Insonning o’zini qurshagan dunyoda mo’ljal olish funksiyasini bilim bajaradi. Bilim – inson
ong yordamida oladigan dunyo haqidagi ma’lumotlarning eng oliy darajasidir. Bilim obrazlar va
belgilar shaklida mavjud bo’ladi va undan odamlar amaliy faoliyatining ideal rejasi sifatida
foydalanadi. Bilimsiz (oddiy, ilmiy, badiiy va boshqa bilimlarsiz) dunyoning manzarasini
shakllantirish mumkin emas. F.Bekon shu munosabat bilan bilim kuchdir deb ta’kidlagan edi.
Bilimni Gegel’ ta’biri bilan aytganda faqatgina sub’yektiv tasavvur,
erkin mulohaza, tasavvur
mahsuli bo’lgan fikrdan farqlay bilish lozim. Insonning dunyoni bilishga intilishining mohiyati u
aniq yoki noaniq bilimlarni faol va izchil izlashi va ularni olishidan iborat. Falsafaning bilish
muammolari ko’rib chiqiladigan bo’limi gnoseologiya yoki bilish nazariyasi deb ataladi.
Insonning dunyoni bilish jarayonini boshqa fanlar – mantiq, psixologiya, sotsiologiya ham o’z
nuqtai nazaridan o’rganadi.
Bilish va bilim to’g’risida so’z yuritganda o’rta asrlardagi kabi bilim va e’tiqodni qarama-
qarshi qo’yish yaramaydi. E’tiqod – moddiy va ma’naviy dunyo narsalari,
jarayonlari va
hodisalarini dalil-isbotsiz bilish demak. «Men Xudoning borligiga ishonaman»; «men yaqinda
bahor kelishiga ishonaman»; «men o’z ishimning muvaffaqiyatiga ishonaman» va h.k. va sh.k.
E’tiqod – bu insonning ishonchi. Bilim bizga aniq-ravshan ko’rinib turadigan narsalarni kashf
etish imkonini bersa, e’tiqod, ishonch insonga hozircha ko’rinmaydigan sirli narsalarni
aniqlashga yordam beradi. SHu tariqa e’tiqod bilish jarayonida faol ishtirok etadi va uning
muhim unsuri hisoblanadi. Biroq, shu bilan bir vaqtda, zamirida aqlning so’qirligi, mutaassiblik
va insonning kuchsizligi yotuvchi soxta e’tiqod ham mavjudligini qayd etib o’tish lozim.
Bunga qarama-qarshi o’laroq, inson kuch-qudratining ramzi sanalgan oqilona e’tiqod
mavjud bo’lib, u odamzotning emotsional va intellektual
faolligiga imkoniyat yaratadi, bilish
yo’lida izlanishga rag’batlantiradi. Barcha olimlarning ilmiy faoliyati zamirida inson tafakkuriga
qattiq ishonch yotadi, aks holda ular o’z kashfiyotlarini yarata olmaydilar. SHu ma’noda oqilona
e’tiqod go’yo zulmatdagi nur, haqiqat va taraqqiyotni harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi.
Oqilona e’tiqod bilim yo’lini mash’al kabi yoritadi, ijodga imkoniyat yaratadi, bu yo’lda insonga
ishonch va kuch baxsh etadi. E’tiqodning yo’qligi esa, aksincha, skeptitsizm, bo’shliqda
mavjudlik va bilishning samarasizligi tuyg’usini uyg’otadi. SHunday qilib, fikr, e’tiqod va bilim
haqiqat sari yuksalishning zarur bosqichlari, inson ma’naviy tajribasining
muhim shakllari
hisoblanadi.
Xo’sh, bilishning o’zi nima? Uning mohiyati nimada?
Avvalo, bilish – inson aks ettirish faoliyatining alohida turi. U «inson – mehnat vositalari –
tabiat» tizimi doirasida insonning narsalar mohiyati, masalan, magnetizm tabiati, hayot mazmuni
va hokazolar yashirinib yotgan dunyoning «qobig’i»ni ochishga yo’naladi. U dunyoning sirlarini
ochadi.
