Tinchlikni barqaror etish Birlashgan Millatlar Tashkiloti o`zining tinchlik o`rnatish faoliyati doirasida diplomatik mexanizmlardan foydalangan holda qarama-qarshi bo`lib qolgan tomonlarning yarashishlariga yordam beradi. Xavfsizlik Kengashi xalqaro tinchlik va xavfsizlik borasidagi o`z sa`y-harakatlari doirasida mojaroni bartaraf etish va tinchlik o`rnatish yoki uni, masalan, muzokaralar yoxud Xalqaro Sud yordamida barqaror etish yo`llarini tavsiya qilishi mumkin.
Tinchlikni barqaror etish ishida Bosh kotib muhim rol o`ynaydi. U Xavfsizlik Kengashi e`tiboriga o`z fikri bo`yicha xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan har qanday muammoni havola etishi mumkin. Bosh kotib "beminnat xizmat"dan, vositachilik funksiyasidan foydalanishi yoki sahna ortida bevosita o`zi yoki maxsus vakil orqali "tinch diplomatiya" bilan ish olib borishi kerak. Bosh kotib, shuningdek, holat kesinlashguniga qadar janjalning oldini olish uchun "ogohlantiruvchi diplomatiya" mexanizmidan ham foydalanishi mumkin. Bundan tashqari faktlarni aniqlash, hududiy doirada shug`ullanayotgan tinchlik o`rnatuvchilarni qo`llab-quvvatlash, mamlakatlarda - tomonlarga ishonchni mustahkamlashga yordam ko`rsatadigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining siyosiy bo`limlarini ochish uchun missiya jo`natishi mumkin.
Tinch qurilish Birlashgan Millatlar Tashkilotining faoliyati - jabr-zulmning tub sabablarini imkon qadar ko`proq bartaraf etishga qaratilgandir. Shuning uchun ham tinch qurilishning eng muhim unsurlaridan biri - taraqqiyot uchun yordamni ayamaslikdir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimning boshqa tashkilotlari bilan hamkorlikda va davlatlar orasidagi donor mamlakatlar hamda nohukumat tashkilotlari ishtirokida butun jamiyatning baxt-saodati uchun, qonun-qoidalar ustuvorligini barqaror etish uchun mojarolar oqibatlarini boshdan kechirayotgan mamlakatlarda saylovlar o`tkazish va inson huquqlarini himoya qilishga yo`naltirilgan, boshqarishni takomillashtirishni qo`llab-quvvatlaydigan yordam ko`rsatadi. Ayni paytda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu mamlakatlarga mojarolar oqibatida izdan chiqqan ma`muriy tizimni, sog`liqni saqlash, xalq ta`limi va ijtimoiy infrastrukturaning boshqa unsurlarini tiklashga yordam beradi.
Mazkur faoliyatning 1989 yilda Namibiyada saylovlarning o`tkazilishini, Mozambikda minalardan tozalash dasto’rini va Gaitida fuqaro politsiyasi xodimlarini tayyorlashni kuzatish kabi ba`zi turlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni o`rnatish bo`yicha operatsiyalari doirasida amalga oshirildi, bu holda ushbu faoliyatning ba`zi jihatlari tinchlikni o`rnatish operatsiyasidan keyin ham davom etishi mumkin. Faoliyatning boshqa, masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Liberiyada tinch qurilish jarayonini qo`llab-quvvatlash bo`yicha o`z bo`limini ochishi, Kambodjada Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo`yicha bo`limining faoliyat ko`rsatib turishi yoki Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gvatemalada mamlakat hayotining qariyb barcha jabhalariga ta`sir ko`rsatib, tinchlik bitimlari tuzilishiga yordam berayotgani kabi turlari hukumatlarning iltimosiga binoan amalga oshiriladi.