Ochiq ta`lim tizimi. Ochiq ta`lim tizimi xx asrning 60-70 yillarida dastlab Angliyada, keyinchalik Amerikada paydo bo`ldi. Ochiq ta`lim tizimiga ko`ra, bolalar o`z tengdoshlari bilan bevosita muloqotda bo`lishadi, o`zlarini qiziqtirgan muammolarni birgalikda mustaqil tanlashadi, tanlangan muammoni hamkorlikda hal etishadi. Bu tizimda bolalarning o`zaro yordami man etilmaydi, aksincha, ta`lim o`zaro yordam, musobaqalashuv yo`li bilan amalga oshiriladi. Ta`limni tashkil etish, boshqarishga shu yo`sinda yondashuv o`quvchilar o`rtasidagi raqobatni yo`qotadi, ularning bir-biriga hurmatini oshiradi.
Amerikalik olimlardan R.Xorvits, K.Karpenter o`tkazgan ilmiy tadqiqotladra ochiq ta`lim tizimi klassik tizimlarga taqqoslab o`rganilgan. Bu ikki xil yondashish bo`yicha ishlagan o`qituvchilar o`z o`quv predmetlari bo`yicha bir xil o`zlashtirish berishgan. Ammo ochiq ta`lim tizimi asosida o`qigan yoshlar klassik tizimlar asosida tayyorlangan bolalarga nisbatan o`z oldiga qo`yilgan muammolarga ijodiy yondashishgan, ularda birga ishlash ishtiyoqi paydo bo`lgan, mustaqillik yuqori darajada rivojlangan.
P.Massena, A.Xyustonlarning yozishicha, ochiq ta`lim tizimi bir to`g`ri chiziqning uchlarida joylashgan ikki xil metodikadir. Chiziqning bir uchida o`qituvchining tushuntirishi, aytib berishi, qilib ko`rsatishi, tavsiyalari asosida bajariladigan topshiriq tursa, ikkinchi uchida bolalarning o`z xohishlari bo`yicha tanlanadigan va mustaqil bajariladigan topshiriqlar turadi. To`g`ri chiziqning ikki uchi orasida ko`p nuqtalar bo`lganidek, bu ikki xil metodika o`rtasida ta`limning juda ko`p samarador variantlari, usullari, vositalari mavjud. O`qituvchi bolalar oldiga o`zi qo`ygan yoki bolalar o`z xohishi bo`yicha tanlangan topshiriq mohiyatidan kelib chiqib, ta`limni turli yo`llar bilan amalga oshiradi: topshiriqni bajarish usullari, yo`llarini to`liq tushuntiradi (1), ayrim topshiriqni bolalarning o`zlariga mustaqil bajarish uchun beradi (2), boshqa bir variantda mustaqil ishning o`ta murakkab qismini o`zi tushuntirib, qolgan osonroq qismini hal etishni o`quvchilarga buyuradi (3).
Sinfda o`zaro yordam, hamkorlikni ta`minlash maqsadida bolalar guruhlarga ajratiladi. Dastur va darsliklar barcha o`quvchilar uchun bir xil. Mashg`ulotlar guruhlar o`rtasida musobaqa, estafeta shaklida o`tkaziladi. Har bir guruhda topshiriqlar bajarilgach, qilingan ishlarning natijasi birgalikda muhokama etiladi. Demak, ochiq ta`lim tizimi o`zaro bir-biriga bilim berish asosida amal qiladigan zamonaviy didaktik tizimdir.