Tadqiqot metodologiyasi .
Yozuvchimizning
romanlarida “uchlik badiiy formulasi”ni mahorat bilan
qo‘llaganligini guvohi bo`lamiz. Xususan, “Sabo va
Samandar”da Samandar, Sabo, Sherdillar asar markazida
turadi. “Muvozanat” esa uch do‘st Yusuf, Said, Mirazimni
ko‘rishimiz mumkin. Po`lat, Erboy, Yog‘du esa “Ota”
romanidagi uchlikni tashkil etadi. Professor X. Boltaboyev
ta’kidlaganidek, “…inson doim o‘zligini axtarib yashaydi, uni
izlab narsaga – gulga, yulduzga, zaminga yuzlanadi.
Ko‘zlardan, dillardan, ranglardan o‘zini izlaydi. Nimanidir,
kimnidir topgandek bo‘ladi. Topganida, topinib yashaydi” [4].
Bu tasvirlar, go‘yoki, Samandarga aytilgandek, Samandar ham
izladi, topdi, Saboning ko‘zlarida o‘zini ko‘rdi, Sabo ham ishq
bo‘stonida Samandardan kam emasdi. Har ikki obrazni hayot
qayga boshlamasin, qanday qiyinchiliklarga duch kelmasin,
topganlariga topinib yashashadi.
Ijodkorning “Isyon va Itoat” romani markazida ham
inson va uning ichki ruhiyati olami turadi. Inson zotining
Alloh taolo yaratgan yaratiqlarining ichida ham eng go‘zali,
ham taqdir, qismat yo‘llarida naqadar ojiz ekanligi aks
ettiriladi. Asarda voqealar muallif tomonidan hikoya qilinadi.
Romanning bosh qahramoni esa Akbar. Akbar o‘zi istagandek
yashashni istadi, yoshligida ko‘p xatolar qildi, lekin
keksalikka yetib kelganida o‘z hayot ma’nosini topa oldi.
Yozuvchining “Ota” romanida ham ramziy obrazlar:
Po‘lat, Erboy hamda Yog‘dularning “uchlik badiiy
formulasi”dan foydalanib, to‘p-talotum davrlarning guvohi
bo‘lgan, har bir kechmish ular bilan baqamti kelgan holatlarni
ifodalab beradi. Adabiyotshunos A.Rasulov: “Uslub –
yozuvchining adabiyotdagi betakror qiyofasi, bezagi, o‘zligi.
Uslub – yozuvchi falsafasi in’ikosi” [5], − deganda haq edi.
Nazarimizda, yozuvchimiz bu romanda obrazlar yaratishda o`z
uslubidan boradi. Asar bosh qahramoni Po‘lat asr odami
sifatida turli zamon va makondagi voqealarning tirik guvohi.
Ijodkor Po‘lat ismini ham bejizga qo‘llamagan, ismning
o‘zidayoq ramz yashiringan. Po‘lat ismi-jismiga monand
bo‘lib, asrning barcha talotumlariga po‘latdek iroda bilan
kurasha olgan, eng og‘ir damlarda ham insoniylik nomiga
dog‘ tushirmagan insonlarning ramziy obrazidir.