Yangi o`quv materialini o`rganish va mustahkamalsh darsi.
Takrorlash va malaka hosil qilish darsi.
Bilim va malakalarni umumlashtirish darsi.
Bilim va malakalarni tekshirish darsi.
Darsning tarkibi. Har bir dars tipi o`z ichida mantiqiy qismlarga ajraladi. Darsning tarkibiy qismlariga dars bosqichlari deyiladi. Darsning bosqichlari o`quv materiali mazmuni, tanlangan ta`lim metodlari, vositalari, o`quvchilarning aqliy faoliyati olib boriladigan yo`l (induksiya yoki deduksiya)ga ko`ra belgilanadi. Shularga ko`ra, darslar rang-barang bo`lib, bir biriga ikki tomchi suvdek o`xshagan ikkita darsni tashkil etish mumkin emas.
Didaktik adabiyotlarda yangi o`quv materialini o`rganish, idrok etish, mustahkamlash, takrorlash, uy ishini tekshirish va tashkil etish, bolalar bilimini boholash kabilar darsning qismlari sifatida qaraladi.
Yangi o`quv materialini o`rganish bosqichi. Darsning bu bosqichini ba`zi mutaxasislar ”yangi materalni izohlash”, ayrimlari esa “yangi bilim berish” iborasi bilan yuritishadi. Izohlash, tushuntirish ta`lim metodining nomi, bilim berilmaydi, aksincha o`rganiladi. Shu sababli, darsning bu bosqichini ”yangi o`quv materialini o`rganish” bosqichi deb atashni maqsadga muvofiq deb topdik.
Yangi o`quv materialini o`rganish bosqichi qator kichik tashkiliy qismlardan iborat. Ularni dars zvenolari deb belgiladik. Bu bosqich quyidagi zvenolardan iborat.
I.O`quvchilarni yangi o`quv materialini tushunishga tayyorlash. Buning uchun quyidagi ishlar amalga oshiriladi: a) darsning maqsadini bolalarga etkazish. qanday dars bo`lishidan qat`iy nazar mashg`ulotning maqsadini tushuntirish o`quvchilarning o`quv predmetlariga qiziqishlarini oshiradi, ularda o`rganish, izlanish havasini uyg`otadi; b) mustaqil ishlarni tashkil etish, bolalar oldiga savollar qo`yish, muammolar qo`yish.
II. O`quv materialini idrok qilish. Maktab o`quvchilari bilimlarni o`qituvchi nutqi, darslik, ko`rgazma qurollardan idrok etishadi. Bolalar o`qituvchi bilan birga yangi bilimlarni tahlil etishadi, faktlarni o`zaro solishtirishadi yangi bilimlarni idrok etish jarayonida o`qituvchi nutqi, darslik, ko`rgazma qurol qanchalik uyg`unlashsa, bolalar yangi bilimlarni shunchalik puxta o`zlashtirishadi.
O`quv materiallarini idrok etish jarayonida ta`lim manbalarini o`zaro uyg`unlashtirishning quyidagicha yo`llari mavjud.
A. Yangi o`quv materialini-bilimlarni og`zaki bayon etish metodlari-tushuntirish, tasvir, hikoya, maktab ma’ruzasi vositasida o`qitilganda, o`qituvchi nutqi etakchi ta`lim manbaiga aylanadi, ko`rgazma qurol va darslik esa yordamchi vosita funksiyasini bajaradi. Bunda bilimlar tayer xolicha egallanadi. Bolalar bilimlarni o`qituvchi nutqidan idrok etishadi, idrok etilgan bilimlar ko`rgazma qurol vositasida yanada konkretlashtiriladi. So`ngra darslik materiallari ustida ishlashga o`tadi.
B. O`quv materialini bayon etishda suxbat metodi tanlanganda ko`rgazma qurol, darslik asosiy manbaiga aylanadi. O`qituvchi nutqi, o`rtaga tashlangan savollar yordamchi vositaga aylanadi. Savollar o`rtaga tashlanganda o`quvchilar diqqati ko`rgazma qurol, darslikdagi faktlarga tortiladi. Bolalar faktlarni tahlil etib, quyilgan savolga javob topishadi.
V. O`quv materialini bayon etishda mustaqil ishlash metodi tanlanganda darslik asosiy ta`lim manbai bo`lib qoladi, o`qituvchining ko`rsatmalari yordamchi manba funksiyasini bajaradi.
G. O`quv materialini faol idrok etishni ta`minlashning samarador yo`li ta`lim manbalarining barchasini (ko`rgazma qurol, darslik, o`qituvchi, nutqi) o`zaro uyg`unlashtirish. Bunda ko`rgazma qurol ham, darslik ham, o`qituvchi nutqi ham faol idrok etish vositasiga aylanadi: ko`rgazma qurolda berilgan faktlarni tahlil etish, ularni darslik materiallariga taqqoslash, o`qituvchi tushuntirishlarini tinglash yo`llari bilan bilimlar puxta o`rganiladi.
III. Yangi o`quv materialini mustahkamlash bosqichi. O`rganilgan o`quv materialini mustahkamlash uni idrok etish jarayonining tabiiy davomi bo`lgandagina o`zlashtirilgan bilimlar o`quvchilar xotirasida uzoq muddat saqlanadi. Mustahkamlash uchun misol va masalalar echiladi, mashqlar bajariladi, faktlar tahlil etiladi, chiqarilgan xulosalar darslikdagi ta`rif, qoidalarga taqqoslanadi, bilimlar turli o`quv sharoitlariga tatbiq etiladi.