo‘shma murojaati hamda Davlat rahbarlarining savdo tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bayonoti qabul qilindi.
ShHT kengayib borayotgan bir paytda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Markaziy Osiyoda, ham ShHT makonida yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlikning yangi muhitini shakllantirishga qaratilgan eng muhim vazifalarni belgilab berdi. Ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston tashabbuslari ShHTni yanada rivojlantirish, uning iqtisodiy va siyosiy salohiyatini oshirish, xalqaro ta’sirini kuchaytirishda katta ahamiyatga ega. Sindao deklaratsiyasida ishtirokchi davlatlar BMT Bosh -Assambleyasi 72-sessiyasida O‘zbekiston ilgari surgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar. Shuningdek, joriy yil mart oyida bo‘lib o‘tgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi yakunlarini ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish jarayoniga katta hissa qo‘shgan qadam sifatida olqishladilar.
Bugungi kunda yoshlarni terrorchilik, ayirmachilik va ekstremistik guruhlarga jalb qilishga urinishlarga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyatning kuchlarini birlashtirish masalasi birinchi o‘ringa chiqmoqda. ShHT mamlakatlari yoshlar o‘rtasida radikal va buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishiga qarshi o‘zaro uyg‘un, kechiktirib bo‘lmas choralar zarurligini anglab yetmoqda. A’zo mamlakatlar birgalikda ishlash fikrida qat’iydirlar. Bu, xususan, Yoshlarga qo‘shma murojaat qoidalari ijrosi bo‘yicha Harakatlar dasturida ham aks etgan. Unda har tomonlama barkamol shaxsni, buzg‘unchi kuchlarga qarshi turish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlarni zamonaviy bilimlarni egallashga jalb qilish, millatlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash, vatanparvarlik va hamjihatlik tuyg‘ularini uyg‘otish bo‘yicha vazifalar ko‘zda tutilgan. Dastur yoshlarni tadbirkorlik faoliyati va innovatsion loyihalarga jalb qilish, ilmiy-texnikaviy tajriba almashuvlar hamda birgalikdagi tadqiqotlarni faollashtirish, xalqaro terrorizm, ayirmachilik va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish uchun yoshlar tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qo‘shma iqtisodiy va ijtimoiy tashabbuslarni ilgari surishni nazarda tutadi.
Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ShHT Yoshlar kengashi mazkur dasturning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘la olishi haqidagi bayonoti amaliy ahamiyat kasb etadi.
Shuni hisobga olish lozimki, XXR jamiyat va davlatni raqamli tizimga o‘tkazish borasida dunyoning eng yetakchi davlatlaridan biridir. Xitoy tomonidan to‘plangan tajriba ushbu yo‘nalishni ShHTga a’zo boshqa mamlakatlarni rivojlantirishda hal qiluvchi o‘rin tutishi mumkin. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, XXR yalpi ichki mahsulotida axborot texnologiyalari sohasining ulushi 4,7 foizga teng. Dunyo bo‘yicha elektron savdolar tranzaksiyalari umumiy hajmining 40 foizi ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. “The Boston Consulting Group” kompaniyasi ma’lumotlariga qaraganda, 2016 yilda xitoylik iste’molchilar internet orqali savdolarda 750 milliard dollarga yaqin pul sarflashgan. Yirik internet-kompaniyasi “Alibaba” Xitoy raqamli iqtisodiyotida shu paytgacha 31 million ish o‘rni yaratdi va 2035 yilga borib bu ko‘rsatkichni 122 millionga yetkazmoqchi. Hozir mazkur kompaniya ShHT hududida ham faol ish boshlagan: 2017 yilda ShHT mamlakatlaridan 20 million iste’molchi “AliExpress” orqali Xitoydan tovarlar sotib olgan.