Bilish – inson qo’lga kiritadigan axborotning eng oliy darajasi. Bu axborotni u bilish
muammolari va vazifalarini qo’yish va yechish yo’li bilan, izchil anglab yetadi. Axborot
miyaning mvhumlashtiruvchi faoliyati yordamida belgi shaklini (2
2
4) kasb etadiki, bu unga
ishlov berish, saqlash va keyinchalik undan foydalanish uchun qulaydir.
Bilish inson izchil va ijodiy faoliyatining ijtimoiy jarayoni bo’lib, unda tashqi dunyoning
ideal obrazlari yuzaga keladi va bilish maqsadi bo’lgan bilim shakllanadi.
Bilish jarayoni tarix falsafasida ma’lum vaqt mobaynida (masalan, XVIII asr falsafiy
materializmida) insonning sezgi a’zolariga tabiatning mexanik ta’siri sifatida qaralgan. Inson
passiv mavjudot va tabiat uni o’z maqomiga yo’rg’alatadi, deb hisoblangan. «Biz
qo’g’irchoqlarmiz va taqdir bizni iplarimizdan tortib o’ynatadi», deb yozgan edi V.Gyugo. Biroq
amalda bilish doim ancha faol xususiyatga ega bo’lgan va shunday bo’lib qoladi. Bu
odamlarning
ehtiyojlari va manfaatlari, ularning umumiy maqsadlarga erishish yo’lidagi
hamkorligi va boshqa omillar bilan belgilanadi. Boshqacha aytganda, bilish ijtimoiy tabiat, jihat
va xususiyatlarga ega. Bunga, jumladan, nemis klassik falsafasida sub’yektning faolligi
konsepsiyasida (I.Fixte va boshqalar) alohida e’tibor qaratilgan.
Bilishning ijtimoiy tabiati, agar bu haqda atroflicha so’z yuritadigan bo’lsak, yana
quyidagilarni ham anglatadi. Bilish doim ijtimoiy munosabatlar va madaniy dunyosining faol
ta’siri ostida yuz beradi. Biz faqat o’zimiz yashayotgan davr shart-sharoitlarida va bu shart-
sharoitlar beradigan imkoniyat darajasida bilishimiz mumkin. Bu shart-sharoitlar
jamiyatning
muhim ehtiyojlari ko’rinishida ijtimoiy buyurtmani yuzaga keltiradi. Ular sub’yektni
shakllantiradi va bilish jarayoniga muayyan darajada ta’sir ko’rsatadi – uni jadallashtiradi yoki
sekinlashtiradi. Masalan, o’rta asrlarda dunyo va insonni bilishga din va cherkov katta ta’sir
ko’rsatgan. XX asrda esa bilishga boshqa omillar, chunonchi: kosmosni keng miqyosda
o’zlashtirish, ekologiya, oziq-ovqat muammolarini yechish va hokazolar kuchli ta’sir
ko’rsatmoqda.
Bilish itellektual manbaga tayanishni talab qiladi. Intellektual manba insoniyatning jami
bilimlari,
bilish metodlari, tushunchalar apparati, mavjud ilmiy dalillar va boshqa bilimlarni
o’zida mujassamlatiradi. Ishni har safar bo’sh joyda, «noldan» boshlamaslik uchun bilishda
erishilgan yutuqlarga tayanish juda muhim. I.N’yuton bu haqda so’z yuritar ekan, u gigantlar
yelkasida turgani uchungina fanda hammadan uzoqni ko’rganini qayd etgan edi.
Bilish jarayonini muomala vositasi sifatidagi til yordamidagina amalga oshirish mumkin. U
butun
jamiyatning jamoa boyligi, insoniyat madaniyatining muhim unsuri hisoblanadi. Fan
uchun esa til, avvalo, axborotni jamg’arish va saqlash vositasi, dunyo haqidagi bilimlar va
ma’lumotlarning ulkan omboridir.
Dostları ilə paylaş: