www.ziyouz.com kutubxonasi
39
bo‘lsa ham hamma-hammasini unutib, toshdek qotib uxlagim kelardi. Men o‘zimni zo‘rlab bo‘lsa ham
juda ko‘p ichdim, ammo aroq menga deyarli ta’sir etmadi. Men choyxonadan battar xafa bo‘lib,
g‘azabim qaynab chiqdim. Tun yarmida shaharchada daydib yurdim va nima qilayotganimni o‘ylab-
po‘ykab o‘tirmasdan Beregovaya ko‘chasiga, Xadichaning uyiga qarab qayrildim. U ham meni kutib
o‘tirgan ekan.
Keyin ham ahvol ana shunday davom etaverdi. Men ikki olov o‘rtasida qolgandim. Kunduzlari
ishda, avtobazada qolgan kechalarim esa darrov Xadichanikiga yugurib qolardim. Oyog‘im unikiga
tortib turardi, u bilan o‘zimni xotirjam va erkinroq his qilardim. U yerda go‘yo o‘zimdan, odamlardan
va haqiqatdan yashiringandek bo‘lardim. Nazarimda yolg‘iz Xadichagina meni tushunadigandek va
sevadigandek tuyulardi. Uyimga kelganimda esa iloji boricha tezroq jo‘nab qolishga harakat qilardim.
Asal, aziz Asalginam! Agar u o‘zining oqko‘ngilliligi va sofdilligi bilan meni uydan tobora
uzoqlashtirayotganini bilsa edi. U shu fazilatlari bilan meni tezroq ketish uchun bahona topishga
majbur qilardi, chunki unga munosib emasligimni, men uchun u qilgan barcha narsalarga o‘zimning
sazovor emasligimni ko‘ra-bila turib bu yerda ortiq tura olmasdim. Men uyga bir necha bor mast bo‘lib
keldim. Ammo u biror marta ham ta’na qilmasdi. Hali-haligacha uning menga nisbatan shunday
munosabatda bo‘lganini tushuna olmayman: bo‘shligi, irodasizligidanmi yoki aksincha, o‘ta
bardoshliligi va insonga nisbatan ishonchi tufaylimi? Ha, u albatta mening o‘zimni qo‘lga olishimni,
muvaffaqiyatsizliklar ustidan g‘olib kelishimni va yana avvalgi holimga qaytishimni kutar, bunga
ishonar edi. Ammo undan ko‘ra meni koyigani, bor haqiqatni vijdonan aytib berishga majbur etgani
yaxshiroq edi. Ehtimol, Asal mening yuragimni o‘rtab tirnayotgan narsalar faqat ishdagi
ko‘ngilsizliklargina emasligini bilganida, mendan javob talab qilgan bo‘larmidi?.. U shu kecha-
kunduzda mening hayotimda nimalar sodir bo‘layotganini tasavvur eta olmasdi. Men esa unga juda
achinardim, yurak sirlarimni ochishni doim galga solardim. Natijada, shu taxlitda ish ko‘rib, uning
oldida, muhabbatimiz oldida, oilamiz oldida bajarishim lozim bo‘lgan burchimni ado etishga ulgura
olmay qoldim.
So‘nggi marta uchrashuvimizda Asal meni quvonch bilan, shavq-zavq bilan kutib oldi. Yuzlari
gulgun ochilib, ko‘zlari tabassumdan porlar edi. U kalta po‘stinim va etigimni yechirmasdanoq to‘g‘ri
ichkariga sudradi.
— Buni qarang, Ilyos! Samad endi tippa-tik turyapti!
— Rostdanmi? Qani u?
— Huv ana — stol tagida!
— Polda emaklab yuribdi-ku!
— Mana hozir ko‘rasiz! Qani, o‘g‘lim, qanday turishingni dadangga bir ko‘rsatib qo‘y! Qani tur,
tura qol, Samad!
Samad undan nima istayotganliklarini tushungandek bo‘ldi. U stol ostidan quvonib emaklab
chiqdi-da, karavot yonida to‘xtadi, uni ushlab, zo‘rg‘a tikka turdi. U jilmayib, nozik oyoqlarida bir oz
kalovlanib turdida, keyin o‘shanday jilmayganicha «gup» etib polga o‘tirib qoldi. Chopib borib, uni
quchoqlab oldim-da, badanidan yoqimli sut hidi anqib turgan go‘dakni bag‘rimga bosdim. Xuddi Asal
kabi naqadar qadrdon va aziz edi bu hid.
— Sekinroq, Ilyos, nafasi qaytib ketadi! — deb Asal quchog‘imdan Samadni tortib oldi. — Xo‘sh,
endi nima deysiz? Qani, endi yechining. U tez kunda kattakon bo‘lib qoladi, shunda oyisi ham ishga
boradi. Hammasi o‘rniga tushadi, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, shundaymasmi, o‘g‘ilcham? Siz-chi,
— deb Asal kulimsirab, ma’yus ko‘zlari bilan menga boqdi. Men stulga o‘tirdim. U o‘zining mana shu
bir og‘iz so‘zi bilan so‘nggi kunlar ichi aytmoqchi bo‘lib yurgan, lekin aytolmay yuragida saqlab
kelayotgan barcha gaplarini bayon etganini payqadim. Bu so‘zlarda iltijo ham, ta’na ham, umid ham
mujassamlashgan edi. Men o‘sha ondayoq unga bor gapni so‘zlab berishim yoki tezroq bu yerdan
chiqib ketishim zarur edi. Yaxshisi, keta qolay. U behad baxtiyor edi va hech narsadan
shubhalanmasdi. Men o‘rnimdan turdim.