“Alibaba” biznes-maktabi elektron tijorat sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha global dasturni ishga tushirdi. Undan ko‘zlangan maqsad talabalar va tadbirkorlarga raqamli iqtisodiyot ko‘nikmalarini o‘rgatish orqali butun dunyoda elektron tijorat rivojini tezlashtirishdir. Besh yil ichida 1,2 million nafar kishini o‘qitish rejalashtirilmoqda. Hozirgi paytda ASEAN mamlakatlari talabalari ushbu dasturda qatnashmoqda. ShHT davlatlari oliy o‘quv yurtlari ham unga faol qo‘shilishlari lozim, deb o‘ylayman. Ahamiyatlisi, yoshlar uchun AKT sohasida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va kelishish ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati qoidalari ijrosi bo‘yicha Harakatlar dasturidagi asosiy bandlar sanaladi.
Bugun xalqaro hamjamiyat, xususan, 3,2 milliard aholiga ega ShHT mamlakatlari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdek dolzarb masala qarshisida turibdi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 1956 yilda 20 million nafar bo‘lgan Markaziy Osiyo aholisi hozirgi kunga kelib 70 million nafarga yetdi. 2050 yilga borib esa mazkur ko‘rsatkich 94 million nafarga chiqadi va bu mintaqani oziq-ovqat bilan ta’minlash muammosini, shubhasiz, yanada chuqurlashtiradi. Bu bozorni sifatli, xavf¬siz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralar qabul qilishni taqozo etadi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumot berishicha, 30 yildan so‘ng Yer yuzi aholisini boqish uchun hozirgidan ko‘ra 70 foiz ko‘proq oziq-ovqat kerak bo‘ladi. Bu esa innovatsion texnologiyalar joriy etish, jumladan, maxsus texnologik qishloq xo‘jaligi parklarini yaratish hisobiga agrar soha samaradorligini oshirishning dolzarbligini yanada kuchaytiradi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun “yashil yo‘laklar” tashkil etish, ularni yetishtirish va qayta tayyorlashning klaster tizimini rivojlantirish g‘oyasi alohida e’tiborga sazovor. Bu taklif barcha tomonning manfaatlariga javob beradi, chunki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ShHTga a’zo davlatlar bozoriga eksportini kengaytirish ularning o‘zaro faol hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi. Barcha uchun manfaatli bunday rejalar ShHTga a’zo davlatlar yetakchilarining “Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorligi dasturi loyihasini ishlab chiqish to‘g‘risida”gi qarorini o‘z vaqtida qabul qilingan va dolzarb, deya baholash uchun to‘la asos bor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 10 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tgan yig‘ilishda, shuningdek, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Bosh vaziri Sadir Japarov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi ishtirok etdilar.
Bundan tashqari, sammit ishida ShHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlar vakillari – Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Mo‘g‘uliston Prezidenti Xaltmaagiyn Battulg‘a, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko hamda ShHT Bosh kotibi Vladimir Norov va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Jumaxon G‘iyosov qatnashdilar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish sammit ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. Uchrashuv kun tartibiga muvofiq yangi global xatar va tahdidlarning kuchayishi sharoitida ShHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar delegatsiyalarining rahbarlari ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama munosabatlarning bugungi holatini tahlil qilib, ularni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nutq so‘zlar ekan, Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘z taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turganini alohida ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqlilik, o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish an’analarini asrash va ko‘paytirishga chaqirdi. “Umumiy qadriyatimiz, birgalikda rivojlanishga intilishimiz, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmatimiz ifodasi bo‘lgan ko‘p tomonlama hamkorlikning noyob tajribasi - “Shanxay ruhini” mustahkamlash bugun har qachongidan muhim” ekanini ta’kidladi.
O‘zaro qo‘llab-quvvatlash, Shanxay hamkorlik tashkiloti kun tartibidagi asosiy masalalarga birgalikda murosa izlash keng Yevroosiyo makonida xavfsizlik, barqaror taraqqiyotni ta’minlashning bosh sharti sifatida qayd etildi. “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina ShHT ham kuchli bo‘ladi”.
