www.ziyouz.com kutubxonasi
65
— Ivan Savelevich? — shodlanib qichqirib yubordi trubkadagi ovoz. — Benihoya xursandman
ovozingizni eshitganimdan! Salomatligingiz qalay?
— Mersi, — javob qildi hayron qolgan Varenuxa, — kim bu gapirayotgan?
— Uning yordamchisi, yordamchi va tarjimoni Korovyovman, — deb javrardi trubkadagi ovoz, —
kamina xizmatingizga tayyorman, e’zozli Ivan Savelevich! Nima ishingiz bo‘lsa, hech tortinmay
menga aytavering. Qulog‘im sizda!
— Kechirasiz, Stepan Bogdanovich Lixodeev hozir uyda yo‘qmi?
— Afsuski, yo‘qlar! Yo‘qlar! — shang‘illadi trubka. — Ketganlar.
— Qayoqqa?
— Shahar tashqarisiga, mashinada sayr qilgani..
— Qa... qayoqqa? Sa... sayrga?.. Qachon qaytib keladi.
— Bir oz toza havoda dam olamanu qaytib kelaman, deb aytdilar!
— Tushunarli... — dedi esankirab qolgan Varenuxa. — Mersi. Iltimos, mose Volandga aytib
qo‘ysangiz, u kishi bugun sahnaga uchinchi bo‘limda chiqadilar.
— Aytaman. Bo‘lmasam-chi. Albatta. Shoshilinch garzda. Shak-shubhasiz. Aytaman, — trubkadan
uzuq-uzuq javob keldi.
— Xo‘p, omon bo‘ling, — dedi ajablangan Varenuxa.
— Mening eng samimiy, eng otashin salomimni va istaklarimni qabul qilgaysiz! — derdi trubka. —
Sizga muvaffaqiyatlar! Omad, baxt-saodat tilayman. Salomat bo‘ling!
— Hammasi ravshan! Aytuvdim-ku! — deb baqirdi administrator jig‘ibiyroni chiqib. — Hech
qanaqa Yalta-palta yo‘q; shahar tashqarisiga sayrga ketipti!
— Agar shu rost bo‘lsa, — dedi g‘azabdan rangi dokadek oqarib ketgan moliya direktori, —
bunday to‘ng‘izlikni nima deb atashni ham bilmayman!
Shu payt administrator sapchib turib ketib shunday shang‘illab baqirvordiki, Rimskiy seskanib
ketdi:
— Bo‘ldi! Esimga tushdi! Pushkinoda «Yalta» degan cheburekxona ochilgan! Hammasi tushunarli!
Styopa o‘sha yoqqa borgan, molday ichib olib, endi o‘sha yerdan telegramma yuborib yotipti!
— Bu endi g‘irt bema’nilik, — dedi Rimskiy asabdan yonog‘i pir-pir uchib, azbaroyi
g‘azablanganidan ko‘zlarida o‘t chaqnarkan, — hali shoshmay tursin, bu sayr unga juda qimmatga
tushadi, — shunday deb turib u birdan to‘xtab qoldi va taraddudlanib ilova qildi: — Ie, jinoiy qidiruv
nima bo‘ladi...
— E, safsata u! Uning odatdagi nayrangi, — deb Rimskiy so‘zini bo‘ldi qiziqqon administrator va
so‘radi: — Paketni eltib beraveraymi?
— Albatta, — dedi Rimskiy.
Shu payt eshik ochilib, yana o‘sha ayol kirib keldi... «O‘sha!» — deb o‘yladi Rimskiy negadir
ma’yuslik bilan. Ikkovlari ham pochtachi ayolga peshvoz turishdi.
Bu galgi telsgrammada quyidagi so‘zlar yozilgan edi:
«Tasdiqlaganingiz uchun rahmat. Jinoiy qidiruv bo‘limi adresiga men uchun shoshilinch besh yuz
yuboring, ertaga Moskvaga uchaman. Lixodeev».
— Jinni bo‘lib qolipti... — dedi Varenuxa zo‘r-bazo‘r.
Rimskiy esa kalitni sharakdatib, temir kassa yashigini ochdi-da, undan besh yuz so‘m pulni sanab
olib, qo‘ng‘iroq chalib kurerni chaqirdi, pulni uning qo‘liga tutqazib, telegrafga yubordi.
— Esing joyidami, Grigoriy Danilovich? — dedi Varenuxa o‘z ko‘zlariga ishonmay. — Menimcha,
pul yuborib bekor qilyapsan.
— Bekor bo‘lsa, qaytib keladi, — dedi Rimskiy sekingina, — lekin bu maishatbozligi uchun u hali
rosa adabini yeydi, — so‘ng Varenuxaning portfeliga ishora qilib qo‘shib qo‘ydi: — Sen boraqol, Ivan
Savelevich, fursat g‘animat.
Shundan keyin Varenuxa qo‘lida portfeli bilan kabinetdan o‘qday otilib chiqib ketdi.