1-MAVZU: FALSAFA FANINING PREDMETI, MAZMUNI VA JAMIYATDAGI ROLI 7
Jamiyat ma’naviy taraqqiyotining dastlabki davrlarida falsafa insonning olam haqidagi barcha
bilimlarini o‘z ichiga olgan. Keyinroq, falsafa kengroq mazmunga ega bo‘lib, mustaqil fan sifatida
shakllanadi va rivojlanadi. U tabiat, jamiyat va insonning mohiyati haqidagi eng umumiy
bilimlarni o‘zida ifodalab, insonni borliqqa bo‘lgan munosabatining metodologik asoslarini
belgilab beradi, tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqiyotining eng umumiy muammolarini o‘rganadi
va falsafiy dunyoqarashni shakllantiradi.
Kishilar qadim zamonlardan boshlab, borliq dunyo, tabiat nima, ular qanday tuzilgan,
borliqning asosida nima yotadi, insonning o‘zi nima, u dunyoga qanday qaraydi, kabi savollarga
javob berishga harakat qilib kelganlar. Falsafiy tafakkur insonning o‘z-o‘zini anglashidan
boshlanadi, uning olam haqidagi bilimlarini umumlashtirish asosida rivojlanib boradi.Inson
bilishining ob’ekti bo‘lgan olam cheksizligi sababli, bu savollarga javob berish imkoniyati ham
cheksizdir. Kishilar borliqni va unga bo‘lgan o‘zlarining munosabatlarini o‘rgana borishi, ularning
o‘z turmush tajribalari asosida ongli va ongsiz ravishda hosil qila borgan tasavvurlari va qarashlari
miyalarida qayta ishlanib, o‘ziga xos turli xil dunyoqarashni hosil qiladi.
Inson dunyoga kelar ekan, u yashashi, ulg‘ayib borishi bilan o‘z hayoti xaqida, kundalik
ishlari xaqida, hayotdagi o‘z quvonch va tashvishlari, baxti va baxtsizligi haqida, o‘zining va o‘z
atrofidagi kishilarning tug‘ilishi, yashashi, olamdan o‘tishi haqida, narsa va hodisalarning esa
o‘zgarishi, rivojlanishi, boshqa yangi narsa va hodisalarning paydo bo‘lishi haqida ma’lum
tasavvurlarga, tushunchalarga ega bo‘lib boradi. Bu tasavvurlar va tushunchalar uning borliqni,
o‘zi yashayotgan dunyoni qanday tushunishi, dunyodagi o‘z o‘rnini qanday anglashini ifodalaydi.
Bular insonning dunyo to‘g‘risidagi oddiy ong darajasidagi qarashlaridir. Bu avvalo,inson o‘zini
va dunyoni zaruriy ravishda anglashi, tushunishi, bilishi va baholashi natijasida yuzaga kelgan
xulosalari, bilimlari asosida shakllangan umumlashmalar tizimidir. Dunyoqarash, insonning o‘ziga
va uni qurshab turgan borliqqa bo‘lgan munosabatlarini ifodalaydigan muayyan ko‘nikmalari,
bilimlari, malakalari hamda uning dunyoni amaliy va nazariy o‘zlashtirishi hamdir.