Shu munosabat bilan, Prezidentimiz tomonidan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, pandemiya salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida ShHTning savdo-iqtisodiy hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi va sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish bo‘yicha uzoq muddatli hujjatlarini qabul qilish orqali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kuchaytirish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda axborot texnologiyalarining roli ortib borayotganini qayd etib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va aholini o‘qitishga qaratilgan ShHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi. O‘zbekiston rahbari kambag‘allikni qisqartirish masalalarida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning dolzarb ahamiyatini alohida qayd etdi. Tashkilot doirasida mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari yig‘ilishlari mexanizmini yaratish va tegishli dasturiy hujjat tayyorlash taklif etildi. Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida mamlakatimiz xalqaro forum o‘tkazishga tayyor ekani bildirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ShHTning Epidemiya tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarning kompleks rejasi tasdiqlanganini ma’qullab, xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishiga qarshi hamkorlikni yanada faollashtirish, yuqumli kasalliklar bo‘yicha tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratish, Telemeditsina sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.
Davlatimiz rahbari yangi shakllar kasb etayotgan terrorizm, ekstremizm va narkobiznes tahdidlariga qarshi kurash masalalari Shanxay hamkorlik tashkiloti e’tibori markazida bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Bunga ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini tashkilot makonida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha prinsipial jihatdan yangi vazifalarni hal qilishga moslashtirish hamda vakolatli idoralar orasidagi muloqotlarni yanada ko‘paytirish xizmat qiladi.
O‘zbekiston Prezidenti sammit ishtirokchilarini Afg‘onistondagi tinchlik jarayonlarini va ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb etishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Shu munosabat bilan “ShHT-Afg‘oniston” muloqot guruhi doirasida Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tez fursatda qabul qilish taklif etildi. Afg‘onistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab turuvchi ko‘prik sifatidagi tarixiy rolini qaytarishga xizmat qiladigan transport yo‘laklarini barpo etish tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu va boshqa masalalar O‘zbekiston tashabbusi bilan 2021 yilning aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Xatar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasining kun tartibiga kiritilishi mumkin. Kelgusi yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti 20 yoshga to‘ladi. Prezidentimiz ushbu muhim sana arafasida “ShHTning zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidagi roli” xalqaro forumini o‘tkazishni taklif etdi.
Sammit yakunida ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining Moskva deklaratsiyasi qabul qilindi hamda tashkilot doirasidagi o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar to‘plami imzolandi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan sammitda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bayonoti qabul qilindi.
4. O‘zbekiston Respublikasining bugungi kunda xalqaro hamjamiyatda faol tashqi siyosatining yangi bosqichiga ko‘ratilib bormoqda. O‘zbekistonning mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasida olib borgan siyosati, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar ishlab chiqildi. Jumladan: xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasida:
1.1. Mamlakat mudofaa va xavfsizlik tizimini yanada takomillashtirish.
O‘zbekiston Respublikasida xavfsizlikni ta’minlash sohasida joriy yilning birinchi yarim yilligida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Qurolli Kuchlarni 2020-2025 yillarda rivojlantirish bo‘yicha Kompleks dasturni tasdiqlovchi Prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi.
Qo‘shinlar tayyorgarligining intensivligi va sifatini kuchaytirish, jangovar va tezkor tayyorgarlik bo‘yicha turli mashqlar o‘tkazish hamda boshqa tadbirlarni amalga oshirish dasturlari tasdiqlandi.
Harbiy okruglar va harbiy ma’muriy sektorlar hamkorligida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritalari” asosida dala o‘quv maydonlari ob’ektlari xalqaro talablar asosida kapital ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Mamlakatning kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida kiberxavsizlikni ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. (Davlat dasturining 243-bandi). Shuningdek, atom energiyasidan foydalanish xavfsizligi tizimini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi.
