Mavzuga oid adabiyotlarning tahlili . O‘zbek
tilshunosligida
lug‘atshunoslik
rivojlanmoqda.
Bu
lug‘atlarning gultoji sifatida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni
ko‘rsatish mumkin. Ma’lumki, hozirgi kunda bu lug‘atning
uch nashri amalga oshirildi, muayyan darajada modernizatsiya
qilinmoqda. Ayni zamonda bu ulkan lug‘at yanada
mukammallashtirilishi dolzarb bo‘lib turibdi. Buning bir necha
asooslari bor, ya’ni o‘zbek tili jamiyat a’zolarining keng
ehtiyojlarini qondirish sari rivojlanib bormoqda, hayotning
turli sohalarida innovatsion jarayonlar kechmoqda, o‘zbeklar
endilikda dunyoning turli regionlarida mehnat faoliyatini
yuritmoqda, fan-texnika ham katta odimlar bilan olg‘a
ketmoqda va boshqa ijtimoiy-siyosiy voqealar ham yuz
bermoqdaki, bularning barchasi o‘zbek tili lug‘at tarkibiga
tobora yangi so‘zlarning kirib kelishiga olib kelmoqda.
Demak, baynalmilal so‘zlar avval ham mavjud bo‘lgan bo‘lsa,
bundan keyin bunday so‘zlarning yanada ko‘proq kirib kelishi
davr talabi bo‘lib qoladi. Hozirgi zamon kishisiga hayotning
hamma sohalariga oid lug‘atni bilish ham madaniyat belgisi
bo‘layotganini ham esga olish mumkin. Muhimi, ijtimoiy
hayot hozirgi sur’atda davom etar ekan, baynalmilal
so‘zlarning ma’no-mazmunini bilishga bo‘lgan intilish
kuchaya beradi. Aslida bunday so‘zlarni bilishga bo‘lgan
ehtiyoj lug‘atlarda, to‘g‘rirog‘i “O‘zbek tilining izohli
lug‘ati”da ularning maqsadga muvofiq to‘g‘ri yoritish va u
foydalanuvchilarga o‘ta qulay va har tomonlama tushunarli
bo‘lish talabini qo‘yadi. Bunday lug‘atlardagi so‘zlarning
izohlanishini lingvistik tahlil qilib borish esa ularning
takomillashish kaliti vazifasini bajarishi tabiiydir. Shu
ma’noda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi baynalmilal
so‘zlarni tahlil qilish o‘zbek tilshunosligining dolzarb
muammosi hisoblanadi.