www.ziyouz.com kutubxonasi
12
tiklanishiga xizmat qilar degan umidda bu kitobni chop qildirdim. Shu kichik bir
xizmatimiz xalqimizga xushnud tushsa bobomiz vasiyatlarini va farzandlik burchimizni
qisman bo‘lsa ham bajardik va u kishining ruhlarini shod etdik, deb umid qilgan bo‘lur
edik.
Uvaysxonto‘ra Alixonto‘ra Sog‘uniy nabirasi. SO’Z BOSHI Bismillohir rohmanir rohiym Ulug‘ ruhlik, to‘liq aqllik kishilarning aytishlaricha, har odam o‘zida bor
yaxshiliklaridan, undagi ilm-hunar fazilatlaridan boshqalarga foyda yetkudek, keyingilar
ibrat olg‘udek bir asar yozib qoldirishi, albatta, unga lozimdir.
Men, Ali Sog‘uniy, yoshlik-yigitlik kunlarimdan boshlaboq arabiy, forsiy tillarini to‘liq
ravishda o‘zlashtirdim. Zamonning menga ko‘rsatgan to‘sqinliklariga qaramay, Tangri
yordamida keng ko‘lamda diniy, tibbiy, ayniqsa, tarixiy ma’lumotlarga ega bo‘ldim.
Arabcha, forsiychalarni yozish-so‘zlashgina emas, balki, bu ikki tilda kitob yozish, she’r
aytish qobiliyati menda bo‘lsa ham, o‘z turkiy ona tilimni boshqa tillardan ortiqroq
ko‘rdim. Chunki, qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘tayolmay, boshqa yot tillar
oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamayoq, insoniy
huquqlaridan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir.
Unday millatlar yolg‘izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan
yo‘qolishga majbur bo‘ladilar.
Yuqorida oqillar tilidan aytilgan so‘zga qarab, o‘zimda topilgan fazilatlardan tarix ilmini
tanlab oldim, chunki shu hozirgi davrimiz 1966 yilda, o‘z Vatanlarida turib g‘arib bo‘lgan
xalqimiz uchun, tarix ilmi baliqqa suv o‘rnida bo‘lishi ko‘pdan beri menga sezilmish edi.
O’tmishdagi tarixini unitib, endigi tarixini tuymagan bir millat, qorong‘uda qolgan qo‘lida
tayog‘i yo‘q ko‘r kishi kabi qayoqqa oyoq qo‘yishini bilmaganligidan dushman yetakchisi
keynidan ketishga majbur bo‘ladi. Ochiq fikrli, sezgir Vatan o‘g‘illari tarixning qanday
zarur ekanligini mening shu so‘zlarimdan ilhom olib, chuqur tushunishlari kerak.
Endi, Vatanim meni suymas ekan, men uni sevganligimdan, ulusim meni tanimas ekan, men uni taniganligimdan, Vatan ustida bo‘layotgan tarixiy o‘zgarishlarni va ham buning kelajakdagi yaxshi-yomon natijalarini ko‘rsatib, Vatan bolalariga ulgu (namuna) bo‘lgudek, boshqalar bundan ibrat olgudek tarixiy bir asar yozishga kirishdim. Biroq, men yolgizgina islomparast emas edim, balki yaralishimdayoq insonparast edim. Xalqqa qaysi yo‘lliq yaxshilik qila olgayman deb, yoshlik-yigitlik davrlarimni g‘am-g‘ussa kunlari bilan o‘tkazdim. Endi esa soch-soqolim oqarib, qariligim yetdi. Yoshim saksonga erishib, ichki-tashqi kuchlarim orqaga chekindi, qarilik yuki ostida bukula turib, oldimizda ko‘rina boshlagan halokat chuquri yaqinlashayotganiga chidayolmay, kelajak bo‘g‘in nasllarimiz g‘amxo‘rligi uchun, har yoqlama qiyinchiliklar bo‘lsa ham, shu tarixni yozishga boshladim. Qalamim tilidan dardlik so‘zlarim qonlik ko‘z yoshima qo‘shilib, bu kitob varaqlari yuziga to‘kilmish edi. Shuning uchun buning otini «TURKISTON KAYG’USI» qo‘ydim. Men bu asarimni, bundagi tarixiy so‘zlarimni hozirgi O’zbekiston atalgan o‘z Vatanim
ulug‘ Turkiston nomiga yozishim kerak edi. Biroq bu yerlarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi
kunlardagi eng og‘ir hodisalar, dahshatli voqealar, tubsiz dengiz kabi tuganmas doston
bo‘lg‘onliqdan vaqtincha bo‘lsa ham ularni qo‘yaturib, shu kunlarda ajdarho og‘ziga
kelib, bizdan ham ilgariroq yutilish oldida turgan Sharqiy Turkiston ustidan yozmoqni