1.2. Chegara o‘tkazish punktlarida chegara va bojxona nazorati sifatini yaxshilash.
Mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro qo‘shnichilik va savdo-sotiq aloqalarini mustahkamlash hamda chegaralarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida chegara o‘tkazish punktlarida chegara va bojxona nazorati sifatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi. (Davlat dasturining 247-bandi)
Shu maqsadda “G‘ishtko‘prik”, “Oybek”, “Jartepa”, “Toshkent xalqaro aeroporti” va “Ayritom” chegara bojxona postlariga 5 ta “bodi-skaner” qurilmalari ajratildi.
Bundan tashqari, “Yallama” chegara bojxona postiga “Avtotransport vositalari davlat raqamini aniqlash tizimi” qurilmalari, postning kirish qismiga, radiatsion portal monitorlari (avto va piyoda), 5 ta komplekt rentgen apparati, 3 ta komplekt avto tarozi, 2 ta komplekt muqim metal izlagich, avtomatik to‘siq (elektron shlagbaum 9 ta komplekt), 10 ta kompyuter hamda video kuzatuv tizimi o‘rnatildi.
Bundan tashqari, chegara oldi hududlarda joylashgan temir yo‘l bekatlari xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.
1.3. Mamlakatda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash.
O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash sohasida ham bir qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. Mamlakatda “Jaholatga qarshi ma’rifat” degan g‘oya asosida Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik maqsadlariga xizmat qilishini hamda yurtimiz allomalari hayoti, ilmiy merosini dunyo hamjamiyatiga yetkazish maqsadida 2020 yilning 3-5 mart kunlari Samarqand shahrida Imom Abu Mansur Moturidiy shaxsi va aqidaviy qarashlari, moturidiylikning mafkuraviy asosi, ushbu ta’limotning bugungi kundagi ahamiyati muhokamasiga bag‘ishlangan “Imom Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Ushbu tadbirda 15 ta davlatdan 55 nafar taniqli ulamolar, muftiylar, moturidiyshunos ekspertlar, 100 nafar mahalliy olim va tadqiqotchilar qatnashdi. Konferensiya yalpi majlisida 11 ta, sho‘’ba yig‘ilishlarida 32 ta ma’ruza tinglandi.
Shu bilan birga, Imom Buxoriyning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini yangi loyiha asosida qayta barpo etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasida jami 2276 ta diniy tashkilot va 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritib kelmoqda. Shulardan 2093 tasi musulmon tashkiloti, 166 ta xristian tashkiloti, 8 ta yahudiy jamoasi, 6 ta Baxoiylik jamiyati, 1 ta krishnachilar jamiyati va 1 ta budda ibodatxonasi, shuningdek, O‘zbekiston konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi (USCIRF) O‘zbekistonni “Alohida xavotirga molik davlatlar” ro‘yxatidan chiqardi. Komissiya hisobotida O‘zbekiston tomonidan so‘ngi yillarda diniy sohada amalga oshirilgan o‘zgarishlar e’tirof etilib, ayniqsa «Jasliq» qamoqxonasining yopilgani alohida qayd etildi.
Mamlakatda inson huquqlarini ta’minlash sohasida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi”ni tasdiqlash to‘g‘risidagi Farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”, BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
II. Tashqi siyosat sohasida:
2.1. Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish.
2020 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyatida ham bir qator samarali chora-tadbirlar va sa’y-harakatlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2020 yilning 19-20 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan, rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Tashrif doirasida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida tor doirada muzokara bo‘lib o‘tdi. Unda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va savdo-investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, Prezidentlar raisligida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi natijalari to‘g‘risida qo‘shma bayonot, shuningdek, iqtisodiyot, savdo, texnologiyalar sohasiga oid hujjatlar imzolandi.
Bundan tashqari, 2020 yilning 23 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Sh.Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan g‘alaba paradida ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahriga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Prezident Sh.Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik va madaniy sohalarda birgalikda olib borilayotgan ishlarga to‘xtalinilib, ushbu sohalarda bugungi kunga qadar erishilgan yutuqlar ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, Prezident V.Putin o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan qo‘shnichilik aloqalarini hamda barcha sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish sohasida ham samarali sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan mintaqaviy hamkorlik doirasida turizmning har xil turlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.
Qolaversa, joriy yilning birinchi yarim yilligida xorijiy mehmonlarning 10 ta qabuli amalga oshirildi. Pandemiya sharoitida 20 dan ortiq oliy darajadagi onlayn-muloqot tashkillashtirildi (Markaziy Osiyo mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Koreya Respublikasi, Afg‘oniston, Abu Dabi Amirligi, Eron davlatlari rahbarlari hamda Vengriya bosh vaziri, Yevropa Kengashi Prezidenti, Belarus Prezidenti bilan muloqotlar).
O‘zbekiston manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan 80 dan ortiq yuqori darajadagi hamda idoralararo tashrif va uchrashuvlar, onlayn-muloqotlar tashkillashtirildi. Ularda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, ko‘p qirrali hamkorlik, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalar, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Mamlakat tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal qilishda parlament diplomatiyasining roli hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik kuchaytirildi. Hisobot davrida parlamentlar hamda xalqaro tashkilotlar darajasidagi jami 48 ta tashrif va uchrashuvlar, onlayn-muloqotlar tashkillashtirildi.
O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va tegishli Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida O‘zbekiston hukumati rasmiylari va tashkilotlari delegatsiyalarining 48 ta xorijiy davlatga tashrifi tashkillashtirildi. Ular doirasida xamda O‘zbekiston vakolatxonalarining kundalik faoliyati mobaynida tegishli savdo-sotiq, iqtisodiy idoralar rahbarlari va vakillari bilan 252 dan ziyod uchrashuv va maxsus ahamiyatga ega bo‘lgan sarmoyaviy tadbirlar, biznes-forumlar, O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati taqdimotlari uyushtirildi.
Shuningdek, vazirlik darajasidagi delegatsiyalarning 15 dan ortiq xorijiy davlatning iqtisodiy va savdo vazirlik hamda mutasaddi tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlari uyushtirildi.
Xorijiy davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida bugunga qadar 130 dan ortiq “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, amalga oshirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi, sanoat, kommunal xizmatlar, qurilish, tibbiyot, farmatsevtika, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda 635 ta investitsion loyiha bo‘yicha 945,4 mln. AQSh dollari miqdorida sarmoyalar o‘zlashtirildi.
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, uning mamlakatimiz hududida keng tarqalishini oldini olish hamda uning mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida 57 ta loyiha asosida O‘zbekistonga Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, XXR, Singapur, Ukraina kabi mamlakatlardan asbob-uskunalar keltirildi. Keltirilgan yuklar tarkibida yuqori texnologiyali tibbiyot jihozlari, zamonaviy shpritsli nasoslar, antiseptik vositalar, avtomat mexanizmli tibbiy karavot va ko‘p funksiyali ko‘rpalar, IVL apparati, tibbiy niqoblar, himoya xalatlari va himoya ko‘zoynagi, dori-darmonlar hamda PSR diagnostika test tizimlari mavjud.
Shu bilan birga, 9 ta mamlakatga O‘zbekistonning gumanitar yuklari yetkazildi (Ozarbayjon, Belarus, RF, XXR, Eron, Vengriya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston). O‘zbekistondan boshqa mamlakatlarga yuborilgan yuklar tibbiy vositalar va oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat bo‘lib, ularning orasida mobil tibbiy konteynerlar, himoya kombinezonlari, tibbiy niqoblar, tibbiy doka, ko‘zoynaklar, suyuq natriy gipoxlorid, respirator, steril tibbiy qo‘lqoplar, pirometrlar, hamda un, turli xil oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa mahsulotlar mavjud.
