Bolalar ostrisasi - Enterobius vermicularis.Ostrisa (bolalar gijja-si), odamning, ayniqsa yosh bolalarda ingichka ichakning oxiri va yo’g’on ichagida parazitlik qiladi. Ostrisa ham aksariyat nematodalar singari ayrim jinsli va jinsiy dimorfizm aniq ifodalangan. Urg’ochisining uzunligi 9-12 mm, erkagi – 5-8 mm ga teng. Geogelmint. Erkak nematodaning dum qismi gajjak bo’lib qorin tomonga qayrilgan. Spikulasi bitta. Urg’ochisining dumi ingichka va o’tkir uchli. Boshida kutikulyar shish (pufakcha) - vezikula bo’lib, uning o’rtasida 3 ta lab bilan o’ralgan og’iz joylashgan. Qizilo’ngachning oxirgi qismi kengayib piyozbosh (bulbus) hosil qilgan. Jinsiy sistemasida bachadon ancha rivojlangan va u doimo tuxumlar bilan to’la bo’ladi. Yetilgan tuxumlari ovalsimon, ikki qavat po’st bilan o’ralgan, rangsiz-tiniq, kattaligi 0,05-0,06 mm, eni 0,02-0,03 mm ga teng.
Ichakda parazitlik bilan oziqlanuvchi (voyaga yetgan urg’ochi ostrisa - bir oy yashaydi) urg’ochilari erkaklari bilan juftlashgandan so’ng, erkagi halok bo’ladi, urg’ochilari esa faol harakatlari tufayli to’g’ri ichak devori bo’ylab, anus atrofidagi teri burmalariga o’rnashib 10 mingdan 13 mingtagacha urug’langan tuxumlarini qo’yib, (tuxum qo’yish asosan kechasi sodir bo’ladi) halok bo’ladi. Qo’yilgan tuxumlarni keyingi rivojlanishi uchun maxsus mikroiqlim, ya’ni harorat - 34-360S va namlik - 70- 90% ga teng bo’lishi kerak. Bunday omillar aynan odamning anus atrofida mavjuddir. Qo’yilgan tuxumlar 4-6 soatdan keyin invazion bo’lib qoladi. Qulay sharoitga tushmagan tuxumlar esa rivojlanmay, nobud bo’ladi. Invazion tuxumlar turli sabablar bilan og’iz bo’shlig’iga tushsa, ichakka boradi va undan lichinka chiqib, 20-25 kunda voyaga yetadi.
Urg’ochi ostrisa tuxum qo’yish uchun anus atrofiga chiqqanda o’zidan zaharli mahsulotlarni ajratadi va anus atrofida kuchli qichish paydo bo’ladi. Bemor anus atrofini qashiganda, qo’li va tirnoqlari ostiga tuxumlar kirib qoladi. Bunday ifloslangan qo’lni og’izga olib borish bilan, u o’zini -o’zi qayta (autoreinvaziya) zararlashi (yuqtirishi) mumkin. Ostrisa paraziti odamda enterobiozkasalligini keltirib chiqaradi.
Enterobiozda qattiq qichish paydo bo’lishidan tashqari, yana ishtahaning bo’zilishi, ich ketish, uyqusizlik kabi alomatlar paydo bo’ladi. Ba’zan parazitlarning qizlar va ayollarning vaginasi orqali jinsiy organlariga o’tib qolishi sababli, ushbu organlarning yallig’lanishi ham kuzatiladi.
Enterobiozning profilaktikasi asosan shaxsiy sanitar - gigiyenik talablarga rioya qilishdan iborat. Bolalar bog’chasi va yaslilarda doimiy sistemali profilaktik tadbirlarni o’tkazish talab etadi.