39
VII asr boshlarida G‘arbiy Turk xoqonligi eng kuchaygan darajaga
erishgan vaqtda Xitoy bilan har ikki tomonni qoniqtiruvchi diplomatik
aloqalar o‘rnatildi va eski aloqalar tiklandi. Shu asrning 30-yillarida
xoqonlik hududlariga xitoylik Syuan Syan keladi va Issiqko‘l, Chu
vodiysi, Choch viloyati, Samarqand, Buxoro va Amudaryo bo‘ylarini
kezib bu yerda ko‘rgan kechirganlari haqida o‘zining esdaliklarini yozib
qoldiradi.
Xoqonlikda mahalliy hokimlarning mustaqillikka intilishi va ayni
vaqtda o‘zaro kurashlari boshlanishi davlatning va markaziy
hokimiyatning zaiflashuviga va parchalanishiga olib keladi. Bunday
holat esa Xitoy tomonidan xoqonlikka qarshi harbiy harakatlarni
boshlashiga turtki beradi va 659-yilda Tan imperiyasi qo‘shinlari
Yettisuvga bostirib kiradi. Bu kurashlarda mag‘lubiyatga uchragan
xoqonlik hududlarida Xitoy oliy hokimiyati hukmronligi o‘rnatiladi,
biroq xitoyliklarning 660-yildan boshlab Turk xoqonligi hududlarida
xitoycha ma’muriy boshqaruv uslubini joriy etishga bo‘lgan urinishlari
naf bermaydi.
VII asrning oxiriga kelib O‘rta Osiyoda xoqonlikni qayta tiklash
uchun harakatlar boshlandi, avvalgi xoqonlik hududlarida, xususan O‘rta
Osiyo hududlarida bir necha o‘nlab mayda-mayda hokimliklar
shakllandi va kuchli siyosiy tarqoqlik yuzaga keldi. Xoqonlikni tiklash
uchun barcha harakatlar naf bermadi, ayniqsa, VIII asr boshlarida O‘rta
Osiyo hududlariga boshlangan Arab xalifaligining bosqinchilik
yurishlari turkiy davlatning barham topishiga va ayni vaqtda mahalliy
hokimliklarning tugatilishiga ham olib keldi.
Dostları ilə paylaş: