Siyosiy sohada korrupsiya demokratik tamoyillarga oʻtish jarayonini toʻxtatadi, siyosiy maqsadlarni umummilliy rivojlanish maqsadlariga emas ayrim guruhlarning maqsadlariga tobe qiladi, qonun ustuvorligini buzilishiga, siyosiy va sud institutlari faoliyatining samarasi tushishiga, mamlakat obroʻsining tushishiga va haqiqiy siyosiy raqobatning yoʻqolishiga olib keladi, shu bilan hokimiyatga ishonch susayadi, uni jamiyatdan uzoqlashtiradi.
Iqtisodiy sohada korrupsiya davlat mablagʻlari va resurslarining samarasiz taqsimlanishi va sarflanishiga, biznesni yuritishda koʻp vaqt va moddiy xarajatlarga, moliyaviy va tijorat xavflarining oʻsishiga, narxlarning oʻsishiga, raqobat muhitining yomonlashishiga, xufiyona iqtisodiyotning oʻsishiga, soliq tushumlarining kamayishiga, investitsion muhitning yomonlashishiga, investitsiyalarning kamayishi va umuman mamlakat iqtisodiyoti samaradorligining pasayishiga olib keladi.
Ijtimoiy sohada korrupsiya ijtimoiy tengsizlik va qashshoqlikning kuchayishi, hokimiyatning byudjet sohasiga zarar yetkazuvchi “zarbalar” (“otkat”)lar tufayli ijtimoiy muammolarni yechishga qodir boʻlmay qolishi, uyushgan jinoyatchilikning kuchayishi va jamoatchilik koʻz oʻngida qonunning obroʻsizlanishiga olib keladi. Bu axloqiy meʼyorlar mohiyatining yoʻqolishiga va ijtimoiy keskinlikning oʻsishiga sabab boʻladi.
Korrupsiya qanday oʻlchanadi? Korrupsiyani oʻlchash rasmiy muomaladan resurslarni chiqib ketishi va davlat boshqaruvidagi muammoli sohalarni aniqlashga yordam beradi. Davlat xazinasidan yoʻqotilgan pul miqdorini hisoblash bilan bir qatorda, korrupsiya toʻgʻrisidagi maʼlumotlar davlat va jamoat institutlarining alohida eʼtiborini talab qiladigan qonunchilik tizimining sifati, qonunlarga muayyan sohalarda amal qilinishi, davlat siyosatining samaradorligi kabi davlat boshqaruvining muammoli sohalari haqida xabar beradi.
Korrupsiya toʻgʻrisida nisbatan aniq maʼlumotlarga ega boʻlish tufayli hukumat davlat xizmatlarini taqdim etishdagi tengsizlik, qashshoqlik va izolyatsiya, shuningdek, pul olib chiqish (otmыvaniye), soliq toʻlashdan boʻyin tovlash va poraxoʻrlikka yoʻl ochib beradigan moliyalash tizimidagi boʻshliqlar (lazeykalar) kabi qator masalalarni hal qilish uchun samaraliroq siyosat va tartibga solish vositalarini ishlab chiqishi mumkin.
Bugungi kunda dunyoda korrupsiya darajasini oʻlchashning beshta asosiy usuli qoʻllaniladi. Ularning barchasining afzalliklari ham, kamchiliklari ham mavjud. Zero, korrupsiya toʻgʻrisida aniq maʼlumot olish juda qiyin, ushbu faoliyat bilan shugʻullanuvchi barcha shaxslar koʻp hollarda kimligi ochiqlanishini xohlamaydilar.
Oʻlchov usullari orasida eng keng tarqalgani korrupsiyani idrok etishni baholashdir (masalan, Transparency International tashkilotining korrupsiyani idrok etish indeksi, Jahon bankining korrupsiyani boshqarish indeksi). Ushbu usul mamlakat ekspertlari va aholi oʻrtasida mamlakatda korrupsiya holati toʻgʻrisida soʻrov oʻtkazishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, ushbu usulning noqulayligi shundaki, jamoatchilik va ekspertlarning fikrlariga taqdim etayotgan maʼlumotlarining ochiqligi va sifati mamlakatlar va vaqt oraligʻida turlicha boʻlgan ommaviy axborot vositalari taʼsir qilishi mumkin.
Oʻlchashning yana bir keng tarqalgan usuli – bu korrupsiyani baholash boʻyicha soʻrov usuli (masalan, Transparency International tashkilotining global korrupsiya barometri va Jahon bankining biznes soʻrovi). U mamlakatda korrupsiya muammolari bilan bogʻliq tajribasi toʻgʻrisida firmalar va aholi orasida soʻrov oʻtkazishni oʻz ichiga oladi. Yuqoridagi usulning kamchiliklari – baʼzi respondentlarning davlat organlarida korrupsiya boʻlishidan manfaatdorligidadir, shuning uchun ular korrupsiya holatlari toʻgʻrisida xabar bermaslikni lozim tutishlari mumkin.
Korrupsiyani bevosita kuzatish ham korrupsiyani baholash usullaridan biri sifatida qoʻllaniladi. Masalan, Indoneziyada toʻqqiz oy davomida tadqiqotchilar yuk mashinalari haydovchilarini kiyimini kiyib, odatiy yoʻnalishlar boʻylab yuk mashinalari haydovchilarini kuzatib borishgan va yuk mashinalari haydovchilari politsiya nazorat punktida toʻxtaganlarida qancha toʻlashganini qayd etib borishgan. 300 tadan ortiq sayohatlar davomida ular 6000 dan ortiq noqonuniy toʻlovlarni kuzatishgan. Natijada, noqonuniy toʻlovlar umumiy sayohat xarajatlarining 13 foizini tashkil etganligi maʼlum boʻlgan. Ushbu usulning noqulayligi tegishli tadqiqotlarni oʻtkazish uchun koʻp vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qilishidadir.
Korrupsiyani ajratish boʻyicha baholash hisobot nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladigan hisobot xarajatlari va amalda ishlatilgan xarajatlarni taqqoslashni oʻz ichiga oladi. Ushbu usulning kamchiliklari shundaki, inspeksiya organlari xodimlarining oʻzi pora olishga va oʻgʻirlikni yashirishga moyil boʻlishi mumkin.
Korrupsiya harakatlarini aniqlashning turli xil bilvosita usullari ham mavjud boʻlib, ular boʻyicha korrupsiya holatlari korrupsiyaga bevosita aloqador boʻlmagan maʼlumotlardan foydalangan holda aniqlanadi.