Xalqaro nufuzli reytinglarda mamlakatning o‘rnini yaxshilash, uning xalqaro maydondagi imijini yuqori darajalarga ko‘tarish hamda mamlakatni xorijiy investorlar uchun jozibador sarmoyaviy makonga aylantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
2.2. Nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni jadallashtirish.
Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni rivojlantirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Markaziy Osiyo bo‘yicha Yevropa Ittifoqining yangilangan Strategiyasini amalga oshirishda O‘zbekistonning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik shartnomasining savdo qismini muhokama qilish bo‘yicha navbatdagi muzokaralar davrasini tashkil etish masalasini tezlashtirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
2020 yilning 11 may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomida ishtirok etish taklifi maqullandi hamda mazkur masala bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi. Agarda O‘zbekiston Ittifoqqa kuzatuvchi sifatida qo‘shilsa unda ittifoq organlari yig‘ilishlarida ishtirok etish va qabul qilingan qarorlar bilan tanishish huquqiga ega bo‘ladi. Ta’kidlash joizki ushbu tashkilot bilan hamkorlik tashqi savdo hajmining o‘sishi, mamlakatimizda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakat o‘z tarixida birinchi marta 2020 yilda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi raisligini qabul qildi. Ko‘p tomonlama hamkorlikni izchil kengaytirish va samaradorligini oshirish raislikning asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi.
Shu munosabat bilan, 12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan videokonferensaloqa rejimida MDH ishtirokchi davlatlari Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda transport, ta’lim, turizm, jismoniy tarbiya va sport sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
2020 yilning 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining Jenevadagi BMT vakolatxonasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakolatxonalari Jahon savdo tashkiloti (JST) vakillari bilan O‘zbekistonning ushbu tashkilotga kirish masalalarini muhokama qilish uchun videokonferensiya o‘tkazdi. Videokonferensiya chog‘ida JST kotibiyati bilan o‘zaro hamkorlik masalalari hamda O‘zbekistonning JSTga kirishi bo‘yicha ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik jarayoni muhokama qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi «Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 339-sonli qarori qabul qilindi. Qaror bilan Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya tuzildi.
Mazkur komissiya O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi va yo‘nalishlarni belgilaydigan kollegial organ hisoblanadi. Nizom bilan Idoralararo komissiyaning vazifalari va funksiyalari, tarkibi, faoliyatini tashkil etish va ishlash tartibi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlari Sanoat xavfsizligi kengashining to‘laqonli a’zosiga aylandi. MDH davlatlarining sanoat xavfsizligi kengashi tarmoqlararo hamkorlik organi bo‘lib, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariya hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish harakatlarini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Haaga konferensiyasi Ustavini ratifikatsiya qildi. Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Haaga konferensiyasi xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, 1893 yilda tashkil etilgan. Haaga konferensiyasiga a’zolik O‘zbekistonda qabul qilinayotgan qonunlarni xalqaro qonunlarga unifikatsiya qilishga yordam beradi. Shuningdek, mamlakatning xalqaro maydondagi imijini yaxshilash, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston YuNESKOning Madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi konvensiyasi ishtirokchisiga aylandi. Konvensiyaning asosiy maqsadi – madaniy o‘zini ifodalashning turli xil shakllarini himoya qilish va rag‘batlantirish, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘li bilan turli madaniyatlarning o‘zaro erkin aloqa qilishi va rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
2.3. Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini hal etish.
Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishida nazarda tutilgan davlat chegarasini qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda muvaffaqiyatli delimitatsiya va demarkatsiya qilishda ham joriy yilning birinchi yarim yilligida samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 2020 yilning 7 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi Qo‘shma demarkatsiya komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston - Tojikiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish uchun asos bo‘ladigan normativ-huquqiy va texnik hujjatlar tasdiqlandi.
17-21 fevral kunlari esa Olmaota shahrida Qo‘shma demarkatsiya komissiyasida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi hukumatlari delegatsiyalarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining Navoiy viloyati va Qozog‘iston Respublikasining Qizilo‘rda va Turkiston viloyatlari chegaralari tutashgan uchastkada davlatlararo chegarani demarkatsiya qilishning yakuniy hujjatlari loyihalari tayyorlandi.