Fuqarolik jamiyati talabi, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki.
Demokratik tamoyillarga amal qilib, fuqarolik jamiyatini qurishni maqsad qilgan jamiyatda fuqarolarning davlat va jamiyatni boshqarishda keng jalb etish, faol ishtirokini ta’minlash asosiy siyosiy maqsadga aylanadi. Bu, demokratik institutlarning rivojini xarakterlovchi muhim mezondir. SHu ma’noda, "Demokratiya, - deb yozadi Birinchi Prezident Islom Karimov, –- inson, jamiyat, davlat degan uch sub’ekt o‘zaro bir-birini to‘ldiradigan, bir-birini boyitib, kerak bo‘lsa, nazorat qilib turadigan tizim demakdir. Bu har qaysi insonning jamiyat bilan, jamiyatning esa davlat bilan munosabatini, ular o‘rtasidagi muvozanatni anglatadi».
Xususan, mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab O‘zbekistonda xalqni davlat hokimiyatini boshqarishda ishtirok etishini ta’minlashning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratilishiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda yangi demokratik jamiyat asoslariga o‘tish, totalitarizmdan meros bo‘lib qolgan davlat va fuqaro munosabatlariga barham berish siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Qisqa davrda mamlakatda "fuqaro - jamiyat -davlat" tizimi qonuniy asosga qo‘yildi. Bu – siyosiy jihatdan keng va atroflicha tahlilga ega bo‘lgan jarayon. Chunki, uning mohiyati jamiyatda demokratik jarayonlarni amalga oshirishni nazarda tutadi, eng muhimi, fuqaro manfaati bilan davlat hokimiyatini boshqarish o‘zaro muvofiqlashtiriladi. Bu jamiyatda, insonning barcha huquqlari: xususan, davlat ishlarida qatnashish; e’tiqod erkinligi; yig‘ilishlar; uyushmalar erkinligini amalda ta’minlash siyosiy voqelikka aylanadi. '"Fuqaro" va "davlat" munosabatlaridagi mavjud begonalashish jarayonlariga barham berilib, ularni davlat hokimiyatini boshqarishga bo‘lgan mas’ulligi hamda davlatning fuqarolar oldidagi javobgarligi vujudga keldi.
Mustaqillik tufayli davlat va jamiyat boshqaruvining haqiqiy demokratik tabiati to‘g‘risida aniq tasavvur, fikr va mulohazalar paydo bo‘lib, fuqarolar o‘z erkinliklari, siyosiy huquqlarini bevosita yoki bilvosita amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu huquq O‘zbekistonning xalqaro munosabatlarning sub’ektiga aylanganligidan, fuqarolarning o‘z taqdirini o‘zi amalda belgilash shart-sharoitlarini ta’minlamoqda.
Natijada, demokratiya xalq hukumatga emas, aksincha hukumat xalqqa xizmat qilishi kerakligi to‘g‘risidagi tamoyilga asoslana boshladi. Demokratiya sharoitida xalq davlatning irodasiga qarab emas, aksincha, ongli, faol fuqarosi sifatida ishtirok etadi. Davlat va fuqaro o‘rtasida shunday oqilona munosabat qaror topadiki, davlatning fuqaro ustidan hukmronligi, zo‘ravonligi, "bo‘ysundirish" kabi totalitar davlatga xos belgilari barham topadi. Davlatning demokratik kuchi ham uning fuqaroga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. SHunda xalqning davlatga nisbatan sadoqati yuqori bo‘ladi. Xalqni itoatkorlik asosida tutib turish va siyosat olib borish, oxir oqibatda faqat demokratik jarayonlarga hamda xalqning jamiyat boshqaruvi jarayonlaridan, faol mehnat ruhiyatidan so‘ndiribgina qolmasdan, davlatni tobora zaif bir holatga tushib borishga sabab bo‘ladi. Bunday davlat, siyosiy rejimning dunyo hamjamiyati oldida ham nufuzi yuqori bo‘lmaydi. Fuqarolarga erkinlik, demokratiyani real ta’minlab bermagan davlat tabiatan ma’rifiy bo‘la olmaydi.
Fuqarolarning jamiyatdagi boshqaruv jarayonlarida ishtirok etish darajasi, ko‘p jihatdan ularning amalga oshirilayotgan siyosiy jarayonlar, davlat strategiyasi maqsadlari va uning asosiy yo‘nalishlarini qanday darajada aniq tasavvur etishlariga bevosita bog‘liq bo‘ladi. SHunda ularning faoliyati davlat va umummillat manfaatlari bilan uyg‘un holda namoyon bo‘ladi, har bir fuqaro, o‘z huquq va erkinliklarini mamlakat ozodligi, uning istiqboli bilan bog‘lagan holda uyg‘un ko‘radi. SHunda fuqaroning burchi bilan erkinligi o‘zaro uyg‘unlashadi. Ular o‘z xohishlari asosida birovning ta’ziqida emas, balki ongli holda demokratik jarayonlarda ishtirok etadi. Fuqarolarning jamiyatni boshqarishda ishtirok etishi, keng tushuncha bo‘lib, u faqat saylovoldi kompaniyasida qatnashish yoki ma’lum mansabga ega bo‘lib, ijtimoiy faoliyatda bo‘lishidan ko‘ra ko‘p qirralidir.