www.ziyouz.com kutubxonasi
52
achqimtil hidini olib kelardi. Uncha uzoq bo‘lmagan joyda jang borardi va shamol
bo‘zbolaga Belgilar Tili mavjudligini, bu til ko‘z ko‘ra olmaydigan narsalardan xabar
berishga tayyor ekanini eslatdi.
Safarning sakkizinchi kuni Alkimyogar, odatdagidan ko‘ra barvaqtroq, dam olish uchun
qo‘nishga qaror qildi. Qirg‘iy osmonga uchdi. Alkimyogar suv solingan suvdonni
Santyagoga uzatdi.
— Sening jahongashtaliging poyoniga yetmoqda, — dedi u. — Qutlayman. Sen O‘z
Yo‘lingdan chetga chiqmading.
— Sen esa yo‘l bo‘yi churq etmading. Men bo‘lsam, bilganlaringni o‘rgatarsan, deb
o‘ylabman. Men sahroni alkimyoga doir kitoblari bor bir odam bilan bosib o‘tgandim.
Biroq ulardan hech nimani tushunmadim.
— Anglashning faqat bitta yo‘li bor, — javob qildi Alkimyogar. — Harakat qilmoq.
Sayohat seni zarur bo‘lgan narsalarning barisiga o‘rgatdi. Faqat bir narsa qoldi bilishing
kerak bo‘lgan.
Santyago uning nima ekanini so‘radi, biroq Alkimyogar osmon gumbazidan ko‘zini
uzmasdi — u o‘zining qirg‘iyini kuzatardi.
— Nega seni Alkimyogar deyishadi?
— Chunki men Alkimyogarman-da.
— Boshqa alkimyogarlarning — oltinni qidirib topisholmaganlarning xatosi nimada?
— Xatosi shundaki, ular faqat oltinni qidirishgan. Ular yo‘lda bekitilgan xazinalarni izlash
bilan ovora bo‘lib, yo‘ldan chetga chiqib ketishgan.
— Xo‘sh, mening kamchiligim nimada? — savolini takrorladi bo‘zbola.
Alkimyogar hanuz osmonga qarab turardi. Tez orada qirg‘iy o‘lja bilan qaytdi. Ular
qumloqda o‘choq qazib, chetdan qaraganda ko‘zga chalinmaydigan gulxan yoqishdi.
— Men Alkimyogarman, chunki alkimyogarlik qilaman, — dedi u. — Bu ilmning sirlari
bobomdan o‘tgan, unga — uning bobosidan va olam paydo bo‘lgandan beri shunday.
O‘sha qadim zamonlarda olam deganlari zumradning qirrasiga jo bo‘lgan. Biroq odamlar
oddiy narsalarga e’tiborsiz, shu bois qadimda falsafiy asarlar yoza boshlashgan.
Qayoqqa qarab yurish lozimligini o‘shalar bilishadi, boshqalar gapi asossiz, deb
o‘ylashgan. Biroq Zumrad Lavha bugun ham bor.
— Unda nima yozilgan? — qiziqib so‘radi bo‘zbola.
Alkimyogar besh daqiqa qumga nimalarnidir chizdi, bu payt Santyago bozor maydonida
keksa podshohni qanday uchratganini esladi, o‘shandan beri juda ko‘p yillar o‘tganday
tuyuldi unga.
— Qara, qumga nima yozilganiga, — dedi Alkimyogar, shaklni chizib bo‘lib.
Santyago yaqin kelib, o‘qidi.
— Axir, bu shifr-ku! — norozi bo‘lib xitob qildi u. — Bu angliyalikning kitobidagiday.
— Yo‘q. Bu ayni qirg‘iylarning osmondagi parvoziday: buni aql bilan tushunib bo‘lmaydi.
Zumrad Lavhasi — bu Olam Qalbining nomasi. Donishmandlar bizning yashayotgan
dunyo jannatga qiyosan, unga o‘xshatib yaratilganini allaqachon tushunib yetishgan. Bu
dunyoning mavjudligi o‘zi — boshqa, bundan-da mukammal dunyo borligining
kafolatidir. Qodir egam uni odamlar qalb ko‘zi bilan ko‘rib ruhlari kamol topsin va o‘z
aqllarining mo‘’jizalaridan hayratga tushsin, deb bino qilgan. Va ayni shuni men Harakat
deb atayman.
— Men ham Zumrad Lavhasini o‘qishim kerakmi?
— Agar sen hozir alkimyogarning laboratoriyasida bo‘lganingda, uni anglashning eng
yaxshi usulini o‘rganarding. Biroq sen sahrodasan — demak, sahroga uyg‘unlash. Sahro
jamiki tiriklik kabi senga olamni tushunishda ko‘maklashadi. Sahrodagi hamma narsani
bilishning hojati yo‘q, Buyuk ijod mo‘’jizalarini ko‘rish uchun bir qum zarrasi kifoya.