DARS VA UNGA QO`YILGAN DIDAKTIK TALABLAR Dars inson tafakkuri mahsulini, fan va texnika, san`at va adabiyot yutuqlarini vatanimiz tarixi hamda xalqimizning milliy madaniyatini yoshlarga singdirishning asosiy shaklidir.
Jamiyatimiz har tomonlama ma`lumotli, fan asoslarini chuqur egallagan, o`z bilimlarini ishlab chiqarishga mohirlik bilan tatbiq qila oladigan kishilarni taqozo etadi. Bunday kishilarni tarbiyalashda dars muhim rol o`ynaydi. Shu tufayli darsga bo`lgan talab ham doimo o`sib boradi. Hozirgi mustaqillik sharoitida darsning ta`lim-tarbiyaviy ahamiyatini oshirish deganda nimani tushunasiz?
Darsning asosiy belgilaridan biri ilmiylikdir. Darsda o`rganiladigan bilimilar hozirgi zamon fani yutuqlarini o`zida aks ettirishi, ta`lim jarayoni maqsadi hamda bolalarning real o`qish imkoniyatlariga mos bo`lishi zarur. Bolalarning real o`qish imkoniyatlariga mos kelmaydigan nihoyatda jo`n yoki murakkab bilimlar o`quvchilarning fan asoslarini o`rganishga qiziqishlarini susaytiradi. Qanday usul, vositalar yordamida o`quvchilarning qiziqishlari tarbiyalanadi?
Dars ijodiy jarayon. Darslarda o`quvchilarning ijodiy faoliyati qancha taraqqiy etsa, fan sohasida qo`llaniladigan usullardan qancha ko`p foydalanilsa, darsning samaradorligi shuncha oshadi. Darsning samaradorligini qanday tushunasiz?
Dars – jamoa mehnati jarayoni. Darsni ijodiy tashkil etish, vaqtdan unumli foydalanish, mashg`ulotlarni jadal o`tkazish, bolalarda jamoada ishlay olish ko`nikmalarini shakllantirishi, o`zaro yordam va bolalar o`rtasida hamkorlik o`rnatish yo`llari bilan mashg`ulotlar jamoa mehnati jarayoniga aylantiriladi.
Darsning ichki va tashqi belgilari. Dars ta`limning boshqa shakllaridan o`zining ichki va tashqi xususiyatlariga ko`ra farq qiladi. Muayyan yoshdagi va ma`lum tayyorgarlikka ega bo`lgan o`quvchilar guruhi, rejim, dars jadvali, mashg`ulotlarni ma`lum xonada o`tkazish kabilar darsning tashqi xususiyatlari, darsning maqsadi, logikasi, ta`lim mazmunini his qilish, qiziqish, anglash, tushunish uning ichki xususiyatlari sanaladi. Dars Ana shu ikki xil - tashqi va ichki xususiyatlarning o`zaro uyg`unlashuvi asosida tashkil etiladi.
Bir xil tayyorgarlikka ega, yoshlari teng o`quvchilarning doimiy jamoasi bilan ma`lum xona, rejim, jadval, ilmiy - pedagogik asoslangan dastur asosida o`tkaziladigan mashg`ulotga dars deyiladi.