www.ziyouz.com kutubxonasi
17
Qaldirg‘och igemonning shundoqqina boshi ustidan qanotlarini pirillatib o‘tib, o‘zini favvora
hovuzchasiga urdi, so‘ng keng fazoga parvoz qildi. Prokurator boshini ko‘tarib mahbusga qaragan edi,
uning atrofida quyosh shu’lasiga g‘arq bo‘lgan changning to‘zon bo‘lib ko‘tarilganini ko‘rdi.
— Hammasi shuning to‘g‘risidami? — so‘radi Pilat kotibdan.
— Taassufki, yo‘q, — dedi kutilmaganda kotib va Pilatga boshqa bir pergamentni uzatdi.
— Nima gap ekan yana? — so‘radi Pilat va qovog‘ini solib oldi. U uzatilgan pergamentni o‘qib
chiqdiyu rangi o‘zgarib ketdi. Bo‘yni va yuziga qora qon quyildimi yo boshqa bir hol yuz berdimi, har
qalay, rangidagi sarg‘ishlik o‘zgarib qo‘ng‘ir tus oldi, ko‘zlari esa ich-ichiga kirib ketganday bo‘ldi.
Chamasi, hamma ayb chakkasiga quyilib, qattiq-qattiq tepa boshlagan qonda edi, ammo
prokuraturning ko‘zlariga bir nima bo‘ldi. Mahbusning boshi allaqayoqlarga uchib ketib, o‘rnida
boshqa kalla paydo bo‘lganday ko‘rindi uning ko‘ziga. Bu kal bosh bo‘lib, unga kungurasi siyrak oltin
toj qo‘ndirilgan edi; uning manglay terisini o‘yib yuborgan doira shaklidagi yaraga malham surilgan;
bitta ham tishi qolmagan og‘zi o‘pirilib, pastki labi injiqlik qilayotganday osilib qolgan edi. Shu mahal
ravondagi pushtirang ustunlar va qasr poyidagi bog‘ning nariyog‘idan boshlab, olis-olislarga cho‘zilib
ketgan Yershalaim tomlari Pilatning ko‘zidan g‘oyib bo‘lib, atrofdagi hamma narsalar Kapreya
bog‘larining yam-yashil daraxtlari bilan burkanganday bo‘lib tuyuldi. Uning qulog‘iga ham juda
g‘alati narsalar eshitila boshladi — go‘yo kimdir juda olisda turib ohista, ammo tahdidona tarzda
karnay chalganday bo‘ldi, kimningdir har bir so‘zni cho‘zib-cho‘zib takabburona ohangda dimog‘
bilan: «Ulug‘ zotlarni tahqirlash haqida qonun», degan gapi juda aniq eshitildi.
Pilatning xayolidan kalta-kulta, poyintar-soyintar va g‘ayrioddiy fikrlar lip-lip o‘ta boshladi:
«Halok bo‘ldi!», keyin: «Halok bo‘lishdi!..» Undan so‘ng shu ayqash-uyqash fikrlar orasida qandaydir
— va kimningdir?! — muqarrar boqiyligi haqida mutlaqo bema’ni fikr ham vujudga keldiki, bu
boqiylik negadir uning yuragini ziq qilib yubordi.
Pilat nihoyat o‘zini qo‘lga olib xayolotni daf qildi, o‘zini yana ravonda ko‘rdi, yana uning
qarshisida mahbusning ko‘zlari chaqnab turardi.
— Quloq sol, Ha-Notsri, — deb gap boshladi prokurator Ieshuaga juda g‘alati tarzda tikilib: uning
chehrasi mudhish, ammo ko‘zlari hayajonda edi, — sen buyuk qaysarimiz* haqida biron yerda biron
nima deganmiding? Javob ber! Gapirganmiding?.. Yoki... gapirganing... yo‘q... mi? — Pilat «yo‘q»
so‘zini sud paytida beriladigan savoldagi «yo‘q»qa nisbatan bir qadar cho‘zibroq talaffuz qildi va
mahbusga uqtirmoqchi bo‘lgan fikrini ko‘z qarashi bilan izohladi.
— Haq gapni gapirish ham oson, ham maroqli, — dedi mahbus.
— Men sendan, — deya gapira boshladi Pilat - ovuq va hirqiroq ovoz bilan, — haq gapni gapirish
maroqlimi, maroqsizmi, deb so‘rayotganim yo‘q.Yukorida baribir u gapni gapirishingga to‘g‘ri keladi.
Agar sen o‘lishni, o‘lganda ham qiynalib o‘lishni xohlamasang, gapiradigan har bir so‘zingni avval
puxta o‘ylab, so‘ng gapir.
Iudeya prokuratoriga nima bo‘lganini hech kim aytolmaydi, ammo u yuzini oftob shu’lasidan pana
qilmoqchi bo‘lganday, qo‘lini ko‘tardi va shu qo‘li panasida mahbusga ko‘zi bilan bir nimalarni imo
qildi.
— Xo‘tya, qani, — dedi u, — javob ber, son kiriaflik Iuda degan odamni taniysanmi, unga qaysarimiz
haqida gapirganmiding, gapirgan bo‘lsang, nimalar degan eding?
— Voqea bunday bo‘lgan edi, — bajonidil hikoya qila boshladi mahbus, — o‘tgan kuni kechqurun
men ibodatxona oldida bir yigit bilan tanishib qoldim, u o‘zini Kiriaf shahridanman, ismim Iuda, deb
tanitdi. Keyin u meni Quyi Shahardagi uyiga boshlab borib, mehmon qildi...
— Saxovatli odammi u ham? — deb so‘radi Pilat, shu zahoti uning ko‘zlarida iblisona o‘t chaqnab
ketdi.
— G‘oyatda saxovatli va sinchkov odam ekap, — deya ta’kidladi mahbus. — U mening
mulohazalarimni nihoyatda zo‘r qiziqish bilan tingladi, bag‘oyat samimiyat bilan qutladi...
— Shamchiroqlar yoqdi... — dedi Pilat gijir tishlari orasidan mahbusning gapi ohangida, uning