Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy
www.ziyouz.com
kutubxonasi
297
aytadi: “U sening niyatlaring. Sen bir yaxshilikni niyat qilsang, unga yetmishdan oshirib,
(savob) yozar edim”.
Xabarda rivoyat qilinadi: “Bani Isroil obidlari ichida bir kishi bor edi. Bir kuni u katta qum
uyumi oldidan o‘tdi. Shunda ko‘ngliga, agar bu qum uyumi unga aylanib qolsa, och
yotgan Bani Isroil xalqini to‘yg‘izardim, degan o‘y keldi.
Shunda Alloh taolo ularning
payg‘ambariga: “Bu obidga ayt, Men unga unni sadaqa qilgandek ajr berdim”, deb vahiy
qildi”.
751. Yana bir xabarda rivoyat qilinishicha, qiyomat kuni banda keltiriladi va oldiga nomai
a’moli qo‘yiladi. Amal kitobida haj, umra, jihod, zakot va sadaqani ko‘rib, banda o‘zicha,
bulardan hech birini qilgan emasman-ku,
bu mening kitobim emas, deydi. Shunda Alloh
taolo aytadi: “O‘qi, bu sening kitobing, sen bechora holda yashab, agar menda mol
bo‘lganida, albatta, haj qilardim, agar menda mol bo‘lganida, zakot berardim,
deb aytar
eding. Men sening niyatingda sodiqligingni bildim va bularning hammasini savobini
berdim”.
Faqih Abu Lays aytadilar: “Kishi ozgina narsasini qizg‘onmasa, niyatining to‘g‘riligi
ma’lum bo‘ladi. Masalan, yo‘lda qolgan hojini ko‘rib, menda ham mol bo‘lganida, haj
qilardim, ammo imkoniyatim yo‘q, faqat ikki dirhamimgina bor, ularni shu kishiga beray,
desa, yoxud qiynalib qolgan g‘oziyni ko‘rib, menda ham mol bo‘lganida, albatta,
shunday qilardim, ammo imkonim yo‘q, faqat ozgina pulim bor, ularni mana shu muhtoj
g‘oziyga yoki miskin qo‘shnimga beray,
desa va bersa, niyatining xolisligi ko‘rinadi.
Ammo ozgina narsasini ham qizg‘anib, baxillik qilsa (oziga baxillik qilgan kishining
ko‘piga ham baxillik qilishini Alloh biladi), uning uchun haj qilay, yordam beray, degan
niyatlarida savob yo‘q. Bir kishi: “Agar Qur’onni yodlaganimda, kechayu kunduz o‘qir
edim”, desa va yodlagan bittagina surasini kechayu kunduz o‘qisa, Alloh taolo uning
Qur’onni to‘la
yod olganida, hammasini o‘qishini biladi va Qur’onning qolganini ham
yodlashni nasib qiladi. Agar o‘zida bor narsani ham o‘qimasa, o‘z-o‘zidan uning niyati
xolis emasligi bilinadi”.
752. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Mo‘minning niyati amalidan yaxshi, munofiqning
amali esa, niyatidan afzal”.
753. Muhammad ibn Ali Nabiydan (s.a.v.) rivoyat qiladilar. U zot aytadilar: “Kim bir
kishini, garchi uning do‘zaxi ekani Allohning ilmida bitilgan bo‘lsa ham, adolatliligi uchun
Alloh yo‘lida yaxshi ko‘rsa, Alloh taolo uni sevganga ahli jannatni sevgandek ajr beradi.
Kim bir kishini Allohning ilmida jannati bo‘lsa ham, zolimligi uchun yomon ko‘rsa, Alloh
taolo uni yomon ko‘rishiga xuddi ahli do‘zaxni yomon ko‘rgandek ajr beradi”.
Xabarda rivoyat qilinadi: Alloh taolo Musoga (alayhissalom) dedi: “Ey Muso,
Men uchun
biror amal qildingmi?” Muso (alayhissalom) aytdilar: “Ey Allohim, Sen uchun namoz
o‘qidim, Sen uchun ro‘za tutdim, Sen uchun sadaqa qildim va Seni zikr qildim”. Alloh
taolo dedi: “Namozing sen uchun dalil, ya’ni hujjatdir, ro‘za – to‘siq, sadaqa – soya, zikr
nurdir. Ammo Men uchun biron kishini do‘st tutdingmi yoki Men uchun biron kishini
dushman bildingmi?” Shundan keyin Muso (a.s.) amallarning afzali Alloh yo‘lida yaxshi
ko‘rish va Alloh yo‘lida yomon ko‘rish ekanini bildilar.